Ichimizda yashayotgan “vahima”

Yaqinda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari Davlat soliq qo'mitasi bilan hamkorlikda mahallalarda davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini o'rganish bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan tadbirlar rejasini ishlab chiqildi. Albatta, hech bir ish sababsiz bo'lmaydi…

Bir kuni Toshkent shahridagi oliy o'quv yurtini tamomlagan akamiz nolib qoldi: “Institutni tugatib, Toshkent shahrida ishga qoladigan bo'ldim. Qaysi idoraga bormayin rus tilini bilasizmi, deb so'rashdi. Rus tilida so'zlasha olaman, lekin…   desam, yo'q, biz sizni ishga ololmaymiz, deyishadi. Shu-shu bir yilcha ovora bo'lib yurdim, yana tug'ilgan qishlog'imga qaytganman”…

Bu eski gap dersiz, ammo biron-bir hujjatni tayyorlashda yoki ba'zi fanlarga oid ilmiy ishlarni rus tiliga tarjima qildirish shartligi uchun katta-katta domlalarning tarjimon qidirib yurganligiga ko'pchiligimiz guvohmiz.

Qizig'i, mustaqilligimiz sabab, imkoniyatimiz keng bo'lishiga qaramay, o'z tilimizdan foydalanish, uni amalda qo'llashga yo o'zimizda hafsala yetmaydi, yo ishtiyoqimiz ancha sust. Boisi nima ekan?

Mana misol, “Yaqinda bir yig'ilishda, — deb gap boshladi tanishim, — zalga 50-60 chog'li odam to'plangan, majlisni olib boruvchi so'zining boshida o'zbekcha gapira bosh­ladi. Shu payt zaldan bir kishi “Na russkom pojaluysta, yesli mojno”, deb qoldi. Boshqaruvchi xuddi ayb ish qilgandek, qo'lini ko'ksiga qo'yib, bukilib, uzr so'rab: “Kak skajete”, dedi-da, bilsa-bilmasa, qiynalib, “chaparastasiga” ruscha gapira ketdi. Zal to'la o'zbek angraygancha qoldi. So'ng bir pasda g'ala-g'ovur bosh­landi: “Chorsuda tillo arzon ekan”, “Vay rostdanmi, Oloyda rosa qimmat-ey”, qabilida.

Tashkilotchilar shuncha odamni nimaga chaqirdi? Anavi ma'ruzachi nima deb gapirdi o'zi, hech kim tushunmadi. Ataylab kuzatdim, hatto o'sha o'ris ham eshitmadi, g'avg'oga qo'shilib ketdi.

“Aka, bu yog'i qanaqa bo'ldi endi, o'zbekcha gapiraversangiz bo'larkan”, desam yonimdagi kishi sekin turtib: “Ha, qo'yavering, sizga nima”, dedi.

Odamga alam qiladigani, nahotki ma'naviy saviyamiz kun sayin o'tmaslashib borayapti, hali ham boshimizda “senzura” borday, darrov yon bosamiz, go'yo o'zimizni bilimdon qilib ko'rsatib maqtansak martabamiz o'sib qoladigandek, yana atrofga ko'kragimizni ko'tarib qarab qo'yamiz”.

— Gap tushunishda emas, g'ururimiz qayda qoldi, — deb davom etadi, suhbatdoshim bezovtalanib. — Nega biz begonalarni doim tushunamiz-u, ular bizni tushunishmaydi. O'sha odam men bir o'zimman, bular ko'pchilik, desa bo'lardi. Bu tilimizga, xalqimizga bepisandlik emasmi?!

— Yo'q, bepisandlik emas, — deb tushuntira boshladim. — Chunki u o'z murojaatida “Agar mumkin bo'lsa”, degan jumlani qo'shib so'rapti. Bu xohlasang o'z tilingda gapiraver, men qarshi emasman degani. Shuning uchun uni ayblashga haqqimiz yo'q, — dedim.

Aytmoqchi bo'lganim, ayb o'zimizda, ichimizda. Avvalo, rus tilini o'zimiz chala bilamiz, so'zni to'liq anglab yetmaymiz, shunday ekan, yana kimni aybdor qilish kerak…

Keling, yana bir misol, bugun ko'pchiligimiz yo'l yoqalari, oshxona-yu savdo shaxobchalari va maishiy xizmat maskanlari peshtoqlariga turfa ranglarda, o'zi ham tushunmaydigan ajnabiy tilda atama nomlarni yozdirib, bezab tashladi. Go'yo endi do'konini xaridor bosib ketadigandek, g'oz yurish qilib keladi, g'oz yurish qilib ketadi. Bu ham mayli. Otang o'zbek, onang o'zbek bo'lsa, tiling o'zbekchada chiqqan bo'lsa, buning ustiga O'zbekistonda yashasang, senga nima zaril tiling o'tmaydigan ajnabiy nomni? — desang miq etmaydi.

Aytishingiz mumkin, “ular xususiy”, deb, ammo Vatan tuyg'usi-chi, uni o'zimiz shakllantirmasak, bizga chetdan kelib kim shakllantirib beradi? Til xalqniki, millatniki, davlat tili maqomini oldi, endi ayting-chi, yashab turgan uyimiz tagidan suv sizib chiqsa, uning chiqayotgan jo­yi­ni bekitmagunimizcha to'xtaydimi? Albatta, yo'q. Uyni o'pirmaguncha to'xtamaydi. Demak, zarba joyiga urilmas ekan, kuchimiz pashsha o'ldirishga sarf bo'laveradi.

Bundan tashqari, bir oylik kuzatishlarim shuni ko'rsatdiki, vazirlikda tayyorlanayotgan xat-hujjatlar, ma'lumotnoma va boshqa yozishmalarda uchrayotgan xato­liklar aksariyati shaklan bir-biriga o'xshash ekan.

Idoralararo yozishmalar bir vaqtlar rus tilida yozilgan xatlardan tarjima qilingan namunalar asosida shakllangan qoida bo'yicha yozilmoqda. Masalan, birinchi jumla shunday boshlanadi: “Vashe pismo izuchen v ministerstve…” vazirlik nomi yoziladi. O'zbekcha shakli “Sizning xatingiz falon vazirlikda, vazirligida yoki vazirlik tomonidan o'rganib chiqildi”.

Vazirlikda yoki vazirligida, de­yilsa, vazirlikning jonsiz ot ekanligidan ma'nosi sezilmaydi. Ammo vazirligi tomonidan deyilsa, juda xunuk. Axir qanday qilib vazirlik o'rganib chiqadi. Uni mas­'ul xodimlar o'rganib chiqishi kerak-ku? Shuning uchun xatlarda vazirlikning mas­'ul xodimlari degan ikkita so'zni qo'shish, zarur emas — shart.

Bundan tashqari, “Mы etot proekt podderjivaem i pritenzii ne imeem”ning o'zbekcha shakli: “Biz loyihani qo'llab-quvvatlaymiz va e'tirozimiz yo'qligini ma'lum qilamiz”. Qo'llab-quvvatlaydigan bo'lsangiz e'tirozni qayd etishga qanday hojat yoki zarurat bor. Axir bu gap mantiqqa zid-ku!

Aslida bunday mazmundagi javobning o'zi hurmatsizlik. Yana kimdir bosh qotirib, mehnat qilib, bir hujjat tayyorlagandan keyin fikr bering, desayu javob yuqoridagi mazmunda bo'lsa, bu birgalikda qilinadigan ishga befarq munosabatni, o'zaro hamkorlikka loqaydlikni bildiradi, xolos.

Agar shu javobni: “Biz loyihani qo'llab-quvvatlaymiz, idoramizga yuklatilgan vazifalarni hamkorlikda bajarishga tayyormiz”, deb yozsak, qo'llab-quvvatlashimizga hamohang tarzda tashabbusni rag'batlantirgan bo'lamiz.

Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda: “Har birimiz davlat tiliga bo'lgan e'tiborni mustaqillikka bo'lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”. Bu so'zlarni ongimizga shior, qalbimizga malham qilib olsak, albatta, shifo o'z-­o'zidan keladi. Eng muhimi, ana shunda ko'zlagan maqsadimizga erishamiz.

 

Shuhrat RO'ZIYEV,

Respublika Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash

vazirining Ma'naviy-ma'rifiy ishlar

samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi

qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash

masalalari bo'yicha maslahatchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − three =