YIGITDA MAS’ULIYAT BO‘LSIN

Xalqimizda go‘dakligidanoq o‘g‘il bola tarbiyasiga ayricha yondashiladi. Hayotning achchiq-chuchugini his qilib ulg‘ayishi uchun qattiqqo‘llik qilinadi. Murg‘ak vujudiga yigitlik burchlari singdirib boriladi. Ba’zan joni og‘rib turganda ham “O‘g‘il bola yig‘lamaydi” deb dashnom beriladi. Yutug‘ini ko‘rganda esa “Ota o‘g‘il!” deya rag‘batlantiriladi. Ha, yigitlar bor uy tinch, qo‘rg‘on mustahkam. Yigitlar bor xonadonda baraka, shodlik, baxt bo‘ladi.

 

 Ammo yon-atrofimizda yuz berayotgan ayrim holatlarni kuzatib, “O‘g‘il farzandlar tarbiyasida ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ymayapmizmi?” degan andisha o‘tadi ko‘ngildan. Shu kunlarda bir voqeaga guvoh bo‘lib, yoqa ushladim. Xullas, qisqacha tafsilot quyidagicha:  bundan bir yil avval ikki yosh ko‘ngli ko‘ngliga payvand bo‘lib, turmush qurishdi. To‘ydan bir oy o‘tib, kuyov uch yillik shartnoma bilan xorijga ishlagani ketdi. Kelin qaynona va qaynotasi bilan qoldi. Yugurib-elib xizmatini qilayotgan kelinchakdan hamma rozi. Ammo farzand dunyoga kelganda, kelin injiq bola bilan ovora bo‘ldiyu, qaynonaning ko‘nglini olishga fursati qolmadi. Shunday kunlarning birida qo‘ng‘iroq qilib, hol so‘ragan yigitga ona  “Xotining supurgini hovlining o‘rtasiga tashlab, xonasiga kirib ketdi. Peshin bo‘ldi, hali tuz ham totganim yo‘q. Bolasi ham bizga tortmagan. Yig‘loqi. Mening bolalarim yuvoshgina edi” deya ko‘z yoshi qiladi. Yigit shu zahotiyoq rafiqasining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, unga, unga qo‘shib beshikdagi chaqalog‘iga ham javob berib yuboradi. Kelin hovli supurayotganida go‘dak yig‘lab qolgani, qornini to‘ydirish uchun uyga kirganini tushuntirmoqchi bo‘lgan, albatta. Jahl otiga mingan, mulohazasiz erkakning telefon orqali “Taloqsan!” deya uch bora takrorlaganidan keyin u gangib qolgan. Bor gapdan xabar topgan qaynota ham noiloj kelin va nabirasini ko‘ch-ko‘roni bilan ona uyiga topshirib qaytadi. 

Mana, supurgichalik qadri bo‘lmagan oila, farzand. Erning ko‘ngil qo‘ygan ayolidan daqiqalar orasida voz kechganini izohlash mumkindir, ammo o‘z zurriyotidan shu alfozda yuz o‘girish aqlga sig‘adimi? Ayolining ming bir azob bilan unga o‘g‘il tuhfa qilganini his qilmagan, farzandini tug‘ilganidan buyon bir marta ham bag‘riga bosmagan, jannat isi kelib turgan peshonasidan o‘pmagan odamda otalik mehri bo‘ladimi o‘zi? “Men shu murg‘ak vujudning osuda hayoti, bekamu ko‘st ulg‘ayishi uchun mas’ulman” degan fikrchi?

Toshqishloqlik Hazratqul boboning o‘g‘li ham bundan olti yil avval to‘rt-besh oshnalari bilan chet elga ketgan edi. Avvaliga uncha-muncha pul yuborib turdi. Keyinroq bobo o‘g‘li bilan qo‘ng‘iroqlashganda “Sen bilan ketganlar qaytdi. Sen ham kel. Puling kerak emas, o‘zing keraksan. Qishloqda bitta bizning uy go‘zal chehradagi so‘galday bo‘lib turibdi. Qayt, bolam, bolalaringga imorat qur” dedi. Farzand otasidan og‘irroq gap eshitmaslik uchunmi “Xo‘p” dediyu, butunlay unini chiqarmay ketdi. Shu-shu na qo‘ng‘iroq qiladi, na pul jo‘natadi. Bobo u bilan chetga borib, allaqachon qaytgan og‘aynilaridan “O‘zi tirikmi?” deya so‘rasa, “E, hech xavotir olmang, zo‘r yashayapti” deyishdi. Tunov kuni kampiri yana bir gap topib keldi. O‘g‘lining xorijda boshqa xotini, bolasi bormish. Buni kelin sho‘rlik bilmaydi, ammo sezadi. Siqila-siqila dard orttirdi. Chol-kampir nafaqaga suyanib, uch nabiraning kitob-daftari, kiyim-kechagi, osh-ovqatini zo‘rg‘a eplashyapti. Boz ustiga kelinga dori-darmon kerak. Daydi o‘g‘il esa parvoyi falak. Hazratqul bobo uch qizdan keyingi yolg‘iz o‘g‘lining bu nobakorligini hazm qilolmaydi. Ma’rakalarda farzandlar haqida so‘rashsa, sekin fotiha o‘qiydi-da, bir bahona bilan qo‘zg‘aladi. Bosh ko‘tarib, ko‘krak kerib, o‘g‘lidan gapirolmaydi. Bobo aql tarozisiga qayta-qayta solib, hech o‘lchay olmayotgan bir jumboq bor: bir paytlar maktab direktori bo‘lgan odamning o‘g‘lida nega mas’uliyat tushunchasidan nom-nishon yo‘q? U bergan tarbiya shunchalik omonatmidiki, yot davralarda unutilib ketsa? Bobo ming o‘ylab o‘yiga yetolmaydi. 

Bolaga hayot berib, qariganda rohatini ko‘rish o‘rniga umrining oxiriga qadar zahmatini chekayotgan qariyalarga achinasan, kishi. Bir kuni oxir oqibatda ot aylanib qozig‘ini topadi, ammo unda kech bo‘lmasmikan?

Bu ikki hikoya to‘qima emas. Ayni kunlarda hayotimizda kuzatilayotgan haqiqat. Bunday voqealarni ko‘plab keltirish mumkin. To‘g‘ri, erkakning rizqi ko‘chada, deyishadi. Oila boqishdek mas’uliyat tufayli, qora qozon qaynab turishi uchun qora ishni ham bo‘yniga olayotganlar bor. Ammo ana shu mas’uliyatdan qochib yurganlar, erlik, otalik, farzandlik burchini batamom unutib yuborayotganlarni qanday tushunish mumkin?

Mahallamizda Sobir aka degan mohir usta bor. Kimning televizori, radio yoki kompyuteri buzilsa, uning ustaxonasiga olib borishadi. Daromadi yaxshi. Ammo ikki qizi maktabga yozin-qishin kalish kiyib boradi. Beshinchi sinfgacha a’lochi bo‘lgan katta qizi yaqinda ikki-uch kunda bir tutqanoqdan aziyat chekadigan, odamovi bo‘lib qoldi. O‘g‘lining birorta do‘sti yo‘q. Alamzada, hurkak. Ayoli uchinchi daraja kamqonlik tufayli poliklinikada ro‘yxatda turadi. Nega? Chunki Sobir tog‘a topgan pulini o‘sha kuniyoq aroqqa sarflab, uyga bo‘sh qo‘l bilan qaytgani yetmaganday, qo‘ni-qo‘shniga tekin tomosha ham boshlab keladi. Bo‘yi yetay deb qolgan qizlarining ko‘z oldida onasini behayo so‘zlar bilan so‘kadi, uradi. O‘g‘ilni kamsitadi. Qizlarini ko‘chaga haydaydi. Yana allanimalar… Xudo bergan kuni shu ahvol. Bo‘ynida  otalik mas’uliyati bo‘lgan qaysi odam qizlarining kelin bo‘lib borgan joyida “Aroqxo‘rning bolasi” deya tahqirlanishini, o‘g‘lining nosog‘lom muhitda o‘sib, jinoyatchi bo‘lishini istaydi?!

Afsuski, bugun oramizda biz yuqorida tilga olganimizday pul dardida chet elga ketib, ortida unga ko‘z tikib turgan norasidalar borligini butunlay unutganlar, o‘z uyida yashay turib ro‘zg‘orning bor yukini ayoli yoki ota-onasi bo‘yniga tashlayotgan erkatoylar, hali hayot nimaligini anglamay turib oila qurib, qurgan hamono buzayotgan, “jo‘jaxo‘roz”lar oz emas. Mas’uliyatsiz yigitlar jamiyatning sog‘lom tomiriga tushgan qurtdir. Ular tufayli kelajak avlodda yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurish, xudbinlik, mehnatdan qochish kabi illatlar urchishi mumkin.

Ulug‘ ma’rifarparvar Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat —yo falokat masalasidir” deganida bolalarga salomni o‘rgatishnigina nazarda tutmagani shubhasiz. Zotan, tarbiyaning negizida mas’uliyat, burch, oqibat, mehr-muhabbat kabi tushunchalar ham borki, ularsiz biz farzand emas, temirtan robot ulg‘aytirayotgan bo‘lamiz. Xo‘sh, bolalarning qalbida mas’uliyat hissini har qanday davrada, har qanday vaziyatda yulib tashlolmaydigan darajada chuqur singdirish uchun nima qilish kerak? Mana shu mavzuda ham bir o‘ylab ko‘raylik.

 

Sitora TOJIDDINOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 4 =