Hayotdan ortda qolib bo'lmaydi

Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ommaga atroflicha tushuntirib yetkazishda, ilg'or tashabbuslarni ommalashtirishda, joylardagi muammolarni ko'tarib chiqish borasida sezilarli ishlar olib borayotganini inkor qilib bo'lmaydi. Shunga qaramay, ommaviy axborot vositalariga qo'yiladigan talablar oldingilaridan katta farq qiladi. Chunki jamiyatimiz hayotida, ayniqsa, keyingi uch yilda kechgan davr­­ni mubolag'asiz aytish kerakki, beqiyos yangilanishlar, odamlar ruhiyati, kayfiyatidagi o'zgarishlar, yangicha o'y, fikr, hayotga ishonch bilan teranroq nazar tashlash kabilar shundoqqina ko'z o'ngimizda kechmoqda.

Dunyo miqyosida olib qaraydigan bo'lsak, globallashuv jarayonlari kuchayib, axborot makonlari, undan olinadigan manbalar ko'paygandan ham ko'payib ketdi. Endi tanlab o'qish, tanlab tinglash, tanlab ko'rish imkoniyati paydo bo'ldi. Hammamizga kundek ma'lum, axborot bozorida raqobat allaqachon boshlanib ketgan. Shunday ekan, har bir axborot tarqatuvchining, iborali qilib aytganda, otini qamchilash payti keldi. Bu shunday bozorki, illo, tasavvur qilishga ham aqlingiz yetmaydi. Mahsulotingiz sifatli bo'lsa, omadingiz kelgani shu, bordiyu u bozorpob bo'lmasa, unda bozordanmas, o'zingizdan o'pkalang. Tamom, vassalom!

Yana bir yoqda ijtimoiy tarmoqlar, saytlaru blogerlar ko'payib borayapti. Bularga harpu zarp aytish, bularning tezkorligi-yu, qolaversa, yana qator imkoniyatlari oldida  raqobatda bo'lish katta media maydonida oson kechmaydi, albatta. Har bir rejasini aql tarozusiga solib, yon-at­rofga nazar tashlagan holda, vaziyatni o'rganib, teran fikrlash asosida ish yuritadigan rahbar, ijodkor, tashkilotchi bu sinovlardan qiynalmasdan o'ta oladi. Bozor iqtisodiyotining talabi rahbar, qolaversa, xodimlardan ham har jabhada tadbirkorlik, omilkorlikni talab etayapti.

Yashirib nima qildik, bir paytlari dovrug'i elga yetgan,  moliyaviy baquvvat, katta imkoniyatlarga ega bo'lgan, bugun esa  iqtisodiy qiyinchiliklardan beli bukilib, zo'rg'a kunini o'tkazayotgan nashrlar ham talaygina. Aksincha, oddiygina tuman gazetasi bo'lsa-da, birovni aka, birovni uka deb, obunachilarining ko'nglini olib, ishni yaxshi yo'lga qo'yib, emin-erkin faoliyat yuritayotgan nashrlar ham borki, ulardan ibrat olsa, o'rgansa arziydi.

O'tgan hafta O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Publitsistika kengashining yillik hisobotiga bag'ishlangan yig'ilishi bo'ldi. Unda res­publika gazetalarining bosh muharrirlari, jurnalist, olimlar, tajribali ijodkorlar jam bo'lishib, o'tgan 2019 yil davomida gazeta, jurnal, kitoblarda bosilgan publitsistik maqolalar, televidenie, radio orqali berilgan eshittirish, ko'rsatuvlar, ijtimoiy tarmoqlarda turli janr­larda berilgan materiallarni atroflicha tahlil qilishdi. Mavzu yuzasidan fikrlar bildirildi, bahs-munozaralar ancha vaqtgacha davom etdi. Shuningdek, yig'ilishda jurnalistikamizning hozirgi ahvoli, bevosita bosma nashrlarning faoliyati, istiqboli haqida mutaxassis, soha olimlari, ijodkorlar jon kuydirib, o'z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

Albatta, yana gap mavzusi bugungi kun jurnalistining vazifasi va mas'uliyatiga taqaldi. Ayniqsa, O'zbekiston jurnalistikasining kelajak istiqboli — yosh jurnalistlarga e'tibor berish, ularni tarbiyalash, tahririyatlarda “Ustoz-shogird” tizimini samarali tarzda tashkil etish haqida ham jo'yali fikrlar aytildi. Aytish kerak, yig'ilishda tajribali jurnalistlar, soha xodimlari bugungi  kunda mamlakatimiz va xorijda kechayotgan jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda tezkorlik yetishmayotgani, xususan, shahar hamda uzoq qish­loqlarimizda kechayotgan o'zgarishlar, bunyodkorlik ishlarini, ishlab chiqarishdagi ilg'or taj­ribalarni yoritishda ortda qolinayotgani, gazetalarda tanqidiy, tahliliy maqolalarning kamligi, sahifalarda berilayotgan materiallarning esa mazmuni, sifati talab darajasida emasligi haqida haqli fikrlar bildirishdi.

Yangi O'zbekistonning dono, fidoyi, tajribali sarboni bilan yo'lga chiqqaniga hali ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Bu yo'l qanchalik uzoq, mashaqqatli, og'ir bo'lmasin, maqsad ko'ngillardek yorug', rejalar puxta, mo'ljal esa aniq. Aytish joizki, mamlakatimizda eng yaxshi ezgu maqsad yo'lida qo'yilgan qadamlarni, eng muhim yangilik­larni omma orasida targ'ibu tashviq etish, ommalashtirishda, odamlarning qalbi, yuragidagi gaplarini, joylardagi muammolar, kamchi­liklarni olib chiqishda ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan jurnalist, ijod ahlining munosib o'rni bor.

Shunday ekan, marra bizniki, kelajak bizniki, deya olamiz.

Yusuf Hamdamov,

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti

jurnalistika fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 16 =