Chalkash qaror nizoga olib keldi

… Gurlanlik fermer O'rol Rahimovning g'alati fe'li bor. So'zidan ko'pincha qalampirning hidi keladi. “Aybga buyurmang, umrimiz dala-dashtda, sovuq shamollar bag'rida o'tayapti. Shu bois so'ylar so'zimiz ham bir muncha dag'al, hatto qo'polroq ham tuyulishi mumkin”, deydi u qusurini tan olib.

Kutilmaganda, hayotining kattagina qismini shundog'am adolat hamda haqiqat talashgan ko'yi o'tkazib kelayotgan O'rol Rahimov, afsuski, bu yil ham bir qaltis vaziyatga ro'baro' keldi.

Keling, gapni indallosidan boshlaylik. Tumanda qishloq xo'jalik sub'yektlariga qarashli yer maydonlarini maqbullashtirish harakati boshlangan chog'da, yer masalasidagi ortiqcha gap-so'zdan bezgan, “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligi rahbari O'.Rahimov dehqonchilik faoliyati yo'nalishini chorvachilik sohasiga ixtisoslashtirishda amaliy yordam ko'rsatilishini so'rab Gurlan tumani hokimi nomiga ariza yozdi. Avvaliga, ariza tuman hokimiyati tomonidan to'laligicha qanoatlantirilmadi. Aksincha, Gurlan tumani hokimligi fermer xo'jaliklariga qarashli yer maydonlarini hokimlik zahirasiga olish va maqbullashtirish dasturi asosida qayta ro'yxatdan o'tkazilishi kutilayotgan tanlovda ishtirok etishini taklif qildi. Fermer O'.Rahimov yana yozma murojaat qildi.

Fermerlik sub'yektlari yer maydonlarini maqbullashtirish jarayonida tuman hokimligi qoshida tuzilgan komissiyaning behalovat ish kunlari boshlandi. Komissiya qoshidagi tuman qishloq xo'jalik bo'limi, tuman yer tuzish va kadastr idorasi mutasaddilaridan iborat guruh ishni “hash-pash” deguncha poyoniga yetkazdi. Komissiya xulosasi asosida tayyorlangan qaror 2019 yilning 28 yanvarida tuman hokimi A.Salayev tomonidan imzolanib, qonuniy kuchga kirdi. Qarorga muvofiq “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligi ixtiyoriga jami 108,5 gektardan iborat yer maydoni 49 yil muddatga ajratib berildi.

Tuman hokimining boshqa bir qaroriga ko'ra esa muqaddam O'rol Rahimovga qarashli xo'jalikning 649 va 652-konturidagi 11,7 gektar hajmdagi 2 ta dalasi qo'shni “Gurlan hosil” fermer xo'jaligi tasarrufiga berildi. Ekin maydonlari shundog'am yetarli bo'lgan “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligi rahbari maqbullashtirish natijasida yuz bergan ushbu o'zgartirishdan ko'z yumsa ham bo'laverardi. Biroq…

Vazirlar Mahkamasi chiqargan qarorining ham o'z talabi bor. Chunonchi, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jalik korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo'jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorining 4-bandiga ko'ra, maqbullashtirish tadbiri yer uchastkalarining o'lchami nazarda tutilgan miqdor (Bu miqdor Xorazm viloyatida 100 gektar qilib belgilangan)dan kam bo'lgan fermerlik sub'yektlariga nisbatan qo'llanilishi belgilangan. Yer uchastkalaridan samarali foydalanayotgan, kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlarini bajarib kelayotgan, moddiy-texnika bazasiga ega bo'lgan hamda ko'p tarmoqli faoliyatni yo'lga qo'ygan paxta-g'allachilik yo'nalishidagi fermer xo'jaliklariga nisbatan esa qo'llanilmaydi. Vazirlar Mahkamasi qarorining 4-bandiga ko'ra, maqbullashtirish talabi “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligiga nisbatan qo'llanilmasligi kerak edi.

Chunki, tuman statistika bo'limi tomonidan xo'jalikning keyingi uch yillik faoliyati bo'yicha taqdim qilingan ma'lumotnomada mazkur xo'jalik paxta xomashyosi tayyorlash kontraktatsiya shartnomasini 2016 yili 143,3 foiz, 2017 yili 115,1 foiz, 2018 yili 103,4 foiz qilib ado etgan. Bug'doy hosili yetishtirish sohasida olingan majburiyatlar esa 2016 yili 110,2, 2017 yili 118,6, 2018 yili 111,4 foizga uddalangani ko'rsatilgan. Savol tug'ilishi tabiiy, qaror talabi nega buzildi? Jurnalistik surishtiruvimiz davomida ushbu jo'yali savolning aniq javobi topilmadi.

Mudhish voqea esa chigit ekish mavsumi, aniqrog'i, shu yilning 7 aprel kuni ro'y berdi. Avvaliga “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligiga qarashli sathi 11,7 gektardan iborat yerni Mahmud hoji Ollamov boshliq “Gurlan hosil” qishloq tadbirkorligi sub'yektiga olib berishga qarata chiqarilgan hokim qarori birmuncha vaqt  ijrosiz qoldi. Oqibatda 11,7 gektardan iborat mazkur dalada 2019 yili yetishtiriladigan paxta hosili uchun buyurtmachi bilan “Gurlan hosil” fermer xo'jaligi o'rtasida kontraktatsiya shart­nomasi tuzilmadi.

Oqibatda og'irlik yana tuman hokimligi va qishloq xo'jalik bo'limi gardaniga tushdi. Bahor o'rtalab qolganda, mazkur dalada hosil yetishtirish yuzasidan kontraktatsiya shartnomasi tuzilmagani ularni shoshiltirib qo'ydi. Shoshgan o'rdak dumi bilan suzar, degan naqlda jon bor. Bu hol shartnomaviylik masalasi atrofida bo'y ko'rsatgan noxush vaziyatda yaqqol ko'rindi. Mutasaddilar yana qonuniylikka zid yo'lni tanlashdi. Tuman hokimligi O'rol Rahimovdan uning qo'lidan ketgan 11,7 gektar maydon uchun paxta yetishtirish bo'yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzishni talab qildi. Fermer taklifni rad etdi. Ammo u qayta-qayta qilingan talab va so'rovlar natijasida shart­nomani imzoladi. Shartnomaga muvofiq  649 va 652-konturdagi 11,7 gektar yerda paxta yetishtirish va hosilni buyurtmachi “Gurlan paxta tozalash” AJga topshirish majburiyati “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligi zimmasiga tushdi.

Fermer O'.Rahimov yuqorida aytib o'tilgan sana, ya'ni 7 aprel kuni erta tong yaxshi niyat-la dalaga otlanib, chigit ekish ishlariga bosh-qosh bo'ldi. Ish peshingacha to'xtamadi. Ammo dalaga Mahmud hoji Ollamov boshliq yerning “yangi” egalari kelishdi. Bu yer ularga tegishli ekanini aytishdi. O'.Rahimovdan urug' qadalayotgan dalani tark etishni talab qilishdi. Avvaliga O'rol Rahimov garangsib qoldi. Nihoyat o'ziga kelgach, yuzaga kelgan noxush vaziyatni bartaraf etishda yordam so'rash uchun o'g'li Mirjalol Rahimov bilan, uning boshqaruvidagi mashinada, tuman hokimligi sari yo'l oldi. Hokim band, yig'ilish o'tkazayotgan ekan. O'.Rahimov tuman hokimining qishloq xo'jalik masalalari bo'yicha muovini yoki bo'limning biror mutasaddisidan maslahat olarman, degan umidda ularga uchrashishga qaror qildi. Ammo biror mutasaddini uchratmadi.

Oradan biroz vaqt o'tib, bino qarshisidagi maydonda g'ala-g'ovur, shovqin-suron boshlandi. O'.Rahimov tashqariga chiqib ko'rdiki, bino oldiga tumonat odam yig'ilgan. U yaqiniga borgach,  hushini yo'qotayozgan o'g'lining qonga belangan aft-angoriga ko'zi tushdi. Shoshib qoldi. Fursat o'tmay, “Tez tibbiy yordam”ga xabar berishdi…

O'sha kuni Mirjalolni tuman kasalxonasining jonlantirish bo'limiga yotqizishdi. U uch kun deganda o'ziga kelib, ko'zini ochdi. Muolaja tadbirlari terapevtik davolash bo'limida davom ettirildi. Shundan so'ng, jarohati bitmayoq, shifokorlar xulosasiga asosan, uyiga javob berildi. Mirjalol uyiga kelgach hadeganda oyoqda yurib ketmadi. Aksincha, yurish va nafas olish qobiliyati kuchsizlandi. Og'riq zo'ridan, hafta o'tmay, uni yana shifoxonaga olib borishdi. Bu gal surunkali shamollashning kuchayishi tashxisi bilan davolashdi. Ammo nafi kam bo'ldi. Oradan yana 10 kun o'tdi. Mirjalolning ahvoli og'irlashdi. Yana kasalxona… Uni bu gal, jarrohlar emas, terapevt shifokorlar davolashdi. Shifokor hamda tibbiy ekspertiza muassasasi xodimi bemorga yengil darajada shikastlanish tashxisini qo'yishdi.

M.Rahimov Gurlan shifoxonasida qanday tashxis bilan davolangani bilan qiziqdik. Kasalxona mutasaddilari oldiniga bu haqda ma'lumot berilmasligini bildirishdi. Tegishli joyga xat bilan murojaat qilganimizdan keyin talabni qanoatlantirishdan bo'lak chora topa olishmadi. Taqdim etilgan ma'lumotnomada bemor M.Rahimov tuman kasalxonasiga chindan ham ko'krak qafasining sanchilib, kesilgan sohasida qattiq og'riq, tanasida esa holsizlik, ruhiyatida bezovtalik alomatlari mavjudligi xususida murojaat qilgani, eng qizig'i, shifoxonada o'pkaning surunkali obstruktiv kasalligi qo'zishi tashxisi bo'yicha davolanganiga oid dalillar mavjud.

Ta'kidlash joizki, shifoxona tomonidan bemorga va bizga taqdim qilingan hujjatlarning mazmuni, tabiiyki, har xil, biri-birini tasdiqlamaydi. Og'ir jarohatga duchor bo'lgan Mirjalolning o'zi esa oradan salkam 5 oy vaqt o'tsa-da, kuchli og'riq badanini to hanuz tark etmaganidan shikoyat qiladi…

… Tumanning qoq markazi — hokimlik va sobiq “Kengashlar uyi” oldi maydonida o'sha kuni sodir bo'lgan mudhish voqea bo'yicha tergovni Gurlan tuman IIB tergovchisi kapitan K.Bobojonov olib borgan, sudga taqdim qilingan xulosani esa Gurlan tuman prokurori, adliya kichik maslahatchisi Sh.Ismailov tasdiqlagan. Xulosadagi faktlarga ko'ra, voqea sodir bo'lgan kuni O'.Rahimov bilan izma-iz Mahmud hoji Ollamov ham o'g'li Muhammad Kenjayev va turmush o'rtog'i Feruza Erimmatova hamrohligida tuman hokimligiga kelishgan. Oradan ko'p vaqt o'tmay, Muhammad bilan bino tashqarisida qolib otasini poylayotgan Mirjalol o'rtasida o'zaro kelishmovchilik ro'y bergan. Ya'ni, kattalar orasidagi mojaro farzandlar o'rtasida davom etgan. O'zaro ziddiyat oqibatida M.Kenjayev yonidagi yig'ma cho'ntak pichog'ini olib M.Rahimovning ko'krak qafasiga sanchgani aytiladi.

Tergov tibbiy ekspertiza natijalarini hisobga olib, amaldagi yilning 7 — 13 aprel, 23 aprel — 2 may, 14 — 20 may kunlari jami 22 kun mobaynida Mirjalolning tuman shifoxonasida davolangani, uning uch kunini shifokorlarning alohida nazorati ostida — jonlantirish bo'limida o'tkazgani, bemorga haqiqatan ham yengil darajada tan jarohati yetgani, sog'­lig'ining esa 6 kundan ortiq, 21 kundan kam muddatga buzilgani qayd qilingan.

Jinoiy ishlar bo'yicha Gurlan tuman sudi binosida sudya B.Yakubov raisligida ko'rilgan ish bo'yicha M.Kenjayevning jabrlanuvchiga yetkazgan zararni qoplagani hamda 11,7 gektar sahnli 2 ta dalasi “Do'sim-Rahim” fermer xo'jaligiga qaytarib berilgani inobatga olinib, inson sog'lig'i va daxlsizligiga ochiqdan-ochiq tajovuz qilgan M.Kenjayevga nisbatan tuman sudi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qasd­dan badanga yengil shikast yetkazishga oid 109-moddasi 2-qismi bo'yicha malakalangan. Ayblanuvchi M.Kenjayev axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.

Jabrlanuvchining aytishicha, ushbu mudhish voqea Mahmud hoji Ollamovning ishtirokida sodir etilgan, jarayonni uning o'zi bosh­qargan. Tergov esa bu holni e'tibordan chetda qoldirgani, guvohlarning ishtirok etmagani, ya'ni ularning bildirgilari inobatga olinmagani ajablanarli hol.

To'g'rirog'i, tergov surishtiruvi jarayonida ayblanuvchining guvohlari chaqirilgan. Voqeani o'z ko'zi bilan ko'rgan boshqa guvohlar, chunonchi, tuman markazidagi “Ziyokor” mahallasida yashovchi fuqaro Manzura Payzullayeva (Rahimovlar oilasiga yaqinligi yo'q) va “Sahd” mahallasida istiqomat qiluvchi Hamro Xudoyberganovning (ushbu fuqaroning ham Rahimovlar xonadoniga yaqinligi yo'q) ko'rsatmalari mutlaqo e'tiborga olinmagan. Jabrlanuvchi M.Payzullayeva va H.Xudoyberganovlarning tushuntirish xatlarini ulardan oldik.

Agar ushbu guvohliklar asl haqiqatni ifodalasa, mazkur jinoiy qilmishning sababchisi negadir tergov xulosasida tilga olinmaydi. Sud jarayonida ham M.Ollamovga hech qanday jazo tayin­lanmaganiga tushunolmadik.

Tuman hokimligi, komissiyasi a'zolari, qishloq xo'jalik bo'limi, yer tuzish va kadastr idorasi mas'ullari o'zlari yo'l qo'ygan qusur shu bilan tugashiga ishonisharmikin? Bizningcha, tergov-surishtiruv ishlari xolis olib borilganda, sud o'z ko'zi bilan ko'rgan guvohlarning bildirgilarini inobatga olganda va asosiy aybdorni ham topib, unga nisbatan jazo qo'llanilganda oradagi nizo barham topgan bo'lardi…

Abdulla Sobirov,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =