Ko‘chada qolgan VAQT

Shu yilning 1 avgust kuni uyimizga 1 kilometr qolganda bizni to‘xtatishdi. Ichki ishlar xodimi “Orqaga qayting, bu yoqqa yo‘l yo‘q” dedi. 

 

Avvaliga tushunmadik. So‘rab ko‘rsak, shu ko‘chaga tutash joyda oliy o‘quv yurti joylashgan bo‘lib, u yerda o‘qishga hujjat topshirgan abiturientlar test sinovidan o‘tishayotgan ekan. Tabiiyki, bizni to‘xtatishgan joyda mashinalar tiqini hosil bo‘lgan, noiloj yanada orqaga qaytib avtomobilni qoldirdik va piyoda yo‘lga tushdik.

 Institut yaqinidagi manzara hayratimizni oshirdi. Yo‘lning ikki chetiga stol-stullar, karavotlar qo‘yilgan, dasturxonlar tuzalgan. Minglab ota-onalar, yaqindagina test topshirib chiqqan yigit-qizlar davra qurib o‘tirishibdi. Doshqozonda osh suzilyapti. Soat o‘n ikki yarim. Bizning taxminimizcha, soat 9:00 da test savollarini yechishga kirishgan abiturientlar allaqachon bu yerdan uylariga ravona bo‘lishlari kerak edi. Yo‘q, bu yerdagi odamlar xavfsizligini ta’minlashga mas’ul kishilarning aytishicha, yo‘l soat 15 dan keyin ochilar ekan.

Manzara sizga tushunarli bo‘lsa kerak: talaba bo‘lish orzusidagi yoshlarning ota-onalari o‘z nuridiydalari test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tishlariga ishqibozlik qilib bu yerga kelishgan. Eng qizig‘i, hatto kulgili tomoni shundaki, bu mehribon ota-onalar o‘z farzandlari bilan erta tongdan shu yerda hoziru nozir. O‘g‘il yo qizingiz ichkari kirib ketgan bo‘lsa, bu yerda siz unga nima qilib berasiz? Bu savolga javob yo‘q. Yanayam qizig‘i, kechqurungi “Axborot” dasturida test sinovlari haqidagi reportajda ota-onalarga qanday sharoit yaratilgani ijobiy dalil sifatida ko‘rsatildi.

Bir qarashda ko‘zimiz o‘rganib ketgan bu manzara bizni o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Qanchadan-qancha ota-onalar ish vaqtida bu yerda behuda o‘tirishibdi. Endi shu holatni yurtimizdagi boshqa oliy o‘quv muassasalari soniga ko‘paytiraylik. Bu holdan ta’sirlanganimni bir necha suhbatdoshlarimga aytdim. “Shu holat sizga ma’qulmi?” deb so‘radim. Ko‘pchilik bu holga ijobiy fikr bildirmadi, ensalari qotganday qo‘l siltab qo‘yishdi.

Esiz vaqt, esiz fursat. Qiziq, bu yerda ota-onalarga nima bor? O‘zimning to‘rt farzandim institutga o‘qishga kirgan bo‘lsa, birortasining orqasidan bormaganmiz. Bir safar onasi hech bo‘lmasa, testdan chiqish vaqtini mo‘ljal qilib borish istagini bildirganda o‘g‘lim: “Bormang, men sizga yosh bolamanmi?” deb yo‘ldan qaytargani esimda.

Biz ko‘rgan holat esa tasodifiy emas, balki ommaviy ko‘rinish kasb etgandi. Birgina — keyingi paytda an’anaga aylanib qolgan mana shu holat, ma’lum qatlamdagi odamlarimizning tushunchasini, saviyasini ifodalab turganday. Ajabo, bolajoniga mehribonligini shunday shaklda ko‘rsatish mumkin ekan-da. Ayrim ota-onalardan tashrif sababini so‘rab ko‘rdik. “Hamma kelgani uchun men ham keldim”. “Bolamni ruhan qo‘llab-quvvatlagani keldik”, “Test sinovidan chiqqandan keyin uni kimdir kutib olishi kerak-ku”.

Ehtimol, ota-onalarning o‘z farzandlari taqdiri uchun bunday jon kuydirishini muhokama qilish ba’zilarga erish tuyular. Qolaversa, ularning bu harakati hech qaysi qonunga zid emas. Lekin hayot qonun moddalaridan kengroqdir. Aslida o‘sha kuni institut yonida bolasini kutgan ota-onalarning ba’zilari farzandining o‘qishiga, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishiga shunchalik e’tibor qilganmikan?! Holbuki, bolaga mehribon bo‘lib, soatlab behuda kutish ular uchun oddiy ish. 

Xorijdan kelgan bir mehmon bizdagi mehnatni tashkil etish jarayonini kuzatibdi. Fikrini so‘ragandim, javobi shunday bo‘ldi: “Nega odamlar o‘ta darajada bemalol harakat qiladi? Bizda bitta nonga ega bo‘lish uchun sanoqli daqiqa kerak bo‘lsa, sizlarda bir necha soat vaqt sarflanadi”. Taniqli shoirimiz Erkin Vohidov bir she’rida hayotimiz tarzini yaponlardagi ahvol bilan taqqoslab, uzoq umr ko‘ruvchi yaponlar bizga o‘xshab vaqtini to‘yga sarflamaydi, degan fikrni bildirgandi.

Hozir to‘y-hashamlardagi isrofgarchilik haqida jamoatchilik vakillari jon kuydirib gapirishyapti. Gap to‘yda haddan tashqari ko‘p odam qatnashib, noz-ne’matlar isrof bo‘layotgani haqida ketyapti. Lekin yaqin qarindoshining bir kunlik to‘yiga uch-to‘rt kunni sarflagan vaqt isrofgarlari haqida nega bong urmaymiz?! Buning nomini odamgarchilik, mehr-oqibat deb atashganiga nima deysiz? Qiziq, yurtimizdagi aksariyat odamlar o‘zini zamonga mos bilib, birovdan kam hisoblamaydi. Ularning turmush tarzi, mehnat faoliyatiga nazar solsangiz, “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish tutishadi. O‘zlariga Vatanim yanada gullab-yashnashi uchun nima qilishim kerak, degan savolni berishmaydi. Bugungi kunning asosiy talabi haqida o‘ylab o‘tirishmaydi.

Hozir hayotimizda shunday davr boshlandiki, har bir fuqaro mushtarak maqsadlar sari yakdillik bilan intilishi, yurt taraqqiyoti barchaning ahil-inoqligiga bog‘liqligini yurakdan his etishi zarur. Shu paytgacha rahbar ibrati, mas’uliyati haqida ko‘p gapirilardi. Endilikda o‘zligini anglagan har bir vatandoshimiz bir yoqadan bosh chiqarishi talab etilmoqda.

Buyuk davlat qurish uchun yuksak ma’naviyatli fuqarolar kerak. “Ma’naviyat” so‘zining o‘zagi “ma’no” so‘zidan iborat. Demak, hayotning ma’nosi, turmush mazmuni nazarda tutiladi. Yashashdan maqsad nima, deb savol qo‘yadigan bo‘lsak, umr deb atalmish manzillarni mazmunga to‘ldirish, o‘zgalarning qalbida munosib iz qoldirish ekanligi ayon bo‘ladi. Bu mezonlarga amal qilish uchun loqaydlik, atrofda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga befarqlik mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini anglab yetishimiz lozim.

Keyingi besh yilga mo‘ljallangan besh yo‘nalishdan iborat Harakatlar strategiyasining ahamiyati haqida qayta-qayta gapiryapmiz. Ushbu hujjatning eng asosiy sharti — uni mamlakatimizdagi har bir fuqaro yaxshi bilishi, belgilangan tamoyillarga amal qilishidan iborat. Mazkur dasturni O‘zbekiston taraqqiyotining “Yo‘l xaritasi” deb ta’riflashyapti. Istiqbolning oydin yo‘lidan dadil borish uchun o‘sha “xarita”ni hamma yaxshi bilishi muhimdir.

Ba’zan telejurnalistlarimiz duch kelgan oddiy odamlardan, aytaylik, “Siz O‘zbekistonda qanday siyosiy partiyalarni bilasiz?” deb savol berishganda aksariyat odamlar uchun bu so‘roq kutilmagan bo‘lib chiqadi. Bu holdan, avvalo, biz xijolat tortishimiz kerak. Demak, savolda nazarda tutilgan mavzuni yetarli yoritmaganmiz. Xuddi shuningdek, Harakatlar strategiyasi, uning yo‘nalishlari haqida savol berilsa, qanday javob olardik. O‘shanda ham yuz foiz so‘ralganlardan to‘liq javob olish dargumon. Holbuki, Harakatlar strategiyasi yurtimizdagi barcha fuqarolarimiz uchun, uni hamma bilmasa, ko‘ngildagi natijaga erishib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashganda boy ma’naviy merosimiz haqida so‘z yuritib, buyuk ajdodlarimiz yaratgan asl durdonalarni ko‘p odamlarimiz, ayniqsa, mas’ul mutasaddilarimiz yetarli darajada bilmasliklarini g‘oyat tashvish bilan ta’kidladilar.

Bu ochiq va achchiq haqiqat. Modomiki, havas qilsa arziydigan buyuk o‘tmishimiz bilan g‘ururlanar ekanmiz, avvalo uning tub mazmunini bilishimiz kerak. Bilimsizlik, jaholat umumtaraqqiyotimizga, dadil odimimizga qo‘yilgan to‘siqdir.

Shunday xulosadan keyin yurtimizda kitobxonlikka e’tiborning kuchayganligi bejiz emasligi barchaga ayon bo‘lishi kerak. Dunyo tamadduniga poydevor qo‘ygan zaminda komil insonlar hamma havas qiladigan darajadagi turmush tarzini tarkib toptirishi hayotiy ehtiyojdir.

 

Shuhrat JABBOROV,

O‘zbekiston 

Respublikasida xizmat

 ko‘rsatgan jurnalist

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =