BOYSUN MO‘JIZALARI

Yozning qoq chillasida Surxondaryo viloyatining Boysun tumaniga yana safar uyushtirdik.

 Ijodiy guruh dastlabki kuni Sanjartog‘ning yonbag‘rida joylashgan magnit maydonini tasvirga olishga otlandi. Tuman markazidan chiqishimiz bilan olisdan baland tog‘ ko‘rindi. Hamrohlarimiz ana shu ko‘krak kerib turgan toqqa borishimizni aytdi. Shu tariqa dengiz sathidan chamasi 2,5 ming metr balandlikka ko‘tarilib, to‘g‘ri yo‘ldan Qayroq qishlog‘i sari burildik. Haydovchi “Niva” mashinasini qiya yo‘lda to‘xtatib, motorni o‘chirdi. Shunda mo‘’jiza yuz berdi. Motori o‘chgan mashina pastga emas, yuqoriga qarab harakatlana boshladi! 

 

Tepaga qarab “Neksiya”ning ham motorini o‘chirib, erkin holatga qo‘ydik. U ham 75-80 metr balandlikkacha o‘zi yurib chiqdi. To‘xtagach, mashina endi ortga, ya’ni pastga qarab yursa kerak, deb o‘yladik. Yo‘q, ulov to‘xtagan joyidan bir qadam ham jilmadi! Bildikki, biz magnit maydonining ustidamiz.

Hamrohlarimizdan biri: “Bu yerda charmdan tikilgan futbol to‘pi ham pastlikka emas, aksincha, tepalikka qarab sekin dumalaydi” deb qoldi. Bu gap bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Agar ushbu nuqta magnit maydoni bo‘lsa, faqat metall jismlarnigina tortishi kerak. Charm buyumga ta’sir etishi mumkinmi?! O‘ylab-o‘ylab shu yerda suvdan ham foydalanib ko‘rmoqchi bo‘ldik. Xullas, ichish uchun olgan obi hayotimizni yo‘lga to‘kdik. Ariqchada suv yuqoriga qarab oqib, so‘ngra yoyilib ketdi. 

Boysun zamini tabiat mo‘’jizalariga boy. Bir necha asrlardan so‘ylaguvchi archa, tut, yong‘oq, chinor kabi daraxtlar mo‘l. Ular orasida Boysun shahri chetidagi 5 ta bobochinor alohida ajralib turibdi. Ularning to‘rttasi bir-biriga juda yaqin joylashgan. Shu sababli ularni boysunliklar “Chorchinor”, ya’ni to‘rt chinor deb ataydi.

Olimlar tomonidan Chorchinorning yoshi 8-9 asrga teng deb baholanmoqda. Bu haqiqatga yaqin. Negaki, chinorlar tanasiga 6-7 kishining quchog‘i arang yetadi. Balandligi 30 metrdan oshadi. Avvallari chorchinorning bo‘yi qariyb 60 metrga yetgan. Ayrim yillarda kuzatilgan qurg‘oqchiliklar sabab baland shoxlari qurib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, barq urib o‘smoqda.

Boysun tumanining Sayrob qishlog‘ida ham bir juft chinor bor. Ularning yoshi qariyb ming yilga teng. Shunday bo‘lsa-da, bu keksa daraxtlar hali ham yashnab turibdi. Ularning dovrug‘i olislarga ketgan. Tana aylanasi ham, daraxtning bo‘y-basti ham juda mahobatli. Qishloqqa borgan odam, albatta, ushbu ulkan daraxtlarni ko‘rmasdan, undan zavq olmasdan qaytmaydi. 

Sayrobdagi qo‘shchinorning biri “Alpomish uyi”, ikkinchisi “Barchinoy uyi” deb ataladi. Chunki ularning g‘aroyib ulkan kovagi bor. O‘tgan asr boshlarida bu kovaklarda eski maktab joylashtirilgan, keyinroq qishloq kengashiga boshpana bo‘lgan. Otliq askarlar polkining qarorgohiga aylangan. Undan kutubxona, savdo do‘koni sifatida ham foydalanilgan. Bugun bobochinorlar kovagi muzeyga aylantirilib, zardo‘zlik mahsulotlari, temirchilik hamda hunarmandchilik jihozlari bilan bezatilgan. 

Sayrob chinorlarining tagi dam olish maskaniga aylangan. Bu yerdagi so‘rilarda qishloq otaxonlari dam oladi. Yo‘lovchilar choy ichib hordiq chiqaradi. 

Moziydan meros bu tabiat mo‘’jizalariga mustaqillik yillarida “Tabiat yodgorligi” maqomi berilib, davlat muhofazasiga olingan. Boysun chinorlari tarixning shohidi, yurt ko‘rki, tabiatning qadim yodgorligi bo‘lgani uchun ham qimmatli.

Ikkinchi kuni “Boysun” o‘rmon xo‘jaligining “Xomkon” o‘rmonchilik bo‘limidagi Xomkon ko‘liga yo‘l oldik. Mazkur hudud tuman markazidan chamasi 100 kilometr masofada joylashgan. Unga borish uchun uch soat ketdi. Asfalt yo‘l bilan Dehqonobod tumanining Oqrabot qishlog‘iga yetganimizda haydovchi “UAZ” mashinasini baland tepalikka burdi. O‘ydim-chuqur yo‘ldan yuqoriga ko‘tarilib bordik. Chamasi yarim soat vaqt o‘tgach, qir-adirlarda bir-ikkita past bo‘yli archalar ko‘rina boshladi. Gohida tosh-shag‘alli, gohida tuproqli yo‘ldan yurib Xomkon tog‘i tomon borar ekanmiz, archalar sonining ko‘payib borayotganiga ko‘zimiz tushdi. Oxiri shunchalik qalin archazorlar orasiga kirib qoldikki, o‘zimizni haqiqiy o‘rmonda yurgandek his qildik. Ochig‘i, bu yerdagi boboarchalarni ko‘rib, hayratlandik. Ko‘plab archalar shunchalik katta bo‘lib ketganki, ularning tanasiga 2-3 kishining quchog‘i arang yetadi. Ayrim archalar ancha baland o‘sgan. Yana ba’zilari esa yon tomonga shox qo‘yib, konussimon aylana hosil qilgan. Uchinchi tur archalar past bo‘yli. Lekin ularning hammasi yam-yashil. Qir-adirlarga, tog‘larga ajib bir ko‘rk bag‘ishlab turibdi.

“Xomkon” o‘rmonchilik bo‘limida minglab gektar yer qalin archazorlar bilan qoplangan. Bu archazorlar o‘simlik dunyosi va hayvonot olamining rivojlanishiga, buloq va soy suvlarining ko‘payishiga, ko‘chki va tuproq yemirilishining oldini olishga, havoni mo‘’tadillashtirishga xizmat qiladi. Qolaversa, tiriklik olami uchun juda zarur bo‘lgan kislorod ishlab chiqaradi. O‘zidan doimiy ravishda fitontsid moddasini ajratadi. 

Olimlarning e’tirof etishicha, fitontsid insonlar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi turli mikrob va bakteriyalarni o‘ldiradi. Bir gektar tig‘iz archazor katta shahar ustida to‘plangan zararli mikroblarni qirib yuborishga yetadigan o‘ta foydali fitontsid moddasini chiqarar ekan. Archalarning bunday ajoyib xususiyatlarini bilgan odam borki, bu turdagi daraxtlarni umuman kesmaydi. Xarob qilmaydi. Aksincha, ularni muhofaza qilib, boshqalarni ham shu xayrli ishga jalb qiladi.

Saraton issig‘ida Xomkon archazorlarini tasvirga olish jarayonida tog‘ning ustida kichikroq buloqqa duch keldik. Chanqab turganimiz bois muzday suvidan to‘yib-to‘yib ichdik. Ochig‘i, ko‘plab chashmalardan chanqog‘imizni qondirganmiz. Lekin bunday tabiiy shirin suvni ichmagandik. Ijodiy guruhimiz ushbu buloqning nomi yo‘qligi uchun uni “Shirin buloq” deb atadi. Bundan o‘rmonchilar ham xursand bo‘ldi. Endi biz ham ushbu buloqni shunday ataymiz deyishdi.

Baland-past tepaliklardan oshib, yana 7-8 kilometr masofani bosib o‘tdik. Olisdan quyosh nurida yaltirab turgan ko‘l ko‘rindi. Ko‘m-ko‘k bo‘lib, mavjlanib turibdi. Chiroyli manzara. Ko‘rib bahri dilimiz ochildi. 

Xomkonni tog‘lar orasidagi kichikroq suv havzasi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edik. Tasavvur qilganimizdan ham bir necha barobar katta ekan. Uning maydoni 53 gektar. Tog‘lar o‘rtasidagi egarsimon botiqda hosil bo‘lgan. Chuqurligi 80 metr atrofida. Shakli cho‘zinchoq. Uzunligi ming metrdan oshadi. 

Xomkonga tevarak-atrofidan 3-4 ta katta-kichik buloq suvi kelib quyiladi. Lekin ko‘ldan suv toshib chiqmaydi. Kamayib ham ketmaydi. Yilning 9 oyi mobaynida bir me’yorda turadi. Faqat bahorda qor va yomg‘ir suvlari hisobiga ko‘l toshib, bir tegirmon suv janub tomonga oqib chiqadi. 

Xomkonning boshqa ko‘llardan farqli jihati — chuqurligi. Qirg‘oqdan 3-4 metr suvga kirishingiz bilan 10-15 metr chuqurlikka tushib ketasiz. Ko‘l tuz qatlamining ustida joylashgani uchun suvning pastki qismi sho‘r, usti esa buloqlar hisobiga chuchuk. 

Boysunlik o‘rmonchilarning aytishicha, ilgari bu yerda tuz koni bo‘lgan ekan. 1952 yilda vulqon otilishi natijasida tuzlar qatlami cho‘kib, katta ko‘l vujudga kelgan. Yer osti tuzlarining erishi natijasida qirg‘oqlar cho‘kib, katta-katta yoriqlar paydo bo‘lgan. Bu ko‘lning yana kengayishidan dalolat berib turibdi.  


Abdulla MAMASODIQOV,

“Dunyo bo`ylab” 

telekanali mas’ul kotibi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 3 =