YAXSHI KITOB QANDAY PAYDO BO‘LADI?

Yoshlar ma’naviyatini oshirishga, ularning komillikka intilishiga xizmat qiluvchi kitob o‘zi qanday bo‘lishi kerak? Ko‘p yillik tajribaga ega noshirlarning o‘zi qanday kitobni yaxshi deb hisoblaydi? Bu borada qomusiy adabiyotlarning, xususan, entsiklopediya, antologiya, lug‘at, xrestomatiyalarning o‘rni qay darajada? Darsliklar bilan bir qatorda yordamchi nashr sifatida qanday kitoblarni yoshlarga taqdim etish lozim? Jahon badiiyati namunalarini o‘quvchilarga taqdim etish uchun, avvalo, qay jihatlar ahamiyatli? Milliy adabiyotimiz, xususan, chorak asrlik yo‘lni bosib o‘tib qo‘ygan Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti bilan o‘quvchilarni tanishtirish uchun nimalarga ahamiyat qaratmoq kerak?.. Savollar ko‘p. Ularga javob olish uchun «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti bosh muharriri Habib Abdievga murojaat qildik.

 

 – Habib aka, bugun kitob mutolaasi targ‘iboti masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu juda quvonarli hol, albatta. Biroq yaxshi kitoblarninggina targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish o‘ta muhim jihatdir. Avvalo, qanday kitob yaxshi kitob ekanligini aniqlab olishga to‘g‘ri keladi. Shunday emasmi? 

– Albatta. Prezidentimizning 3 avgustda ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvida ham, «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmonida ham O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi faoliyatini tubdan takomillashtirish, OAV, noshirlik va matbaachilikni yanada rivojlantirish, kitob targ‘iboti orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik an’analarini keng targ‘ib qilish kabi masalalar xususida so‘z bordi. Matbuot va axborot mahsulotlariga, kitobxonlikka bo‘lgan e’tibor yuqori darajaga chiqdi. Endi noshirlik zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklandi: sara kitoblarni xalqqa taqdim qilish. Qaysi kitob saraligini aholiga bildirish, ularga yaxshilarni ajratib ko‘rsatish payti keldi. Menimcha, buning uchun mamlakat miqyosida har kim o‘qishi lozim bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini tuzish kerak. Balki har bir nashriyot o‘z arxividan bugungi kitobxon o‘qishi zarur deb hisoblagan eng sara nashrlar o‘ntaligi (yoxud yigirmataligi)ni taqdim etsa, Yozuvchilar uyushmasidan ro‘yxat olinsa, ular orasidan tanlab-saralab, yagona bir butun ro‘yxat shakliga keltirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar. Masalan, nashriyotimizda chop etilgan Tolstoyning «Avliyo Sergiy» qissasini, o‘zbek adiblarining sevgi haqidagi eng sara hikoyalaridan to‘plangan guldasta – «XX asr: muhabbat haqida 20 hikoya» to‘plamini, «XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi», «XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi», «XX asr jahon she’riyati antologiyasi» singari kitoblarni shu ro‘yxatga kiritish shart deb hisoblayman. Bundan tashqari, mazkur ro‘yxatda «Mening birinchi entsiklopediyam» turkumidagi entsiklopediyalar, «Mening rasmli entsiklopediyam», «Ming bir so‘zni bilaman» deb nomlangan bolalar uchun rasmli izohli lug‘at, «Islom entsiklopediyasi», «Bolalar entsiklopediyasi», «Xotin-qizlar entsiklopediyasi», «Tarbiya» kabi entsiklopediyalar, besh jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati, «O‘zbek ismlari izohi» va, albatta, 12 jildlik «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» bo‘lishi lozim deb o‘ylayman.  

– «XX asr: muhabbat haqida 20 hikoya», «XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi», «XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi», «XX asr jahon she’riyati antologiyasi»… – aksari kitoblar o‘tgan asr ijodkorlaridan so‘z yuritadi. Darsliklarda ham faqat mumtoz adabiyot va XX asrda yashab ijod etgan buyuklar – Cho‘lpon, Usmon Nosir, Qodiriy, Qahhor, Oybek, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov… Axir, chorak asrdan ko‘proq umr ko‘rib, ulg‘ayib qolgan zamonaviy adabiyotimiz – Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti bilan bugungi o‘zbek o‘quvchisi qachon tanishadi? Ko‘proq yangi davr ijodkorlari asarlari bilan o‘quvchilar javoniga kirib borish davr talabi darajasiga chiqmadimikin? 

– To‘g‘ri aytasiz, bu mulohazalarning ayni mavridi. Chindan-da, keyingi davrda bir qancha ijodkorlar yetishib chiqdi, qanchadan-qancha asarlar maydonga keldi. Maktab o‘quvchilari esa darsliklarda asosan XX asr nosiru nozimlarini o‘qib o‘rganmoqdalar. Ularga keyingilarni ham tanitish payti keldi. Buning uchun biz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda nazm va nasr antologiyalari, turli xrestomatiyalar qilishga tayyormiz. Faqat bunday kitoblar ilgarigidek ming, ikki ming nusxa chiqadigan bo‘lsa, ahvol eskiligicha qolaveradi. Shu bois biz lotin alifbosida tayyorlaydigan mazkur antologiyalar respublikamizdagi har bir maktabga kamida 2 donadan yetib boradigan adadda chop etilishi maqsadga muvofiqdir. Buning uchun biz taqdim etgan antologiyalarni Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlik qilishga to‘g‘ri keladi. Menimcha, adabiyotga, ma’naviyatga yuksak darajada e’tibor qaratilayotgan bugungi jarayonda, qutlug‘ mas’uliyat gardanimizda turgan shunday pallada Xalq ta’limi vazirligi ham, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ham bu borada bizga bajonidil ko‘maklashishiga ishonaman. Zero, shunday antologiyalar, xrestomatiyalar bolalar qo‘liga yetib boradigan bo‘lsa, ular nafaqat yangi ijodkorlarni o‘zlari uchun kashf etadilar, balki kelgusida kimlarni o‘qishlarini o‘zlari uchun tanlab, belgilab oladilar. Bu yozuvchi, shoirlar uchun ham, noshirlar uchun ham ayni muddaodir. O‘z-o‘zidan kitobxonlik darajasi ham ko‘tariladi. Eng muhimi, yoshlarimizda tanlab o‘qish qobiliyati shakllanadi. Bu ma’nan barkamol shaxs bo‘lib yetishishdagi eng muhim bosqichdir. 

– Bu kitoblar kelgusida darsliklarga kiritib borilajak ijodkorlarni saralashda ham yordam bersa kerak.

– Albatta-da. Bugungi kunda kitobxonlik darajasi sust emas. Yoshlar ham, kattalar ham o‘qishyapti. Ammo nimani? Oldi-qochdi sarguzasht romanlaru bo‘lar-bo‘lmas nashrlarni. Yuqoridagidek adabiyotlar yordamida, ko‘cha «asar»laridan yaxshi kitoblar ham borligini ko‘rsatish orqali o‘quvchilarimizni ma’naviy ziyo, estetik zavq beruvchi, ma’rifiy bilim beruvchi, jaydari qilib aytganda, miyaning tarhini ochuvchi adabiyotlar mutolaasiga qaytarish mumkin. Bu antologiyalar, o‘z o‘rnida, keyingi darsliklarga kiritilishi mumkin bo‘lgan ijodkorlar nomini belgilashga ham hissa qo‘shadi. Biz bunday kitoblar tayyorlashga hozirmiz va ancha-muncha ish ham qilib qo‘ydik, shuningdek, fundamental-entsiklopedik xarakterdagi bunday kitoblar borasida nashriyotimiz yetarlicha tajriba to‘plagan.

– To‘g‘ri, darsliklar hamma ijodkorlarni qamrab ololmasligi tabiiy hol. Shunday ekan, siz aytgan antologiyalar lotin alifbosida, ko‘p ming nusxada nashr etilsa, darsliklarga yordamchi adabiyotlar bo‘lishi shubhasiz. Biroq yana bir masala bor: turli fanlar borasida o‘quvchilarga ko‘maklashuvchi ilmiy adabiyotlar…

– Nashriyotimizdagi turli sohaviy entsiklopediyalar, lug‘atlar, monografiyalar juda ko‘plab chop etilgan, hozir ham chop qilinmoqda va kelajak uchun ham bir qancha ilmiy adabiyotlar hozirlab borilmoqda. Faqat bu kitoblarni ko‘pchilikka yetkazish masalasigina nashriyotlarni o‘ylantiradi, xolos. Masalan, shu kunlarda 20 000 dan ortiq so‘zni o‘z ichiga olgan «Forscha-o‘zbekcha lug‘at» deyarli tayyor holga keltirilgan. Yoki «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati»ga kirmay qolgan so‘z va iboralar» kitobini chop etishni rejalashtirganmiz. Bu kabi loyihalarimiz ko‘p. Ularning nashr etilishi va realizatsiyasi borasida tegishli vazirlik va tashkilotlar biz bilan hamkorlik qilishsa, ayni muddao bo‘lar edi. 

– Darvoqe, bir paytlar 12 jildlik «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi»ning keyingi yigirma yillik yangiliklar bilan boyitilgan lotin alifbosidagi nashri xususida gapirgan edingiz. Bu jarayon qanday ketyapti?

– Biz kiritilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni, yangi maqolalar mazmunini belgilab olganmiz. Ularni tayyorlashda ilmiy jamoatchilikni jalb etib, katta kuch bilan ishga kirishish lozim bo‘ladi. Buning uchun nashriyotga moliyaviy ko‘mak zarurdir. Zero, milliy entsiklopediya yaratish degani butun boshli millatning qomusini bunyod etish demakdir. Shunday ekan, bu ish nashriyotning besh-olti nafar muharririyu dizaynerlari va bir-ikki nafar olim bilan bitadigan ish emas. Shuningdek, olti oy-bir yilda bajarib tashlanadigan yumush ham emas. Bunga ko‘p kuch, katta xarajat va katta ilmiy salohiyatni safarbar etish zarur bo‘ladi.

– Habib aka, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Suhbatimizda bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflaringizni tegishli vazirlik va tashkilotlar javobsiz qoldirmasliklariga ishonamiz. 

 

Sholaziz SHOXIDOYEV 

suhbatlashdi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + one =