Yer bilan osmonning farqi…
Qishloqda tug'ilish ham baxt. Ammo…
Ochig'i, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Chiroqchidagi maktab holatini ko'rib yuragim ezildi. “Aybi qishloqda tug'ilganligi” bo'lgan bolalarga achindim.
Lekin shunday hikmatnoma gap ham bor. “Rim ham bir yilda qurilmagan”. Aytmoqchimanki, bugun ayrim qishloqlarda bunyod etilayotgan maktab, bog'cha yoki boshqa madaniyat o'choqlarini ko'rib, ochig'i qoyil qolasan. Biroq, ayrim qishloqlarda shart-sharoit hamon muammoligicha qolmoqda. Shunday joylarda yashaydigan odamlarning farzandlari Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, ertaga yoki uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni, barcha sharoitlarga ega maktablarda ta'lim olishni istashi tabiiy hol. Chunki ularning hammasi ham ijod maktablariga borib o'qiy olmaydi, Prezident maktablariga kirishga imkoni yo'q. Oyiga “falon million” so'm to'lab o'qitiladigan xususiy maktablarni esa orzu ham qila olmaydi.
AOKAda bo'lgan bir yig'ilishda: “Ayrim qishloq maktablarida ahvol achinarli. Biz bu yerda chet eldan o'qituvchilar olib kelinishini muhokama qilishimiz qay darajada to'g'ri?” — degan savolimizga Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov: “Ikkala islohot baravar olib boriladi. Ikkalasiga alohida byudjetdan mablag' ajratilgan. Bunda qishloq maktablari e'tibordan chetda qolmaydi. Barchasi bosqichma-bosqich jihozlanadi, ta'mirlanadi…”, — degandi.
O'zim Xatirchi tumanidanman. Tan olaman, bizda ham iste'mol suvi u yoqda tursin, hatto qo'l yuvishga ham sharoiti yo'q maktablar bor…
Qachon qishloq maktablariga ham e'tibor beramiz, axir, tumanlardagi qorako'zlar ham yaxshi sharoitda ta'lim olishga haqli-ku! Davlat byudjetidan ular ham shahar bolalari singari foydalanishga haqli emasmi? Axir ularning ham jajji yuragi shu Vatan uchun uryapti…
Ko'pgina qishloqlardagi ta'lim o'choqlari bilan, shahardagi maktablardagi shart-sharoit, imkoniyat o'rtasida yer bilan osmoncha farq bor.
Ha, to'g'ri, yuqorida aytganimizdek, yurtimizda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz maktab ta'limi, umuman, maorif sohasini isloh qilish bo'yicha juda katta vazifalarni belgilab berdi.
O'qituvchilar — bolalarga ta'lim-tarbiya berguvchi zotlar oylik maoshlarini 1000$ yetkazishimiz kerak deb kuyinayotganlarini hamma ko'rib, his qilib turibdi. So'nggi yillardagidan ko'ra o'qituvchi nufuzi ancha oshdi, maoshlari ham “chidasa bo'ladigan” miqdorga olib kelindi.
Endi ta'lim sohasida yurtimizning eng chekka hududlaridagi maktablarga yanada e'tibor kuchaytirilsa, internet tarmoqlari ham yo'lga qo'yilsa, yuz minglab qorako'zlar — Vatanimiz ertasi bo'lgan qishloq bolalarining bilim olish darajasi keskin o'zgargan bo'lardi. Bundan esa faqat shu qishloq bolalarininggina emas, hammamizning joiz bo'lsa, Vatanimizning bo'yi yanada o'sajak!
Dilobar Asliddin qizi