Selfixonlik soati

Yangi o‘quv yilining birinchi oyi ortda qoldi. Tengdoshlarimiz bilim ummoniga sho‘ng‘ib ketishdi. O‘qituvchilarimizning shaxti baland. Saboqlarida xomuza tortgan bolani uchratmaysiz. Darsligu qo‘llanmalar yetarli…
Hammasi yaxshi-ku, lekin mashg‘ulot endi boshlanganida yo eng qiziq joyiga kelganida eshik taqillagani yomon. Oshga tushgan pashshaning o‘zginasi.

Eshik ochilib, maktab rahbariyati davomatni tekshirib, xiyla vaqtni oladi. Keyin mahalla posboni va profilaktika inspektori kirib keladi: “Hamma bola joyidami? Ko‘chada sang‘ib yurganlar yo‘qmi? Ko‘zlaringga qaralaring!”
 So‘ng shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimi va ichki ishlar vakiliga navbat keladi. Ular ham qariyb yarim soat amri ma’ruf qiladi. Butun boshli dars soati yo‘qqa chiqadi. To‘g‘ri, maktab o‘quvchilarining xulqi va havfsizligini saqlash uchun bunday reydlar va tekshiruvlar o‘tkazib turish foydadan xoli emas. Lekin bunday xayrli ishlar darslarning qoq belidan bo‘lib, o‘quvchilarning fikrini chalg‘itish hisobidan bo‘lmasligi kerak.
“Biz falon tashkilotdanmiz”, deb kelishadi-da, hisobotlari uchun biz bilan rasmga tushib ketishadi. O‘quvchilar ko‘rgazmali qurol yoki haykalmidiki yonida turib fotosessiya qilishsa?
Turli kasalliklarning oldini olish uchun “ertalab qo‘lingni, oqshom oyog‘ingni ham yuvishni unutma”, degan gapni hissiz takrorlaydigan targ‘ibotchilar ham qatordan qolishmaydi. Ularning ishi shu darajada kulgini qistaydiki, har qanday metin odam ham xoxolab yuboradi. Sumkasidan titilib ketgan ming yillik  qo‘llanmani olib, biz million marta eshitgan spirtli ichimliklar ichish-u, tamaki chekishning zarari haqida ma’ruza o‘qishadi. Bu ham dars soati hisobidan, albatta. Tayinli gap aytadimi, yo‘qmi  — birga rasmga tushib ketishadi.
O‘zlari kelishga eringan tibbiyot xodimlari o‘quvchilarga diktant, insho yo bayon yozib berishini buyurishadi. Ochig‘i, qo‘ziqorindan zaharlanishning oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish lozimligiga oid “asar”ni 11 yildan beri takror va takror yozamiz. Shu paytgacha davlat sanitariya va epidemialogiya nazorati markazidan biror ishning ko‘zini biladigan xodim kelmaydiki, qo‘ziqorin qanday ne’mat ekanini biz, “shaharlik, chumchuqlar”ga birrov amalda ko‘rsatsa.
Bunday holatlarga bot-bot guvoh bo‘lib, ayni kunlarda maktablar ta’lim muassasasi emas, karvonsaroy, yanada to‘g‘rirog‘i, suratxonaga o‘xshab qolayotganidan kuyunasiz. Tekshiruvchi-yu, nazoratchilar keladi, ko‘radi, sanaydi. O‘quvchilar bilan suratga tushadi-da ketadi. Qaerga? Navbatdagi “suratxona”ga! Surat — rahbarlariga ko‘rsatish uchun. Yo‘qsa, ishonishmaydi Maktabga tekshirishga bordim deb, pivoxonada maishat qilib kelgan bo‘lishi mumkin-da!
Bu sirli g‘alvaga e’tiroz bildiraylik desangiz, barchasi qonuniy. Qo‘llarida qo‘sha-qo‘sha hujjatlari bor.
Xalq ta’limi vazirligidan iltimos qilgan bo‘lardikki, har yili sentyabr va may oylari oralig‘i maktablarda “Selfixonlik davri” deb e’lon qilinsa. O‘qituvchilarimiz bu paytda qog‘ozbozlikdagi kamchiliklarini to‘g‘rilasalar, o‘quvchilar esa bo‘linaverib, parokanda bo‘lgan dars soatlaridagi mashg‘ulotlarini o‘zlashtirib olishlari uchun repititorlarga qatnashsa. Sinfga jam bo‘lib tushgan kattakon suratimizni osib qo‘yamiz. Tekshiruvchilar yonida selfilashib ketaveradi.

Otabek BAKIROV
Angrendagi 27-umumta’lim
maktabi 11-sinf o‘quvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =