Xalq tilining ta’sirchan jozibasi

Bolalikda “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Yozi va Zebo”, “Ravshan va Zulxumor” kabi xalq dostonlarini kattalardan tinglaganmiz.

 

Kitoblarni, ayniqsa, jangnomalarni shirali ovozda, aktyorlik mahorati bilan o‘qiydigan qiroatxonlar bo‘lardi, ular dostonlarni shunday berilib, turli qiyofalarga kirib o‘qishardiki, ochko‘z devlarning hamlasi, yovuz niyatli yalmog‘iz kampirning qo‘rqinchli basharasiyu sehrli jodusi, ochko‘z devlarning g‘azabi, qaroqchilarning dag‘dag‘asi shundoqqina ko‘z o‘ngimizda gavdalanib, biz ularni deyarli ko‘rib turgandek  bo‘lardik. Kitoblar kamligidan qaerda doston o‘qilsa, o‘sha yerga borib diqqat bilan eshitardik.

Keyinchalik bir narsani aniq anglab yetdim: ertak kitoblarni, xalq dostonlarini ko‘p o‘qigan bolalarning nutqi ravon, fikrlashi keng, xayolot olami keng bo‘lar ekan. Ertaklar ruhida tarbiya topgan bolalar mayda jonzotlar, qushlar, ayniqsa, uy hayvonlariga  ozor berishmas, umuman, kitob o‘qimagan tengdoshlariga nisbatan ancha odobli bo‘lishar ekan. Yoshlar nashriyotida ishlab yurgan kezlarim qirg‘iz, qozoq, turkman, gurji, rus, arman, Shri Lanka, shimol xalq ertaklarini o‘zbek tiliga o‘girib,  qiziq bir narsaga guvoh bo‘ldim: xalqning milliy o‘ziga xosligi, ilm tili bilan aytganda, mentaliteti, ma’naviy-axloqiy qiyofasi, urf-odatlari uning ertaklarida juda tiniq aks etar  ekan. Chunonchi, gruzin ertagidagi dev bilan o‘zbek ertagidagi devning xarakterida bir-biriga mos kelmaydigan jihatlar bor: o‘zbek dev “Saloming bo‘lmaganda yetti yamlab bir yutardim”, deydi. Gurji, arman ertaklaridagi devlar bilan til topishish esa ancha mushkul. Qo‘ng‘iroqdek ovozda ashula aytib yuborsang, qozoq devning ko‘ngli yumshab ketadi. Nemis ertagi qahramoni qo‘shnilarini uyiga taklif etishdan oldin ular kechki ovqatni yeyishganmi-yo‘qmi, shunga qiziqadi.

“Yangi kitob” nashriyotida chop etilgan shoir Islom Hamroning “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” dostonini o‘qir ekanman, bolalik yillarim yodimga tushib, shu mushohadalar ko‘nglimdan o‘tdi. Uning ijodini anchadan beri kuzatib kelaman, turkum she’rlarini o‘qib, qalami xalq og‘zaki ijodiga yaqinligi, badiiy ifoda uslubida xalqning jonli tili, ta’sirchan so‘z va iboralari, obrazli o‘xshatish va tashbehlar ko‘pligiga e’tibor berganman. Buni shoirning “Jahongirning qaytishi” dostonida yaqqol ko‘rish mumkin. Yana bir jihat shuki, Islom Hamro she’rlarida hayotiy voqea-hodisalarga  munosabat: shukur, iftixor tuyg‘usi bilan birga, shoirona iztirob, bezovtalik, dard va darddoshlik yonma-yon yuradi, befarqlik illat sifatida qoralanadi. “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” Islom Hamro ijodidagi bu xususiyat bejiz emasligini dalillaydi. Islom bu dostonni 108 yoshli momosi Hayitgul Daminovadan yozib olgan, uzoq yillar matn ustida ishlagan, zeru zabarini, xol-xolini joy-joyiga qo‘ygan bo‘lsa-da, mualliflikka da’vo qilmasligini  aytadi. Ammo, tan olish kerakki, bunday dostonlar  she’rni, she’riyatni, xalq baxshilari ijodini, mashhur dostonlarimizni yaxshi bilgan, shoirlik dardiga chalingan, qo‘lida charxlangan qalami bor ijod kishisining fidoyi mehnati, izlanishlari evaziga yuzaga keladi.

“Go‘ro‘g‘linng o‘limi”ni o‘qir ekansiz, tilimizning naqadar boyligidan zavqlanasiz. Xalq tili o‘lmasa millat o‘lmaydi degan gap rost gap. O‘xshatish, qiyoslash, ta’rif-tavsif, qochirim-uchirim, orttirish-bo‘rttirishlarni ayting, oddiy-oddiy so‘zu iboralarni kerak o‘rinda “navolanishiyu havolanishini» ayting, qofiyalar marjonday tizilib, qirq kokilday tovlanib turishini ayting. Mana, bir misol: «Alqissa, xon Go‘ro‘g‘li qo‘lga tushdi, lashkari juda qattiq shoshdi, dushmanlar ham endi haddidan oshdi, qo‘rqoqlar pisib qochdi. Qirq yigit satta mard, o‘laman demay savashdi, nima qilsayam g‘anim ko‘plik qildi, qirq yigit birin-ketin qo‘lga tushdi. Go‘ro‘g‘lining qolgan-qutgan lashkarlari tarqab ketdi, balki avvalroq qochganlari Asqartog‘ning belidan oshib o‘tdi. Ana Rayhon arab katta as’asayu dabdaba bilan kelib otidan tushdi. O‘zida yo‘q xursand, tilla topgan kalday, salla topgan gadoyday, suyakka to‘ygan itday, qon simirgan bitday, bo‘yi bir qarich o‘sgan darozday, bemahal qichqirgan xo‘rozday hech kimni ko‘rmaydi, nazariga ilmaydi…”. Xalq dostonlari tilining jozibasi shu qadarki, u beadoq ta’sir qudrati bilan o‘quvchini o‘ziga butunlay rom qiladi, xayolot olamiga olib kiradi, turli xush-noxush voqealarga guvoh qiladi, sabrini, diydasini imtihondan o‘tkazadi va bu yerdan ko‘nglini boyitib, tilini qayroqlab chiqaradi.

Islom Hamro kitobiga so‘ngso‘z yozgan taniqli folklorshunos olim Muhammadali Qo‘shmoqov Go‘ro‘g‘lining o‘limi haqidagi xalq dostonlari bir necha baxshilardan yozib olingani, ularning har biri o‘ziga xos til va ifoda uslubiga egaligini ta’kidlash bilan birga, barcha variantlarga xos bo‘lgan bir umumiy xususiyatni keltiradi: Go‘ro‘g‘li adolatli sulton, faqirga yo‘ldosh, musofirlarga do‘st-yor bo‘ladi. Boshqa yurtlarda ezilgan g‘arib-bechoralar ham Chambilga kelib, bilmaganlarini bilib, bitmagan ishlarini bitirib, ravo bo‘lmagan hojatini ravo qilib ketishadi. Parrandayu darrandalar ham arzini Go‘ro‘g‘liga aytishadi, uning adolatidan mamnun bo‘lib qaytishadi. Bu xususiyat Islom Hamro talqinida ham ko‘plab uchraydi. Chunonchi, Go‘ro‘g‘li umri nihoyasiga yetganini sezgach, o‘g‘li Avazxon bilan xayr-xo‘shlashib, shunday deydi:

“Senga vasiyatim: bolam, odil bo‘l,

Kambag‘al sho‘rlarning holin so‘rab tur.

Birovlarga hech yomonlik qilmagin,

Yomonlik qilsayam, sen yaxshilik qil.

Xabaring bor: Ahmad mening tog‘amdi,

Dushmanlarga tutib berdi yoqamdan.

O‘zing ko‘rding, shundayam men so‘kmadim,

Sen ham so‘kma, yursin manzilxonangda.

Yana so‘zim: yosh-qariga salom ber,

Agar yoshi katta bo‘lsa, ta’zim qil.

Podshoman deb, bolam, aslo kekkayma,

Kamtar kamol topar, bolam, shuni bil…”.

Go‘ro‘g‘lining Avazxonga, o‘irko‘k otiga vasiyati, Avazxonning nolalari dostonda noyob, bugun tilimizga kam uchray boshlagan xalqona iboralar, shirali, tagdor ma’noli so‘zlar, ta’sirchan o‘xshatishlar bilan berilganki, ularni hayajonsiz o‘qish mumkin emas. Eng muhimi, boshqa barcha dostonlarda bo‘lgani kabi, ushbu nodir yodgorlikda ham adolat, insof-diyonat, axloq-odob, kamtarlik, to‘g‘riso‘zlik alaloqibat g‘olib kelishi, fitna va g‘alamisliklar fosh bo‘lishi, xiyonat, qo‘rqoqlik, kibru havo, birovlarning joniyu moliga ko‘z olaytirish, asossiz zulm kabi illatlar uchun jazoning muqarrarligi o‘z aksini topgan. Kitob muallifiga ushbu savobli ishini beto‘xtov davom ettirishini tilab qolamiz.

 

Ahmadjon MELIBOEV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =