Davrimiz davronlari

Ming shukr, peshonamiz yarqiratgan davr xalqimizga nasib etdi. Bor kuch-g‘ayratiyu imkoniyatlarini yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi uchun sarflayotgan Prezidentimiz hammamizni shiddat bilan nurli istiqbol sari boshlab bormoqda. Bu gaplarimizda aslo mubolag‘a yo‘q. Kun sayin ro‘yobga chiqarilayotgan buyuk ijobiy o‘zgarishlaru bunyodkorliklar fikrimizni isbotlab turibdi.

 

 …Fasllar almashib, quyosh kun sayin yuqorilab bormoqda. Cho‘lda, ayniqsa, bu maroqli. Har doimgidan ham kattaroq, rangi tiniq va go‘zal ko‘rinishdagi hayot tayanchini olqishlab to‘rg‘aylar baland parvozda chuldirab qo‘shiq kuylaydilar, ahyon-ahyonda yumronqoziqlar inlaridan chiqib tik oyoqda borliqni kuzatadi. Butun borliq qatori Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lmish Jizzax ahli ham qizg‘in mehnat og‘ushida… 

Quyosh chiqib ulgurmasidanoq Davronbek qancha ishlarni bajarib ulgurgan. “Lifan” mototsiklida shamol yanglig‘ kezib, qo‘y otarlari, tuyalar makoni, qurilishlar maydonlari va boshqa ish o‘rinlarini kuzatib yotoqqa qaytmoqda. Uni hamkorlar va qo‘shni shartnomachilar kutyapti. Bir piyola choy ustida juda muhim istiqbol rejasini muhokama qilishlari, tobora sertarmoqlashib borayotgan Nurali-Elnazar “Chorvador” fermer xo‘jaligi muammolariga tegishli muhim masalalarni hal etishlari lozim. Eng tashvishli va dolzarb muammo – chigirtka balosi ko‘ndalang turibdi. Besh-o‘n kun davomida bu ofat daf etilmasa, gullab-yashnab borayotgan ko‘rkam dalalar qisqa vaqt davomida xazon va xarob bo‘lishi hech gap emas. 

O‘tgan yilgi achchiq haqiqat hanuzgacha jizzaxliklar yodidan ko‘tarilmagan. Bu anchayin bir hol deb qaraganlar nafaqat ekinlari, bog‘-rog‘laridan ham mahrum bo‘lib qolgan edilar. Davronbek kechayu kunduz shuni o‘ylar ekan, chigirtka uyalarini topib belgi qo‘yish va zudlik bilan ularni yo‘q qilish choralarini ko‘rishga kirishdi. Bu muhim vazifaga nafaqat o‘z jamoasi, qo‘shni hududlarda faoliyat olib borayotgan barcha fermer xo‘jaliklari, xonadonlar, qishloqlar ahlini ham yoppasiga jalb etish chora-tadbirlarini ham ko‘rdi. Kerak bo‘lsa, baloni daf etuvchi ximikatlarni qo‘ni-qo‘shnilarga yetkazib berdi…

Bahorgi ish-tashvishlar bu bilan tugamaydi. Qo‘zilatish mavsumidan omon-eson o‘tib olgan ming boshdan ziyod qo‘ylar qirqimi, 150 boshga yaqin tuya junini olish, yuz boshdan ziyod qoramol parvarishi. Xullas, ishlar qizigandan-qizib boraveradi. Cho‘pon va molboqarlar Fayzulla Ne’matov, Sherali Ashurov, Jaloliddin Mahsudov tong sahardan cho‘l qo‘yniga singib, tun boshlanganda qaytadilar. Sherzod va Behzod Bozorovlar kunu tun tuyalar bilan andarmon. Kimyoxon va Manzuraxon Bozorovalar zimmasidagi yumushlarni sanab ado etolmaysiz. Oziq-ovqat ta’minotimi, uy-joylarni saranjom-sarishta aylashmi, sayyoh-mehmonlarga yugurib-elib xizmat ko‘rsatishmi…

Darvoqe, Davronbek Norboev oliy ma’lumotli shifokor sifatida birinchi galda jigar xastaligi singari dardlarga chalinganlarga shifo izlab tuyalar sonini ko‘paytirmoqda. Keyingi davrdagi ishonchli ma’lumotlarga qaraganda, tuya suti shifo sifatida tan olingan. Shu muhim yo‘nalishni nazarda tutgan fermer-shifokor murojaat bilan kelgan bemorlarni maxsus qurilgan yotoqxonalarda davolashni yo‘lga qo‘ydi. Talabgorlar tobora ortib borayotgani tufayli qo‘shimcha zamonaviy bino tiklash niyatida bu inson yeng shimarib ishga kirishgan. Bir yo‘la zotdor tuyalarni ko‘paytirish, har kuni besh yuz litr sutni qayta ishlash korxonasi bunyod etish, yana kamida o‘nta ish o‘rni yaratish kabi istiqbol rejalari cho‘l bag‘rida tobora reallashmoqda…

Ha, bunday bunyodkorliklar Jizzax viloyatidagi Qizilqum bag‘rida tobora katta odimlar tashlamoqda. Oliy ma’lumotli shifokor ancha yillar turli joylarda o‘z kasbi bo‘yicha ish yuritgach, oxir-oqibat o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jizzax viloyatining Forish tumanidagi O‘xum (bahavo) qishlog‘i yaqinida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, shu yo‘nalishda noyob shifokorlik usullarini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Aynan ushbu faoliyat davomida, qisqa vaqt ichida juda katta hajmdagi ishlarni amalga oshirishga erishdi. Niyat to‘g‘ri bo‘lsa, ish baroridan kelaveradi. Vatanimizning deyarli barcha hududlaridan tashrif buyurib, dardlariga shifo topayotganlar qatoriga bugungi kunda chet ellik sayyohlar ham qo‘shilmoqda. Hatto Arabistondan kelib davolanayotganlar borligi Nurali-Elnazar “Chorvador” fermer xo‘jaligining istiqboli porloq ekanligiga yorqin dalolatdir…

Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tiborni qaratishga to‘g‘ri keladi. Vatanimizda hamma tomonlama keng yo‘l ochib berilgan, astoydil qo‘llab-quvvatlanayotgan tadbirkorlik sohasida misli ko‘rilmagan ulkan bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda. Ammo ba’zi hollarda qizg‘in bu hayot bag‘riga ma’naviyatni, xususan, kitobxonlikni singdira borishdek muhim vazifa e’tibordan chetda qolayotgandek. Katta-katta binolarning ko‘zga ko‘rinarli qulay bir xonasi kutubxona uchun ajratilsa qanchalar soz bo‘lur edi! Bu taklif nafaqat Davronbekka, balki Vatanimizdagi barcha tadbirkorlarga ham baravar tegishlidir. Katta qurilishlarni davom ettirayotgan Norboev taklifimizni mamnuniyat bilan qabul qildi…

Xalqimizda: “Qush qanoti bilan uchib, quyrug‘i bilan qo‘nadi”, degan dono naql bor. Oila a’zolari, tug‘ishganlar, qarindosh-urug‘lar, qolaversa, qo‘ni-qo‘shni va yurtdoshlar bilan mehr-oqibatli, yaqin aloqada bo‘lish barcha yutuqlarning garovidir. Norboevlar xonadoni shu qadriyatga qat’iy amal qiladiganlardan. Davronbek Norboev birinchi navbatda turmushdoshi Hadyaxonga tayanadi, uning dono maslahatlari asosida barcha muammolarni odilona hal etadi. Xullas, Jizzax kengliklarida, umuman, viloyat bag‘rida Norboev kabi fidoyi vatanparvarlar, uddaburon tadbirkorlar davlatimiz rahbari yaratib bergan qulay imkoniyatlardan unumli va o‘rinli foydalanmoqdalar. Bunday mehnatsevarlar tobora ko‘payib borayotgani quvonarli holdir…

Prezidentimizning yaqinda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ushbu hudud istiqboli va aholisining baxtli kelajagi uchun yorqin va nurli yo‘l-yo‘riqlar belgilab berildi. Jumladan, Markaziy Osiyoda ilk bor barpo etilajak neftni qayta ishlash korxonasi bunyod etilishi nafaqat Jizzax viloyati, balki Vatanimiz bo‘yicha juda ko‘p muammolarning ijobiy hal etilishiga olib keladi. Xususan, mazkur viloyatning har tomonlama jadal rivojlanishi ta’minlanadi. Bu va shu kabi muhim ko‘rsatmalar viloyat ahli turmush tarzining keskin rivojlanishini ta’minlashi hech inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Endi Jizzax ahli, ayniqsa, tadbirkorlar oldida turgan asosiy vazifa – qo‘lni-qo‘lga berib astoydil mehnat qilishdan iborat. 

Shu o‘rinda ushbu maqolaga nuqta qo‘yish mumkin edi. Ammo hayotimiz davomida ko‘rgan-kechirganlarimiz, xususan, Jizzax viloyatiga safarimiz chog‘ida guvoh bo‘lgan voqea-hodisalar dilimizda tug‘ilgan tug‘yonlarni tilimizga ko‘chirishga undaydi. Gap shundaki, hozirgi shiddatli davr oqimida toblanib, Davronbek Norboev singari shitob bilan olg‘a borayotganlar tobora ko‘paymoqda, ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, atrofga achchiq tutun, qo‘lansa hid tarqatib chala yonayotganlar, hamon uchrab turibdi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, ular o‘rnini topib, ko‘nglingizga qo‘l solib ko‘radilar, sal moyillik bildirsangiz, fisq-fasod, g‘iybatchilar davrasiga qanday qo‘shilganingizni bilmay qolasiz. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Nazarimizda eng to‘g‘ri yo‘l – g‘iybatchining tumshug‘iga o‘rinli gap bilan boplab tushirish! Aytaylik, unga qo‘qqisdan bir savol bering: “Shu insonning o‘rnida o‘zing bo‘lsang, qo‘lingdan nima kelardiyu, nimani qoyillatib  tashlarding?!” Uni yomon ko‘rgan taqdiringizda, menga nima deb indamasangiz, shunday qo‘lansa kimsalarning ko‘payishiga sababchi bo‘lasiz, o‘zingiz esa iymoni zaiflar qatoriga qo‘shilasiz. Xullas, hammamiz uchun to‘g‘ri va nurli bitta yo‘l turibdi: bor kuch, jasorat va imkoniyatlarni ishga solib, Yurtboshimizga ko‘makdosh bo‘lish! Buni hech kim hech qachon unutmasligi, orqaga chekinmasligi kerak. Quyidagi to‘rtlikni avvalo o‘zim uchun yozdim, boshqa yurtdoshlarimiz ham undan tegishli xulosa chiqarsalar ajab emas:

Umring o‘tar hech shubhasiz bil,

Nari borsang yasharsan yuz yil,

Tiling bilan dilingni bir qil – 

O‘z-o‘zingni aldashdan tiyil…

 

Asad ASIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − twelve =