Yaxshidan bog' qoladi

AQShning Jorjiya shtati, Marietta shahri Xilton Drayn mahallasidagi alleya va Gollandiyaning Prishlan shahridagi HZPS firmasi etishtirgan yangi kartoshka navi o'zbek ayolining nomiga qo'yilgan.

Mening qizim Faridaxon — yetti farzandimning to'ng'ichi o'rta maktabni Oltin medal bilan tugatib O'rta Osiyo pediatriya tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent pediatriya instituti)ga o'qishga kirdi va uni bitirgach, oldin Namangan viloyati shifoxonasida bolalar shifokori, viloyat pediatriya boshqarmasi boshlig'i bo'lib ishladi. Qo'li yengil davolovchi hamda tashkilotchi sifatida tanildi.

Keyinchalik u o'z faoliyatini Toshkent shahrida davom ettirdi. U oilamizning ham “bosh shifokori”, dono maslahatgo'yi, uka-singillariga mehribon opa, oilasida suyumli beka, far­zandlariga mehribon ona edi.

Qizimning ikki o'g'li va bir qizi bo'lib, ular ham oliy ma'lumotli, yetuk insonlar bo'lib hayotga qadam qo'yishdi. Uning qizi Feruza o'z turmush o'rtog'i Sanjarbek bilan Toshkent davlat Sharqshunoslik institutini tamomlashgach, chet ellarda magistraturani bitirishdi. Internet orqali Amerika Qo'shma Shtatlarining Jorjiya shtatida o'z kasblari bo'yicha ishlashga yo'l olishdi.

Birin-ketin ikki farzandli bo'lishgach, qizim Farida nabiralariga qarashib turish uchun turmush o'rtog'i bilan Amerikaga ketishdi. Ular bilan telefonda tez-tez gaplashib turardik. Doim sog'-salomat ekanligini aytib, nabiralarining yaxshi o'sayotganligini bildirib turishardi. Nogoh…

Nogoh okean ortidan oilamiz uchun kutilmagan sovuq xabar keldi — qizimiz Faridaxon to'satdan vafot etibdi. U ikki nabirasini shahar parkida sayr qildirayotganda yurak xurujiga uchrabdi… Turgan gapki, har bir oilada yaxshi kunlar bilan og'ir damlar bo'lib turadi. O'z musibatini esa hammaga e'lon qilish unchalik to'g'ri emas.

Ammo qizimning hayoti singari uning vafoti ham ibratli kechibdi — u o'sha borgan jo­yida — uzoq Amerikada ham qo'ni-qo'shni, yaqin-atrofdagi kishilar bilan yaxshi munosabatda bo'lib, ulardan yordamini ayamagan, o'zbeklarcha ochiq ko'ngilligi, mehmondo'stligi bilan ko'pchilikning hurmatini qozona olgan ekan. U yashaydigan Marietta shahriga qarashli Xilton Drayn mahallasi aholisi qizimning vafotini eshitib qattiq qayg'urishibdi, turli millatdagi barcha uzoq-yaqin qo'ni-qo'shnilar kelishib ta'ziya izhor qilishibdi, turli xil taomlar pishirib olib chiqishibdi, ular turgan xonadon gullarga to'lib ketibdi.

Qo'ni-qo'shnilar qizimning nomini abadiylashtirishga qaror qilishibdi va mahalladagi chiroyli xiyobonlardan biriga “Alley of Farida KHudaykulova” — “Farida Xudoyqulova xiyoboni”, deb nom berishibdi. Xullas, “Yaxshidan bog' qoladi”, degan xalq maqoli hayotda isbotini topibdi…

Ha, yana bir gap: qizim Faridaning turmush o'rtog'i — Namangan viloyatining Yangiqo'rg'on tumani, Nanay qishlog'idan bo'lgan Mirzaabdukarim Ro'ziyev tadbirkor sifatida kartoshka urug'i olib kelish uchun Gollandiyaga u bilan birga borgan va o'sha yerda kartoshka urug'i yetishtiruvchi   tadbirkorlarning oilasida mehmon bo'lishgan ekan.

Ular muloqot qilgan Gollandiyaning Prishlan shahridagi HZPS (Golland Zero Potateks) firmasining xodimlari qizimning vafot etganligini eshitib qayg'urishibdi va o'zlari ishlab chiqqan yangi serhosil kartoshka naviga “Farida” nomini berishibdi. Hozir bu urug' Nanay dalalarida ekilib, mo'l-hosil olinmoqda.

Qizim vafotidan beri bir necha yil o'tdi, ammo uning xotirasi hamda borgan joyidagi odamlarning mehrlarini qozona olganligi bizni yupatib turadi.

Muxtor Xudoyqulov,

yozuvchi.

Suratda: Farida Xudoyqulova o'z nabiralari bilan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − three =