Boburning onasi kim?

1-sinfda o‘qiydigan qizim: “Oyijon Boburning onasi mening qahramonim bo‘la oladimi?” — deb so‘rab qoldi. Birdan sergak tortdim, kuni kecha takror va takror efirga uzatilgan “Chocotella” shirinligi reklamasi ko‘z oldimga keldi…

 

Efirda ko‘rsatilgan reklamada boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchilarga “Sizning qahramoningiz kim?” — mavzusida diktant yozdiradi, o‘quvchilar “Boburning onasi, chunki u Boburga har kuni “Chocotella” olib beradi”, deb yozadi hamda yozganini baralla o‘qishadi. O‘qituvchining xayoli parishon, bexos telefonda o‘g‘lidan so‘raydi: “O‘g‘lim, sening qahramoning kim?” O‘g‘li: “Boburning onasi”, deydi. O‘qituvchi — ona qo‘lini manglayiga tirab, o‘yga botadi. 

Bolaning ongi shakllanishida oilada ota-onaning, maktabda ustozning, bundan tashqari, hozirgi kunda televideniening o‘ziga xos o‘rni bor. Tashviqotda o‘quvchi: “Mening qahramonim Boburning onasi”, deydi, bu tadbirkorning buyurtmasi (u bu reklama uchun mo‘maygina pul to‘lagan). Ammo, “Qahramon” so‘zining tub mohiyatida millat qahramoni yotadi. Davlatimiz eng yuksak mukofot deb “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini ta’sis etgan. Bu shirinlikni “Qahramon” darajasiga ko‘tarish milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizga to‘g‘ri kelmasligini reklama uyushtiradiganlar bir o‘ylab ko‘rishsa bo‘larkan.

Mazkur reklama yuzasidan ayrim yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdik.

— Reklamani ko‘rib hayratlandim, — deydi “Yangi Mirobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Dildora opa. —  Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi singari qanchadan-qancha qahramonlarimiz bor. Ular qolib, bolalarimiz ongiga  shirinlik olib bergan “Boburning onasi”ni singdirsak, ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelarmikin… 

— Ayniqsa, ona homilasining, go‘yo shu shirinlikni olib bermasang, deb ona qorniga tepishi, cho‘chigan homilador ayolning shirinlik sotib olishi… men nima deyishga hayronman… — deydi besh nafar farzandning onasi Nasiba opa. 

— “Yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqshdir”, degan naql bor, — deya gapga qo‘shildi psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Odina Otajonova. — Bolaning ongi toza va beg‘ubor bo‘ladi, atrofidagi voqealarni, bo‘layotgan gap-so‘zlarni tez ilg‘aydi va uzoq vaqt ongiga joylashib qoladi. Reklama deb har qanday narsani bolalarga tavsiya etish noto‘g‘ri, deb o‘ylayman.

Hurmatli o‘quvchi, ayrim yurtdoshlarimizning fikrlari bilan tanishdingiz, siz nima deysiz?

Nargiza BOBOMURODOVA

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 5 =