“Blogerni jurnalist deb bo'lmaydi”
E'tibor qilinsa blogerlik faoliyati, albatta, Internet jahon axborot tarmog'i bilan bog'liq. Ularning axborot tarqatish yoki ma'lum masalalar bo'yicha o'z shaxsiy pozitsiyasini bildirish nuqtai nazaridan ijtimoiy faol fuqarolar sifatida ko'rsak ham bo'ladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Qusherbayevga “Hurriyat” gazetasi bir necha savollar bilan murojaat qildi. Quyida ushbu savol-javoblar bilan tanishing.
1. Sizning nafaqat xalq noibi — deputati, balki oddiy bir inson, gazetxon sifatidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik: bugungi gazeta va jurnallardan nechog'lik ko'nglingiz to'layapti?
2. Bosma OAVlari faoliyatini yanada jonlantirish uchun sizningcha nimalar monelik qilyapti?
3. Bugungi kunda bloger degan tushuncha ham paydo bo'ldi. Huquqiy jihatdan blogerni jurnalist deb atash to'g'rimi? Qonunchiligimizda blogerning vakolatlari qay darajada belgilangan?
4. Yaxshi bilsangiz kerak, bosma nashrlar uchun obuna masalasi juda muhim, aytish mumkinki, “hayot-mamot” masalasidir. Demoqchimizki, matbuot mutolaasi ham kitobxonlik singari qo'llab-quvvatlanishi kerak emasmi?
1. — Bosma matbuotda ham tanqidiy-tahliliy maqolalar ko'payib, ancha jonlanib qolganini kuzatib borayapman. Bu ijobiy o'zgarish albatta. Biroq Internet ommaviy axborot vositalari asosiy axborot tarqatuvchi vositasi sifatida milliy axborot makonida o'rin egallab borayotgan bir sharoitda bu harakatlar o'quvchilar e'tiborini qanchalik torta olayapti degan, savol o'ylantiradi odamni. Balki bunday jonlanish ancha avval boshlanganida bosma nashrlar axborot tarqatishning an'anaviy vositasi sifatida bundanda ko'p doimiy o'quvchilariga ega bo'lib, bugun duch kelib turgan iqtisodiy qiyinchiliklarni bemalol yengib o'tgan bo'larmidi. Bilmadim, ammo fakt shundaki, bugun asosiy omma axborotni bosma nashrlardan kam olyapti.
2. — Fikrimcha, bosma nashrlar asosiy e'tiborni boshqa turdagi axborot vositalarida qisqa-qisqa satrlarda ketayotgan yangiliklarni tahlil qilib, uning ijobiy va salbiy yoki bizning sharoitdagi manfaatlarimizga mos jihatlarini ochib berishga qaratilgan tahliliy chiqishlarni ko'paytirish ustida ishlasa, inson ruhiyati va ongiga ta'sir qiluvchi voqeliklarni chuqur ochib berishga yanada ko'proq urg'u qaratsa, odamlar bosma nashrlarning alohida afzalliklarini aniqroq ajratib olishgan bo'lar edi.
Shuningdek, yana bir muhim masala shundaki, bugun iste'molchi, ya'ni o'quvchi o'zi mustaqil tanlov orqali qaysi nashrni o'qishni o'zi belgilashga o'tayapti. Shu bois, o'quvchi talabiga mos ravishda uning psixologiyasini chuqur o'rgangan holda har bir bosma nashr o'zining auditoriyasini qayta ko'rib chiqib, uni iqtisodiy manfaat nuqtai nazaridan aniq belgilab olishi lozim. Ma'naviyat, ta'lim-tarbiya kabi masalalarda asosiy mas'ul davlat organlari esa faqatgina muassis sifatida emas, bosma nashr bilan zaruratga qarab ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlikda ishlashi maqsadga muvofiq. Ochig'ini aytganda, vazirlik va idoralar muassisligida qandaydir nashrning bo'lishi, bunday muassisga nisbatan nashrning xolis, haqiqatni yozadigan, kerak bo'lsa ochiq tanqid qiladigan mustaqil OAV ekanligiga shubha tug'diradi. OAV erkinligini ta'minlash nuqtai nazaridan davlat idoralarining OAV ta'sis etish amaliyotini iloji boricha o'ylab ko'rish kerak. Agar idoralarga o'z faoliyatini kengroq yoritib borish kerak bo'lsa, bu alohida nashr emas axborotnoma ko'rinishida bo'lgani maqsadga muvofiq nazarimda.
Bosma nashrlarning bosh muharrirlari ham o'zlari rahbarlik qilayotgan tahririyat shtatlarida faqatgina jurnalistlar emas, balki psixolog, sotsiolog, tarixchi, siyosatchi, iqtisodchi kabi sohalarning yaxshi mutaxassislari bo'lishi kerakligini tushunishlari lozim. Nashr auditoriyasi bilan ishlash va doimiy ravishda uning diqqat markazida bo'lishda bu muhim ahamiyatga ega.
3. — Blogerni jurnalist deb bo'lmaydi.
“Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunda bloger kim ekanligi aniq keltirilgan, ya'ni bloger — Internet jahon axborot tarmog'idagi o'z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi.
E'tibor qilinsa blogerlik faoliyati, albatta, Internet jahon axborot tarmog'i bilan bog'liq. Ularning axborot tarqatish yoki ma'lum masalalar bo'yicha o'z shaxsiy pozitsiyasini bildirish nuqtai nazaridan ijtimoiy faol fuqarolar sifatida ko'rsak ham bo'ladi.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonunga ko'ra esa, jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to'plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxsdir.
Ushbu qonun asosida jurnalistlik faoliyat professional faoliyat hisoblanib, unga o'z maqomiga ko'ra faoliyatini kafolatlashga oid alohida huquq va vakolatlar belgilangan. Jurnalist bir vaqtning o'zida fuqarolik huquqlari asosida blogerlik ham qilishi mumkin. Biroq bloger agar mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari bilan bog'liqligi bo'lmasa, jurnalist hisoblanmaydi.
Aytmoqchimanki, bloger OAVda qonuniy faoliyat yuritmasa, jurnalist sifatida jurnalistik surishtiruv va jurnalistik faoliyatga daxldor boshqa huquqlarga ham ega emas. Buni keng jamoatchiligimiz yaxshi tushunib olishi kerak.
4. — Qo'llab-quvvatlanishi shart. Menimcha, davlat tomonidan davlat ahamiyatiga molik va zarur deb hisoblangan, asosiy maqsadi tijorat bo'lmagan bosma nashrlarning reestri yuritilib, ularni turli ko'rinishlarda qo'llab-quvvatlash tizimiga o'tilsa yaxshi bo'lar edi. Bunda qo'llab-quvvatlash doirasiga tushadigan nashrlarga bo'ladigan talablar ochiq va hamma nashrlar uchun teng sharoitlar darajasida bo'lgani ma'qul. Masalan, bolalar uchun mo'ljallangan badiiy yoki ma'naviy-ma'rifiy, huquqiy masalalarni yoritishga moslashgan va davlat tomonidan belgilangan mavzu, yo'nalishlarni ustuvor vazifa sifatida belgilagan nashrlarga bunday imkoniyatlar yaratilsa, maqsadga molik bo'lur edi.
O'z muxbirimiz
yozib oldi.