Hayot ardog'idagi Ustoz

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, II darajali «Sog'lom avlod uchun” ordeni sohibasi, taniqli adiba Yayra Sa'dullayeva 85 yoshga to'ldilar. O'g'il-qizlar, nabira va chevaraalar davrasida, ularning ardog'ida qutlug' yoshni qarshilayotgan ustozga har qancha havas qilsak, o'rnak olsak arziydi.

Chunki, Yayra opa butun iste'dodi, kuch-g'ayrati va imkoniyatini bolalarga bag'ishlagan ijodkor. Ustozni yo'qlab uylariga borsak hamisha “G'uncha” yaxshi chiqyaptimi, “Gulxan”chilar sog'-omonmi, “Tong yulduzi”, “Klass” qanday deb, hamma bolalar nashrlarini birma-bir so'rab chiqadilar. “Jurnallardan bir-ikkita olib keldingizmi?” — deya ko'zlari porlab turadi. “Gulxan”, “G'uncha”ning yangi sonlarini qo'llariga tutaman. Boladek quvonib, ko'zlari yoshlanadi. Suhbatimiz goh o'g'il-qizlari, shirindan shakar nabira va chevaralari haqida, goho esa bolalar adabiyoti haqida bo'ladi. Ko'pincha esa Yayra opa bosh muharrir sifatida faoliyat yuritgan 1970-1995-yillar haqida gaplashamiz. O'sha yillari bolalar uchun sermahsul ijod qilgan Quddus Muhammadiy, Po'lat Mo'min, Ilyos Muslim, Mahmud Murodov, Rauf Tolib kabi bolajon qalamkashlarni eslab to'lqinlanib so'zlaydilar.

Hayajon bilan ular ijodidan ayrim misralarni yoddan aytib beradilar-da, “Qarang qanday ta'sirli misralar. Bu she'rlarni bugungi yosh avlodga ham tavsiya qilish kerak”, deb qo'shib qo'yadilar. So'ng biroz muddat bir nuqtaga tikilgancha, xayolan o'tgan yillarga qaytadilar. Men esa ularga xalal bermaslik uchun yonlarida ovoz chiqarmay o'tiraman.

Bu matonatli, serg'ayrat ayolni jimgina kuzatar ekanman, biroz o'tib: “Mana bu hikoyalarni nabiralarimdan ilhomlanib yozib qo'ygandim. O'qib ko'ring, lozim topsangiz jurnalda berarsiz”, deydilar kamtarlik bilan. Yonlaridagi stolda esa hamisha qog'oz-qalam, yangi qoralamalar bo'ladi.

— Voy, Zahrojon-ey, kelib juda yaxshi qildingiz-da, g'unchamning, gulxanimning nafasini olib keldingiz. Rahmat sizga, meni g'oyat xursand qildingiz. Yurtimizda juda katta ishlar amalga oshirilyapti. Kitobga bo'lgan munosabat o'zgardi. “Gulxan”, “G'uncha” jurnallarining nufuzi doim baland bo'lgan. Bu jurnallar necha-necha avlodni ma'nan ulg'aytirgan, yosh iste'dodlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bugungi kunda taniqli bo'lgan yozuvchi va shoirlarning ilk ijod namunalari shu jurnallarda chop etilgan. Hali qarab turing, ularning adadi yana ko'tarilib ketadi, — deydilar yuz-ko'zlaridan tabassum yog'ilib. — Hali siz bilan bolalar adabiyoti haqida gaplashadigan gaplarimiz nihoyatda ko'p, yana bir kelasiz, — deb bolalar nashrlarida ishlayotgan barcha qalamkashlarni uzundan uzoq duo qiladilar.

Darhaqiqat, Yayra opa 7 yil “Gulxan” jurnaliga, 27 yil esa kichkintoylarning sevimli nashri “G'uncha”ga rahbarlik qildilar. Bolalar uchun ko'plab kitoblar yozdi. Bir qator hikoyalari boshlang'ich sinf darsliklariga ham kiritilgan. Ular maktab bolalari tomonidan sevib o'qilmoqda.

Yayra Sa'dullayeva nafaqat bolalar adabiyotida, balki zamonaviy o'zbek adabiyotida sermahsul ijod qilayotgan adibadir. U kishining “Inson qadri”, “Oltin baxtim”, “Katta hovli”, “Nurli va nursiz osmon”, “Yarashmagan yalla” kitoblari kitobxonlar tomonidan sevib o'qilmoqda.

Bolajon adibamizni ko'pming sonli muxlislari nomidan qutlug' yosh bilan chin dildan tabriklaymiz. Ularga sihat-salomatlik, yanada ulug' yoshlarni tetik va bardam qarshi olishlarini tilab qolamiz.

Zahro Hasanova,

“Gulxan” jurnali Bosh muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + five =