Qog‘ozning tili bo‘lsa edi…

Bundan 25-30 yil oldin mamlakatimizda sanoqli gazeta va jurnallar faoliyat yuritardi. Bugungi kunda bosma ommaviy axborot vositalari soni 1 mingtadan oshdi. Ma’lum bir sohaga ixtisoslashtirilgan nashrlarning vujudga kelishi albatta, quvonarli hol. Endilikda birgina xalq ta’limi tizimida qariyb 70 ta gazeta va jurnal mavjud. Sportga, xususan, tibbiyotga oid nashrlarimiz ham talaygina. To‘g‘ri-da, “chumchuq so‘ysayam qassob so‘ysin”.

 

Masalan, “Qishloq hayoti” gazetasiga mos maqolalarni qurilish yo soliq sohasidagi nashr muharriri qay darajada tayyorlashi mumkin? Shu nuqtai nazardan jurnalistikaning ixtisoslashuviga so‘ng¬gi paytlarda katta e’tibor qaratilayogani ayni muddao. Bu jarayon shak-shub¬¬ha¬siz matbuot, jurnalistika, noshirlik rivojiga xizmat qilayotir.

Ammo “tanganing ikkinchi tomoni” ham bor-da. Ayrim ixtisoslashgan nashrlarda tahrir qilish va maqolalarni sof o‘zbek tilida tayyorlash borasida muammolar mavjud. 

Shuningdek, sohada nodavlat nashrlar qamrovi kengayib borayotgani ham mamlakatda demokratik tamo¬yil-larning tantana qilishida muhim omil hisoblanadi. Lekin ayrim “tadbirkor”lar gazeta, jurnal, kitob chiqarib sohani biznesga aylantirayotganliklari ham bor gap. Bu masala bo‘yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston ijodkor ziyo¬li¬lari vakillari bilan o‘tkazgan tarixiy uchrashuvida jid¬diy fikrlar bildirgandi.

Bir paytlar san’at “yulduzlari”ning oilaviy janjali, ajralishlari to‘g‘risidagi mishmishli maqolalar bu gazetalar bozorini chaqqon qilardi. Xayriyatki, so‘nggi vaqtlarda bunday “chaqqon” gazetalardan o‘quvchilarning hafsalasi pir bo‘lib, ularning bozori kasodga uchradi. Ammo bu nashr¬larda kasbiy mahorat (professionalizm) muam-moligicha qolib kelmoqda. Aks holda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan o‘z vakolati doirasida chiqargan “Taqdimnoma”larining soni tobora ko‘payib ketmasdi. O‘tgan yilning o‘zida bunday taqdimnomalar soni qariyb 150 taga yetdi. Afsuski, barcha tahririyatlar ham bundan ijobiy xulosa chiqargani yo‘q. Ayrim nashrlar ta’sis hujjatlarida (masalan, Nizomda) “ma’naviyat va ma’rifat, yoshlar tarbiyasiga hissa qo‘shmoqchimiz” mazmundagi chiroyli va’dalar berishadi. Lekin amalda aks holatni kuzatyapmiz. 

Ayniqsa, muqaddas o‘zbek tilimizga bepisandlik bizni tashvishga solmoqda. Hech bir zamonda gazeta va jurnallarda bugungi kun darajasidagi imloviy xatolar, mantiqsiz so‘zlar qo‘llanilmagan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Quyidagi jumlaga e’tibor bering:“Filmlarda salbiy rollarni ijro etib xalqning mehrini qozongan aktyor Javohir Zokirov…” (Voha” gazetasi, 18 yanvar). Qani mantiq? J.Zokirov aynan salbiy rollarni ijro etgani uchun emas, balki rollarni yuksak mahorat bilan tal¬¬qin etgani bois shuhrat qozongan bo‘lsa kerak?! Gazetalardagi xatolar haqida bundan oldingi maqolalarimizda ham mulohaza yuritgandik, xususan “Noyob dunyo” gazetasi xususida. Gazeta muassislariga taqdimnoma chiqarganimiz bilan haligacha tahririyat manzili Qorasuv —“Korasuv”, nashrga mas’ul esa “ma’sul”ligicha qolgan. 8 betdan iborat gazeta internetdagi ma’lumotlar asosida bir kishi (N.Ikramov) tomonidan tayyorlangan. O‘zbek olimlarining ixtirolari haqida birorta ham maqola berilmagan (27 noyabr soni misolida). Yoki Buxoroda chop etilayotgan “Ma’naviyat sarchashmasi” gazetasining 2017 yil 14 dekabr soni imloviy-mantiqiy xatolar bo‘yicha gazetalar orasida o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Qanday qilib bu nashr ma’naviyat sarchashmasi bo‘lishi mumkin, agar savodsizlikka xizmat qilayotgan bo‘lsa… Gazeta mutassaddilari yana bir joyda uni “viloyatimizdagi yagona iqtisodiy nashr”, boshqa joyda “madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy gazeta” deb tanishtirmoqda. Bu “yagona nashr”ning adadi bor-yo‘g‘i 280 nusxani tashkil qilgan. Bir sahifasi to‘liq teledasturdan iborat. “To‘g‘ridan to‘g‘ri” ko‘rsatuvi “To‘Qridan—to‘Qri”, “Halovat ko‘chasi” –“O‘alovat ko‘chasi”, “Hidoyat sari”—“O‘idoyat sari”, “Mening bog‘im” esa “Mening boQim” shaklida berilgan. Yoki “Odobnoma oyligi” “Odobgoma oyligi” deb chop etilgan. Bugungi XXI asrdagi gazetada hech qanday dizayn, matbaa sifati yo‘q. “Oltin asr” jurnalining tashkil bo‘lgandan beri bori-yo‘g‘i 5 ta soni nashrdan chiqdi. Va har bir soni yuzdan ortiq jiddiy xatolar bilan! “Farovon yurt” nash¬ri ham o‘tgan yildagi sonlari bilan bu borada yetakchilik qildi. Bu ham yetmaganidek, gazetaning o‘tgan yilgi bir necha sonlarida berib kelinayotgan Erkin Ermat qalamiga mansub “Suiqasd” qissasida millatimizning odob-axloq me’yorlariga zid, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi shahvoniy holatlar tasvirlangan. “Zulfiyaxonim” nomli nashrda esa deyarli  Zulfiya¬xonim izdoshlarini ko‘rmaymiz. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. 

Qog‘oz yurtimizga million-million xorijiy valyuta evaziga chetdan olib kelinadi. Qog‘oz ham bebaho ne’matdir. Oppoqqina qog‘oz agar maqsadsiz, bema’ni so‘zlar uchun ishlatilsa, uvol emasmi? Qani endi bechora qog‘oz ham tilga kirganda edi…

 

Shoqahhor SALIMOV, 

O‘zbekiston matbuot va axborot

agentligi yetakchi mutaxassisi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 18 =