Sportdagi halollik va g'irromlik

Xalqaro olimpiya qo'mitasi (XOQ) Ijroiya kengashi yaqinda bo'lgan yig'ilishida 2012 yilgi London olimpiadasining 5-o'rin sohibi Ivan Yefremovga bronza medali topshirish to'g'risida qaror chiqardi.

Ajoyib xushxabar! Biroq beixtiyor savol tug'iladi: nega bronza medali shu musobaqada 4-o'rinni egallagan andijonlik Ruslan Nuriddinovga emas, 5-o'rin egasiga berildi?

Jahondagi eng nufuzli sport tashkiloti — XOQning asosiy maqsadi musobaqalarda halol kurashni ta'minlash. Buning uchun XOQ har bir olimpiada tugagandan keyin sovrindorlar va yuqori o'rinlarni egallagan sportchilardan olingan testlarni qayta tahlildan o'tkazadi. Chunki sportda g'irromlik bilan natijalar ko'rsatishga intilayotganlar soni yil sayin oshib bormoqda. Ular musobaqalar oldidan har xil taqiqlangan biologik va kimyoviy kuchaytirgichlardan, bir so'z bilan aytganda, dopinglardan foydalanib, o'zlariga kerakli natijalarni ko'rsatmoqda.

XOQ tasarrufida 2019 yilda o'tkazilgan doping tekshiruvida London olimpiadasi og'ir atletika musobaqalarining 105 kilogrammgacha vazn toifasida g'olib chiqqan Ivan Toroxtiy taqiqlangan modda qabul qilgani aniqlandi va oltin medali qaytarib olindi. Afsuski, shu musobaqada 4-o'rinni olgan hamyurtimiz Ruslan Nuriddinov ham doping qabul qilgani aniqlangan va uning natijalari bekor qilindi. Xalqaro og'ir atletika federatsiyasi Ruslan Nuriddinov ma'lum muddatga musobaqalardan chetlatildi.

Shu bois, musobaqada 5-o'rinni olgan Ivan Yefremovga o'zidan oldingi ikki sportchi doping qabul qilgani aniqlanib, natijalari bekor etilgani uchun London olimpiadasi bronza medali topshiriladigan bo'l­di. Ya'ni, XOQ sa'y-harakati bilan sportdagi g'irromlik fosh etildi va halollik g'alaba qozondi.

London olimpiadasiga taalluqli biz uchun yana bir judayam xunuk xabar shu yil tarqaldi: olimpiadada qat­nashgan erkin kurashchilar testlari doping nazorati natijalari e'lon qilindi. Unga ko'ra, O'zbekis­ton nomidan qatnashgan erkin kurashchilar — London olimpiadasida oltin medal olgan Artur Taymazov va bronza medali bilan qaytgan Soslan Tigiyev ham doping qabul qilgan ekan va ularning natijalari bekor qilindi. Tabiiyki, HOQ ularga berilgan olimpiada medallarini qaytarib olish to'g'risida qaror chiqardi. Eng achinarlisi, bu sportchilar HOQning “qora ro'yxati”ga 2017 yilda ham tushishgandi. O'shanda Pekin olimpiadasida oltin medal olgan Artur Taymazov va kumush medal bilan taqdirlangan Soslan Tigiyevning natijalari bekor qilingandi. Ko'pchilikning yodida, olimpiadalardan g'oliblarday qaytgan bu sportchilarga yurtimizda qanday hurmat va ehtirom ko'rsatilgandi…

Yurtimizda sportchilarga yara­­tilayotgan shart-sharoit, har bir olimpiada medali uchun berilayotgan davlat mukofotlari va mashinalar xorijlik sportchilarning havasini keltirayotgani ham bor gap. Ma'lumki, Xalqaro sport federatsiyalari doping qabul qilayotgan davlat vakillarini o'zlarining tasarrufidagi musobaqalarda qatnashtirmaydi. Masalan, Bol­gariya og'ir atletikachilari ketma-ket “qo'lga tushgani uchun” Xalqaro og'ir atletika federatsiyasi ularni bir necha yilga musobaqalardan chetlatgandi. Boshqa xalqaro sport federatsiyalari ham aynan doping tufayli ayrim davlat sportchilariga shunday chora ko'rishgan. Mutasaddilarimiz bundan keyin halol kurashni umrining mazmuni, deb bilgan sportchilarimizning aybsiz aybdor bo'lib, dunyoning eng nufuzli musobaqalaridan mahrum etilmasligi uchun qat'iy chora-tadbirlar ko'rishlari kerak.

Xullas, XOQ tasarrufida o'tgan doping nazoratlariga ko'ra, yurtimiz olimpiada medallari g'aznasiga bitta bronza medali qo'shildi. Ammo ikkita oltin, bitta kumush va bitta bronza medallari qaytarib olindi. Bu mutasaddilarimizga keyingi olimpiada va nufuzli musobaqalarga boradigan sportchilarimizni qayta-qayta doping nazoratidan o'tkazish vazifasini yuklaydi. Aniqrog'i, sportimizdagi g'irromlik kasalini batamom davolash uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlagan “Halollik vaksinasi” bilan sport ahlini ham emlash kerakka o'xshaydi. Shunda sportimizda halol mehnat, halol raqobat, halol kurash qaror topadi.

To'g'ri, sportchilarning xalqimizga, davlatimizga beradigan asosiy mahsuloti — olimpiada medallari hisob­lanadi. Negaki, olimpiada medallari soni va salmog'iga qarab, mamlakat sportiga xalqaro miqyosda baho beriladi. G'irromlik bilan medal olib kelish esa sportimiz kelajagiga soya soladi. Bilamiz, Olimp cho'qqisiga ko'tarilish oson emas. Lekin dehqon mahsuloti — meva-sabzavotni yetishtirish ham, rassom mahsuloti — badiiy asarni yaratish ham yengil ish emas. Ular o'z mahsulotlarini halol mehnatlari evaziga xalqimizga yetkazib berayapti, buning uchun hech qaysisi mukofot va mashina ta'ma qilishayotgani yo'q. Yurt o'g'loni ana shunday bo'ladi.

Chunki, dehqon mahsulotini yetkazish uchun o'z mablag'ini sarflaydi, bor kuchi, bilim va tajribasini safarbar etib, yil bo'yi halol mehnat qiladi. Rassom ham kerakli bo'yoq va xomashyoni o'z puliga sotib olib, kecha-kunduz izlanadi va yillar davomida o'z badiiy asarini yaratadi. Sportchining umr yo'li esa shunday — o'quvchilik davrida davlat mablag'iga qurilgan sport maydonlarida shug'ullanadi, o'smirligida davlat mab­lag'iga bunyod etilgan sport inshootlarida davlat maosh beradigan murabbiylar qo'l ostida mahoratini oshiradi, keyin davlat mab­lag'i evaziga tashkil etiladigan o'quv-mashg'ulot yig'inlarida tayyorgarlik ko'radi, so'ngra davlat mablag'iga musobaqalarga boradi. Shunday ekan, sportchi sifatida ulg'ayib, kamolga yetib, xalqimiz oldidagi vazifasini bajarishi, ya'ni o'zining asosiy mahsuloti olimpiada medallarini olib kelishi zarur.

Sport odamda vatanparvarlik fazilatini tarbiyalaydi. Agar sportchiga mukofot va mashina berilmasa medal ololmaydi, deb o'ylasangiz xato qilasiz. Agar chindan ham shunday bo'lsa, mukofot berish haqida emas, sportchilarning vatanparvar­lik tuyg'usini tarbiya­lash to'g'risida jiddiy bosh qotirish kerak emasmikan?! Masalan, norve­giyalik sportchilar 2018 yilda bo'lgan Pxyonchxan qishki olimpiadasida yuqori natijalarga erishsa ham davlat tomonidan mukofot berilmasligini yaxshi bilishardi. Lekin Norvegiya sportchilari o'z g'ururi, Vatan sha'ni uchun musobaqalarda halol kurashdi va Pxyonchxan olimpiadasida 14 oltin, 14 kumush, 11 bronza medallarini qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egallashdi.

Birni ko'rib fikr qil, birni ko'rib shukr, deya bejiz aytishmagan. Biz ham olimpiadalar chog'ida Norvegiya tajribasini qo'llab ko'raylik. Ishonchim komil, yurtimizda jonajon O'zbekistonimiz oldidagi muqaddas burchini halol bajaradigan vatanparvar sportchilarimiz ko'p. Ular halol kurashda olimpiada medallarini olishga, Vatanimizni dunyoga mashhur qilishga qodirlar. Zotan, sportchi uchun Vatan sha'n-shavkatini oshirishdan ortiq baxt yo'q.

Asror MO'MIN,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + sixteen =