Ma'naviyatdan yuz o'girasizmi?

2019 yilning avgust oyida (unda hali pandemiya yo'q edi) taxminan yuz kishilik jamoada bayramga bag'ish­lab umumxalq xayriya hashari e'lon qilindi. Ishonsangiz, bu an'anaviy tadbirga bor-yo'g'i… 5 kishi chiqdi.

Qolganlar dam olish kunini ishxonada o'tkazishni ma'qul ko'rishmadi. Hasharga kelmaganlardan so'radik: “Kecha nega umumxalq hashariga kelmadingiz?”. Javob bir xil bo'ldi: “Siz hashar haqidagi e'lonni oxirigacha o'qimadingizmi? U yerda “Hasharga chiqish ixtiyoriy”, deb yozilgan. Shuning uchun … ”

Mana sizga birgina “ixtiyoriy” so'zining sharofati. Ba'zilar ixtiyoriy tushunchasini demokratiya alomati deb ham tushunishadi.

Bir suhbatdoshimizdan so'radik: “Siz nega gazeta yoki jurnalga obuna bo'lmadingiz?” Javobi ham tayyor ekan: “Axir obuna ixtiyoriy-ku”. Ana xolos. Shuning uchun ba'zi ziyolilar o'zini o'ta madaniyatli, yuqori darajada fikrlovchi sifatida ko'rsatish uchun “Gazeta o'qimaganimga ancha vaqt bo'ldi”, deyishar ekan-da.

Gazetadan yuz o'girish — ma'naviyatdan yuz o'girish emasmi?! Matbuotdan uzoqlashish — atrofda ro'y berayotgan hayotdan nari ketish emasmi?!

Axborot va ommaviy kommunika­siyalar agentligi ayni obuna mavsumida bir bayonot bilan chiqdi: “Biz majburiy obunaga qarshimiz!”. Xuddi “Biz alkogol ichimliklar iste'mol qilishga va tamaki chekishga qarshimiz”, degan ohangda!

Majburiy, zo'rma-zo'raki obunaga biz ham qarshimiz. Lekin boyagi bayonot ixtiyoriy obunaning ham yo'liga to'siq bo'lgandi-da! Axborot va ommaviy kommunikatsiya rivojlanishini xohlaysizmi? Unday bo'lsa ixtiyoriy obunani targ'ib qiling. Xalqqa uning ahamiyatini tushuntiring. Kim nima desa desin, men davriy nashrlar obunasiga targ'ibot orqali, tushuntirish orqali erishiladi, deb hisoblayman. Agar shunday qilinmasa, ixtiyoriy so'zining yuqorida aytilgan natijasini olaverasiz.

Osiyo qit'asida joylashgan Yaponiyani olaylik. Bu mamlakatni tartib-intizom o'lkasi deyish mumkin. Bir yili sunami degan balo-qazo yopirildi. Hamma joy vayron bo'ldi. Ahvolni ko'rgan kuzatuvchilar endi yana 30 yilda ham o'nglanmasa kerak, deb o'ylashdi. FIFA qaror qabul qildi: Yaponiyada o'tkazilishi mo'ljallangan ayollar futboli bo'yicha jahon chem­pionati O'zbekistonga ko'chiriladi. Yaponlar qisqa muddatda sunami oqibatlarini bartaraf etishdi. Ko'p o'tmasdan aytishdiki, xalqaro musobaqani o'zimiz o'tkazamiz. Qoyil. Mana buni vatanparvarlik desa bo'ladi.

Koronavirus pandemiyasi davrida ham Yaponiya barchaga namuna bo'ldi. Yevropada taraqqiy etgan mamlakatlarning aholisi bepisandlik bilan karantin qoidalariga amal qilmagan davrda yaponlar masalaga jiddiy yondashib, virusdan nisbatan kam zarar ko'rishdi. Prezidentimiz O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan marosimda shunday misol keltirdilar. Dunyoda axborot texnologiyalari yuksak darajada rivojlangan Yaponiyada millionlab nusxada gazetalar chop etilayotibdi. To'g'ri-da, gazetaning inson hayotida o'z o'rni bor.

Bizda ba'zi “peshqadam” fikrlovchi rahbarlar internet orqali axborot olamiz, degan gapni aytishdi. Eh-he, yurtimizning hamma joyida muttasil elektr ta'minoti bormi, bo'lganda ham ko'p joylarda “wi-fi” o'rnatilmagan. Kattagina vazirlik bultur shu masalada ustoz jurnalistni sudga bermoqchi bo'ldi. Yo'q, sanoqli kunlar qolganda jur'at qilisholmadimi, sudga berilgan da'vo qaytarib olindi. Lekin shuncha gapdan keyin ham o'sha vazirlikda matbuotga munosabat ijobiy tomonga o'zgarmasdan kelmoqda.

Qiziq, biror joyda obuna yaxshi yo'lga qo'yilsa, bu xabarni favqulodda hodisa sifatida qabul qilishadi. Nima emish, majburiy obunani fosh qilish kerak. Kim hammasi o'z-­o'zidan amalga oshaveradi, deb o'ylasa adashadi.

Mehnat munosabatlari borasida “O'z-o'zini band qilish” degan tushuncha bor. Shu band bo'yicha muayyan hududda shuncha kishi ishli bo'ldi, deb hisob berishadi. Bunga qanday erishdingiz, deb so'rasangiz, soliq idorasi xodimi aholi bilan uchrashuvlarda o'z-o'zini band qilish afzalliklari haqida targ'ibot natijasida deb aytishadi. Umuman, xalq xo'jaligining juda ko'p jabhalarida turli uchrashuvlarda muayyan sohalarning afzal­liklari haqida   tushuntirish, izohlash kerak bo'ladi. Jurnalistlar ham matbuot nashrining ahamiyati to'g'risida targ'ibot olib borsa nimasi yomon?

Ushbu yilning 19 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha videoselektor yig'ilishida Prezidentimiz ayrim nashrlar obunasi nochorligi uchun o'quvchisiga yetib bormayotganligini ta'kidlab, ularni yetkazish choralarini ko'rish zarurligini uqtirdi.

Biz, jurnalistlar aytayotgan gapimiz imkon qadar ko'proq gazetxonga yetib borishiga, aynan gazeta sahifasida odamlarning dil so'zlari chop etilishiga intilamiz. Bunga tashkiliy ishlar orqali erishish mumkin. Kelgusida gazeta sahifalarida qanday mavzular yoritilishi haqida so'zlab berish uchun jonli muloqotlar o'tkaziladi. Tadbir yakunida gazetaga obuna bo'lishni tavsiya etamiz. Agar shuni “majburiy obuna” deb tushunsangiz, tag'in ham o'zingiz bilasiz.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 12 =