SHOIRONA HAYRAT BILAN. (MirpO‘lat Mirzo badiiy publitsistikasiga bir nazar)

Mirpo‘lat Mirzo nomi o‘quvchilarga shoir, tarjimon, publitsist, dramaturg sifatida yaxshi tanish. 

Ijodkorning shu kunga qadar “Surur”, “Rayhon isi”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” nomli badiiy-publitsistik to‘plamlari nashr etilgan. Yozuvchi publitsistikasi doimo qaynoq ijtimoiy-siyosiy, adabiy hayot bilan yonma-yon yuradi, undan kuch oladi.

 

Aytish mumkinki, Mirpo‘lat Mirzo publitsistikasi davr qozonida to‘lib-toshib, yetilib, qaynab-pishdi. Adibning adabiy maqolalari, badialari, esse-xotiralari, safar taassurotlari va suhbatlari turli mavzularda bo‘lib, ularning har biri qaysi janrda yozilgan bo‘lishidan qat’i nazar, o‘quvchini o‘ylashga, muhokama-mushohada qilishga undaydi. 

Adib publitsistikasini o‘rgangan olimlar va taniqli yozuvchilar, uning ijodiga xos muhim jihatlarni belgilashgan. Yozuvchi publitsistikasiga xos lo‘ndagina go‘zal ta’riflar berishgan. Xurshid Do‘stmuhammad Mirpo‘lat Mirzo publitsistikasini “Shoirona hayrat” deydi. Haqiqatan ham, Mirpo‘lat akaning yozganlarida (publitsistikasi) shoirona jo‘shqinlik, obrazlilik, hayrat, hayajon mujassam. 

Yozuvchi publitsistikasi “davr kardiogramma”siga o‘xshaydi. Yuragini o‘rtaganlar yoki diliga yaqin ijodkorlar, san’atkorlar, xorijiy mamlakatlar haqida surur bilan qalam tebratadi. Xususan, bu o‘rinda “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” publitsistik to‘plamiga kirgan “Osmon to‘la yulduzlar” fasliga kiritilgan esse, xotira va suhbatlarni alohida ta’kidlab ko‘rsatmoqchimiz. Jumladan, “O‘zbekiston bulbuli” (Halima Nosirova bilan suhbat), “Taslim bo‘lmas yog‘dular” (Mutal Burhonov bilan suhbat), “Do‘dagan qirlarini sog‘inaman…” (Sunatilla Anorboev bilan suhbat), “Otamning gaplari qulog‘imda…” (yurist Karimxon Nosirov bilan suhbat), “Sen — misli kamalak…” (Abdulla Oripov bilan suhbat) sarlavhali adabiy suhbatlar tarixiy, adabiy, ijodiy, biografik, ijtimoiy faktlarga boyligi bilan o‘quvchini o‘ziga tortadi. 

Mirpo‘lat Mirzo suhbatdoshining uyiga yetib borgunicha qahramoni haqidagi xayolida kechgan kechinmalarni ham erinmasdan, batafsil yozib, qandaydir bir formalarda lirik chekinishlar qiladi. Masalan, “O‘zbekiston bulbuli” suhbati shunday boshlangan: “Qachondir uyingizdagi sandiq ochilganda onangizdan yodgorlik kiyimlarga daf’atan ko‘zingiz tushganmi? O‘shanda qandoq hayajon gupurgan ko‘nglingizda? Qanday xayollarga tolgansiz? Xotiralarga chulg‘anganingizda onangizning mehrini dimog‘ingizda qayta tuyganmisiz? 

Men Halima Nosirovaning qo‘shiqlarini eshitganimda xuddi shundoq hayajonni boshdan kechiraman.

Asr yakunlanayotgan yilning oqshomlaridan biri edi. Yengil mashinada ishdan qaytayotibman. Odatimga ko‘ra mashina radiosini eshitib ketaman.

Poytaxt ko‘chalarida turfa yog‘dularga chulg‘angan. Bu nurlar ko‘cha yoritqichlariyu baland-baland imoratlarning derazalaridan ham yog‘iladi. Charog‘on oqshom nafasidan va yog‘dularning jilvasidan shuur beixtiyor davr zamzamasini his etadi, ayni aslo uning shitob mavjlariga yo‘g‘rilgan.

Ana shu daqiqalarda radiopriyomnikdan Halima Nosirovaning qo‘shig‘i yangrab qoldi… ”

Muallif mana shunday lirik chekinishlar, xotira-xayol, ichki-kechinmali mulohazalarni suhbatga olib kiradi. 

Mirpo‘lat Mirzoning Ozod Sharafiddinov (“Benazir ustoz, betakror siymo”), O‘lmas Umarbekov (“Shaxs jozibasi”), Ramz Bobojon (“Uzoq umr siri”), Rauf Parfi (“Shoir”), Ibrohim Rahim (“Boqiy samimiyat”), O‘tkir Hoshimov (“Iste’dod sehri”), Tog‘ay Murod (“Oq sallali tog‘lar duosi”), Abdug‘afur Rasulov (“Mehridaryo”), Muhammad Yusuf (“Istiqlol tanlagan shoir”), Zokirjon Mashrabov (“Jahongashta”) kabi turli adabiy avlodga mansub tanqidchi-adabiyotshunoslar, yozuvchi-shoirlar, arboblar haqidagi xotiralari qiziqish bilan o‘qiladi. Ular hayotiyligi, hujjatliligi, tarixga aylangan kechagi kun odamlari haqida hikoya etishi, ularning ibratli hayoti, ijodiy faoliyatidan bir shingil voqealarni bugungi kun o‘quvchisiga tuhfa etishi bilan ham qadrli, e’tiborga molik. Yanglishmasak, xotiranavisning Rauf Parfi haqidagi “Shoir” esse-xotirasi ilk marta “Yoshlik” jurnalida bosilib chiqqandi. Mana endi to‘plamga ham kiritilibdi. O‘shanda ham bu esse-xotira ko‘pchilikka manzur bo‘lgan. Esseda Mirpo‘lat Mirzo nigohi orqali Rauf Parfi adabiy shaxsiyati va ijodi  ochiladi. Essenavis shoir she’riyatini nafaqat bir zamondosh ijodkor sifatida, balki olimlarga xos jiddiylik bilan tahlil etib beradi. 

Mirpo‘lat Mirzo Rauf Parfining “Aks-sado”, “Tasvir”, “Sabr daraxti” kitoblariga kirgan nafis she’rlar haqida mulohaza yuritadi. Shoir fe’l-atvorini, yashash tarzi haqida ham hayotiy voqealarni essega mohirlik bilan qistirma qiladiki, buni sezmaslik mumkin emas. Aksincha, faqatgina Rauf Parfigagina xos bo‘lgan xarakter, fe’l-atvorni ochuvchi chizgilarni o‘qib mutaassir bo‘lasiz. Jumladan, esseda “Mo‘minxona”, “Hakimxona”, “Yetimxona”, “Darveshlar” haqidagi Shoir atrofiga shoirlar qavmi haqidagi hayotiy voqealar Mirpo‘lat Mirzo nigohi orqali chiroyli hikoya etiladi. 

Mirpo‘lat Mirzoning “Surur” to‘plamiga publitsistik asarlaridan tashqari “Aks-sado” sarlavhasi ostida tarjimalari berilgan. Xususan, Noriyuki Takayama (“O‘zbekiston haqida o‘ylaganlarim”), Andrey Turkov (“Men umrimni halol yashadim…”), Stanislav Govoruxin (“Xalqni ehtiyotlash”), Aleksandr Zinovev (“Haqiqat, faqat haqiqat…”), Aleksandr Kondrashov (“Baybakov rejasi”), Vladilen Burov, Valentina Fedotova (“Islohotning oltin qoidasi”), Rudolf Kolchanov (“Dunyo biznesi darg‘alari”)larning publitsistik, ijtimoiy-siyosiy maqolalari ham kiritilgan. Mirpo‘lat Mirzoning tarjimonlik mahorati mazkur maqolalar o‘girmasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. To‘plamga mana shu maqolalarning tarjimalari kiritilishi juda o‘rinli bo‘lgan. Chunki Mirpo‘lat aka nafaqat, publitsist yozuvchi, xalqaro miqyosda tanilgan yozuvchi publitsistikasi namunalarining zahmatkash tarjimoni sifatida ham ish olib borayotganini ko‘rsatadi. Bu maqolalar o‘z vaqtida “Jahon adabiyoti” jurnali sahifalarida e’lon etilgan. Nima uchun Mirpo‘lat Mirzo mazkur publitsistik maqolalar tarjimasiga qo‘l urdi, degan savol tug‘iladi. Javob o‘z-o‘zidan maqolalar mutolaasidan so‘ng oydinlashadi. Masalan, yaponiyalik professor Noriyuki Takayama maqolasi fikrlarimizni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Unda Takayamaning O‘zbekiston haqida o‘ylari, ona vatani Yaponiyadagi ish yuritish tizimi bilan O‘zbekistondagi ish yuritish tizimi muqoyasa qilinadiki, maqolada bildirilgan qiyoslardan so‘ng o‘zbek xalqining ishga, rahbarga, rahbarning xodimga, har bir fuqaroning o‘z vataniga, vazifasiga uyg‘oq vijdon bilan yondashishi kerakligi haqidagi mulohazalari kishini sergaklantiradi. Yaponiyaning nima uchun rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilganini sabablarini anglab yetamiz. Janob Takayama juda to‘g‘ri, adolatli mulohaza yuritganidek, har bir shaxs o‘z ustida, o‘z vazifasini vijdonan ado qilmas ekan, jamiyat hech qachon rivojlanib ketmaydi. 

To‘plamdan o‘rin olgan A.Zinovevning “Haqiqat, faqat haqiqat…” maqolasi ham fikrlaringizga fikr qo‘shadi. To‘plamga kiritilgan har bir asar kishini hayot, jamiyat va o‘zi haqida, nima uchun yashayotganligi haqida teranroq o‘ylab ko‘rishga undaydi. 

 

Marhabo QO‘CHQOROVA,

filologiya fanlari nomzodi, 

Saida QURBONOVA,

filologiya fanlari nomzodi 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 11 =