Yolg'onning uzun qo'llari

Hayotning past-baland nishablari, o'nqir-cho'nqir so'qmoqlari, aksariyat hollarda, insonni kurashuvchanlikka o'rgatadi. Ammo o'zing guvoh bo'lgan haqiqatlar yolg'onga qorishib ketsa, odamga alam qilarkan…

Qorovulbozor tumani Buyuk Ipak yo'li ko'chasi, 56-uyda yashovchi Temir Murodovni mahalladoshlari, hamqishloqlari uchratib qolishsa: “Ha, Temir aka, haliyam ho'kizni izlab yuribsizmi”, deyishadi yarim hazil, yarim chin aralash…

Tahririyatimizga arz bilan murojaat qilgan Temir Murodov izlayotgan haqiqat kundek ravshan bo'lsa-da, bu qing'ir ishni ichki ishlar idoralari, prokuratura, sudlar negadir ko'rmaganga olishayotganga o'xshaydi.

— Aslida hammasi oddiy, hammasi jo'n. Faqat holatni chigallashtirib jinoyatchining jazosiz qolishiga shart-sharoit yaratilayotgani og'riqli. 2018 yil oktyabr oyida Qorovulbozor tumani “Temir Murod” fermer xo'jaligada o'g'irlik sodir bo'lgani haqidagi xabar bir zumda kaftdek shaharchaga tarqaldi. Mana, ishlasa bo'larkan-ku! O'g'rilikda gumonlanayotgan Shamshod Xayriyevga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Lekin hamma yugur-yugur va sansalorlik ana shundan keyin boshlandi…

Bilibmi, bilmaymi jinoyat ko'chasiga kirgan Sh.Xayriyev “Cho'lquvar” MFYda qishloqdoshlari, mahalladoshlari oldida qilmishidan pushaymonligini, o'g'rilikni sodir etganligini bo'yniga oldi (Cho'lquvarda bo'lgan yig'ilishda olingan suratlari bor), — deydi T.Murodov.

Shundan so'ng, jinoiy ish qonuniy tartibda ko'rilayotgan, hujjatlar ham rasmiylashtirilgandi. Ammo birdan jinoyat ishi Kogon tuman IIB TB bo'limiga o'tkazildi-yu, ish ma'muriy huquqbuzarlik sifatida yopildi. Bu ishdan norozi bo'lgan Temir Murodov jinoyatchi jazosiz qolmasligi, haq o'rnida qaror topishini istab O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi kabi turli idoralarga adolat istab murojaat qila boshladi. Ayni muammoga yechim izlab “Hurriyat” gazetasiga ham murojaat etdi.

“Hurriyat” gazetasining 2019 yil 21 dekabrdagi 50-sonida “Mol o'g'risi himoyaga olindi, nega?” sarlavhasi bilan maqola chop etildi. Biroq barcha sa'y-harakatlar tuproqqa singib ketgan suvdek izsiz, javobsiz yo'qolib ketaverdi. Shikoyatchining fikricha, o'g'ri aniq, o'g'irlangan mollar soni, yetkazilgan zarar summasi aniq, biroq jazo noaniq, jinoyatchi hamon ko'cha-ko'yda “yallama yorim”, deb yuribdi.

— Gazetada tanqidiy maqola chiqqach yana jinoiy ish ochildi. Lekin biz borsak erta kel, indin kel, deb sarson qilishdi. Axiri muddati o'tdi, deb ishni yopib yuborishdi, — deydi T.Murodov.

2019 yil 25 fevralda Qorovulbozor tuman ma'muriy sudi raisi imzosi bilan berilgan xatda: “Sudlar tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishlarni ko'rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo'llashning ayrim masalalari to'g'risida”gi Oliy sud plenumiing 35-son qarori talablari haqida aytilib, surishtiruv organi tomonidan tomonlarning keltirgan vajlari to'liq o'rganilmaganligi aniqlandi, deyiladi. Xuddi shu mazmunga yaqin javob xatlar, bir qancha javob xatlar…

 

— 2020 yil 8 oktyabr kuni Respublika Bosh prokurori Nig'matilla Yo'ldoshev Romitan tumanida sayyor qabul o'tkazdi. Bordim. Ushbu masalada barcha hujjatlarimni taqdim qildim. Bosh prokuror tanishib chiqqach, viloyat prokurori o'rinbosari Xolmurod Bahronovga tanbeh berdi. “Jinoyat ishi qo'zg'atmasang o'zim jinoyat ishi ochaman”, dedi. Ammo Bosh prokuror Toshkentga ketdi-yu, viloyatdagi qonun posbonlarining va'dasi va'daligicha qoldi, — deb yozadi T.Murodov.

 

Aslida, Temir Murodovning vajlari nimadan iborat edi? Birinchidan, naslli zotdor buqani bir kishi o'g'irlab keta olmasligi, ikkinchidan o'g'rilik mollarini yuklab ketgan “Labo” avtomashinasining egasi kim? Bu masalalarga aniqlik hamon kiritilmagan. Shamshod Xayriyev hamda otasi O'ktam Xayriyevlarning qonun bilan bekinmachoq o'ynashlariga kimlar imkon yaratayapti? Bu kabi savollarga hamon javob yo'q. O'g'irlangan ho'kizdan ham darak yo'q.

Qorovulbozor tuman prokurori S.Qurbonovning 2020 yil 2 fevral, Buxoro viloyat ma'muriy sudi raisi S. Ro'ziyevning 2020 yil 21 oktyabr, viloyat prokurorining o'rinbosari R.Zayniyevning imzosi bilan shu yil 20 oktyabrdagi javob xatlari yap-yangi, lekin afsuski,   besamar.

Chunki bu javob xatlar naslli mollarni ko'paytiraman, tadbirkor bo'lib, halol ishlab el dasturxonini to'ldiraman, deb orzu qilgan Temir Murodovga nima beradi? Achinarli tomoni shunda.

Va nihoyat, jinoyatchi qilmishiga yarasha jazosini oladimi? 2018 yilda jami 13 million 120 ming so'mlik mollarni o'g'irlagan bo'lsa-da, bu holatga qonuniy baho berilmagan. Eng achinarlisi, Respublika Bosh prokurori tomonidan qo'yilgan talablar ham viloyatda bajarilmayotir. Bundan tashqari, ikki yil davomida o'z haq-huquqi himoyasida u idoradan bu idoraga yozib, sarson-sargardon bo'lgani, yo'qotilgan vaqt, buzilgan asablari uchun T.Murodov tovon pulini kimdan undiradi? Nahotki, inson huquqlari, qonun ustuvorligi singari tamoyillarga hurmat shu bo'lsa?!..

— Adolat o'rnatilmayotir. Meni ajablantirgani, nega jinoiy ish ma'muriy sudda ko'rilishi kerak? Men arzimni kimga aytay?, — deydi haqiqat yo'llarida toliqqan fermer Temir Murodov.

Mohira ShAKAROVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 1 =