BMT bosh kotibining O'zbekiston Prezidentiga maktubi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga,

Janobi Oliylari!

Global miqyosda o't ochishni to'xtatish bo'yicha men e'lon qilgan da'vatni qo'llab-quvvatlab maktub yo'llaganingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ushbu da'vat butun dunyo bo'ylab davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy she­riklar, fuqarolik jamiyati va diniy tashkilotlar rahbarlari tomonidan ijobiy qabul qilingani meni ruhlantirdi. Eng muhimi, ushbu da'vatga bir qator o'zaro nizolashayotgan tomonlar boshlang'ich ijobiy munosabat bildirdi.

Mojarolardan turli darajada jabr ko'rgan va pandemiya oldida yanada zaif bo'lib qolganlar uchun men hali ham xavotirdaman, tinch aholi, ayniqsa, xotin-qizlar, bolalar va marginal guruhlarni himoya qilish uchun barchamiz mas'ul ekanimizni hamisha ta'kid­layman. Shu munosabat bilan Siz rahbarlik qilayotgan mamlakatning mintaqada jabr ko'rgan davlatlarga, jumladan, Afg'onis­ton Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami ko'rsatish borasidagi sa'y-harakatlari uchun g'oyat minnatdorman.

Sizning Hukumatingiz tomonidan O'zbekiston Respublikasida virusning tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan, aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarini yumshatish bo'yicha ko'rilgan qat'iy choralarni yuksak baholayman. Hukumatingiz va rezident-koordinator boshchiligida BMTning Mamlakat guruhi o'rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekani meni ruhlantiradi.

BMT qarama-qarshi tomonlar ezgu niyatlari yoki o't ochishni vaqtincha to'xtatish to'g'risidagi bayonotlardan urushni yakunlashga, uzoq muddatli siyosiy yechimlar va barqaror tinch­likka erishishga o'tishiga ko'maklashish uchun barcha hukumat muassasalari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. Siz sa'y-harakatlarimizni qo'llab-quvvatlashda davom etasiz, deb umid qilaman.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida to'g'on yorilgani to'g'risidagi xabarni chuqur qayg'u bilan qabul qilganimni ta'kidlashni istardim. Uning oqibatidagi suv toshqinidan jabrlangan O'zbekiston xalqi va qo'shni Qozog'iston xalqiga hamdardlik bildiraman. Muhtoj odamlarga yordam ko'rsatishda O'zbekiston va Qozog'iston hukumatlari yaqindan hamkorlik qilayotganini yuksak baholayman.

Janobi Oliylari, Sizga bo'lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Eng ezgu tilaklar bilan,

Antoniu Guterrish,

BMT Bosh kotibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =