Hamkorlikda axborot maydoni yarataylik

O'zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, o'zgarish va jamiyatning ochiqligi sari qo'yilayotgan dadil qadamlar dunyo nigohida. Jumladan, Buyuk Britaniya qirolligi, Turkiya, Malayziya, Ozarbayjon va boshqa ko'plab mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari va jamoatchiligi O'zbekistonni tez rivojlanayotgan davlat, uning prezidenti Shavkat Mirziyoyevni esa “Yil odami” deb e'tirof etayotgani mamlakat hayoti haqiqatlariga berilgan munosib bahodir.

Yangi ochiqlik, so'z erkinligi siyosatini qo'llab-quvvatlash, rivojlantirishga hissa qo'shish har bir fuqaro, fuqarolik jamiyati ins­titutlarining ham burchidir. Aytish joiz, Farg'ona viloyati hokimligi va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi tashabbusi bilan o'tkazilgan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzuidagi xalqaro konferensiya shu yo'ldagi tashab­buslarning biri bo'ldi.

— Bunday nufuzli anjuman viloyatlarda ilk bor o'tkazilishi va uning Farg'onada tashkil etilgani ibratli voqea bo'ldi, — dedi anjuman moderatori O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qud­ratxo'jayev.

Ha, Farg'ona anju­mani Qirg'izis­tonning Botken, O'sh, Toji­kis­tonning So'g'd, O'zbekistonning Farg'ona, Andijon, Namangan vi­­­­­loyatlari, yurtimiz jurnalistikasining yetuk olim, amaliyotchi hamda taniqli ijodkorlarini birlashtirdi.

Xalqaro konferensiyada biri-biridan qiziqarli ma'ruzalar, chuqur tahlil va amaliy takliflar yangradi.

— Biz O'zbekiston jamiyatida ro'y berayotgan sifat o'zgarishlarini kuzatib turibmiz. Bugun axborot to'lqinlariga to'siq qo'yib bo'lmaydi. Biz bir-birimizdagi elektron OAV mahsulotidan, avvalo, teleko'rsatuv va radio eshittirishlarni bemalol qabul qilamiz. Bu bizning xabardorlik imkoniyatimizni kengaytiradi, — deydi “O'sh sadosi” gazetasi bosh muharriri Sohiba Shokirova. — O'zbekistondagi chinakam so'z erkinligi haqiqiy demokratiya qaror topayotgani in'ikosidir. Lekin oramizda umumiy masofa yaqin, axborot makonidan foydalanish imkoni bo'lsa-da, biz amalda bir-birimizdan uzoqdamiz. Haligacha bir-biriga chegaradosh davlat jurnalistlari bir-birimizni yaxshi bilmaymiz. Chunki, axborot almashuvi yo'lga qo'­yilmagan. OAV o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalar yo'q. Jurna­listik tashkilotlarimiz ham o'zicha faoliyat ko'rsatadi. Holbuki, biz dunyo, qit'a miqyosidagi xalqaro anjumanlarda uchrashib turamiz, lekin bugungacha bunday ko'rinishda yig'ilmadik.

Ha, Farg'ona konferensiyasi OAV soha mutaxassislari uchun xalqaro miqyosdagi ilk anjuman edi. Shuning uchun ham uning har bir ishtirokchisi o'z fikrlarini aytgisi, umumiy muammo va ularning yechimi xususidagi takliflarini bildirgisi keldi.

Farhod Jo'rayev, Tojikiston Respublikasi, So'g'd viloyati “So'g'd haqiqati” gazetasi bosh muharriri:

— Hozir bu yerda axborot to'lqinlari tarqatish imkoni haqida gapirildi. Biz So'g'd viloyatida Qirg'iziston, O'zbekiston televideniesi ko'rsatuvlarini bemalol ko'ramiz. Radiosini eshitamiz. Menga ayniqsa, “Ruxsor” televideniesi va radiosi juda yoqadi. Botken televideniesidagi fikrlar xilma-xilligidan ichki tuyg'ularim jo'shadi. Lekin o'z munosabatimni bildira olmayman. Men hamkorlikdagi teleko'prik tashkil etishni taklif qilaman. Masalan, Farg'ona-So'g'd, O'sh-So'g'd, Botken-So'g'd o'rtasida bo'lsin. Studiyalarimizga turli xil yosh, kasb, qarashdagi odamlarni taklif qilaylik. Ular o'z hayotlari, tashvish­lari, orzu-umidlari haqida, bizni birlashtirib turadigan qad­riyatlar to'g'risida o'ylaganlarini aytsin. Xalqimiz bir-birini yanada yaxshiroq bilishiga imkon yarataylik.

Ulukbubu Amirova, Qirg'izis­ton Respublikasi Botken viloyati, “Salam” media direktori:

— Avvalo, Farg'ona xalqaro konferensiyasini tashkil etgan viloyat hokimiyati va shaxsan Shuhrat G'aniyevga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu insonni botkenliklar tashkilotchi, ikki xalq do'stligini mus­tahkamlashga fidoyi deb biladi.

Men uch tilli gazeta tashkil etish, uni bir xil ko'rinishda tayyorlab, bir vaqtning o'zida uchta davlatda chop etishni taklif etaman. Unga har bir viloyat eng muhim yangiliklar, voqeliklar haqida fotosuratlar, maqolalar joylasin. Bu gazetani bir yilda kamida 4-6 marta chiqaraylik va unga “Vodiy” deb nom berish taklifini ilgari surmoqchiman.

Azizbek Abdullayev, “Daryo.uz” (O'zbekiston) internet sayti muxbiri:

— Rivojlangan davlatlarda asta-sekin qog'oz shaklidagi axborotdan voz kechilib, elektron shakl­dagi axborot tobora kengroq o'rin egallayapti. Jumladan, O'zbekis­tonda ham. To'g'ri, uning foydalanuvchi yoki ishtirokchisini “nazorat” qilib bo'lmas. Ba'zida axloq qoidalaridan chiqib ketadigan noma'qul satrlar, gap-so'zlar ham uchraydi. Lekin biz baribir internet maydoniga asoslangan axborot almashuvchi uch tilli sayt yaratganimiz va uni yo'lga qo'yganimiz qulay bo'ladi, deb hisoblayman.

Saidahmad Shukurov, Andijon viloyati, “Andijonnoma” gazetasi bosh muharriri:

— Biz umumiy qarashlarimiz bir-biriga yaqin xalqlar, davlatlar bo'lsak-da, o'zimizga xos jihatlarimiz, qonuniy va axloqiy me'yorlarimiz bor. Shunday ekan, o'sha o'ziga xosligimizni kengroq targ'ib qilishimiz kerak. O'shlik hamkasblarimiz bilan bu borada dastlabki qadam qo'ygan edik. Ammo izchil bo'lmadik. Konferensiyada tushundikki, barchamizda shunday istak bor ekan. Biz ijodiy aloqalarni tiklash, hamkorlikda gazeta chiqarish tarafdorimiz.

Farg'ona anjumanida olis Qo'shma Shtatlarda turib “Amerika ovozi” teleradio axborot agentligining maxsus muxbiri Navbahor Imomova videomuloqot tarzida anjuman ishtirokchilariga murojaat qilar ekan jamiyat va OAV munosabatlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritdi.

Konferensiyada O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrullo Karimov, O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o'rinbosari Jumanazar Meliqulovlar tomonidan jamiyat va ommaviy axborot vositalari munosabatlari tahlil qilindi, taklif va mulohazalar bildirildi.

— Farg'onada o'tayotgan mazkur konferensiya ishtirokchilariga biz yana bir axborot maydonini taklif etamiz, — dedi O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi direktori Sad­riddin Suyarov. — “Dunyo” aynan bugungi g'oyalarga hamohang yo'l tanlagan. Biz o'z saytimizda O'zbe­kistonni targ'ib qilish bilan birga boshqa davlat yangiliklariga ham joy beramiz.

— Jurnalistik tashkilotlar ijodiy hamkorlik tashabbuskorlari bo'lishi lozim, — dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov. — Biz bir necha xorijiy mamlakatlar Jurnalistlari uyushmalari bilan yaqin aloqalar o'rnatdik. Ammo qo'shni davlatda ijod qilayotgan hamkasblarimiz bilan ham yaqinlashishimiz kerak. Bugungi anjuman unga tomon dadil qadamdir.

Sa'dulla Hakimov xalqaro konferensiya ishtirokchisi bo'lgan Qirg'iziston, Tojikiston va yurtimizdagi bir necha faol jurnalistlarni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Faxriy yorlig'i” hamda planshetlar bilan taqdirladi.

Xalqaro konferensiyaga yakun yasar ekan, anjuman moderatori sifatida Sherzodxon Qudratxo'jayev uning ishida bildirilgan ilmiy xulosalar, amaliy takliflar albatta, hayotga tatbiq etilishiga ishonch bildirdi.

— Biz bir-birimizni sog'ingan ekanmiz, yuzma-yuz muloqot o'y-fikrlarimiz, orzu-maqsadlarimiz mushtarak ekanini ko'rsatdi,  —  dedi u.  — Bu yerda Qirg'izis­ton va Tojikis­tonda chop etiladigan o'zbek tilli nashrlar, televidenie va radio jurnalistlari nazarimda muhim masalani ko'tarishdi. Bu jurnalis­tikaga oid O'zbekistonda chop etilayotgan ilmiy-amaliy darsliklar masalasi. Men universitet rektori sifatida sizlar bilan bu borada hamkorlik qilishga, yordam ko'rsatishga tayyorman. Yaqinda jurnalis­tika masalalarini qamrab olgan o'n jildlik to'plam chop etildi. Sizlarga uni yuboramiz. Shuningdek, universitetimiz Tojikiston va Qirg'iziston yoshlarini o'qishga qabul qilishga va jurnalistlar malakasini oshirish uchun alohida guruhlar tashkil etishga tayyor.

Xalqaro konferensiya davomida ko'plab savol-javoblar, bahs-munozaralar bo'ldi. Muhimi, barchaning fikri bir to'xtamda edi — hamkorlikdagi axborot maydonini tashkil etish lozim.

Ishtirokchilar shu kuni Farg'ona shahridagi yangi ochilgan sport saroyi, Quvasoydagi “Vodiy tulporlari” ot majmuasi bilan tanishdi.

Muhammadjon Obidov,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + 6 =