“Hammaning o'z dardi bor…” yoxud “mardikor bozori”dan reportaj

Forslarning bir ajoyib hajviyasi bor: kechasi osmonni bulutlar qoplagan payti ikki sarhush odam yo'lovchining oldidan chiqishibdi. Ikkalasi uning bilaklaridan mahkam siqib, “Osmonda nimaga oy ko'rinmayapti?” — deb holi joniga qo'ymapti. Shunda haligi yo'lovchi bulardan oson qutilishni o'ylab, “Bilmasam, men bu yerlik emasman”, — degan ekan. Bu matalni bekorga eslamadik. Atrofimizda yuzini bulutlar to'sgan oyga o'xshab borligi sezilmay turgan muammolar talaygina. Lekin biz bu muammolardan “Bu yerlik emasman”, — deb qutilib ketolmaymiz-da.

Poytaxtimizdagi Qo'yliq va Chorsu bozori atroflari, Ibn Sino massivi. Bu joylar nimani yodingizga tushirdi. Ha, angladingiz, chamasi: MARDIKOR BOZORLARI. Agar mabodo orangizda birortangiz psixolog bo'lsangiz-u, kuzatish uchun sizga hayotdan, jamiyatdan, insonlardan, o'zidan norozi, alamzada, jinoyatga moyil odamlar kerak bo'lsa, to'ppa-to'g'ri o'sha joylarga boravering. Keragicha topasiz. Axloqsizlari ham talaygina. Tunov kuni Chorsu atrofidagi mardikor bozoriga biz ham bordik. Bilasizmi, qanday tuyuldi: u tomonlarda dunyoning rangi xuddi eski zamonlarning fotosuratlari kabi oq-qora. Yoshlar, o'rta yoshlilar, katta yoshlilar, erkaklar, ayollar, qizlar… Yo'q, bu joyda ular jinsu yoshga qarab tasniflanmaydi, hammasining nomi bir — mardikor. To'p-to'p bo'lib turgan erkaklarning orasida guruh-guruh bo'lib turgan ayollarni ko'rib, bu ham “gender tengligining bir ko'rinishi” bo'lsa kerak-da, degan fikr o'tdi xayolimizdan.

Bir kasallikka davo topish uchun, avvalo, uning kelib chiqish sababini o'rganish kerak, deyishadi. Shu o'y bilan u yerdagi uch-to'rt kishi bilan suhbatlashishga urindik.

Tabiiyki, ko'pchiligi buni istashmadi, yomon-yomon qarashdi. “Men ishlashga chiqqanman, sen bilan gap sotib o'tirgani emas”, —deganlar ham; “Sen bilan gaplashsam, menga falon so'm berarmiding?” — deguvchilar ham bo'ldi.

Lekin ayrimlari istamaygina bo'lsa-da biz bilan suhbatlashdi.

Muhammadali USMONOV:

— Qashqadaryodanman, Kitobdan. Yoshim yigirma beshda. 11-sinfni bitirganimdan keyin 3 yil jismoniy tarbiya yo'nalishi bo'yicha o'qishga hujjat topshirdim. Lekin imtihonlardan o'tolmaganman. Aslida imtihonlarga tayyorlanmagandim ham, u yoq-bu yoqda ishlab yurardim. Qabul boshlanganda borib hujjatimni topshirib kelardim, xolos. Oldin “Inter injinering” firmasida oddiy ishchi bo'lib ishlaganman. Undan keyin yana bitta tashkilotga haydovchi bo'lib yollandim. Bir oy o'tar-o'tmas, korxona tugatildi. Mart oyida Sho'rtan gaz kimyo majmuasida “Taraqqiyot injinering” korxonasi ishga taklif qildi. Shartnomaga ko'ra, bir oyda 22 kun ishlab, 8 kun dam olishimiz kerak edi. Lekin biz 27-kun ishlayotgandik. Keyin karantin boshlandi. “Oyliklaringizni to'g'irlab beramiz”, — deb, jo'natib yuborishdi. Lekin haligacha o'sha oylikdan darak yo'q. To'g'risi, Kitob tumanidan ish qidirmaganman. Toshkentda ko'proq yurganim uchun shu yerga keldim. Bola-chaqamni boqishim kerak, shu yerga chiqishga majburman. Ikki-uch kundan beri chiqib kun bo'yi turaman, ish yo'q. Yangi yil bayramiga quruq qo'l bilan bormayman-ku, nimadir qilishim kerak… Bu yerdan ishga chiqsam, masalan, ba'zan bir kunda 100 ming so'm topaman. Ba'zan yeb-ichishga yetadigan pul topishim mumkin. Bir xil payti kvartira (ijara) puli chiqsa ham, shukr, deymiz.

Ikkinchi suhbatdoshimiz ismini oshkor qilishni istamadi:

—  Yoshim o'ttizda, surxondaryolikman. Besh-olti yildan beri shu mardikor bozorida turib, ish topib ishlayman. Avval o'zimizni viloyatda “Temirbeton” zavodda ishlaganman. Borib-borib oylik kamayib ketdi, 400 ming so'mga tushib qoldi. Bu yerda payvandlash (svarka), og'ir yuklarni ortish ishlari bo'lsa, boryapman. To'g'risi, shunaqa ishlar qilib, oyiga 4-5 million so'm pul topyapman. 400 ming so'm oylikka ishlab yurgandan ko'ra o'n marta yaxshi-da. Maoshi yaxshi bo'lganida, muntazam oylikli joylarda ishlashga yo'q demagan bo'lardim. Bundan tashqari, bir-ikkita ish so'rab borgan joylarimizda qulog'imizga “lag'mon osib” yuborishgan. Qishloqda uyim bor, yerim bor, issiqxonachalar qurganman. Baribir, pul orttirolmayapman.

Diyor QORABOYEV:

— 18 yoshdaman. Pul kerak bo'lgani uchun shu yerga chiqib, ish qidiraman. Mehribonlik uyidan chiqqanman. Musiqa maktabini bitirganman. Gitara chalishni ham bilaman. Bir nechta san'atkorlarning oldiga borganimda, “Pul kerak”, deyishgan. Maktabda o'qiyotgan paytimda olimpiadalarga chiqqanman, diplomlarim ham bor. “O'zbekkonsert” (“O'zbekkonsert” davlat muassasasi)ga bordim, “Diplomlaringni Sirdaryodan registratsiya qildirib kel”,   deyishgan.

Hozir shu yerda yuribman. Ofitsiantlik yoki shunga o'xshash yumushlar chiqsa, ishlagani boraman. Karvon ko'p, rizqi bo'lak, deyishadi-ku, nasibamizni terib yuribmiz-da.

Murat HABIBULIN:

— Men umuman mardikor bozorlari haqida aytmoqchiman. Ibn Sino massividagi mardikor bozorni oladigan bo'lsak, u yerda odamlar ham, mashinalar ham ko'p. Avtohalokat xavfi juda katta. U yerda kimnidir mashina urib yuborsa, hech kim javob bermaydi. Piyodalar uchun yo'lak bor, lekin mashinalar bunga qarab o'tirmaydi. Ibn Sinodagi mardikor bozoriga ikki mingga yaqin odam chiqadi. Ancha-muncha talabalar ham bo'ladi, balki yarmidir. 60 yoshgacha bo'lgan odamlar bor. Xullas, mardikor bozori uchun birorta joy qilib berishsa, deyman. Bizga o'xshaganlar ko'chada yoyilib turmasdik.

O'zini tanitishni istamagan yana bir suhbatdoshimizning aytganlariga e'tibor qiling-a:

— Men suvoqchiman. To'g'risi, ko'plab qurilish tashkilotlari ishchilarni aldaydi. Boshida “Falon so'm oylik beramiz”, — deb, yaxshigina maosh taklif qilishadi, borib ishlaysiz. So'ng qilgan ishingizdan ayb topa boshlashadi. Masalan, mening suvoqlarimning ustiga chizib tashlashadi “Bo'lmaydi”, — deb. Yana suvaysiz. Oxirida “Sening ishing yaxshi chiqmadi”, — deb oylikdan kesib qolaveradi. Keyin ishlagingiz keladimi o'sha joyda? Yo'q, ko'nglingiz soviydi. Kimdan so'rasangiz, so'rang, ishchilar prorablarga ishonishmaydi. O'zim ham shuning uchun oylikli ishlarda ishlagandan ko'ra, shu yerga chiqib ish topishni ma'qul ko'raman. Birgina Chorsuga kuniga 400–500 nafar odam ish qidirib chiqadi, 100ga yaqini ayollar. Hozir bu yerda ishga ketganlardan tashqari yurganlarni ko'ryapsiz.

Ergash SAFARBOYEV:

— Men ko'p yillardan beri Samarqanddagi, Toshkentdagi mardikor bozorlariga chiqib ish topaman. Kimdir unday, kimdir bunday kun ko'radi-da. Halol mehnatim evaziga pul topyapman. Lekin bir-ikki muammolar haqida aytmoqchiman. Avvallari Samarqandda militsiya xodimlari mardikor bozorida yig'ilgan odamlarni majburan avtobuslarga tiqib, paxta terishga majburlab olib ketardi. Xo'p, hozir bunday hollar kamaygan. Lekin baribir mardikor bozordagi odamlarni tarqatishga urinishadi, quvlashadi.

Bir nechta erkaklar bilan gaplashganimizdan so'ng ayollarga yuzlandik. Ammo ularning deyarli hech qaysisi bizning savollarimizga javob berishni istashmadi. Gulandom TOYIROVA esa bundan mustasno:

— 34 yoshdaman, Qashqadaryodan kelib ishlayman. Turmush o'rtog'im vafot etgan. Onamning uyiga sig'mayapman, ularga ham og'irligim tushishini istamayman. Qashqadaryoda mahallaga, xotin-qizlar bilan ishlash muassasalariga murojaat qilganman. Yordam qilishmagan, desam, yolg'on bo'ladi. Sabr qil, deyishgan. Karantin paytida oziq-ovqat, pul berib turishdi. Lekin ish topishga yordam berisholmadi. Bandlikka ko'maklashish markaziga ham borgandim. 400 ming oylik to'laydigan joydan ish topib berishdi. Unaqa pul bilan yashab bo'ladimi, hozir?

Maktabni bitirgandan keyin PMKda ishlaganman, qora mehnat qilganman. Keyinchalik Toshkentdagi mardikor bozorlarga chiqadigan bo'ldim. Bu yerdagi ayollarning hammasining o'z dardi bor. 40-50 yoshli xotinlar ham, 20 yoshli qizlar ham bor. Bu yerda ham har doim ish topilavermaydi. Ba'zan ijaraga pul topolmasam, Qashqadaryoga qaytishga majbur bo'laman.

Birorta yaxshiroq oylik beradigan ish bo'lsa, oshpazlikmi, farroshlikmi qilib, yaxshi ishlashni xohlayman.

Biz bilan suhbatlashishdan bosh tortgan kishilardan buning sababini so'raganimizda, “Biz gapirganimizning, sizlar yozganingizning nima foydasi bor? Baribir natija bo'lmaydi, hech narsa o'zgarmaydi…” — deyishdi.

18 yoshli Diyor Qoraboyev haqida alohida to'xtalmasak, bo'lmaydi. Biz o'sha atrofda bo'lganimiz bir soatdan ziyod vaqt davomida bu yigit ikki-uchta sigaretani chekib bitirishga ulgurdi. Yigitchaning maqol qo'shib gapirishidan gapga chechanligi bilinib turardi. Rus tilida ham binoyidekkina gaplasha olarkan. Rossiyaga ketganimda kerak bo'ladi, deb o'rganib qo'ygandir-da. E'tibor qaratgan jihatimiz shu bo'ldiki, u o'zining aytishiga ko'ra, “detdom”dan chiqqan. Va bizda shunday savol paydo bo'ldi: Bolalar uyidan yetishib chiqayotganlarning keyingi hayotlari qanday belgilanadi?!

Murat ismli suhbatdoshimizning aytishicha, mardikor bozoriga chiqayotganlarning anchagina qismini talabalar tashkil qilarkan. Shunday ekanini o'zimiz ham bilamiz, aslida. Mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish, malakali kadrlar, o'z kasbining ustasi bo'lgan mutaxassislarni yetishtirish, ta'lim sohasini isloh qilish haqida gapirmagan kunimiz yo'q-ku. Lekin nega talabalar ish izlab mardikor bozorlariga chiqishi kerak?! Ular kunlik pul topish uchun kafe-restoranlarda, qurilishlarda, birovlarning uyida ishlab yurishi kerak.

Biror mashina kelib, ishchi olib ketmoqchi bo'lsa, tumonat odam uning atrofini o'rab olib “Nima ish, meni olib keting, aka, meni”, — deyayotganini ko'rishingiz mumkin. Hamma mardikor bozorlarida ham ahvol shunday. Rosti gap, ularning o'zlarida ham katta-katta kamchiliklar bor. O'qishga yoki hunar o'rganishga e'tibor qaratishmagan; ba'zilari nosog'lom oilaviy muhitdan yetishib chiqqan. Bularni tan olmasak, noxolislik qilgan bo'lamiz.

Ergash Safarboyev kabi suhbatdoshimizning arzlari ham o'rinli albatta. Lekin har joydan kelgan har turli odamlar to'planadigan yerlarda turli mojarolar, kutilmagan xavflar chiqib qolishi turgan gap. Ichki ishlar xodimlarining xavotiri, ularni tartibga solishi, tarqatishga urinishi o'rinlimi? Ehtimol. Biroq mardikor bozorlarida yig'iladiganlarga ish kerak, elda ham ularning xizmatiga ehtiyoj bor. Shuning uchun ularning faoliyatini qonuniy, oddiy va sodda tartibda rasmiylashtirib qo'yish kerak emasmikan?

Xullas, mardikor bozorlari, u yerlarga yig'iladigan ishsiz odamlar, ularni u yerga chiqishga majbur qilgan sabablar… Bularning bari mamlakatimizning imijiga aks ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Buning bosh sababi esa, shubhasiz, ishsizlikdir. Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz oilasi, bola-chaqasini boqish uchun chet ellarda ishlab yurgani sir emas. Mardikor bozorlaridagi holat esa mamlakatimiz ichkarisida. Albatta, bu muammolar birdaniga yoki bir-ikki yil ichida to'planib qolgan emas. Bu uzoq vaqt davomida qanchadan-qancha ish o'rinlari faqat qog'ozlarda yaratilganligining hosilasidir.

So'nggi 3-4 yilda yurtimizda ko'plab katta-kichik korxonalar ishga tushirildi. Tadbirkorlik qo'llab-quvvatlanmoqda. Lekin… odamlarga ro'zg'orini bemalol tebratishga yetadigan maoshli ish kerak. Eng katta muammo va og'riqli masala shu. Qolaversa, mardikor bozorlari faqat poytaxtimizda emas, viloyat, shahar va tumanlarimizda ham mavjud. Ish yo'q, yetishmayapti, odamlar esa yashashi kerak.

Ushbu maqola yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi biror jo'yali taklif beradi, degan umiddamiz.

Shahzod ShODMONOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =