Odil YOQUBOV: “Ijodkorning o‘zi halol, imonli bo‘lishi kerak”

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov — adabiyotimizning yorqin siymolaridan biri edi. U kishini  Olloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. Bu ulkan adibning betakror asarlari kirib bormagan xonadon yurtimizda topilmasa kerak. Birgina “Ulug‘bek xazinasi” romani dunyodagi 60 ga yaqin tilga tarjima qilingani hammamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, qalbimizni tog‘day yuksaltiradi.

Odil aka “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida 1982-1987 yillarda bosh muharrir bo‘lgan paytlari gazeta salkam million nusxaga yaqinlashib qolgan edi. O‘quvchilarning qo‘lma-qo‘l o‘qiladigan sevimli nashriga aylangani ham haqiqat. Eng muhimi, gazeta xalqimizning ma’naviy, ruhiy, badiiy olamini yangilash va yuksaltirishga, o‘zini, o‘zligini anglashga xizmat qildi, chinakam xalq minbariga aylangandi.

Gazeta jamoasining o‘sha yillardagi qizg‘in ijodiy faoliyati, bosh muharrirning jasorat bilan amalga oshirgan ibratli ishlari haqida yozuvchi Ashurali Jo‘raev “Odil Yoqubov xazinasidan” kitobini yozdi. Kitob “O‘zbekiston” NMIUda chop etildi.

Quyida ana shu asardan parcha — ayrim o‘rinlarni e’tiboringizga havola etdik.

 

Odil Yoqubov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ga bosh muharrir lavozimiga kelganida, gazeta 40 ming nusxa atrofida chop etilgan. Keyin yildan-yilga uning tiraji oshib bordi. Obuna jarayonini amalga oshirishda Odil akaning o‘zi bosh-qosh edi. Dehqon kuzdayelib-yugurib, mashaqqat va shijoat bilan xirmonini bunyod etgani kabi, Odil aka ham obuna “xirmoni”ni yuksaltirish uchun chinakam jonbozlik ko‘rsatardi. Natijada gazeta adadi salkam bir millionga yaqinlashib qolgan edi… Ushbu shakllangan obuna tizimi Odil akadan so‘ng ham izchil davom etdi. Bular, albatta, gazetachilikning tashkiliy ishlari sirasiga kiradi. Gazetaning bu darajada omma­lashuvi asosida esa tashkiliy ishlar bilan bir qatorda, jamoaning mashaqqatli mehnati, tinimsiz ijodiy izlanishlari, g‘ayrat va shijoatining yuksak samarasi yotadi. Odil Yoqubovning bir yonida bosh muharrir o‘rinbosari, tahrir ishlarini yuksak mahorat bilan bajaradigan atoqli adabiyotshunos, taniqli tarjimon, fidoyi noshir Ibrohim G‘afurov, bir yonida gazeta ishlarini ikir-chikirigacha zo‘r biladigan taniqli ijodkor Mamat­qul Hazratqulov turardi. Shuningdek, tahririyatda iqtidorli, fidoyi jurnalistlar, ijodkorlar yig‘ilgan edi. Zotan, gazeta jamoaning jipsligi, jonkuyarligi, fidoyiligi va ularning qalamlaridan tomgan tafakkur tomchilari bilan yaratiladi.

Shu o‘rinda o‘sha davr matbuot uchun juda ham xatarli va og‘ir bo‘lganini aytib o‘tish joiz, deb o‘ylayman.

Gazeta sho‘ro tuzumining dahshatli siyosatini mutlaqo chetlab o‘tolmasdi. Hatto oshkoralik va qayta qurish yillarida ham siyosatning zug‘umi zabtiga olib turardi. Siyosatning kiftini keltirib yozadigan hushyor va sodiq mualliflar bor edi. Garchi ularning maqola va suhbatlarini shaxsan Odil akaning o‘zi aytib, rejaga kiritgan bo‘lsa-da, gazeta sahifalariga qo‘yilgach: “Bu qistaloq maqalalarni kim o‘qiydi?” deb xunob bo‘lardi. Lekin iloji yo‘q. Chunki Odil akaday shijoatli yozuvchi va jiddiy muharrir ham siyosat va uning “ob-havosi” bilan hisoblashishga majbur edi.

Siyosatning “ob-havosi” esa juda qiziq edi: hammayoq bahor bo‘lib, gullarga burkanib turganda, birdan yomg‘ir yog‘ar, yomg‘ir esa qorga aylanardi. Qor o‘z-o‘zidan sovuq havoni boshlab kelardi. Matbuot “ob-havosi” hech qachon bir xil yoki me’yorida bo‘lmagan. Matbuot ba’zan momaqaldiroqday gumburlab, chaqmoq chaqib,yeru ko‘kni larzaga solar, ba’zan zilzila misol hammayoqni silkitib vahimaga giriftor qiladi.

Matbuot inson qalbining, ruhining, ma’naviy olamining beminnat bog‘boni, benazir himoyachisi va komillik sari dadil yo‘l boshlaydigan ustozi. Shu bois odam bolasi matbuotga talpinib yashaydi, undan madad oladi va o‘zining haqiqiy haloskori, deb biladi…

Sho‘ro siyosatining og‘ir va murakkab o‘yinlariga qaramasdan jasoratli muharrirlar, qalami o‘tkir ijodkorlar, vijdoni uyg‘oq ziyo­lilar ko‘p edi.

Masalan, sobiq sho‘ro davri matbuoti tarixidan yaxshi bilamizki, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor “Guliston”,  O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov “Yoshlik” jurnallarida va O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida  bosh muharrir bo‘lar ekanlar, o‘zlarining mahorat va jasorat maktablarini yaratdilar. Bu ijod sirlariga to‘la jasorat maktablaridan ko‘plab iqtidorli ijodkorlaryetishib chiqdi. Ularning ayrimlari matbuot va adabiyotimiz rivojida hamon samarali ijodiy faoliyat yuritib kelmoqdalar. Ko‘pchiligi bugun taniqli ustozlarga aylandilar.

Shuni aytish kerakki, Odil Yoqubov sho‘rolar davrining mashhur nashrlaridan biri “Literaturnaya gazeta”sining O‘zbekiston bo‘yicha ikki marta maxsus muxbiri bo‘lib ishlagan. Respublikani ko‘p kezgan. Mamlakatimiz va xalqimiz hayotidan dolzarb mavzularda maqolalar yozib, gazeta sahifalariga olib chiqqan. Ayrimlari jiddiy shov-shuvlarga ham sabab bo‘lgan.

— Bu maxsus muxbirlik menga hayotni chuqur va puxta o‘rganishimda katta imkoniyatlar, saboqlar berdi, — degan edi suhbatlaridan birida Odil aka. — Birinchidan, “Literaturnaya gazeta” o‘sha paytda sobiq ittifoqda, aytish mumkinki, eng mashhur gazeta edi. Uni xorijda ham ko‘p o‘qishardi. Eng dolzarb, eng hayotiy o‘tkir maqolalar, adolat istab yozilgan sud ocherklari, mash­hur ijodkorlarning diltortar suhbatlari shu gazetada chop etilardi. Gazetxonlar uning har bir sonini orziqib, sog‘inib kutishardi. Hatto gazeta obunasi uchun belgilangan miqdor bor edi… Keyin ma’lum bo‘ldiki, loaqal bitta gazeta haqiqatni yozsin, degan sobiq “Politbyuro”ning maxsus qarori bo‘lgan ekan. Buni biz keyin bildik. Ko‘rdingizmi, sobiq sho‘ro tuzumining ana  shunaqa nayranglari ham bo‘lgan…

* * *

Odil Yoqubov nihoyatda bag‘rikeng, samimiy, ochiqko‘ngil va oqko‘ngil inson edi. U kishi ayrim injiq, o‘z bilganidan qolmaydigan o‘jar va byuro­krat muharrirlarga o‘xshab hadeb xodimlarning ishlariga aralashavermasdi, bo‘lar-bo‘lmas narsalarni so‘rayvermasdi. Tahririyatga keladigan xatlarni erinmasdan o‘qib chiqardi. Yurakni “jizillatadi”gan  xatlar uchrab qolsa, darhol ularni ustidan bir qur ko‘rib, gazetaning “Kuyunchak gazetxonlardan xatlar” rukniga tayyorlab, chop etishga tushirib yuborardi. Shikoyat xatini tekshirib, maqola yozish uchun biror xodimga berib, darhol xizmat safariga jo‘natardi. Iloji boricha maqolani gazetaning o‘sha soniga tayyorlab kelishni tayinlar edi. Xullas, maqolalar, suhbatlar u kishining nazaridan chetda qolmasdi. Ba’zan biror xodim yomon niyat bilan qitmir so‘zlarni, birovning sha’niga tegadigan jumlalarni ataylab, sekingina o‘tkazib yubormoqchi bo‘lsa, Odil aka maqolani bir o‘qishda o‘sha “qitmir” joylarini darhol sezib, uni, albatta, olib tashlardi va  maqolani tayyorlagan xodimga tanbeh berardi. U kishi ziyrak va hushyor muharrir edi. Maydakashlikka, qitmirlikka aslo yo‘l bermasdi. Har bir xodimni halol, adolatli va to‘g‘ri bo‘lishga chaqirardi. Gazeta orqali birovdan g‘araz niyat bilan o‘ch olishga yo‘l qo‘ymasdi. Lekin qitmirlar o‘z maqsadlariga erishgan paytlar ham bo‘lib turardi…

Odil akaning kichik bir tahriri bilan maqolaning mazmun-mohiyati, mundarijasi batamom o‘zgarib, nihoyatda ochilib ketardi. Ayniqsa, hajmi katta, obdon “sug‘orilgan” maqola va suhbatlarga u kishining sira toqati yo‘q edi. “Bu qistaloqni kim o‘qiydi?” deb, teng yarmiga qisqartirib tashlardi. Ayniqsa, sobiq “TASS” va “O‘zTAG”­dan keladigan uzundan-uzun, siyqa, sayoz maqola va quruq xabarlarni Odil aka unchalik yoqtirmasdi. Ba’zan siyosiy xabarlarni ham qisqartirib tashlardi. Navbatchi “Bu siyosiy material, qisqartirib bo‘lmaydi”, deb tushuntirmoqchi bo‘lsa, u kishi “Lavozimlar  bilan familiyalar to‘g‘ri yozilsa bo‘ldi”, — derdi. — Bunday siyqa maqalalarni kimlar yazadi? Aslida bunday maqalalarni hech kim o‘qimaydi-ku! O‘quvchini gazetadan bezdiradi  xalas”. Ha, Odil aka shunday sodda, o‘ziga xos lahjada gapirardi.

Gazetamizda qalam haqi yomon emasdi. Hatto boshqa tahririyatlarga qaraganda ancha tuzukroq to‘lanardi. Shu bois ayrim mualliflar, xodimlar arzimagan mavzularni uzun ichakday cho‘zishardi. Ular quloch-quloch yozish bilan ovora, Odil aka bu yozilganlarniyeng shimarib, qisqartirish bilan mashg‘ul bo‘lardi.

Gazetachilar qisqartirish san’atini baribir Odil Yoqubovdan o‘rganishi kerak, deb o‘ylardim. Hatto ustozning bu noyob fazilatiga bag‘ishlab shoir akamiz Sa’dulla Hakim she’r ham yozgan. Unda shunday misralar bor:

Maqola, hikoya yo she’r tayyorlab

Qo‘ysangiz bosmaga shay, deb o‘rtaga.

Ustoz so‘rardilar: “Necha qog‘oz?” —

“O‘n besh”. “Qisqartiring, kelsin o‘ntaga!..”

Odil akada hamisha hali qalamga olinmagan o‘tkir g‘oya, noyob fikr va dolzarb mavzular serob edi. Tahririyat xodimlaridan kimlar qaysi mavzularni qanday yoza olishlarini ustoz yaxshi bilardi. Lekin ba’zida ustozni ham chuv tushirib ketgan “shogirdlar” bo‘lardi. Bunga ustozning soddaligi, oqko‘ngilligi, qalbi tozaligi, ishonuvchanligi, o‘zi to‘g‘ri bo‘lgani uchun boshqalarni ham to‘g‘ri, deb bilishlari sabab bo‘lardi. Ba’zi chaqqon va olg‘ir muxbirlar Odil akaning nomini sotib, u kishining soyasida yurishni yaxshi ko‘rardi va shu barobarinda u kishining kayfiyatidan foydalanib, yaxshi-yomon gaplarniyetkazib turardi. Ba’zan esa o‘sha yolg‘on gaplarga u kishini ishontirishga urinardi. Gapning ochig‘i, ko‘pgina taniqli va ulug‘ ijodkorlarga xos bo‘lgan soddalikdan, soddadillikdan Odil Yoqubov ham benasib emasdi. Soddaning qusuri — ishonish…

* * *

U kishi tahririyatning barcha xodimlariga birday mehribon va jonkuyar edi. Ularni har doim himoya qilib, yordam berib, imkon darajasida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlardi. Masalan, ba’zan topshiriqni o‘z vaqtida bajarmagan yoki biror-bir xatoga yo‘l qo‘ygan xodimga yig‘ilish qilib, xayf­san bersa, oradan uch-to‘rt soat o‘tgandan so‘ng o‘sha xodimni xonasiga chaqirib, xayfsan yozilgan buyruqni ko‘rsatib: “Bunday ishlarni ikkinchi takrorlamang-da, jan do‘stim”, deb tanbeh berardi va uni yirtib tashlardi.

Ba’zan ustozimiz qattiqqo‘lligini ayon qilish uchun majlislarda po‘pisa qilib qolardi. Bu haqida shunday bir qatra qoralagan edim.

— Rahmatli bobom Yoqub shayx juda jahldor odam bo‘lgan. Mening ham jahlim chiqsa, juda yomon qilaman, — derdi Odil aka ovoziga jiddiy tus berib.

U kishining ko‘p marta jahli chiqqan­liklariga guvoh bo‘lganmiz. Lekin hech kimni “yomon qilmagan”. Bu ulug‘ yozuvchining jahli o‘ta beozor va yumshoq edi. Hech kimning ko‘ngliga og‘ir botmasdi.

Odil aka haqsizlikka, adolatsizlikka chidolmay, darrov gulxanga o‘xshab “lov” etib yonardi. Bu shiddatli olov nurlari haqiqat manzillarini bir lahza bo‘lsa ham yoritib o‘tardi. Bu otash nurlar adolatga tashna yurak­larga ham oqib kirib nurafshon etardi…

* * *

Odil Yoqubov asarlari xorijiy tillarga eng ko‘p tarjima qilingan mashhur adiblardan biri. Masalan, “Ulug‘bek xazinasi” dunyoning 57 tiliga tarjima qilingan. Ko‘pgina mamlakatlarning maktab das­turlaridan o‘rin olgan. “Diyonat” romani ham dunyoning yigirmadan ortiq davlatida tarjima qilinib, chop etilgan. Shuningdek, Odil aka sho‘ro davrida asarlari rus tilida “rekord” darajasida tarjima qilingan ijodkorlar sirasiga kiradi.

* * *

Odil Yoqubov bilan ishlagan yillarimizda ko‘rgan va u kishidan eshitganlarimizni qog‘ozga tushirib borgan edim. Ulardan ayrimlarini e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

Doimiy yozib borilmagan uzuq-yuluq ushbu kundaliklarda Odil akaning bebaho insoniy fazilatlari, samimiy va bag‘rikeng ijodkorligi, beg‘ubor, soddaligi turli voqea-hodisalar orqali namoyon bo‘lgan. Ustozning asl insoniy fazilatlarini, jo‘shqin xarakterini ochish uchun ayrim voqealarni tahrirsiz qoldirdik. Har qanday ulug‘ ijodkor ham oddiy, kamtarin, kamsuqum, o‘rni kelganda andak qiziqqonligi, latifago‘yligi va kulgiga o‘chligini tabiiy voqea-hodisalar, holatlar orqali ochib berishga harakat qildik.

 

1985 yil, 7 may.

Taniqli jurnalist Yoqubjon Xo‘jam­berdiev bilan tushlikka ketayotgan edik, yo‘lda Odil aka  uchrab qoldi. U kishi: “Yuringlar, birga tushlik qilaylik”, dedi.

— Qaerga boramiz? — yana so‘radi Odil aka. Men Shota Rustaveli ko‘chasidagi “Samarqand” kafesini aytdim. U kishi biroz ikkilandi, so‘ngra:

— Shu balaning ham aytganini qilaylik, — deb haydovchiga o‘sha yoqqa yurishni tayinladi. Odil akaning saxovati va taklifi bilan jinday-jinday konyak ichdik. Suhbat juda yaxshi va samimiy bo‘ldi.

Gap orasida Yoqubjon aka bir “sir”ni ochdi. U kishi “Yoshlik” jurnaliga ishga ketayotgan ekan. Odil akaning xabari bor, shekilli, kon­yak quyilgan qadahni olib: “Uyerda yaxshi ishlang, yaxshi narsalar yozing. Jurnaldan ko‘tarilib ketayatganingizda, bosh muharrir sizni konyak quyib kuzatsin”, — dedi.

So‘ng Odil aka suhbat mavzusini o‘zgartirdi.

— Men umuman televizorni kam  ko‘raman. Ba’zan radiodan mumtoz qo‘shiqlarni eshitaman. Bo‘sh vaqtimda faqat kitob o‘qiyman. Bugun ertalab Lev Tolstoyning “Hojimurod”ini qayta, 12-marta o‘qidim. Lekin baribir o‘qiging kelaveradi. Shu kunlarda ajoyib rus yozuvchisi Yuriy Bondarevning “Igra” romanini o‘qidim. Yaxshi asar. Ko‘p yozuvchilarimizning fojiasi shundaki, ular kitob o‘qimaydi. Safsata sotib yuradi. Faqat xom-xatala narsalarni yozish bilan ovora. O‘qib-o‘rganmagan yozuvchi dastlabki tushunchalari, dunyoqarashlaridan nari o‘tolmaydi, – dedi Odil aka.

 

1986 yil, 13 yanvar.

Bugun ishdan so‘ng taniqli yozuvchi, ustoz Ne’mat Aminovnikiga bordik. U kishi 1985 yil yakuni bo‘yicha tahririyat tomonidan ta’sis etilgan “Shum bolaning choyxonasi” sahifasining “Tillo choynak” mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. O‘sha “Tillo choynak”dan choy ichgani Odil aka, Mamatqul aka, Sa’dulla aka bilan birga bordik. Ziyo­fat ham, gurung ham zo‘r bo‘ldi.

— Gazetamizda e’lon qilingan Ne’matning “Padarqusur” hikoyasini ikki marta mazza qilib o‘qidim. Chexovchasiga yozilgan. Shunday yaxshi hajviyalarni ko‘proq yozing. Bilasizlarmi, ijodkorda avvalo dard bo‘lishi lozim. Dardi yo‘q ijodkor katta yozuvchi bo‘lolmaydi, — dedi Odil aka suhbat jarayonida.

So‘ng Odil Yoqubov qizg‘in suhbatni davom ettirdi:

— Kamina “Muqaddas” e’lon qilinganidan so‘ng bir qop xat olganman. Bir xatda 182 ta imzo qo‘yilgan edi. Shu qissani Abdulla Qahhor e’lon qilishga rozi bo‘lmagan. Yaxshi baholangandan keyin qo‘llab-quvvatlagan. Chunki u kishi lirik tuyg‘ular kuchli bo‘lgan prozadan yiroq edi.

— Odil aka, Siz haqiqiy xalq yozuvchisisiz. O‘zingiz bilmagan holda buyuk ijodkorsiz. Adabiyotimiz baxtiga hamisha omon bo‘ling, — dedi Ne’mat aka.

Bunday maqtovlarga Odil aka “Qo‘yabering, bo‘lganicha bo‘lar endi”, deb qo‘yardi…

 

1986 yil, 8 iyul.

Bugun Odil akaning “Oqqushlar, oppoq qushlar” romani haqida suhbatlashdik.

— Endi sizlar meni redaktor ekan, deb ayab o‘tirmanglar. To‘g‘risini aytinglar, borini gapiringlar. Romanni kitob qilishdan oldin yana qo‘lga olaman. Hali ko‘nglim to‘lmagan joylari bor, — dedi Odil aka…

 

1987 yil, 3 mart.

Bugun Yozuvchilar uyushmasida yillik proza muhokamasiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘ldi. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy yig‘ilishga Odil aka yakun yasab, shunday dedi:

— Biz, yazuvchilar so‘nggi paytlarda asar yazishning o‘rniga notiq bo‘lib ket­yapmiz. Ba’zan hayotni, ba’zan xalqning ahvolini yaxshi bilmay asar yazamiz. Ma’naviy haqqimiz bo‘l­masa-da, da’vomiz katta. Oldin yazaylik, kimligimizni, qo‘limizdan nimalar kelishini isbotlaylik, so‘ng valdiraylik! Rus yozuvchisi Konstantin Simonov: “Men ko‘p xatolar qilganman. O‘sha xatolarim esimga tushsa, kechalari uxlay olmayman. Hamisha xatolarimdan saboq chiqarishga intilaman”, degandi. Biz ham xatolarimizni tan olishga o‘rganaylik, undan xulosalar chiqaraylik…

 

1987 yil, 29 avgust.

Kechki payt Odil aka telefon qildi.

— Hozir televizordan Komiljon Otaniyozov haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rdim. Shunday zo‘r ovoz sohibi o‘tib ketgan ekan, bilmabmiz, shunday buyuk iste’dodning qadrigayetmabmiz, — dedi u kishi afsus bilan. Keyin menga gazetaga Komiljon Otaniyozov haqida maqola tayyorlash topshirig‘ini berdi.

* * *

Odil Yoqubov bilan bo‘lgan suhbatlar va ijodiy uchrashuvlar jarayonida yozib olingan ayrim qaydlar va iboralar:

— Hozir ko‘pchilik yoshlarning “klas­sik”­lik kasali boshigayetyapti. O‘zi osmonda-yu, yazganlari jipiriq…

Lekin Erkin (A’zam), Xayriddin (Sulton), Alisher (Ibodinov)ning yazayotgan narsalari  yaxshi. Har birining o‘z yo‘li bor. Ayniqsa, Xayriddinning mahorat bilan chizgan tasvirlari tiniq, yaratayotgan obrazlari, jonli tili havas qiladigan darajada zo‘r. Undan Abdulla Qodiriyning hidi keladi. Uning yaxshi va katta yazuvchi bo‘lishiga ishonaman.

 

1987 yil, 13 fevral.

— Yozuvchilik nihoyatda mashaqqatli va og‘ir  mehnat. Yoshlikda kuch-g‘ayrat borida yozib qolish kerak. Yosh o‘tgan sayin yozish qiyinlashib boraveradi. Hadeb quruq da’vo, nuqul kitob chiqarish bilan kishi yazuvchi bo‘lib qolmaydi.

* * *

— Bolalar menga ba’zan: “Dada! Bosh­qa ko‘ylak, boshqa galstuk, boshqa plashch kiying”, — deyishadi. Shunda ularga: “Meni birov kuyov qilarmidi?” — deyman…

* * *

— Odamlarni, umuman, o‘quvchini halollikka, imonga, diyonatga chorlagan ijodkorning o‘zi halol, imonli bo‘lishi kerak. Aks holda, uning yozganlari yolg‘on bo‘ladi. Hech kim ishonmaydi.

 

QAYDASAN, ADOLAT MANZILI?

Odil Yoqubov monologidan:

Mashhur frantsuz adibi Anri Barbyus aytganidek: “Adolat g‘oyasini rad etib bo‘lmaydi; u ahloq-odob qonunlaridan, aql-idrok qonunlaridan, omma hayotining o‘zidan kelib chiqadi: adolat — boshdan oxir hayot ufurib turgan so‘zdir”.

Men bu qutlug‘ va hayotbaxsh so‘zni hali bolaligimdayoq, hayotning past-balandlarini endi-endi anglash jarayonidayoq tushuna boshlaganman. Batamom aqlimni taniganimdan buyon adolat bilan chin do‘st tutinib, qadrdon bo‘lib, uning zahmatkash quliga aylandim.

Adolat yo‘lining nihoyatda murakkab va og‘irligini, bu yo‘ldan yurish azob-uqubatlardan, tikonu jangallardan iboratligini juda erta anglabyetganman.

Hayotimda neki qiyinchiliklar, azob-uqubatlar va nohaqliklarga duch kelgan bo‘lsam, faqat adolatga suyandim, adolatdan madad oldim. Adolat chinakam tayanch tog‘im bo‘ldi. Yaxshi kunlarimda ham adolat haqiqiy va ishonch­li yo‘ldoshimga aylandi…

Eh-he, hayotning goh shafqatsiz to‘qna­shuvlarini, goh beayov zarbalarini, goh yaxshi va yorug‘ kunlarni ko‘rgan bu sho‘rlik boshim ne-ne adolatsizliklarni ko‘rmadi, deysiz?!

Kamina “Qarnoq” deb nomlangan xotiralarimda bolalikda ko‘rgan barcha katta-kichik adolatsizliklar haqida ro‘y-rost yozganman. Hatto dindor bobom va g‘irt kommunist bo‘lgan dadam o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jiddiy tortishuv, urush-janjallar haqida nimaiki ko‘rgan, eshitgan bo‘lsam, hammasini adolat yuzasidan qog‘ozga tushirganman. Ularning har biri o‘z adolati uchun kurashganlar. Va “men haq­man”, deb o‘ylaganlar.

Ayrim ijodkorlarga o‘xshab tarjimai holimni bo‘yab-bejab, qizil to‘nga o‘raganim yo‘q. Adolat tuyg‘usi nimani ko‘nglimga solgan bo‘lsa, shuni yozdim. Onaizorimning butun vujudi bilan kuyinib aytgan ushbu adolatli so‘zlarini ham qalamga olganman:

— Bu dunyoda yaxshilik ham, yomonlik ham qaytar ekan, bolam. Dadanglar, ishqilib, omon bo‘lsinlar, mardikorlikdan kommunist bo‘lib kelib, ko‘p o‘yin ko‘rsatganlar. Ko‘p odamlarni qon yig‘latgan. Kambag‘allarni boy, boyu savdogarlarni kambag‘al qilaman, dindorlarni fosh etaman, deb qanchayu qancha sho‘rliklarning uyi­ni kuydirdi. Mana, nima bo‘ldi, voy bo‘ldi, bolam. Qilmish-qidirmish ekan, mana, hammasi o‘ziga qaytdi.

Otamga taqdirdosh bo‘lib, adashgan kimsalarni ko‘p ko‘rdim. Ular sho‘roning soxta adolatiga ishonib, o‘zlarini-o‘zlari badnom va xarob qildilar. Har qanday tuzumning yolg‘on, soxta adolatiga xizmat qilgan bandalarning taqdiri shunday ayanchli bo‘larkan.

Hayotimda juda og‘ir iz qoldirgan bu shafqatsiz adolatsizlik haqida “Muzqaymoq” hikoyamda ochiq-oydin yozganman.

Kaminaga ancha-muncha shuhrat olib kelgan “Muqaddas” deb nomlangan qissamda ham adolatni qalamga olganman. Adolatsizlik insonni qanday og‘ir ko‘ylarga solishini, hayotda o‘z qiyofasini bir lahzada yo‘qotishini Sharif obrazi orqali ko‘rsatishga harakat qilganman.

“Ulug‘bek xazinasi” romanimda xal­q­imiz tarixida ne-ne adolatsizliklar ro‘y berganligini podshoh va olim Mirzo Ulug‘bekning o‘ta murakkab va ayanchli taqdiri orqali ko‘rsatishga intilganman.

Adolat istagan va adolatli davlat qurgan, ilmda ham adolatparvarlik yo‘lini tutgan Mirzo Ulug‘bek, oxir-oqibat, adolatsizlik qurboniga aylanadi. Toju taxt uchun uni o‘z pushti kamaridan bo‘lgan farzandi Abdulatif qatl ettiradi. Ota o‘limidan oldin farzandi bilan so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvda xayolidan o‘tgan ushbu so‘zlarni yana bir eslang: “Yo tavba! Bu toju taxtda ne sehr, ne sir-asror bor ekankim, unga o‘ltirgan har bir kimsa darhol o‘zgaradi? Odamiylikni, umri bebaqo bir faqiru haqir ekanini darhol unutadi? Bu toju taxt, bu saltanat hech bir kimsaga vafo qilmasligini yodidan chiqaradi? Nainki shahzoda, bu taxt hattokim amirul muslimin atalmish Amir Temurga ham vafo qilmaganligini tushunmaydi?..” Ha, shahzodai juvonbaxt otaning bu adolatli gaplarini tushunibyetmaydi. Oxir-oqibat, toju taxt fitnachilari uning ham boshini tanlaridan judo qiladilar. Mana sizga shafqatsiz adolatsizlik!..

“Hayhot! Kim aytmish, bu noraso dunyoda haq va adolat yo‘q deb? Bor! Kimki, bu dunyo­da yomonlik qilsa — xoh shoh bo‘lsin, xoh gado — u jazosiz qolmaydi! Insonga aql va shuur shu maqsadda berilgankim, u bu teran haqiqatni tushunsin! Kimki bu haqiqatga tushunmay, adolatsizlik yo‘lini tutar ekan, oxiri voy bo‘lishi muqarrar!.. Mana, shahzoda! Toju taxt va shon-shavkat ishqida o‘z padarini qatl qilishdan ham toymagan edi. Allomalar sarvari yoqqan ilm mash’alini so‘ndirib, Movarounnahr­ni zulmat qo‘yniga tashlagan edi. Oqibat ne bo‘ldi? Ha! Bu foniy dunyo­da ham haq va adolat bordur…”

Qalbimdan qaynab chiqqan bu so‘zlarni o‘tmishda ham, bugun va kelajakda ham hamisha haq va adolat borligini eslatib turish uchun yozganman.

Asarlarim orasida alohida o‘rin tutadigan, mehrimni berib yozgan “Diyonat” romanim ham adolat haqida, diyonat va adolat tantanasi to‘g‘risida emasmu?

Butun ongli hayotini, umrini adolatga, diyonatga va haqiqat uchun kurashga bag‘ishlagan keksa olim va professor Normurod Shomurodov, jiyani — katta xo‘jalik rahbari, uning mutlaqo teskarisi bo‘lgan Otaqo‘zini halol yashashga, ishlashga va adolat yo‘lini mahkam tutishga bir umr da’vat etadi. Lekin afsuski, hamma narsani toptab, oyoqosti qilib yashaydigan dongdor Otaqo‘zining aqli kech kiradi. U tog‘asining hali sovib ulgurmagan qabri tepasiga borib tavba-tazarru qilganini kitobxon ham yaxshi eslaydi.

“Ha, odam bolasidan faqat yaxshilik qolarkan bu dunyoda! Boshqa hamma narsa — shon-shuhrat istagi, yuksak lavozim yo‘lidagi kurashlar, obro‘­parast­lik, manmanlik — buning hammasi o‘tkinchi — nohalol bir narsa ekan! — Otaqo‘zi buni tushundi, kech bo‘lsa ham tushundi. Faqat… ne chora, tog‘asiga buni hech aytolmadi, bu gaplarning hammasi yuragida abadulabad so‘nmas dard bo‘lib qoldi. Na chora?..

Bor haqiqatni aytib qo‘yay, adabiyotda bitta va yagona adolat bor, u ham bo‘lsa yuksak iste’dod bilan, ha, faqat iste’dod bilan yozilgan yaxshi asargina ijodkorni mashhur qiladi. Afsus-nadomatlar bo‘lsinkim, adabiyot deb atalmish qutlug‘ dargohda iste’dodsizlar to‘dasini ko‘proq ko‘rdim. Bundaylar yaxshi asarlar yozish o‘rniga nuqul talantlarning yo‘liga g‘ov bo‘lish, ularni turli yovuz uslublar bilan badnom qilish uchun ovoralar. Ularning yozganlarini birov bilmaydi, o‘qimaydi, ammo ularda davo baland, guruh-guruh bo‘lib goh mukofot, goh mansab talashadilar. Yozuvchilar uyushmasini faqat mukofot beradigan supermarket, deb biladilar…

Kamina ba’zida adolatni yozib-yozib, o‘zim adolatga zor o‘tganim ham, adolat haqida kuylab-kuylab, so‘ylab-so‘ylab, oxir-oqibat, adolatga xor bo‘lganim ham bor haqiqat.

Adolat haqida gapira turib, atrofimda sodir bo‘lgan ayrim adolatsizliklarni eslamasam, adolatdan bo‘lmas. Hayot qiziq ekan: goh shogird, goh uka, goh do‘st bo‘lib senga intilganlar, dasturxoningdan non-tuzing­niyeganlarning hammasi ham adolatli bo‘lib chiqmas ekan. Afsus, ular sen kabi adolat tomonida qat’iy turmas ekan. Nima qilay; kaminaning atrofida ham shunday takabbur va ol­g‘ir kimsalar borligini vaqt o‘tganidan so‘ng, ya’ni lavozimlardan, deputatlik va mansab kursilaridan ketganimdan so‘ng ularning kimligi ayon bo‘lgan. Bu ishlar kaminaning andak soddaligi, ishonuvchanligi va hammaga birdek adolat ko‘zi bilan qaraganligimdan bo‘lsa kerak! Axir, men ham xom sut emgan oddiy bir bandaman-da! Lekin bunday voqea-hodisalar har qanday ishonuvchan, sodda odam bolasining boshiga tushishi tabiiy hol. Adolatsiz to‘dalardan qutulib ketish oson emas ekan…

Eh-he, adolatga tashna bo‘lib o‘tgan buyuk zotlar dunyoda kam deysizmi? Ulug‘ Navoiy, ulug‘ Tolstoy, Mashrab va Qodiriy, Markes va Aytmatov ham adolatni yuksak pardalarda kuylab, yozib o‘tdilar. Ayniqsa, menga buyuk adib va adolatparvar Abdulla Qah­horning ruhiy ta’siri kuchli bo‘lgan.  Alqissa, bu ulug‘ zot hayoti va ijodini adolatga, faqat adolatga bag‘ishlaganini yaxshi bilasiz. Lekin bu buyuk qalam sohiblari hayotdan adolat topdilarmi?!. Topgan bo‘lsalar, qani o‘sha adolat?

O‘rni keldi, jinday maqtanishga ijozat bering. Kamina ham bu ulug‘ zotlarga ergashib, ulardan o‘qib-o‘rganib, shijoat va adolat bilan qalam tebratishga astoydil intildim. Adabiyotga aslo xiyonat qilmadim. Muborak nomlari yuqorida tilga olingan buyuk adolatparvar ijodkorlar maktabi oldida go‘yo imtihon topshirgan talaba misol hamon javob kutayotirman. Bu adolatli javobni vaqt beradi.

Men uchun eng katta adolat bu — Vatanimning mustaqil va xalqimning ozod bo‘lgani. Bundan ziyoda, bundan Buyuk Adolat bormi?

Ashurali JO‘RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + twenty =