Olmaliqda shunday gaplar
Ma'lumki, Olmaliq shahrining hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Usmon Rahimov shaharda to'planib qolgan bir qator muammolar, uning ustiga o'g'lining xurmacha qiliqlari sabab ishdan olinib, o'rniga Qobil Hamdamov tayinlangan edi. Ayni paytda hududda qish mavsumida aholiga namunali kommunal xizmati ko'rsatish maqsadida qilinayotgan ishlar, mavsumga tayyorgarlik jarayonlari, yechimini topmayotgan masalalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Olmaliq shahrida bo'ldik.
Hokimlikda nima ayb?
Ma'lumotlarga ko'ra, shahardagi 38 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining moliyaviy holati tahlil qilinib, “yaxshi” (yashil), “o'rta” (sariq) va “og'ir” (qizil) toifalarga ajratilgan. O'rganish jarayonida shirkatlarning tijorat banklaridan 13 milliard 200 million so'mdan ziyod miqdorda qarzi borligi ko'rinib qoldi. Shirkatlarga aholidan yiliga 7 milliard so'm atrofida badal to'lovlari yig'iladi. Demak, shirkatlar kreditorlik qarzlaridan roppa-rosa ikki yilda qutilishi mumkin ekan…
Shahar hokimining joriy yil 25 sentyabrdagi qaroriga asosan, 38 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tugatilib, ular 5 ta MChJ shaklidagi “Boshqaruv servis kompaniyalari”ga aylantirilgan. Qobil Hamdamov hokim lavozimiga tayinlanganidan so'ng, ishni og'ir ahvoldagi shirkatlarga qarashli 355 ta ko'p qavatli uylarni boshqaruv servis kompaniyalariga biriktirishdan boshladi.
Shahar hokimining ta'kidlashicha, shirkatlar banklardan har yili umumiy hisobda 1 milliard so'm atrofida kredit olib kelgan. Qizig'i, shirkatlar aholidan yiliga 7 milliard so'm miqdorida yig'ilgan pul haqida hech kimga hisobot taqdim etmagan. “Aholining arzini eshitmagan, fuqarolar shirkatlar ishlamayapti”, deb nolishadi. Hokimlikni aybdor qiladi. Hokimlikning bu yerda nima aybi bor? Axir, shirkat raisini odamlarning o'zlari tanlamaganmi?” — deydi shahar hokimi.
Albatta, olingan kredit mablag'lari qaytarilmagach, tijorat banklari ham shirkatlarga kredit ajratishni to'xtatgan. So'ngra noilojlikdan shirkatlar va banklar o'zaro kelishib, uch tomonlama shartnoma tuzishgan. Uchinchi vakil yangitdan tashkil etilgan “Boshqaruv servis kompaniya”si barcha qarzlarni to'lashni o'z bo'yniga olibdi. Endi to'lovlar haqida hisobot berishni unutib qo'yishmasa bo'lgani…
“Oylik yo'q, bizni “rozi qilishadi”…
Yuqoridagi ma'lumotlarni olgach shaharda tashkil etilgan “Olmaliq kommunal servis” MChJ boshqaruv servis kompaniyasi (BSK) faoliyati bilan tanishdik. Kompaniya ish boshqaruvchisi Larisa Lemdasovaning aytishicha, tashkilotda 20 nafar kishi ishlar ekan, xodimlardan Yashnar Qahhorov suhbatga qo'shildi: “Kompaniya yaqinda tashkil etilganligi bois, xodimlar hali sinov muddatida ishlashyapti. Kompaniya rahbarlari qarindoshim bo'lgani uchun, maosh o'rniga mehnatimga yarasha “rozi qilish” sharti bilan ishga olinganman”, dedi Ya.Qahhorov.
— BSKda santexnik-chilangarlik vazifasini bajaraman. Bizda aniq ish vaqti belgilanmagan. Chaqiruv qo'ng'irog'iga qarab, shikoyat tushgan xonadonga yetib boramiz. Maosh qiladigan ishimizga qarab beriladi. To'g'ri, kompaniya faoliyati hali tizimli ravishda yo'lga qo'yilmaganligi sabab, bizga aniq ish haqi belgilanmagan, — deydi Abdurashid Qodirov.
Ana xolos, “rozi qilish sharti” — yangi tartib o'rnatilibdimi?!
“Sizni orqa tarafdan olib kelishdi…”
Shundan so'ng, kompaniya bir haftadan buyon xizmat ko'rsatayotgan Abdulla Qahhor nomli mahallaga yo'l oldik. Fuqarolar bilan bevosita suhbatlashib, mahalladagi muammo va kamchiliklar, eng muhimi, BSK tashkil etilganiga munosabatini o'rgandik.
— BSK ishlayapti. Shirkatdagilar ishlamas edi. BSK hali “yangi” bo'lgani uchun navbatma-navbat hamma xonadonlarni ta'mirdan chiqarishyapti. Oldin 30-uydagi eski isitish tizimlarini ta'mirlashdi, yaqinda yerto'lalardagi chiqindilarni tozalashdi. Hozir uydan “klapa” (o'rin kana)lar yo'qolgan, — deydi shu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri Iroda Yo'ldosheva.
Atrofimizda odam to'plana boshladi. Ayrim fuqarolar mahalladoshining fikriga e'tiroz bildirib, yillar davomida yechim topmay kelayotgan qator muammolar haqida kuyunib gapirdi:
Mavluda Xoljigitova:
— Bizda isitish tizimi, issiq suv muammosi necha yillardan buyon yechim topmay keladi. Tegishli idoralarga arz ham qilganmiz. Natija yo'q. Jo'mrakdan issiq suv kelishi uchun kamida uch-to'rt chelak suv behuda oqadi. Nega bunaqa, deb so'rasak, “bilmaymiz”, deyishadi. Har oy nafaqamdan kommunal to'lovlariga pul to'layman. Qarzdorligim yo'q. Lekin isitish tizimi talabga javob bermaydi, qish yaqin, uylarimiz esa sovuq. Uy ichida ham qalin kiyimlarda yuramiz.
Nodira Ortiqova:
— Sizlarni orqa tarafdagi asfalt ko'chadan olib kelishibdi. Bizda asosiy muammo yo'l! Olmaliq aholisining ko'pi navbatchilik asosida shahar hududida joylashgan kombinatda ishlashadi. Ertalab tong sahar ishga ketib, qorong'ida uyga qaytamiz. Yo'llarga chiroq o'rnatilmagan. Yomg'ir yog'sa, ko'chalarda suv daryo bo'lib oqadi. Yurib bo'lmaydi! Rahbarlar sizni aldashibdi. Hatto mahallamiz BSKga o'tganidan ham bizning xabarimiz yo'q. Bir hafta oldin mahallamizda yashaydigan Rahim aka (“Sihat-salomatlik-stroy” boshqaruv servisi rahbari) kelib, “mahalla obodonchiligiga yana o'zim bosh-qosh bo'laman”, degandi. Qarasak, boshqa servisga topshirishibdi. Shu mahallada 11 yildan beri yashab kelaman, bu yangi tashkilot va uning ish boshqaruvchisi Larisa Lemdasovani umuman tanimayman.
Ko'rinib turibdiki, shahar hokimligi vakillarining gapi boshqa, shahar aholisining gapi boshqacha. Haqiqatan ham ko'chalarga chiroq o'rnatilmagan, ko'p qavatli uylarning ko'pi qarovsiz ahvolda. Albatta, hokim yangi, ishni endi boshladi. Ammo shirkatmi yo BSKmi, har qalay eskitdan mavjud. O'rin almashish faqat qarzdorlikni yopish uchun qilingan emasdir?
Ko'p qavatli uylarning ba'zilariga kirib, bir xonadon qo'ng'irog'ini bosdik.
— Kam ta'minlanganlar qolib, o'ziga to'q oilalarga yordam berishadi. O'g'lim, turmush o'rtog'im hech qaerda ishlamaydi. O'zim yollanma mavsumiy ishlar qilaman. Ko'mak so'rab hokimlik va boshqa tegishli idoralarga bordim, natija bo'lmadi. Kommunal muammolar bo'yicha murojaat qilmagan idoramiz qolmagan, foydasi yo'q. Rahbarlar bizning gapimizni inobatga olishmaydi. Kimni saylashyapti, kim saylanayapti, hech kim bilmaydi, chunki mahalladagilar saylovlarda ishtirok etmaydi. To'g'rirog'i, taklif etilmaydi. 5-6 nafar odamni yig'ib, o'zlari saylashadi. Aslida, mana bu kompaniya rahbariyati ham aholining yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanishi kerakmasmi? — deydi xonadon egasi Nazira Nishonova.
“Hududgaz Toshkent” gaz ta'minoti filiali tasarrufidagi “Olmaliq shahargaz” ta'minoti bo'limi, shahar elektr ta'minoti korxonasi va “Issiqlik manbai” MChJdan olingan ma'lumotlarga ko'ra, shahar aholisi tomonidan kommunal to'lovlarning vaqtida to'lanishi bo'yicha viloyatda eng namunali 10 ta hududga kiritilgan ekan. Ular kommunal to'lovlarni oyma-oy, eng muhimi, o'z vaqtida to'lashadi. Unday bo'lsa, shirkatdagi qarzdorlik qaerdan kelib chiqdi ekan? Odamlarning pullari…
Rostdanam bizni “orqa eshik”dan olib kelishibdi, shekilli…
“Yozing-da, shuni!”
Yana shahar hokimiga uchradik. Aholi barcha kommunal to'lovlarni o'z vaqtida to'lasak ham na shirkat va na boshqaruv servis kompaniyasi qoniqarli ishlamayapti, deb shikoyat qilishdi, bunga munosabatingiz qanday?
— Muammoni o'rgandingizmi, yozing-da endi shuni! OAVda e'lon qilinsin, siz muammoni ko'tarib chiqsangiz, keyin bular hal qilinadi. Biz, albatta, har bir masalani o'rganib, bu bo'yicha dastur va “yo'l xarita”si ishlab chiqyapmiz. Axir, yillar davomida yig'ilib qolgan ishni bir kunda hal qilib bo'lmaydi. Chunki bunga milliard-milliard mablag' kerak. Bosqichma-bosqich mahalliy byudjetdan sohaga mablag' ajratamiz, davlat byudjetidan ajratilgan mablag'ni maqsadli va manzilli ravishda yo'naltiramiz, keyin ehtimol 6 oy yoki bir yildan so'ng holat yaxshilanib qolar, — deya javob berdi shahar hokimi.
Abdulaziz AHMEDOV