“O'tkan kunlar” yodi

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan buyuk yozuvchi asaridagi sevimli qahramonlarni ekranga ko'chirgan mashhur teatr va kino artistlari Gulchehra Jamilova hamda Gulchehra Sa'dullayeva bilan suhbatlashdik.

Millatimizning sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” asari bilan tanishmagan o'zbek kitobxoni, ushbu bebaho asar asosida suratga olingan film­ni ko'rmagan yurtdoshimiz bo'lmasa kerak. Oradan qancha yillar o'tsa-da, qadri va e'tibori vaqt o'tgan sari yanada oshib boraveradigan “O'tkan kunlar” filmi ekranga chiqqan paytdayoq katta shov-shuvlarga sabab bo'lganini hamon aytishadi. Qolaversa, ushbu film uchun tanlab olingan ijodkorlar, ya'ni aktyorlar jamoasini ham yurtimizning kattayu-kichik aholisi yaxshi taniydi, e'zozlaydi. Ayniqsa, filmda sevishganlarning suhbati yillar o'tsada og'izdan-og'izga o'tib kelmoqda. Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan buyuk yozuvchi asaridagi sevimli qahramonlarni ekranga ko'chirgan mashhur teatr va kino artistlari Gulchehra Jamilova hamda Gulchehra Sa'dullayeva bilan suhbatlashdik. Ha, suhbatdoshlarimiz — Zaynab va Kumush rollarini betakror tarzda ijro etgan elimizning sevimli aktrisalari ikkala Gulchehra opalar bo'ldi.

Gulchehra Jamilova:

“Siz o'shami?” deyishsa…

— Gulchehra opa, siz xalqimizning Kumushi bo'lib qoldingiz. Ayting-chi, film suratga olinishidan oldin ushbu asar bilan tanishmidingiz?

— Ochig'ini aytaman, “O'tkan kunlar”­ni meni taklif qilishgunga qadar o'qimagan edim. Sababi, rus tilida ta'lim olganman, ammo o'zbek tilidagi nutqim nuqsonlardan holi bo'lgan. Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asari rus tiliga tarjima qilinganida o'qib, yozuvchining mahorati haqida tasavvurga ega bo'lganman. O'sha paytda hammaning tiliga tushgan asarning ekranga ko'chirilishi haqida turli xabarlar yurardi. Hatto qaynonamning: “Gulchehraxon, “O'tkan kunlar”­ga film ishlansa, siz rol o'ynasangiz yaxshi bo'lardi”, deganlari qulog'im ostida.

Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomchilik institutining drama va kino fakultetini bitirish arafasida (1968 yil) bo'lganim uchun butun fikri-xayo­lim davlat imtihonlari va teatrdagi fao­liyatimda edi. Darsdan tashqari teatrda ham asosiy truppada ishlardim. Shu orada teatrga “O'tkan kunlar” filmining asistenti Karim aka kelib, film uchun sinov topshirishimni aytib, “O'zing bilgan aktyor yigitlardan ham taklif qil”, dedilar. Kursdoshim Hojiakbar Nurmatovga, “Yur, Hoji (hozirda marhum, Alloh rahmat qilsin) birga borib kelaylik”, deganimda u avvaliga “Meni hech kim chaqirmagan”, deb borishga unamadi. Ammo baribir iltimosimga yo'q demadi. Birga bordik. “Proba”da Otabek va Kumushning go'shangaga kirgandagi so'zlashgan monologini ijro qildik.

Imtihon va ishlarim bilan bo'lib, oradan yarim oyga yaqin vaqt o'tganini bilmay qolibman. Bir kuni kurs­dosh dugonam bilan kelinlik uyimdan ota uyimga dars qilish uchun ketayotganimizda, uzoqdan kimdir “Gulchehra-a-a-a” deya chaqirdi. Hayron bo'lib, qayrilib qarasam, kimdir: “Homiladormisiz?” — deb so'radi. Oramizdagi masofa anchagina bo'lgani bois javob berishga iymandim. Yonimdagi shaddod kursdoshim: “Ha, homilador”, dedi. U odam “Eh”, degancha mashinasida kelgan tomoniga qarab ketdi. Meni yarim chaqirim masofadan so'roqqa tutgan kishi Boriy Xodjayev ekanlar. “O'tkan kunlar” bo'yicha meni yana taklif qilishdi. Borsam, O'lmas Alixo'jayev ham rejissyor Yo'ldosh A'zamni kutayotgan ekan.

O'lmasni ora-sira ko'rar edim-u, ammo salom-alikdan nariga o'tmasdik. Kepka kiyvolib o'tirgan ekan, “Zdras­ti” deb salomlashdik. Kut­yapman-u, ichimda: “Otabekka O'lmasni olisharmikan? Boshqa yigit qurib qolgan ekanmi? Sochi yo'q, kal bo'lsa”, deb o'tiribman. Ammo, yana ozginadan ke­yin fikrimdan uyalib: “O'lmas ham ichida Kumushga homilador Gulchehradan bosh­qa aktrisa yo'q ekanmi?” — deb, o'tirgandir deyman. Xullas, Yo'ldosh aka keldilar va mendan: “Bu yuzga dog'-pog' tushmaydimi ishqilib?” — deb so'radilar. O'zi shundog'am hijolatlikdan zo'rg'a o'tiribman. “Bilmasam”, deyman.

— Qosh terilmasin, xo'pmi? — dedilar. Indamadim.

Stol oldidagi qopni ko'tarib, O'lmas ikkimizga ko'rsatib: “Mana shu qopning ichi to'la Otabek va Kumush. Hatto falon va pismadonchilar bu rollarga tanishim chiqsin, qizim chiqsin, o'g'lim chiqsin deb rasm jo'natgan. Ammo sizlar bulardan ustun chiqishingiz kerak”, dedilar. Mana, shu kundan boshlab biz rolga tasdiqlandik va ssenariy bo'yicha tayyorlana boshladik.

— Filmdagi mashaqqatlaringiz haqida to'xtalsangiz?

— Mening u qadar mashaqqatli sahnalarim yo'q. Faqat Kumush o'layotgan vaqtda ancha vaqt nafas olmay yotishga to'g'ri kelgan, shu epizodda ancha qiynalganman. Qanchalik qiyin sahna bo'lmasin, bitta dublda olganmiz.

— Rolingizni asardan emas, ssenariydan kelib chiqib o'ynagansiz, to'g'rimi?

— Ha, filmdagi obrazim uchun ssenariyga tayanganman. Asar eng yuqori saviyada, yurak mehri qo'shilib, matonat bilan yozilgan. Romanchilikning cho'qqisiga chiqarib yozilgan, ammo asarni bor bo'yicha filmda aks ettirish imkonsiz edi. Sobir Muhammedov asarni maromiga yetkazib ssenariylashtirgan. Bilasizmi, filmning yutuqlaridan yana biri, ushbu film uchun tanlangan jamoa o'rinli bo'lgan. Har bir tanlangan qahramon o'z obrazini mas'uliyat bilan o'ynagan. Film suratga olinishida xal­qimizning ham beqiyos hissasi borki, buni alohida e'tirof etmasam bo'lmas.

“Toshkent oqshomi” gazetasida kimning uyida ko'za, paranji, idish va qadimiy liboslar, lavhlar bor bo'lsa, “O'zbekfilm” paviloniga vaqtincha muddatga topshirish haqida e'lon berilgan. Shunda ko'pchilik uyidagi noyob buyumlarni “O'zbekfilm”­ga olib kelib topshirgan. Yana, bilasizmi, san'atga bo'lgan hurmat va izzat yuqori bo'lganidan jihozlar uchun taklif etilgan pulni rad etishgan. Rejissyor esa filmning kichik detallarigacha alohida e'tibor qaratgan. Yo'ldosh aka tanlagan har bir detal va tanlangan aktyorni ko'rgan tomoshabin, albatta, shu davr ruhiyatini, nafasini sezmasdan qolmaydi.

— Film ekranga chiqqanidan keyin yurtimiz bo'ylab Otabek, Kumush, Zaynab ismini qo'yuvchilarning soni sezilarli ko'paygan ekan. Filmdan keyin sizga bo'lgan munosabat qanday bo'ldi?

— Boshida “O'tkan kunlar”dagi Kumushga o'xshaysiz deyishsa, “Ko'pchilik shunaqa deyishadi, bilmasam odam odamga o'xshaydi-da”, derdim. Ha, menman deyishga uyalardim. Hozirgacha yoshlar ko'chada ko'rib qolishsa, “Siz o'shami?” deyishadi, “O'sharoq” deb javob beraman (kuladi).

— Abdulla Qodiriyning ijodiga o'zingiz qanday baho berasiz?

— Yuqorida aytganimdek, Abdulla Qodiriy buyuk san'atkor, so'z ustasi, xalq qahramoni. Davr og'ir bo'lishiga qaramasdan o'z so'zini ayta olgan ulug' ijodkor. U yozgan asarlar uyimizning va qalbimizning to'ridan joy oldi. Abdulla Qodiriy chindan klassik yozuvchimiz. Ushbu yozuvchining birorta ham o'rtamiyona yozgan asari yo'q. O'zbek adabiyotida o'zi uchun haykal o'rnatgan adib, deb bemalol ayta olaman.

Gulchehra Sa'dullayeva:

“Men baxtli aktrisaman”

— Gulchehra opa, sizning ham “O'tkan kunlar” filmiga kelish tarixingiz bilan tanishsak…

— Ushbu filmga tasdiqlanishim qiziq kechgan. “Uzukjamol” filmining suratga olish jarayonlari ketayotgan pallada “O'tkan kunlar”ning rejissyori harakatimni kuzatgan. Endigina 18 yoshni qarshilagan tabiiy go'zalligi va latofatidan bo'lak hech narsasi bo'lmagan oddiy bir qiz edim. Sochimni mayda o'rib, “laylo” deb ataluvchi do'ppimni boshdan qo'ymay yurardim. Uzukjamol obrazi uchun baland qoyadan o'zimni suvga otishim lozim bo'lgan. Dekoratsiyada yiqiladigan joyimga ko'plab ko'rpachalar to'shashgan bo'lsa-da, oyog'imga mix kirib qonatib yuborgan. Rolim ta'sirida bunga ahamiyat bermay o'ynayverganman. Shunda Yo'ldosh A'zam: “Filmlarimda albatta shu aktrisani chaqiraman”, deb niyat qilgan ekanlar. Kinosinov bo'layotgan vaqt­da Farg'onadan uch yuzga yaqin qiz kelib Zaynab obrazi uchun sinov topshirgan. Ammo shuncha chiroyli qizlar turib, mendek qoramag'iz qizni sinovsiz qabul qilganlar.

Kunduzi s'yomka ishlarini tugatib, kechasi bilan “O'tkan kunlar” asarini o'qirdim. Asarning har bir satridan yangi ma'no topardim. Qolaversa, ijodiy guruhning s'yomka jarayonida bergan yordamini unutmayman. Buyuk aktyorlarimiz bilan bir filmda suratga tushganimdan faxrlanaman. O'zimni baxtlilardan baxt­li aktrisa deb bilaman.

— Suratga olish jarayonida qanday unutilmas voqealar bo'lgan?

— Rejissyorning yordamchisi yuzimga bo'yoq surmasligim uchun doim ortimdan poyloqchilik qilardi. Xalqning mehri Zaynab obrazi tarafga og'ib ketmasligi uchun grimyorga yuzimga qoraroq bo'yoq surishni aytardilar. Qovog'im esa har doim solingan holatda bo'lishi shart edi. Tabiiyki, bu menga sira yoqmasdi, chunki har bir qiz ekranga chiroyliroq bo'lib chiqishni istaydi. Bu film­da bir umrga yodimda qolgan voqealardan yana bittasi, ot bilan suratga olinayotgan paytda bo'lgan.

Suratga olish maydonchasida ilk bora otni ko'rib, hayratda qolganman. Sababi, shaharda o'sgan qiz bo'lganligim uchun o'sha vaqtgacha it va mushukdan boshqa uy hayvonini ko'rmagan edim. Oppoq otning qop-qora beg'ubor ko'zlariga uzoq vaqt tikilib qolganman. Bir soat tanaffus e'lon qilinganidan keyin ovqatimni ham yemasdan “oq otga men ham minib biroz aylanay”, deganman. O'lmas aka otga chiqazib qo'yganlaridan keyin otning jilovidan tutish o'rniga yolidan mahkam changallab olganman. Shunda ot mendan qo'rqib ketib, birdan kishnagancha yugurib ketgan. Yugurgani sari ot yolidan yanada qattiqroq ushlab olganman. Yaxshiyam oyog'imni yuganga qo'ygan ekanman. Bo'lmasa, u o'zidan otib yuborar ekan. Butun ijodiy guruh orqamizdan quvlagan, otga yetvolishning imkoni bo'lmagan.

Qishloq aholisi ham mendan rosa xavotir olishgan. Yuvvoshgina otni shunchalar qo'rqitib yuborgan ekanman, zo'rg'a otdan tushirib olishgan. Qo'rquvlarim unut bo'lgandan keyin, yaxshiyam o'shanda oq otga mingan ekanman deyman. Buvimlardan qiz bola oq otga minsa baxtli bo'ladi degan gapni eshitganman. Bu bejizga emas ekan, baxtimdan har doim mamnunman.

Filmda sevilmagan va sevgiga zor bo'lgan ayolni o'ynagan bo'lsam ham, hayotda meni yeru-ko'kka ishonmaydigan begimni uchratdim. Umr yo'lim davomida menga juftu-halol bo'lgan insondan bir umr minnatdorman…

— Agar Kumushni o'ynaganingizda…

— Bilasizmi, men shunaqa baxt­li aktrisa ekanmanki, sevimli yozuvchimning sevimli qahramoni bo'lgan Kumushni ham o'ynadim. Marhum radiorejissyor Javlon Toshxo'jayev “O'tkan kunlar”ning radiopostanovkasini yozganlarida Kumushni o'ynash baxtiga sazovor bo'ldim. Ushbu radiopos­tanovka “Oltin fond”da saqlanmoqda. Otabek rolini esa “Tangalik bolalar” filmining rejissyori Temur Malik Yunusov, Zaynabni esa Gulchehra opa Jamilova o'ynagan. Sora Eshonto'rayeva va Olim Xo'jayevlar bilan yonma-yon ishlaganimdan baxtiyorman.

Kumushning o'layotgan sahnasida Sora opaning: “Bolam bevaqt vafot etdi”, deb nola chekib yig'layotganlarida o'likdek jim yotishim o'rniga qo'shilishib ho'ngrab yig'laganman. Ijodiy guruh hayron. Ta'sirchanligim sabab ushbu epizodni qaytadan yozganmiz. Abdulla Qodiriyning ijodi menga omad olib kelgan. Sababi, “Mehrobdan chayon”ning radiopostanovkasida Ra'noni o'ynaganman. Anvarni esa To'g'on Rejametov o'ynagan. O'sha paytda o'g'limning chillasi chiqmagan chaqaloq edi. Onam menga yordam bo'lsin deb, radioga bolamni ko'tarib kelardilar. Tanaffus paytlarida chiqib, bolamni qornini to'yg'azib, yana ishga sho'ng'irdim. O'sha paytlarda haqiqiy san'at yo'lida fidoyilik bo'lgan. Shu damlarni juda sog'inaman.

— Demak, Abdulla Qodiriyning ijodi bilan juda yoshligingizdan yaxshi tanish bo'lgan ekansiz-da?

— Ha, maktabda 8-sinfda o'qib yurgan vaqtlarimdayoq Abdulla Qodiriyning asarlarini oyning yorug'ida bo'lsa-da, bekitib o'qirdim. Ana shu damlarda yozuvchini g'oyibona yaxshi ko'rib qolganman. U paytda aktrisa bo'lishim xayolimda ham bo'lmagan. Hozir ham “O'tkan kunlar”ni har yili bir marta o'qiyman va har safar yangi ma'no topaman. Abdulla Qodiriyning ijodi haqidagi fikr­larni ham o'qib boraman. Aytishlaricha, yozuvchi Kumushni yigit sifatida sevib qolgach, Otabekdan rashk qilib, Zaynabning qo'li bilan “o'ldirgan” ekan. Yozuvchi yozuv stoli ustida yig'lab o'tirganida rafiqalari sababini so'raganida “Kumushni o'ldirib qo'ydim”, deb javob qilgan de­yishadi…

Feruza Rahimova,

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − ten =