Darveshning choponi

Bugun xalq manfaati oliy qadriyat sifatida ulug‘lanayotgan davrda yashayapmiz. Demakki, elning og‘irini yengil qilish, joylardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish har bir soha mas’ullariga taalluqli. Jumladan, viloyatlardagi ichki yo‘llarni ta’mirlash, o‘ta nosozlarini qayta qurish ham muhim masala. Shu ma’noda biz bir necha yillardan buyon yechimini kutib turgan muammoga e’tibor qaratmoqchimiz.

 

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida joylashgan Mevazor mahallasidan M.Otajonov fuqarolar yig‘iniga boradigan ichki yo‘lning manzarasi  rassomlarning eng go‘zal asarlariga o‘xshaydi. Keta-ketguncha ko‘chaning ikki tomonidagi devqomat daraxtlar yam-yashil bo‘lib ko‘zingizni qamashtiradi. Ayniqsa, mayning iliq kunlarida tabiatning go‘zalligidan dil yayraydi. Boz ustiga, shu hududdan Chirchiq daryosi oqib o‘tadiki, qirg‘oqda baliq tutib o‘tirganlar, oilaviy dam olayotganlarga ko‘zingiz tushishi mumkin. Qisqasi, shaharning tirbandligidan yurak siqilganda poytaxtdan atigi 30 kilometr uzoqlikdagi bu kengliklardan bahri dilingiz ochiladi. Sokin daryoga tikilib, soya-salqinda dam olishga nima yetsin?! Tabiiyki, bunday ta’riflardan so‘ng odamda bu manzarani o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga bir ishtiyoq tug‘iladi. Ammo har to‘kisda bir ayb deganlaridek, bu tomonlarga o‘z avtoulovingizda bormaganingiz ma’qul. “Taksiga buyurtma beraman” deb ham ovora bo‘lmang.  Chunki poytaxtdan tumanning Mevazor  mahallasigacha bajonidil eltib qo‘yuvchilar ko‘pu, ammo undan M.Otajonov fuqarolar yig‘inigacha bo‘lgan atigi uch kilometr atrofidagi yo‘lga haydovchilarga bir dunyo pul bersangiz ham azbaroyi temir toychog‘iga joni achiganidan rozi bo‘lishmaydi. U tomonlarga faqatgina allaqachonlar urfdan qolgan eski mashinalar yoki yo‘nalish bo‘yicha harakatlanuvchi damaslar noiloj boradi. 

Sababi — bu yo‘ldan ko‘ra darveshning choponi butunroq. Yo‘l shu darajada ilma-teshik, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketganki, mahalliy aholining har yili qum to‘ldirishi yoki tuproq bilan yamashlari g‘irt befoyda. Bu qadim va ko‘hna yo‘lning umri allaqachon tugab bo‘lgan. Yagona iloj uni butunlay qayta qurish. Ammo soha mutaxassislarining parvoyi falakka o‘xshaydi. Sababi xuddi shu yo‘l muammosi bo‘yicha savolimizga 2013 yil Toshkent viloyati hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida soha mutaxassislaridan javob so‘ragan edik. Ular bu vazifa rejada borligi, 2015 yil dasturiga kiritilgani, yo‘l butunlay qayta ta’mirlanishini aytishgan edi. Biz sodda jurnalistlar dasturga ishonib, do‘ppimizni osmonga otib yurgandik. Ammo yaqinda shu hududda yashovchi Zulayho Avezovaning shikoyatini eshitib, o‘shanda bizni chuv tushurishganiga amin bo‘ldik.

— Bu yo‘l 2015 yilda ham, undan keyin ham ta’mirlangani yo‘q. To‘g‘ri, orada yo‘l quruvchilar kelib, yamoqlarga o‘lda-jo‘lda qilib, xo‘jako‘rsinga asfalt to‘ldirishgandi. Ammo bir marta yomg‘ir yoqqanidan keyin yana eski tos, eski hammom bo‘lib qoldi, — deydi suhbatdoshimiz. — Ayniqsa, qariyalar, bemorlar va homilador ayollarga bu yo‘ldan yurish azob. Ammo tuman markaziga, kasalxona yoki bozorlarga olib boruvchi yagona yo‘limiz shu.

Maqolani tayyorlash jarayonida o‘sha yo‘lni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, suratga olish uchun manzilga bordik. Yo‘l-yo‘lakay vujudimizdagi 205 ta suyak qasirlab, to‘qson ikki tomirimiz qaltirab borarkanmiz, yonimizda o‘tirgan xolaning to‘rvasidagi sabzavotlar sochilib ketdi. Xola hay-haylab kartoshka bu yil qimmatligi, falon pulga olganiyu, uning sochilib ketganidan jig‘ibiyron bo‘lib, yo‘lni qarg‘adi. Orqa o‘rindiqdagi oltmish yoshlardagi amaki “Bu yo‘lga kartoshka dosh berolmaydiyu, odamzod chidaydi-da” dedi hazilomuz. Darhaqiqat, tog‘li hududlarning ko‘chalari bundan tekisroq bo‘lsa kerak.

Xullas, ahvol suratlardagidek. Hamon o‘sha-o‘sha… 

Yo‘lning sal butun joylarini yodlab olib, to‘siqlarni aylanib suzayotgan baliqday mashinani harakatlantirayotgan mahalliy haydovchidan besh daqiqaga to‘xtab turishini, suratga olmoqchi ekanimizni aytganimizda, u istehzoli kuldi: “Ey, opam, bu yo‘llarning davosi yo‘q. Mahallamiz ziyolilari ko‘p harakat qilishdi. Tegishli joylarga ham yozishdi. Lekin ko‘rib turganingizdek, befoyda!” 

Xo‘sh, siz nima deysiz? Jurnalistning maqolasi befoydami? Soha mutaxassislaridan jo‘yali javob va amaliy harakat kutamiz.

 

Sitora TOJIDDINOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + two =