Sivilizatsiyalar chorrahasida

24-25 avgust kunlari “O'zbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi” xalqaro arxeologiya sayyohlik forumi doirasidagi tadbirlar Termiz shahrida ham ko'tarinki ruhda kechdi.

Xalqaro forumda dunyoning 77 davlatidan 140 ga yaqin xalqaro ekspert­lar, olimlar, tarixiy-madaniy meros tadqiqotchilari, madaniyat va turizm sohasi vakillari ishtirok etishdi.

Termizdagi muhtasham San'at saroyida anjumanning ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari A.Abduhakimov, O'zbekiston madaniy merosini asrash, o'rganish va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati raisi F.Abduxoliqov, Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi professori P.Lerish, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov va boshqalar O'zbekistonning qadimiy tarixi, Surxon zaminining sivilizatsiyalar chorrahasida tutgan o'rni, madaniyat va dinlar rivojidagi ta'siri haqida qimmatli fikr va mulohazalar bildirdilar.

Qayd etilgandek, Boysundagi Teshiktosh g'ori, Sheroboddagi Zarautsoy yodgorligi, Sho'rchidagi Dalvarzintepa, Termizdagi Qoratepa, Fayoztepa, Eski Termiz obidalari qadim Surxon zamini dunyo tammaduni beshiklaridan biri ekanligini ko'rsatadi. Bu yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ilk davlatchilik va shaharsozlik, hunarmandchilik va me'morchilik, ilm-fan va madaniyat jadal rivojlanganini ko'rish mumkin. Ayni paytda vohada 440 dan ziyod arxeologik yodgorliklar saqlanib qolgan. Milliy davlatchiligimiz rivoji, dunyo dinlari tarixi, tamaddun bosqichlarini o'rganish, tahlil etishda olib borilayotgan arxeologik izlanishlar tarixiy haqiqatlarni ro'yobga chiqarishga imkon beradi.

Anjumanda O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati ilmiy kengashi raisi akademik E. Rtveladzening “Oks Iskandariyasi — Kampirtepa: Oks bo'yidagi shahar-qal'a” mavzuidagi videomurojaati eshittirildi. Oksiana Inskandariyasi (Aleksandriya)ning instalyatsiyasi 3D formatidagi taqdimoti o'tkazildi. Kushon imperiyasi buddizm dini tarixiga oid videolavhalar namoyish etildi.

Anjuman ishtirokchilari sho''balarga bo'lingan holda, qadimgi davr bilan muloqot va madaniy taraqqiyot, Elinizm davri: G'arb va Sharqning Markaziy Osiyodagi uchrashuvi, Kushon saltanati: Antik sivilizatsiyaning buyukligi kabi umumiy mavzularda bir-biridan qiziqarli ma'ruzalar o'qildi.

— Anjumanni o'tkazishdan asosiy maqsad YuNESKOning moddiy, madaniy merosni asrash va nomoddiy madaniy merosni saqlash tamoyillarini ilgari surish, yurtimizdagi tarixiy va madaniy merosni saqlash, ommalashtirishdan iborat, — dedi O'zbekiston madaniy merosini asrash, o'rganish va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati raisi F.Abduxoliqov. — Ma'lumki, yurtimizdagi aksariyat madaniy yodgorliklar qisman o'rganilgan bo'lsa-da, ilmiy jihatdan to'liq o'rganilishi zarur, o'rganilmagan qadamjolar ham ko'p. Bu boradagi ishlarni tizimli yo'lga qo'yib olishimiz, tarixiy madaniy merosni saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida yodgorliklarni konservatsiyalash va tiklash ishlariga zamonaviy innovatsion raqamli texnologiyalarni qo'llashni talab etmoqda.

O'tkazilayotgan konferensiya tufayli madaniy yodgorliklarni asrash sohasidagi muammolarni ko'rib chiqish va xalqaro tajriba almashish, mazkur yo'nalishda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatining asosiy yo'nalishlarini aniqlash imkoniyati paydo bo'lmoqda. Tadbirda IT-kompaniyalari vakillari, madaniyat va turizm sohasidagi davlat organlari hamda madaniy meros sohasida ATKni qo'llash bo'yicha xalqaro ekspertlar ishtiroki, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega bo'layotir.

Xalqaro forum natijalari nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi uchun, balki Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, shuningdek, dunyoning boshqa davlatlari uchun ham o'z qimmatiga ega.

Muzrabot tumanidagi Kampirtepa yodgorligida akademik E.Rtveladze boshchiligida amalga oshirilgan arxeologik tad­qiqotlar natijalari forum ishtirokchilariga ma'lum qilindi. Miloddan avvalgi IV asr oxirida qurilgan va milodiy I asr boshlarigacha faoliyat ko'rsatgan Oksiana Iskandariyasi haqida yunon tarixchisi Ptolomey juda nodir ma'lumotlarni yozib qoldirgan. Bu qadimiy afsonaviy shahar Markaziy Osiyodagi ellinistik madaniyatning noyob yodgorligi, Aleksandr Makedonskiy tomonidan bunyod etilgan Oksiana Iskandariyasi ekanligi o'z tasdig'ini topmoqda. Bu yerda G'arbdan Sharq­qa tomon Oks bo'ylab 400 metrdan ortiq masofaga cho'zilgan port-shaharning o'lchamlari, yaxshi rivojlangan shaharsozlik tuzilmasi mavjud. Qal'a darvozalari, muqaddas ibodatxona, xazina saqlash joyi, qabriston, shuningdek, bandargohlar, savdo nuqtalari va hunarmandchilik ustaxonalari, kemalar to'xtaydigan ko'rfazlar tarixiy haqiqatga mos keladi.

— Iskandar Maqdunli nomi bilan ataluvchi shaharlar dunyoning boshqa joylarida ham mavjud bo'lib, ularning har biri o'ziga xos tarixiy voqelikni o'zida qamrab oladi, — deydi Xofstra universitetining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo dasturi direktori, professor A.Naymark — Buyuk istilochining 329-327 yillardagi yurishlari vaqtida (Amudaryo)ning o'ng qirg'og'ida barpo etilgan qadimiy shahar xarobalari hamon saqlanib qolingan. Olimlar tomonidan tahlil qilingan Afg'onistondagi Oyxonim, Eski Termiz va Kampirtepa kabi uchta shaharchadan olingan arxeologik ma'lumotlar birinchi ikkita shaharchadan farqli ravishda faqat Kampirtepada ishonchli manbalar qo'lga kiritilgan.

Forumda Surxondaryoning tarixi, rang-barang o'tmishi haqida yanada qimmatli ma'lumotlarni ko'rish, tarixiy haqiqatlar haqida xulosalar yasadim. Termizdagi arxeologiya muzeyi eksponatlari nafaqat bu zamin balki, qadimiy yunon-baqtriya o'tmishi, buddizmning paydo bo'lishi, dunyo bo'ylab tar­qalishiga oid noyob manbalarni o'zida saqlayotgani bilan har qanday tarixshunos, arxeologni befarq qoldirmaydi. Shu nuqtai nazardan xalqaro forum tashkilotchilariga o'z minnatdorchiligimni bildiraman…

“O'zbekiston buyuk yo'llar va — sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzusidagi madaniy meros haftaligi qatnashchilari Termiz arxeoliya muzeyi hamda Termiz tumanidagi milodiy I-III asrlarga oid Fayoztepa buddaviylik ibodatxonasi bilan ham yaqindan tanishdilar.

Azimbek Samadov,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − two =