El orasida

Samarqand viloyatida “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirlarida yozuvchilar, shoirlar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalaridan iborat oltmishdan ortiq targ‘ibotchilar ishtirok etdi.

 

 Targ‘ibot guruhi tarkibida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir – “Do‘stlik” ordeni sohibi Tursun Ali, “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri Vohid Luqmon, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nodir Jonuzoq, shoir Orif To‘xtash, O‘zbekiston xalq artistlari — Gavhar Zokirova, Dilbar Abdulazizova, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar – Ravshan Komilov, Dono Boboxonova, Shuhrat Vohidov, Sardor Rahimxon, “Nihol” mukofoti sovrindorlari – Lola Yo‘ldosheva, Firdavs Pazletdinov, Yodgor Mirzajonov va boshqa ijodkorlar Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlarida, viloyatning eng chekka qishloqlaridagi maktab, kasb-hunar kollejlari hamda dam olish maskanlari, harbiy qismlarda jami 128 ta joyda aholining barcha yoshdagi keng qatlamlari bilan uchrashib, samimiy suhbatlar, adabiy kechalar, kitobxonlik tadbirlari o‘tkazishdi. 

Targ‘ibot tadbirlari davomida ma’naviyat targ‘ibotchilari Prezidentimiz Shavkat  Mirziyoevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” nomli kitobida Samarqand viloyati, bu yurtning mard va olijanob xalqi haqida aytgan gaplaridan ibratli misollar keltirishdi: “Bu tabarruk diyor dunyo ilm-fani va madaniyati rivojida beqiyos o‘rin tutadigan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Xo‘ja Ahror Valiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Abulays Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy kabi ko‘plab aziz-avliyolar, shoir va allomalar uchun kamolot beshigi bo‘lib xizmat qilgani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi”. 

Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Lutfulla Nusratillaev hamrohligida zahmatkash bobodehqonu mirishkor bog‘bonlar va chorvadorlar yurti bo‘lmish Narpay tumanidagi 33-maktabda bo‘lgan chog‘imizda bir vaqtlar mazkur ilm dargohida taniqli jurnalist, ustoz Mahmud Sa’diy tahsil olganini eshitib, faxrlanib ketdik. Buni qarangki, turli she’r va rivoyatlar aytib, tadbirni olib borayotgan Alisherjon ismli yigit ustozning farzandlari bo‘lib, shu maktabda dars berar ekan. Tadbirda birinchilardan bo‘lib qo‘l ko‘tarib o‘zining “Vatanni anglash” she’rini o‘qib bergan Pokiza Mahmudova esa Mahmud Sa’diy domlaning nabirasi ekanini eshitib quvondik.

Targ‘ibot tadbirlari jarayonida Samarqandning nafaqat markaziy hududlari, balki markazdan olis tuman, qishloqlarida ham yoshlarning ta’lim-tarbiya, san’at, madaniyat va sport sohasida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotgani, ayniqsa kitobga, mutolaa madaniyatiga e’tibor kuchayganligining guvohi bo‘ldik. 

Bunga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Payariq tumanidagi qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji direktorining o‘rinbosari Xoldor Abdullaevning ta’kidlashiga ko‘ra, yaqinda kollejning “Ma’rifat” jamoasi a’zolari viloyat hokimligi va “Kamolot” YoIH hamkorligida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovida faxrli birinchi o‘rinni egallashibdi.

Shuningdek, kollejning 3-bosqich o‘quvchilari Rustam Toshtemirov va Sunnat Abulfayzov milliy kurash bo‘yicha musobaqalarda viloyatda birinchi, Respublikada uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishganini, 1-bosqich o‘quvchisi Shahriyor Umirov esa an’anaviy karate-do bo‘yicha ikki karra Respublika chempioni bo‘lganini eshitib, yoshlarning yutuqlaridan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.

Payariq tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lganimizda esa bo‘yniga shoda-shoda medallarni taqib olgan sportchi yoshlar e’tiborimizni tortdi. Ulardan biri — 7-sinf o‘quvchisi Zarina Jabborova bilan suhbatlashdik. U karate bo‘yicha Samarqand, Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilgan musobaqalarda faol ishtirok etib, 43 ta medal sohibi bo‘lgan, medallarning 21 tasi oltin, 10 tasi kumush, qolganlari bronza ekan. Maktabning 5-sinf o‘quvchisi Asror Abdug‘aniev 2016 yilda karate bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida uchinchi o‘rin sohibi, 4-sinf o‘quvchisi Asilbek Farmonov esa Isroil davlatida o‘tkazilgan Yevropa chempionatida ishtirok etib, sovrindor bo‘lganini eshitib, bu shijoatli yoshlarimiz orasidan kelgusida O‘zbekistonimiz bayrog‘ini jahon maydonlari uzra baland ko‘taruvchi chempionlar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil bo‘ldi. 

Mazkur maktabning Abdulla Ne’matullaev, Nilufar Muhitdinova va Shahzod Yahyoev kabi o‘quvchilari esa viloyatda o‘tkazilgan fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvida faxrli birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishibdi.

 Urgut tumanidagi 33-sonli musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan tadbirda esa maktab o‘quvchisi Bilol Xurramovning doirada milliy kuylarimizni mahorat bilan ijro etishi, bu o‘quv dargohi ustoz-murabbiylari yoshlarga san’at sirlarini puxta o‘rgatib kelayotganliklarini ko‘rsatardi.

Payariq tumanidagi aholi dam olish maskanida yangi qurilgan amfiteatrda o‘tkazilgan tadbirning tuman hokimi Abdumo‘min Jo‘raev qalamiga mansub “Hur Vatan” she’riga bastalangan qo‘shiq bilan boshlanishi, tumandagi tibbiyot muassasalaridan birida ishlovchi Suhrob Hasanov nomli yoshgina yigitning ko‘rib turgan voqelikni shu lahzaning o‘zidayoq baxshiyona yo‘sinda she’rga solishga urinishlari bu yurtning hokimidan tortib oddiy xodimigacha she’riyatga, adabiyotga cheksiz mehr qo‘yganligidan dalolat beradi. 

Darhaqiqat Prezidentimiz “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” nomli kitobida ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda faol ijod qilayotgan Saydi Umirov, Mamatqul Hazratqulov, Xurshid Davron, Nusrat Rahmat, Farmon Toshev, O‘tkir Rahmatov, Xosiyat Bobomurodova, Azim Suyun, Yo‘ldosh Eshbek kabi taniqli ijodkorlar, Nodir Jonuzoq, Orif To‘xtash, Vohid Luqmon singari iste’dodli yoshlar ham Samarqand farzandlari ekanini alohida ta’kidlash lozim”. 

Urgut tumanidagi istirohat bog‘idagi amfiteatrda o‘tkazilgan tadbirda taniqli estrada xonandalari Sardor Rahimxon, Mashhurbek Raimjonov va Mustafo bilan birga urgutlik Hasan-Husan Hakimovlarning chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot uyg‘otdi. Ular xonandalarning istiqlol va vatanni madh etuvchi qo‘shiqlariga jo‘r bo‘lishib, birgalikda kuylashdi.

Samarqand shahridagi 10-mehribonlik uyida esa davlatimiz rahbariyati tomonidan kichkintoylarga ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlikning guvohi bo‘ldik. Zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlangan keng va yorug‘ sinfxonalarda tarbiyalanuvchilar zo‘r ishtiyoq bilan ta’lim olayotgganliklarini, kutubxonadan unumli foydalanayotganliklarini e’tirof etishdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Samarqand shahridagi “Vatanparvar” mahallasida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida o‘tkazilgan uchrashuv ham qiziqarli bo‘ldi. Nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila a’zolari va farzandlari jam bo‘lgan ushbu tadbir qatnashchilari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar Tursun Ali va Orif To‘xtashning Vatan va tinchlik haqidagi she’rlarini eshitib, zavqlanishdi. 

Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida o‘tkazilgan gala-kontsertda “Nihol” mukofoti sovrindori, taniqli xonanda Lola Yo‘ldoshevaning “Toshkent — Samarqand” nomli mashhur qo‘shig‘iga hamda samarqandlik iste’dodli xonanda Ozoda Ahmedovaning go‘zal diyorimiz O‘zbekistonni madh etuvchi qo‘shig‘iga deyarli barcha tadbir ishtirokchilari jo‘r bo‘lgani ko‘ngilga o‘zgacha zavqu shukuh baxsh etdi.

Targ‘ibot tadbirlarining so‘nggi kunida ijodkorlar ochiq osmon ostidagi muzey – Samarqandning “Go‘ri Amir”, “Shohi Zinda” kabi muqaddas qadamjolari va mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov mangu orom topgan – “Hazrati Xizr” qabristonini ziyorat qilishdi. Bu yerda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan mahobatli maqbara qurilayotganligining guvohi bo‘ldik va buyuk insonlar mangulikka daxldor ekanligini yana bir bor his etdik. Tuyg‘ularimiz she’r bo‘lib to‘kildi:

 

O, Yurtboshim, sizni sog‘inib bu kun –

Samarqand shahriga qo‘ydim qadamlar.

Va ko‘rdimki,  hanuz ma’yus va dilxun,

Qabringiz ziyorat aylar odamlar…

O, ulug‘ Yurtboshim,  ulug‘ Yurtboshim, 

Bu kun poyingizda egilgan boshim.

Bugungi osuda, tinch kunlar uchun –

Sizdan minnatdordir har bir yurtdoshim.

Buyuklar quyoshga o‘xshaydi asli,

Siz ham Sharqdan porlab chiqqan quyoshsiz.

Dunyoda yasharkan to o‘zbek nasli,

Siz mangu tiriksiz, bizga yo‘ldoshsiz.

 Zikrilla NE’MATOV,

 O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 

 Shoir


 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 18 =