Jinoyat bitta bo‘lsa ham ko‘p

Bir paytlar mahallamizdagi biror xonadonga militsiya mashinasi kelsa, qo‘ni-qo‘shni sergak tortib qolardi. Militsiya kirgan oila haqida turli mish-mishlar avj olib, har kim o‘zicha fol ocha boshlardi. Chunki xalq posboni har kimnikiga ham kelavermasdi-da. E’tibor berilsa, o‘sha paytlarda aholida ichki ishlar idoralari xodimlariga nisbatan hayiqish, go‘yo munosabatlarda ko‘rinmas bir devor bordek edi. Bugun esa aksini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbusiga ko‘ra haftaning har payshanbasi profilaktika kuni sifatida belgilanishi bilan ichki ishlar idoralari xodimlaridan doimo xalq bilan hamnafas bo‘lish, ularning dardi bilan yashash talab etilmoqda.

 

 Zotan, bu kun jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga, mahallalarning osudaligini ta’minlashga hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalashga xizmat qilmoqda. Kun doirasida respublikamizning barcha hududlarida sayyor sudlar, o‘quv muassasalarida davomat tadbirlari hamda mahallalarda huquq-tartibot organlari xodimlari bilan uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Bu esa jinoyatlarning kamayishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, poytaxtimizning Yunusobod tumanida bo‘lganimizda bunga ishonch hosil qildik. 

Payshanba kuni tumanning Shahriston mahalla idorasining sayyor sudida bir jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Unda shu mahallada istiqomat qiluvchi Karim Norboev va Shamsiddin Salimovlarning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zaro janjali oqibatida sodir etilgan jinoyat ishi muhokama qilindi. 

Karim qirqni urib qo‘ygan, allaqachon o‘z yurish-turishi, muomalasi, odob-axloqi bilan yoshlarga ibrat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan odam. Shamsiddin ham yosh emas, o‘ttizni qoralagan yigit. Ya’ni ular bola emaski, o‘yinqaroqlik ustida cho‘qilashib, urishib-tepishib qolishsa. Ochig‘ini aytganda, bu ikki pahlavonning mojarosini eshitgan kishi kulishni ham, kuyishni ham bilmaydi. Kulay desangiz, kap-katta odamlar, kuyay desangiz ham shunday — aqlini tanigan bo‘lsa, nimasiga kuyayin deysiz-da… Guvohlarning aytishicha, Shamsiddin mashinasida ketayotib, to‘satdan Karimning mashinasini yo‘ldan “siqib” o‘tibdi. Buni o‘ziga katta haqorat deb bilgan Karimboy, unga yetib olib, nima desa deydi. Shamsiddinboy ham qilg‘iliqni qilib, uzr so‘rash o‘rniga ularning o‘z tillari bilan aytganda, “karillaydi”. Kim ham o‘zidan kichkinadan bunday muomalani ko‘taradi? “Orkash” Karimboy bunga chiday olmay, mushtini ishga soladi… 

Sud muhokamasida Yunusobod tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Otabek Zufarov, tuman prokurori o‘rinbosari Ravshan Hakimov, tuman IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Oybek Murodov va profilaktika inspektorlari, mahalla a’zolari hamda jinoyatchi va jabrlanuvchining otalari ishtirok etdi. Muhokamada jinoyatchining va jabrlanuvchining fikr-mulohazalari tinglandi. Mahalla faollarining ham munosabati eshitildi. Shundan so‘ng organ xodimlari tomonidan yarashtiruv instituti joriy etilgani haqida tushuntirish berilib, agar jabrlanuvchining moddiy va ma’naviy ziyoni qoplansa, yarashish munosabati bilan jinoyat ishi tugatilishi taklifi berildi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun chora ko‘rilishi belgilab olindi. Bu ikkala tomon uchun ham ma’qul deb topildi. 

– Profilaktika kunining joriy etilishi jinoyatchilikni oldini olishda katta ko‘mak bermoqda, – deydi  tuman IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Oybek Murodov. – Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yilning 4 oyu 20 kunida tumanimizda 758 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning shuncha muddatida bu ko‘rsatkich 599 tani tashkil etmoqda. Afsuski, jinoyat bitta bo‘lsa ham ko‘p. Chunki uning zarari baribir jamiyatimizga tegadi. Shuning uchun profilaktika kunida jinoyatlar mahallalarda sayyor sud doirasida muhokama etilmoqda. Xalq guvohligida jinoyatning jazosi muqarrar ekanligi uqtirilmoqda. Bundan barcha tegishli xulosa chiqarib, hushyor va ogoh bo‘lmoqda. Unda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha fuqarolarning taklif-mulohazalari o‘rganilayotir. Bu esa kelgusida qay yo‘nalishda ko‘proq ish olib borishimizni belgilab beradi. 

– Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Lekin ular qaerdan kelib chiqadi, degan savol qiynaydi, kishini, – deydi Shahriston mahallasi faoli Begmat ota Shorahimov. – Albatta, ko‘p narsa oiladagi muhit, tarbiyaga bog‘liq. Qachonki, farzand oilada mehr ko‘rsa, to‘g‘ri tarbiya topsagina qing‘ir yo‘ldan yurmaydi. Biroq hozir bolalardan ko‘ra aqli raso ota-onalar ham tarbiyaga muhtojga o‘xshaydi. Olmaning tagiga olma tushadi, deganlariday bundaylarning farzandi ertaga kim bo‘lib yetishadi? Shuning uchun mahallamizda bu kabi ayrim oilalar bilan suhbatlar, tushuntirish ishlari olib borayapmiz. Ayniqsa, profilaktika kuni doirasida ularni uchrashuvlarga taklif qilayapmiz. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha joriy yilning 4 oyu 20 kuni davomida barcha yo‘nalishlardagi jinoyatlar 605 taga (foiz jihatidan 11 foizdan ortiqroq), jumladan, shaxsga qaratilgan jinoyatlar, ya’ni qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish kabi jinoyatlar ancha kamaygan. Afsuski, so‘nggi oylarda firibgarlik jinoyati 186 taga oshgan. Bu esa yurtdoshlarimizdan hushyorlikni, har kimning gapiga uchmaslikni talab etadi. Tadbir doirasida Toshkent shahar bo‘ylab giyohvandlikka, fohishabozlikka qarshi kurashish choralari ham ko‘rilmoqda. Jumladan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash borasida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida may oyi boshidan 25 mayga qadar 81 ta, hafta davomida 20 ta holat aniqlandi. Toshkent shahriga kirib kelish postlarida yil boshidan 79 ta giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, fohishaxona saqlash, qo‘shmachilik qilish kabi jinoyatlarni oldini olish maqsadida olib borilgan tadbir davomida jami 14 ta holat hamda 31 nafar shaxs fohishalik bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi. Ularga fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. 

Yuqoridagi qayd etilgan raqamlarga e’tibor berib, uning ortida bir inson va uning ortida qancha yaqinlari taqdiri borligini inobatga olsak, jamiyatimiz uchun bir jinoyat ham ko‘p ekanligiga amin bo‘lamiz. Profilaktika kunining joriy etilishi mana shu raqamlarning yanada kamayishiga, jamiyatimizda huquqbuzarlik hamda turli jinoyatlarning urchib ketishining oldini olishiga xizmat qilsa, ajabmas. 

 

Bobur MUHAMMADIYEV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 15 =