Sog'liqni saqlash tizimida 60 foiz keksalar: yoshlar qaerda?

Respublika Sog'liqni saqlash vazirligi, Surxondaryo viloyat hokimligi hamda viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida Toshkent shahridagi tibbiyot oliy o'quv yurtlarida ta'lim olayotgan surxondaryolik yoshlar bilan tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv poytaxtdagi tibbiyot xodimlarini malakasini oshirish instituti majlislar zalida bo'lib o'tdi.

Tadbir jonli muloqot tarzida kechganligi talabalarga o'zgacha kayfiyat ulashdi. Berilgan savollarga viloyat hokimligi va sog'liqni saqlash boshqarmasi vakillari atroflicha javob qaytarishdi.

Boboxon Shukurov, viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i:

— Albatta, bu yerda sizlar bilan majlisbozlik qilish niyatimiz yo'q. Keling, suhbatimizni jonli muloqot tarzida o'tkazsak. Mana, sizlar paytaxtimizdagi nufuzli oliy o'quv yurtlarida tahsil olayapsizlar. Bizni qiziqtirgani, nega o'qishni tugatib, o'zingiz tug'ilib o'sgan yurtga borib ishlashni xohlamaysiz? Viloyatimiz rahbariyati sizlar uchun barcha sharoitni yaratib beradi.

To'g'risini aytganda, hozirda viloyat tibbiyot sohasida kadrlar yetishmasligi sezilib qoldi. Viloyat aholisining salomatligini saqlash, doimiy nazoratga olish, kasallik alomatlaridan shikoyat qilgan bemorni tinglab, o'z vaqtida  kerakli muolaja qilish masalasida nafaqadagi faxriy shifokorlarimiz yordamidan ham foydalanayapmiz.

B.Shukurov aytganidek, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, viloyatdagi tibbiyot muassasalarida ishlayotgan shifokorlarning 60 foizini nafaqadagi tibbiyot xodimlari tashkil etadi. Yoshlar poytaxtimiz va ba'zi viloyatlarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot oliy o'quv yurtlarida tahsil olar ekan, o'qishni tugatgach, imkon qadar o'sha joyda qolib ishlashni istashayapti. Buning o'ziga yarasha sabablari bor, albatta. O'qishni tugatayotgan yoshlar, avvalo, yaxshi muhitda, qolaversa, mustaqil hayotga qadam qo'yishda o'zini o'zi ta'minlashni xohlaydi. 6-bosqich va magistratura talabalarining asosiy qismi oila qurgan, farzandli yoshlar hisoblanadi.

Shunday ekan, oilani  boqish, boshpanali bo'lish, ularning birinchi galdagi orzusi.

Chori Begimqulov, Surxondaryo viloyat hokimi o'rinbosari:

— Viloyatimizda tibbiyot sohasini zamonaviy usulda barpo etish ishlari jadallik bilan olib borilayapti. Eng rivojlangan davlatlardan tibbiy texnik uskunalar, aniq va sifatli tashxis qo'ya oladigan jihozlar olib kelinmoqda. Endi bu jihozlarda zamon talablari asosida ta'lim olgan yosh kadrlar ishlashi kerak. Siz o'qishni tugatib bizga murojaat qiling, albatta, ish bilan ta'minlaymiz. Agar qo'shni viloyatlardan do'stlaringiz bo'lsa, ular bizning viloyatda ishlashni xohlashsa, ularga ham barcha sharoitni qilib beramiz. Viloyat markazi va tuman markazlarida yangi, zamonaviy uy-joylar qurilmoqda. Kerak bo'lsa, uy bilan ham ta'minlaymiz.

Ushbu gap barcha tadbir qat­nashchilarida birdek qiziqish uyg'otdi.

Akmal Ibragimov, bitiruvchi:

— Hozir sizlarni tinglab,  bir savol tug'ildi, nega boshqa viloyatdan ishlash uchun borgan yosh kadrga uy-joy beriladi-yu, Surxondaryoda tug'ilgan, Toshkentda o'qib, o'z yurtida ishlashni xohlagan yosh kadrga uy-joy berilmaydi?

— Nega berilmasin? Davlatimiz yoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun juda ko'p imtiyozlar yaratdi. Boring, biz sizning imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy olishingizga ko'mak­lashamiz, — dedi Ch.Begimqulov.

Birgina Surxondaryo viloyatidan Toshkent tibbiyot akademiyasida 173 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot institutida esa 160 nafar talaba tahsil oladi. Agar ularga viloyatlarda ham, xuddi Toshkentdagi kabi, shart-sharoit yaratilsa, albatta, ota-onasining, oilasining bag'rida yashab, ishlashni istashadi. Qolaversa, o'z tug'ilgan yurti sha'nini ko'tarish, jamiyatda farovon turmush tarzini shakllantirishda o'z hissasini qo'shadi.

Tan olib aytish kerak, tibbiyot xodimlarining bugungi maoshi ro'zg'or tebratishga, oila boqishga yetarli emas. Surxondaryo viloyat hokimligi va sog'liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari viloyat moliya  bo'limlari bilan kelishgan holda yosh kadrlarni ikki stavkali ish bilan ta'minlashni va'da qilishayotgan bo'lsa-da, bu ayrim tashkilotlarning haydovchisi oladigan oylik maoshicha bo'lmaydi.

Xorij tajribasidan kelib chiqilsa, markazlashgan shaharlarda pul topish ham, uni sarflash ham oson, eng muhimi, kundalik aylanma mablag' bor. Byudjet tashkilotlarining oyligi oshishi bilan bozorlarda ko'tariladigan narx-navoga qarab, xizmat ko'rsatish haqi ham oshib boraveradi.

Albatta, jonli muloqot tarzida o'tgan tadbirda ishtirok etayotgan talabalarning ko'zlarida kelajakka ishonch, umid uchqunlari porlagani sezilib turdi. Ishtirokchi-talabalarning ko'pchiligi o'z yurtiga borib ishlash niyatida ekanini aytishdi. Viloyatda qad rostlagan yangi, zamonaviy usuldagi  qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarga ham sifatli va zamonaviy tibbiy uskunalarning kirib borganligi, bu muassasada ilm o'rganishga ishtiyoqmand, yangi uskunada ishlay oladigan, sohaga yangilik olib kiradigan yosh kadrlarga, albatta, ehtiyoj tug'iladi.

Hozircha birgina Surxondaryo viloyatida tibbiyot sohasida 3963 nafarga yaqin shifokor yetishmas ekan. Bu qariyb 2,5 million aholisi bor viloyat uchun yetarlicha muammo tug'dirishi tabiiy holat. Ayniqsa, kardiolog, endokrinolog, oftalmolog, onkolog, travmatolog, urolog, pediatr va boshqa tibbiy yo'nalishlarda vrachlar yetishmasligi aholi salomatligini saqlashni to'laligicha qamrab olish imkonini bermaydi. Ayniqsa, keyingi payt­larda hali meditsinaga noma'lum bo'lgan, ayrim kasallik turlarining paydo bo'lishi, ularni bartaraf etishda zamonaviy fanlar asosida ta'lim olgan yoshlarga ehtiyoj katta ekanligini ko'rsatadi.

Yaqin yillargacha viloyatning eng chekka tumani Uzunda istiqomat qilayotgan fuqaro yurak- qon-tomir yoki ishemiya va shunga o'xshash og'ir kechadigan kasallik bilan og'riganda davolanish uchun viloyat markazi —  Termiz shahriga borishiga to'g'ri kelardi. O'rtadagi masofa hisobga olinsa, to yetib borguncha ahvoli nima kechishini o'zingiz tasavvur qilavering.

Yangilanayotgan O'zbekistonda investorlarning erkin faoliyat yuritishiga yaratilgan sharoit tufayli, hozirda Denov tumanida barcha qulayliklarga ega tez tibbiy yordam ko'rsatish markazi ish boshlagani aholi og'irini yengil qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yana aytish kerakki, bu muammolar birgina Surxondaryo viloyatiga tegishli emas, balki qolgan barcha viloyatlarda ham mavjud muammolardir.

Shu o'rinda yana bir fikrni aytish kerakki, hozirda har bir vrach bir kunda qancha ko'p kasal ko'rsa, ya'ni unga yuklatilgan yuklamani ortig'i bilan bajarsa shuncha ko'p maosh olarkan. Bunisi ajablanarli, endi shifokor ko'proq oylik olish uchun o'z hududida kasalni ko'paytirishi kerakmi? Chet el tajribasida esa butunlay boshqacha, shifokor o'z hududida kasallangan bemorlar sonini qancha kamaytirsa, shuncha ko'p maosh belgilanadi. Bu — adolatli yechim emasmi?

Aytish joizki, Toshkentdagi tibbiyot xodimlari malakasini oshirish institutida bo'lajak shifokorlar — yoshlar bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqot har tomonlama manfaatli bo'ldi. Tadbir so'nggida ishtirokchilar bir ovozdan: “Termiz shahrida bo'ladigan uchrashuvda ko'rishguncha”, deyishdi.

Yusuf Jo'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =