Mumtoz tilimiz haqida o‘ylar

Mustaqillik xalqimizga ma’naviy jihatdan  katta ozodlik berdi. Buni bugungi kunda butun jahon ahli ko‘rib turibdi. Mustamlaka yillarida o‘tmishda 98 foiz aholisi savodsiz bo‘lgan deb kamsitilgan, maktabda davlatchilik tarixi Kiev Rusidan boshlangan deb o‘rganishga mahkum etilgan xalq yana qaddini tiklab oldi. Ozodlik shabadasi esib, ezgu orzu-armonlarimiz amalga oshayotgan istiqlol yillari davomida jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnimizni egalladik. Bu eng katta baxtimiz, g‘urur, iftixorimizdir.

Boy tariximiz va qadimiy tilimiz haqida to‘g‘ri yozish, to‘g‘ri fikrlashga erishdik. Ming shukrki, Sho‘ro zamonida zo‘ravonlik, soxta mafkura zug‘umi tufayli noto‘g‘ri baholangan yoki ochiqdan-ochiq teskari yoritilgan ko‘p masalalar haqqoniy yechimini topayotir. Bu borada salmoqli tadqiqotlar qilindi. Olimlar, yozuvchilar, jurnalistlar nihoyat, tilining uchida tugun bo‘lib, dilida pinhon qolib kelayotgan dardlarini ochiq ayta boshladi. Shu o‘rinda atoqli yozuvchi, rahmatli Pirimqul Qodirovning “Til va el” badiasini tilga olish lozim. (Bu salmoqli asar dastlab “Sharq yulduzi” jurnalida va 2005 yilda o‘afur o‘ulom nomidagi ijod uyida bosilib chiqqan).

Mazkur asar menda yaxshi taassurot qoldirdi. U temuriylar davridagi til muammolarini yoritishga bag‘ishlangan. Mavzu talabiga ko‘ra, adib adabiy tilimizning ming yillik tarixiy ildizlariga nazar soladi va uni yangicha tafakkur asosida yoritishga intiladi. Shu niyatda u hali tilshunoslar tomonidan deyarli o‘rganilmagan Alp Er To‘nga — Afrosiyob dostonining tili haqida nozik mushohadalari, yozuvchi va olim sifatidagi kuzatishlarini o‘rtaga tashlaydi: uni tilimizning ilk sarchashmalaridan biri sifatida tahlil qiladi. 

Shu paytgacha Afrosiyob afsonaviy qahramon deb talqin qilingani ma’lum. P.Qodirov tarixiy manbalar, jumladan, Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asariga asoslanib, Afrosiyobni tarixiy shaxs sifatida baholaydi va u eradan oldingi yettinchi asrda yashab o‘tgan, degan fikrlar haqiqatga yaqin ekanini ta’kidlaydi. Bu fikrni tarixiy-adabiy manbalar tasdiqlaydi. Jumladan, Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonida Alp Er To‘nga haqida qisqa bo‘lsa-da, mehr bilan quyidagi misralarni yozgan edi:

Bu turk beglaridan oti belguluk,

To‘nga Alp Er erdi quti belgulik.

Beduk (buyuk) bilgi birla 

               o‘kush (hunar) ardami,

Biliglik, o‘kushlik (zakovatli), 

      budun ko‘drumi (xalq sarasi).

Tojiklar aytur ani Afrosiyob,

Bu Afrosiyob mymmu ellar talab.

(Afrosiyob ko‘p ellarni o‘ziga 

 bo‘ysundirib, idora etdi).

Tojiklar bitigda bitmish muni,

Bitigda yo‘q ersa, kim o‘qg‘ay ani.

(“Qutadg‘u bilig”, Toshkent, 1972 yil, 102-bet).

Parchada Alp Er To‘nga mashhur turk beklaridan biri sifatida ta’riflanadi, bilimli, zakovatli, xalq sarasi deb ulug‘lanadi. Shoir tojiklar ham uni Afrosiyob deb ulug‘lagani va bu haqda yozib qoldirganiga alohida urg‘u beradi. Pirimqul aka yuqoridagi parchani biroz qisqartirib keltiradi. Ammo gap bunda emas. Muallifning bitik ma’nosini chaqib, chiqargan xulosasi muhim.

Mahmud Qoshg‘ariyning “Devon”i 1960-62 yillarda, “Qutadg‘u bilig” esa 1972 yilda, “Buxoro tarixi” 1966 yilda o‘zbek tilida to‘la e’lon qilingan. O‘tgan asrning 80-yillarida “Sharq yulduzi” jurnalida tarixchi Tojixon Qodirovaning “So‘g‘diyonada xalq harakatlari” maqolasida Afrosiyob tarixiy shaxs sifatida baholanib, mazkur she’riy parcha keltiriladi. Tilshunos olim Xudoyberdi Doniyorovning ham Afrosiyob haqidagi yirik maqolasi mazkur jurnalda chop etilgan edi. Ammo na tilshunos, na tarixchi olimlar ularga munosabat bildirdilar. Axir, yuqorining fikri bilan hisoblashishga, shamolning yo‘nalishiga qarab ish tutishga odatlangan edik-da!

Mustaqillikning dastlabki yillaridayok Alp Er To‘nga — Afrosiyob talqiniga yangicha qarash tamoyili boshlandi. Bu ijobiy hodisa adabiyotshunos Nasimxon Rahmonovning “Turk xoqonligi” (1993) va Abdurashid Abdurahmonovning “Alp Er To‘nga yoki Afrosiyob jangnomasi” (1995) kitoblarida ko‘rindi. Keyingi tadqiqotda “Devoni lug‘otit turk”dagi she’riy parchalar (tabdil muallifi akademik Aziz Qayumov) mazmunan birlashtirilib, Afrosiyobga bag‘ishlangan qahramonlik dostonining bo‘laklari, degan qarash ilgari surildi. Professor Fitrat, I.Stebleva, M.Ibrohimovlar ham “Devon”dagi she’rlarga yaxlit asarning parchalaridir degan mulohaza bildirgan edilar.

Pirimqul Qodirov ham ana shu yo‘ldan borar ekan, kuyunchaklik bilan yozadi: “Narshaxiy “Buxoro tarixi”da, Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”da, Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk”da Alp Er To‘nga — Afrosiyobni bunyodkor shaxs bo‘lgani haqida guvohlik bergan ekanlar, biz buni inobatga olishimiz kerak. Yusuf Xos Hojibdek buyuk shoir Alp Er To‘nganing nomini forsiyzabon mualliflar o‘z talaffuzlariga moslab Afrosiyob deb ataganlarini aniq qilib yozgan bo‘lsa, bunga ishonmaslikka asosimiz yo‘q. Bularning hammasini inkor etib, Afrosiyobni ikki ming yil yashagan jodugar, zolim qilib ko‘rsatgan afsonalarga ishonish ilm-fan talablariga mutlaqo javob bermaydi”. Bu to‘g‘ri, adolatli xulosadir.

Mana shu kuyunchaklik va tarixiy adolatga sadoqat ruhi Ahmad Yassaviy va undan keyingi adabiy tilimizga doir mulohazalarda ham ustuvorlik qiladi. U Yassaviy va uning buyuk ishini davom ettirgan Ahmad Yugnakiy, Rabg‘uziy, Xorazmiy, Qutb va Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiylarning asarlari bitilgan tilni oltin ko‘prik deb ataydi. Bu shoirlarning tili qipchoq-o‘g‘uz shevalari asosida tarkib topgan turkiy tillar, jumladan, qozoq, tatar, ozarboyjon, usmonli turk tillariga emas, aynan bizning tilimizga yaqinligini alohida qayd etadi. A.Samoylovich, A.Borovkov, E.Najib kabi olimlar Yassaviy tilini ham, Xorazmiy, Qutb va Sayfi Saroyi asarlari tilini ham Oltin O‘rdaning Fapb qismidagi Jo‘ji ulusining adabiy tiliga mansub degan qarashni ilgari surganlar. Pirimqul aka ular bilan bahslashar ekan, chuqur mantiq izidan boradi. Yuqoridagi shoirlarning asarlarini usmonli turklar, tatarlar, qozoqlar bugungi kunda tarjima qilib o‘qisalar, o‘zbek kitobxonlari ularni hech qanday tarjimasiz bemalol tushunadilar. P.Qodirov bu borada yetarli misollar keltirib, jiddiy xulosalar chiqaradi: «Xorazmday qadimiy madaniyat markazida tug‘ilib o‘sgan va shu o‘lkaning adabiy tilida «Muhabbatnoma» asarini Sig‘noqda yozgan Xorazmiy qanday qilib «Oltin O‘rda adabiy tili»ga mansub bo‘ladi? O‘sha davrda Sig‘noq Oltin O‘rdaga qarashli bo‘lgani uchunginami? U davrda Moskva ham Oltin O‘rda davlatiga qarashli bo‘lgan. Moskvada o‘sha vaqtlarda yozilgan asarlarni Oltin O‘rdaga mansub qilib ko‘rsatish hech kimning xayoliga kelmaydi-ku». Adib mana shunday nozik kuzatishlar, umumlashmalar, qiyoslar yo‘lidan borib, «Oltin O‘rda adabiy tili» degan ibora «chig‘atoy tili» degan istiloh kabi ilmiy asosdan mahrum» ekanini to‘g‘ri ko‘rsatadi.

Pirimqul aka «Jahon adabiyoti» jurnalida (1999 yil, 1-son) o‘tkazilgan davra bahsida ham bu xususda ba’zi mulohazalarini aytgan edi. «Til va el» badiasida esa bu qarashlarini yanada chuqurlashtirib, ilmiy jihatdan puxta dalillab beradi: «Aniqroq qilib aytganda, bunday til tarixda bo‘lgan emas. Agar chig‘atoy tili tarixda bo‘lganda Alisher Navoiydek, Bobur Mirzodek ulug‘ siymolar o‘z asarlarida bu tilni albatta qalamga olgan bo‘lardilar. Ular Chig‘atoy ulusi va turkiylashgan chig‘atoy — mo‘g‘ul qavmi borligini qayd etganlar. Ammo o‘zlari ijod etgan tilni hamma joyda «turkiy til» deb ataganlar. Buning eng ko‘p dalilini «Muhokamatul-lug‘atayn»dan topish mumkin».

Temuriy shahzodalar, ayniqsa, Sulton Husayn Boyqaro davlatida mumtoz turkiy tilda she’r yozish, ilmiy-badiiy asarlar yaratish ma’naviy ehtiyojga aylandi. Uyg‘onish davri buyuk shaxslarni, daholarni yetishtiradi. Alisher Navoiy ana shunday ijodkor sifatida namoyon bo‘ldi. U ona tili — mumtoz turkiy tilni qo‘l yetmas yuksak cho‘qqilarga ko‘tardi va forsigo‘y shoirlar bilan musobaqada g‘olib chiqdi. (Bu masala ham Pirimqul akaning badiasida chuqur yoritilgan). Alisher Navoiyning tarixiy xizmatiga Sulton Husayn Boyqaro mana shunday baho bergan edi: “(U) Turk tilining o‘lgan jasadiga Masih nafasi bilan jon kirgizdi, bu ruhni topganlarga turkiy til o‘rish-arqog‘idan to‘qilgan kiyim va yengil ko‘ylak kiygizdi”. (Adabiyotshunos Aftondil Erkinov tabdil qilgan.) 

Tarix taqozosiga ko‘ra hozir mamlakatimiz O‘zbekiston, tilimiz o‘zbek tili deb nomlanadi. Yurtimiz qadimgi Turon — Turkiston — Movarounnahrni anglatishini, o‘zbek tili esa Pirimqul akaning badiasida to‘g‘ri ko‘rsatilganidek, Alp Er To‘nga davridan boshlab shakllangan, Yassaviy davrida kamolotga erishgan, Navoiy siymosida yuksak bosqichga ko‘tarilgan mumtoz turkiy tilning mantiqiy davomi ekanini hammamiz, ayniqsa, maktab o‘quvchilari va yoshlar, yaxshi anglab yetishimiz zarur. 

Muxtasar aytganda, tilimiz va adabiyotimiz muammolarini, xalqimizning boy o‘tmishini haqqoniy yoritish borasida Pirimqul Qodirov o‘zidan keyingi til, adabiyot fidoyilariga, shogirdlariga, yoshlarga o‘rnak va namuna bo‘ldi. Shuningdek, u kishining mazkur badiasida tilga olingan muammolar ko‘rsatadiki, bu borada hali ko‘p izlanishimiz, teran tadqiqotlar olib borishimiz zarur. Bu muqaddas vazifalarni amalga oshirish yo‘lida tilshunos, adabiyotshunos, tarixchilarimiz fidoyilik bilan izlanishlari, zahmat chekishlari va eng muhimi, tarixiy haqiqatni to‘g‘ri yoritishlari lozim.

 

Ortiqboy ABDULLAYEV, 

filologiya fanlari 

nomzodi

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =