Orzulari bir olam qizim

O'shanda Toshkentda oliy o'quv yurtida o'qitishga imkoniyatimiz bo'lgani, Sariosiyodan Dushanbegacha bo'lgan masofa bor-yo'g'i oltmish uch chaqirimligini inobatga olib, qizimizni uyimizga yaqinroq degan maqsadda o'qishga qo'ygandik. Payti kelib, u yaqin yo'l bizga qanchalar uzoqlashgani haqida sira o'ylamagan ekanmiz.

Qizimiz Xurshida Karimova 1988 yilda tug'ilgan. 2007-2012 yillar Tojikiston davlat pedagogika universitetining boshlang'ich ta'limi sohasida tahsil oldi. Universitetni bitirib bor-yo'g'i ikki yil Sariosiyo tumanidagi 73-umumta'lim maktabida dars berdi.

Xurshida maktabni a'lo baholar bilan tugatgandi. U bir dunyo kitoblarni mutolaa qilgan, orzulari bir olam. Uning orzularini biz barbod qildik. Tojikistonda o'qish unga bu qadar qimmatga tushishini qaydan ham bilibmiz? Mana, o'qishni bitirganiga ham sakkiz yil bo'libdiki, u hanuz bekor yuribdi. Uch nafar farzandi bor. Peshonasida “Tojikistonda o'qigansan…” degan tamg'asi bor. Hali-hanuz o'z sohasida ishlayolmay yuribdi.

Biz esa qilgan ishimizdan ming pushaymon bo'lib, dardimizni ichimizga yutib yuribmiz. Qizimizning ko'zlariga tik qarolmaymiz. Uning diplomini nastrifikatsiya qilish Bobotog'ni qulatish bilan barobar bo'layapti. Shu o'rinda, Shayx Sa'diy hazratlarining quyidagi misralari yodimga tushdi:

Odam ahli bitta tanning a'zosidir,

Bir gavhardan yaratilgan ziyosidir.

Zarracha dard zabt aylasa agar tanni,

Halovatin yo'qotadi u badanni.

Gar birovlar azobidan chekmasang g'am,

Unda noming atalmagay aslo Odam.

Xayriyatki, bugun boshimizda inson manfaatlariga adolat bilan qaraydigan odil Yurtboshimiz bor. U kishi juda ko'p noodilliklarga chek qo'yib, o'z xalqini himoyasiga oldi. O'zbekistonda bilim olish uchun behisob yangiliklar yaratildi. Bugun kitob o'qigan yoshlarimiz davlatimiz rahbarining cheksiz rag'batlarini olishga erishmoqda. Lekin mening qizim hanuz allaqanday tushunmovchiliklar girdobida qolib yuribdi. Ikki marta test topshirdi. Birinchi marta 52 ball, ikkinchi marta esa 20 ball yig'ishga erishdi. Bu deganim ikki bor ham to'lov qilib komissiyaning “sirli” imtihonlaridan o'tolmadi degani.

Xo'sh, bu gaplarni nega bunchalik kuyinib yozayapsiz deya o'ylarsiz. Chindan ham balki bu so'zlarimning kimgadir ahamiyati yo'qdek tuyular. Ammo bu yerda birgina mening qizim emas, chetda bilim olgan ko'plab insonlar taqdiri yotgani ham sir emas.

Sababi Test markazi tomonidan tuzilgan test savollari haddan tashqari “havolab” ketgan. Men bu borada ularning “donishmand”ligiga hayron qolaman.

Meni o'ylantirayotgan savollar haqida yozayotib elda: “Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin”, degan maqol qanchalar topib aytilganiga yana bir bor amin bo'ldim. Muhtaram Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda: “Elning xizmatini halol bajarib, xalqning duosini olgan inson hech qachon kam bo'lmaydi”. So'zimni muxtasar qilib aytmoqchi bo'lganim, bilimi bor insonlarni sarsonu sargardon qilgandan ko'ra, ularning bilimidan foydanilsa, nur ustiga nur bo'lardi…

AXTAMQULI,

“Tong yulduzi” gazetasi bo'lim mudiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =