Erkinlikka kim loyiq?

Xitoy davlati Kanadadan havo sotib olayotgan ekan. Eshitdingizmi? Bu xabarni o'qidimu, yurtimizdagi ayrim davlat idoralariga Finlyandiya, Shveysariya va Norvegiya “ob-havo”sidan olib kelishning imkoni bormikan, deb o'ylab qoldim. To'g'ri-da, inson zoti hamisha erkin, o'zi sevgan mashg'ulotiga hech kim halal bermaydigan joyni qo'msab, orzu qilib yashaydi. Xuddi xitoyliklar kabi bizning ruhimiz ham “toza havo”ga doimo muhtojlik sezadi…

Ma'lumotlarga ko'ra, Buyuk Britaniyada davlat ishida ishlovchi insonlar haftasiga 48 soatdan ko'p ishlashi taqiqlangan. Albatta, shifokor, neft-gaz kabi ayrim sohalar bundan mustasno. Bu kasb egalarining ish tartibi qog'ozda emas, amalda navbatchilik asosida tashkil etiladi. Vaholanki, kuch-quvvat va shijoatingiz “ko'pirib” turgan bo'lsa-da, haftasiga belgilangan miqdordan ko'p ishlay olmaysiz. Yo'qsa, bu “qilmish”ingiz uchun jarima to'lashingiz mumkin. Xodimlarning ish vaqtiga maxsus tashkilotlar, ayniqsa, sog'liqni saqlash vazirligi nihoyatda jiddiy qaraydi.

Savol tug'iladi, xo'sh, bizda-chi? Hammani qo'ya turing, davlat xizmatchilari, rasmiy idoralar vakillari haftasiga necha soat ishlaydi?

Ish vaqti — bu odamning ish grafigi yoki mehnat intizomi doirasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun ishxonada o'tkazgan vaqtidir. Ish kuni tushunchasi vaqt chegarasini bildiradi va bu paytda xodim sababsiz ish joyi­dan ajralmasligi kerak.

O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 115-moddasiga ko'ra, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo'lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida xodimning mehnat jarayoni 7 soatdan, besh kunlik ish haftasida esa 8 soatdan oshmasligi lozim…

Inson qaysi sohada ishlasa, u o'sha kasbni sevadi. Ishini yaxshi ko'rgan odam aslo mehnat qilmaydi, shunchaki sevimli mashg'uloti bilan shug'ullanadi. Qilayotgan ishingizdan zavq olmayapsizmi, ishxonaga kelib-ketish uchun haydovchi, maxsus xizmat mashinasi, qo'yingchi, qanday tezyurar transport berilgan bo'lmasin, u yerga oyog'ingiz tortmaydi. Hafta boshida yakshanbani, ertalab bo'lsa ish vaqti tugashini kutasiz, lahza sanab umringiz o'tadi.

Gohida kechasi yarim tunda ham bir qancha rasmiy idora, hokimlik, vazirliklarning xona chirog'i yongan holda, xodimlar “sermalanib” yurgani, qog'oz-qalam va hujjatlarni ko'tarib u eshikdan bu eshikka bosh suqayotganini ko'rasiz. Mehnat kodeksining 125-moddasiga muvofiq, ish beruvchi har bir xodimning ishlagan ish vaqtini, jumladan, ish vaqtidan tashqari ishlagan vaqtini ham aniq hisobga olib borishi shart. Bu odamlarning rahbari qonunda ko'zda tutilgan tartibga amal qiladimi-yo'qmi, menga qorong'i.

Qaysidir chet el nashrida O'zbekistonda davlat xizmatchilari kuniga 15 soatdan va dam olish kunisiz ishlashayotgani, natijada ularda charchoq va stress kuchliligi, o'zbek amaldorlari uchrashuvlar paytida uxlab qolishlari haqidagi maqolaga ko'zim tushgandi. Axir, xodimlar robot emas, odam-ku, nega ishdan o'z vaqtida, ya'ni soat 18:00 da ketsang, kamida boshing baloga qolishi, hayfsan olishing yoki ishdan haydalishing kerak?

Odam mehnatiga yarasha maosh olmasa, olayotgan maoshiga yarasha mehnat qila boshlaydi, degan gap bor. Ish vaqtini jamlab hisobga olish Mehnat kodeksining 123-moddasiga ko'ra amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, xodimni sakkiz soatdan ortiq ishlatish mumkin emas. Bu mehnatga majburlash hisoblanadi va aybdor shaxslar ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan javobgarlikka tortiladi.

Ish hajmining ortishi yoki muhim topshiriqlar ijrosini kechiktirib bo'lmasligini inobatga olib, ish beruvchi asosiy ish vaqtidan tashqari qo'shimcha ish vaqtida ham xodimning roziligi bilan uni ishga jalb qilishi mumkin. Bunda xodimga qo'shimcha ishlagan ish vaqti uchun ikki hissa ish haqi to'lanadi. Bu vaqt qonun hujjatlariga muvofiq yiliga 120 soatdan oshmasligi kerak.

Bu borada istisno holatlar ham mavjud. Masalan, ichki ishlar xodimi oilasi bilan sayr qilib yurganida, ko'z o'ngida jinoyat sodir etilayotgan bo'lsa, mening ish vaqtim tugagan, deya ko'z yumib ketolmaydi. Yoki shifokorni oling. Ish vaqti tugagani uchun kimdir o'lim bilan kurashayotganini ko'rsa, uni e'tiborsiz tashlab ketishi nafaqat qonunga, balki insoniylikka ham ziddir. Jumladan, matbuot xodimlarini ham gazeta chiqadigan(verstka) kuni soat 18:00 bo'ldi, deya ish endi avjiga chiqqan paytda tahririyatni tashlab, uyiga ketishini aqlga sig'dirib bo'lmaydi. Jurnalistlar kunu-tun yangilik axtaradi, joylarga borib, surishtiruvlar o'tkazadi. Ma'lumotlarni to'plab bo'lganidan so'ng, kerak bo'lsa, uyida ham chala qolgan ishini davom ettiradi. O'qituvchilar ham xuddi shunday. Hamisha keyingi darsda mavzuni qay tariqa qiziqarli o'tish haqida bosh qotirib yuradi…

Mehnat kodeksining 118-moddasiga muvofiq, yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo'riqish, asab tangligi bilan bog'liq, ya'ni alohida tusga ega bo'lgan ishlardagi ayrim toifa vakillari uchun ish vaqtining muddati haftasiga o'ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanishi kerak, nazarimizda.

Aslida, xodimni ortiqcha ishlatish uning ma'naviy va jismoniy haqini o'g'irlash bilan birga ish samaradorligi pasayishiga ham sabab bo'ladi. Haddan tashqari ko'p ishlash kadrlar sifati va ish unumdorligiga jiddiy putur yetkazadi, ish vaqtidan tashqari ortiqcha sarflanayotgan resurslar davlatga zarar keltiradi. Shuning uchun Germaniya­da dastlab XX asrning boshlarida Zeys fabrikalarida 8 soatlik ish rejimiga o'tilgan. Fransiyada esa 1836 yilda 40 soatlik ish haftasi to'g'risidagi ilk qonun hujjati tayyorlangan. Rossiyada 8 soatlik ish kuni 1917 yilda Oktyabr inqilobidan keyin joriy etilgan. Bu davlatlar fuqarolari 8 soat ish, 8 soat uyqu va 8 soat dam olish tamoyili asosida mehnat qiladi.

Rivojlangan mamlakatlarda odamlar haftasiga 40 soat ishlaydi. Ular uchun bu odatiy holdir. Agar ish beruvchi undan 50 soat ishlashini so'rasa, xodim kelgusi haftada 30 soat, ya'ni odatdagidan 10 soat kam ishlashga haqqi bor.

Bizda esa, ko'p hollarda, otalar kun bo'yi ishda, hatto dam olish kunlari ham farzandining tarbiyasi bilan shug'ullana olmaydi. Natijada yoshlarning o'qishi, ma'naviyati, saviyasi pasayib ketyapti, deya ayyu­hannos solib yuraveramiz. Bolalarimiz yaqinlaridan ko'rmagan e'tiborni virtual olamdan izlaydi va aksariyati turli oqimlarga qo'shilib ketmasligiga ham hech kim javob berolmaydi. Jamiyatga bir nazar soling, ajrimlar soni kun sayin ko'paymoqda, xiyonat oddiy hol bo'lib qoldi, oilalarda tushunmovchilik, urush-janjallar soni ham ortib ketgan… Chunki oila boshlig'i kun bo'yi ishda, yaqinlariga vaqt ajrata olmaydi, uning ishi hamma narsadan ustun!

Darvoqe, bir-ikki yil avval O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu borada qat'iy bir ish boshlagan edi. Ya'ni, vazirlik mas'ul xodimlari turli idora va tashkilotlarda ish vaqtiga qat'iy amal qilishni nazorat qila bosh­lagandi. Mehnat qonunchiligiga amal qilmagan idoralarga chora ko'rila boshlagandi ham. Bilasizmi, shunda aksariyat davlat muassasalari mehnat qonunchiligiga rioya etish masalasida ancha “tartib”ga kelib qolgandiyam! Demak, baribir nazorat kerak ekan-da!

Lekin nima bo'ldi-yu, mehnat qonunchiligini muhofaza qiladigan vazirlik va uning quyi tuzilmalari yana jim bo'lib ketishdi. “E, bilganlaringni qilinglar-e!”, deyishdimi?

Aslida mehnat huquqlari yetarlicha ta'minlanmagan jamiyatning rivojlanishi qiyin. O'ylab ko'ring-chi, nega ko'pchilik odamlarimiz oylik ta'til(otpuska)ga DAM OLIShGA EMAS, balki DAVOLANISh uchun chiqishadi? Qachongacha uyqusirab, sillangiz qurib yurasiz? Qachon o'z qadringizni bilasiz? Zero, nemis adibi Gyote aytganidek, go'zal hayot va erkinlikka har kuni ular uchun kurashuvchi odamgina loyiqdir. Unutmang, o'zgarish uchun xohish kerak, kelasi dushanba yoki kelasi oyning boshi emas.

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 17 =