Qaydasiz, Ergash aka?
Qirqinchi yillarning narisida Andijonda bir chol o'g'il uylantiribdi. Kampiri o'lib ketgan, ota-bola ikkov yashasharkan. To'ydan ikki-uch kun o'tgach, kelin uydan chiqib, mundoq qarasa, katta yer o'rtasida oriq bir sigir yog'och qoziqqa bog'lanib turibdi, ustidan oftob o'tsa ham, yomg'ir yog'sa ham yotar-turar joyi shu ekan. Hushi kelsa, kimdir xashak tashlab qo'yar, mo'rab jonga tekkanida bir chelak suv berib o'tarkan.
Kuyovboladan so'rabdi:
— Nega anov sigir yerning o'rtasiga bog'lab qo'yilgan?
— Turadi-da, joyi o'sha, — debdi eri.
Oilaning ahvoli nochor, cholning egnidagi to'n necha joyidan yamalgan, kalishining tumshug'i yirtilgan ekan. Yoz o'tib, kuz kelibdi.
Bir kuni chol allaqaysi qarindoshining uyiga ketib, ertasi qaytib kelsa, sigir o'rtadan olinib, bir chetga yangi yasalgan oxur yoniga bog'lanibdi, ustida — eski shiferlardan yamab-yasqab bo'lsa ham, boshpana. Ertasiga qarasa, kelin-kuyov ikkisi tunda shuncha katta yerni belkurak bilan ag'darib, chopib chiqishibdi, necha yillardan beri to'dalanib yotgan mol go'ngi tuproqqa aralashib o'g'it bo'lib ketibdi. Chol ajablanibdi, ammo indamay qo'yaqolibdi.
Qishning o'rtarog'ida kelin qaynotasidan iltimos qilibdi:
— Dada, mana uch so'm pul — tuman markaziga borganingizda muzqaymoq sotadigan opaga bersangiz, uch yuzta qog'ozstakan beradi, har bittasi bir tiyindan, shuni opkelib bering.
— Nima qilasiz, muncha qog'ozstakanni, qizim?
— Dada, keyin aytaman, bir ish bor, — debdi kelinposhsha kulimsirab.
Chol bir-biriga kiydirilgan shuncha qog'ozstakanni belbog'iga tugib, opkelibdi. Kelin esa eri ishdan qaytgach, yaxshi o'g'itlangan mayin tuproqni shu qog'ozstakanlarga solishga undabdi, o'zi ikki oylar avval yetilib pishgan pomidor urug'larini yuvib quritib qo'ygan ekan, har uyaga bittadan urug' tashlab, suv quyibdi, iliqqina uyga opkirib, tokchaga terib chiqishibdi.
Endi buyog'ini so'rang. Ilk bahor uy ichida pomidor ko'karib chiqibdi, odamlar bozordan nihol sotib ola boshlagan mahal bularniki qog'ozstakanda turganicha gulga kiribdi. Kelin-kuyov boyagi shudgor yerni yana chopib, egat olib qo'yishgan ekan, havo iliganda nihollarni ekishibdi — qog'ozi namda chirib, o'ziga o'g'it bo'lib ketaveribdi. Boshqalarning ekini gulga kirganda bularniki shig'il g'o'ralabdi. O'sha yili hammadan avval bozorga pomidor chiqarishibdi, go'ng bilan semirib yotgan yer emasmi, kunora yashik-yashik qip-qizil pomidor terib olishaveribdi — chol bechora pomidor sota-sota charchablar ketibdi, qo'li pul ko'rib, choponi yangilanibdi, yaraqlagan mahsi-kalishlar, desangiz. Avval choyxonaga kirib bir choynak choy chaqirishga holi yo'q odam, endi teng-to'shlarini mehmon qilayotib, nolirkan: “E, kelin tushmagur chatoq ekan, pamildori sotaverib, charchablar ketdim…”
Yaqinlarimiz kelin tushirsa, “qadami qutlug' kelsin”, deb duo qilamiz. Poyqadam o'z-o'zidan baraka keltira bermaydi, uning uchun odam hafsalali, ishning ko'zini biladigan bo'lishi kerak, albatta. Boyagi kelin ana shunaqa oltin yombisi bo'lib chiqqan ekan-da. Yaxshi kelinlar ko'p, mehnatkash kuyovlar ham oz emas, lekin ishning ko'zini bilish bir boshqa. Ketmon chopgan hamma ham dehqon emas, qishloqda yashagan har kishi mirishkor bo'lavermaydi.
* * *
Yodingizda bo'lsa, Asqad Muxtorning “Chinor” romanida Ergash degan do'lvor bir yigit bor. U tog'dagi bog'-rog'larga ko'milgan Sumbultomchi qishlog'ida o'sib-ulg'aygan. Raykom kotibi Orif aka uni shaharda, ko'chama-ko'cha aylanib yurganini ko'rib qoladi. Qarasa, qo'lida tokqaychi, “Vinagrat chekanka!” (“Uzumingizni xomtok qilib beraman!”) deb baqirib yuribdi. “Nima gap, Ergash? — deb so'raydi Orif aka. — Toklarga kul (sho'r) tushyapti, aka, — deydi yigit. — Xomtok qilmasa, hammayoqni bosib ketadi”.
Ergash o'ziga g'alati bir ish topib olibdi: kim xizmat haqqini bersa — olib, bermasa — savob deya, hovlima-hovli tok xomtok qilib, kasallikning oldini olib yurarkan. Ergash shunaqa mirishkorki, u butagan tok shig'il hosilga kiradi, “Ishkomda tug'ilib, chaylada katta bo'lgan bu istarali yigit sohibkorlikni o'n besh yoshidayoq egallab, san'at darajasiga ko'targan edi… U parvarish qilgan bog'larda sentyabr oylari ishkomda barg ko'rinmas, shig'il husayni, har boshi naq bir savat bo'lardi. Har donasi qahrabodek sap-sariq, beg'ubor, quyosh botganda ichida cho'g' yonib turganday ko'rinar edi…”
* * *
Men bir o'tli-shudli dehqon qizni, bir qo'ligul bog'bon yigitni esga olib o'tdim. Bundaylar har bir qishloqda topiladi.
Lekin e birodari aziz, Siz o'zingiz uzumni xomtok qila olasizmi? O'rik yo olmangizni kallaklashga chog'lanar ekansiz, qaysi shoxni kesish, qaysi novdani qoldirishni bilasizmi? Hovlingizdagi ikki sotixgina yerga har yili pomidor qadaysiz, ko'karishga ko'karadi, ammo to'rttagina yetilib pishgan pomidorni bozordan olib kelasiz, to'g'rimi?
O'zbekistondagi 34 millionli aholining yarmidan ko'pi qishloqlarda yashaydi. Qishloqdami, demak, ozmi-ko'pmi, tomorqasi bor. Aksar shaharliklar ham hovlida turadi. Demak, o'zbek xalqining asosiy istiqomatgohi — hovli.
Endi, yigirma milliondan ziyod odam hovlida yashaydi, deb o'rtacha hisob-kitob qilsak va har bir hovlida besh-olti kishi yashaydi, deb chamalasak ham, mamlakatimizda kamida uch, uch yarim million hovli bor bo'lib chiqadi. Buning ichida o'n-o'n besh sotixli, goho undan ham kattaroq tomorqasi bor xonadonlar bor. Mayli, eng ozini olaylik — har bir hovli uch-to'rt sotix ekin yeriga ega bo'la qolsin. O'shanda, buncha hovlida o'n-o'n ikki million sotix ekinzor borligi ayon bo'ladi. Bu esa yuz-yuz yigirma ming gektar ekin yeri demak. Yer bo'lganida ham, xo'p parvarishlangan, bodomday toshi ham qoldirmay terilgan, yaxshi o'g'itlangan, chuqur ag'darilgan.
Endi, o'zbek borki, hovlisiga ikki tup tok qadaydi, o'rik, anjiru anor, nok, shotut, olma ekadi. Xontaxtaday joyni ham bo'sh qoldirmay, pomidor, bulg'or qalampir undirish payida bo'ladi. Axir, o'z yeringda, o'z qo'ling bilan yetishtirgan noz-ne'matning ta'mi boshqacha-da! Shapaloqday yer qolsa, kashnichu, rayhonu jambil, o'sma sepamiz. Ekig'siz maydonni ko'rsak, “er uvol bo'pti”, deb achinamiz.
Biroq undan oladigan, to'g'rirog'i, olayotgan hosilimiz-chi? Hammayam yeridan yaxshi foydalana oladimi?
Yo'q. Chunki mirishkorlik suyak surib, otadan bolaga meros qoladigan narsa emas. Har kim boshqalardan o'rganib, bu hunarning hadisini oladi.
Qolaversa, barimiz ishli odammiz. Birimiz sartarosh, yana birov traktorchi. Birov buxgalter, birov savdogar. O'z hunarimizni miridan-sirigacha bilib olgan bo'lsak-da, anov masalada no'noqmiz — hatto xomtok qilishni ham eplayolmaymiz. Bor baraka, deya kesib-butab tashlay bersak, har yilgi ozgina hosil ham yo'qqa chiqishi tayin. Nima qilsak bo'ladi? Noiloj, qo'shniga yuzlanamiz, aka, shunga bir qarab bering, iltimos…
Axir qo'shni — agronom. Biroq u kishi paxtaga agronom, uzum yoki olmaga emas. Qo'shni bechora ham, boshini qashib, bilganicha ish qiladi, natijasi esa boyagiday.
Oqibat, har o'n xonadonning to'qqizi yaxshi unum olmaydi, yer beti ko'karib turadi, bitta-ikkita daraxtni aytmasa, qolganlaridan foyda bo'lmaydi. Holbuki, agar hosil yaxshi bo'lsa, ana shu uch-to'rt sotixli yer bitta xonadonni yil bo'yi boqadi, qolmishiga bir-ikki qo'y, besh-o'n tovuqqa ham rizq unadi. Mutaxassislar Husayn Karimov va Hamro Ortiqov “Bog'bonnoma” risolasida yozishlaricha, bir qarich yer (20 x 20 sm.)dan 2 kg. piyoz, yo 2 kg. kartoshka, yoki 2 kg. sabzi olish mumkin. 6 kg. pomidor, yoki 8 kg. bodring undirsa bo'ladi. Ammo ko'pchilik shuning o'ndan birini ham ololmaydi-ku!
Albatta, hovlisidagi ekin yerni chamanday qilib qo'ygan, daraxtlarida choynakday-choynakday behi va olma osilib turgan mirishkor yurtdoshlarimiz bor. Og'ilida tuyaday-tuyaday novvoslar boqayotgan uddaburonlar ham topiladi. Hamma havas qiladi, ulardan sal-pal o'rganib, o'z hovlisida unnab yotganlar ham bisyor. Ammo nima qilaylikki, ko'pchilik o'z yeridan yaxshi foydalana olmaydi. Chunki hamma ham uquvli emas, vaqti ham yo'q.
Nima qilish kerak, kurs ochib, odamlarga agronomlikni, veterinarlik, entomologlikni o'rgatamizmi? Foydasi biz kutganchalik bo'larmikin?
Masalan, men bunga umid qilmayman. Chunki ishdan charchab kelgan odam “aqliy shturm”dan ko'ra televizorni afzal ko'radi. Matbuot sahifalarida, televidenieda beriladigan “mirishkor huzurida” kabi narsalarning ham nafi oz. Ko'rasiz, ammo ertasiga yodingizdan chiqib ketadi.
O'zbekistonni jannatmonand yurt deymiz. Alqaganimizcha bor. Har bir xonadon o'z yeridan unumli foydalansa, ehtiyojini qondiribgina qolmay, yana shuncha ne'matni xorijga sotishni ham bemalol uddalasa bo'ladi. Xitoyliklar qilyapti-ku. Buning uchun olma yoki bodringga shira tushmasligi, yer zaxkash yo oriq bo'lmasligi… kerak.
Holbuki, yana aytaman, ko'pchilik anor pishganda yorilib ketishining oldini olish tugul, piyozga qachon suv quyish kerakligini ham bilmaydi.
Chorasiz… deysizmi?
Hozir bozor iqtisodiyoti zamoni. Hech kim hovlingizga kelib, mol-qo'ylaringizni tekin davolamaydi, quruq rahmatga tovuqlaringizga ukol qilmaydi, olmangizni butab, anjiringizni ko'mib bermaydi. Hatto jiyaningiz bo'lsa ham. Chunki o'zining boshqa ishlari qolib ketadi.
Siz pulini berishga rozisiz, biroq mirishkor odamni topish mushkul. Mana, men ustaman bunaqa ishga, degan odamga esa ishonib bo'lmaydi. Axir, oddiygina qo'y junini olishga ham asbob-uskuna lozim. Hammasini sotib ola berasiz, ammo uquv-chi? Buyoqda hali dov-daraxt, ekin-tikin…
Taklifimiz — har bir tumanda bir necha soha bo'yicha ustalar brigadasi tuzish kerak. Texnikasi bilan kelib, yeringizni chopib, egat olib beradigan, kerakli o'g'itlarni opkelib, zarur miqdorda soladigan, daraxtlarga shakl berishu qaysi yerga qanday daraxt niholini o'tqazish, uzumga so'ritok qurishu uni xomtok qilish, zararkunanda hasharotlarga qarshi dori purkash, mol-qo'ylarning o'sib ketgan tuyog'ini ziyon yetkazmay kesish, kanasini tushirib, kasalliklarini davolash, naslini yaxshilash… chunki har bir xonadonda bunday ish-yumushlar son-sanoqsiz.
To'rt sotixgina yerimiz oriqmi yo semizmi — bilmaymiz, uning ishqori kammi yo kislotasi ko'pmi — aniqlay olmaymiz, nima solsak, tobiga keladi, unga nima ekkan ma'qulu nima unmasligidan g'ofilmiz axir.
Biz uyimizni ta'mirlashga usta chaqiramiz, quduq qazdiramiz, olifta ko'katlarni ektiramiz, ammo mol-holga qarashga, daraxtu ekinlarimizni parvarish qilishga kelganda odam topish qiyin. Chunki zootexnik yo bog'bonlar bugungi kunda ming afsuski, “Chinor” romanidagi Ergash do'lvorga o'xshab “Vinograd chekanka!” deya ko'chada chaqirib yurmaydi. Yodingizda bo'lsa, ilgarigi vaqtlarda singan derazaga oyna soladigan, chinni qadoqlaydigan, pichoq charxlaydigan ustalar ko'chada yurib, xizmatini taklif etar edilar. Ammo u paytlarda yeringizga qarash, dov-daraxt parvarishlash, mol-qo'y boqishga ko'maklashish xizmati bo'lmagan. Bo'lmasa bo'lmagandir, xo'sh, endi eksak, nima qiladi?
Basharti har bir shahar, har bir posyolka va har bir tumanda ehtiyojga qarab ana shunday omilkor, ekinu dov-daraxtlar parvarishini qoyillatadigan, bajargan ishi, taklif etgan urug'ligi, bergan maslahati uchun javobgarlikni bo'ynidan soqit qilmaydigan zootexniklar, agronomiya mutaxassislari, hasharotlarga qarshi kurashadigan entomologlar, qo'ligul bog'bonu mirishkor dehqonlarning boshini qovushtirib, nomini “brigada” deymizmi yo boshqami, ishqilib elga nafi tegadigan, ham daromad topib, ham el duosini olishdan rohatlanadigan kishilar boshini qovushtirib, ularning saviyasini aniqlab, toifalab, ikkinchi yoqdan — bunday xizmatlarni reklama qilib, ish uchun buyurtmachini ham, bajaruvchini ham og'rintirmaydigan haq belgilab qo'yilsa yaxshi bo'ladi.
Eng muhimi, bularni butun mamlakatda standartlashtirib qo'yilsa va har bir xonadondagi mol-hol, ekin-tikin parvarishining eng qaltis pallalarida shunday odamlarning yordami va maslahatlaridan foydalanish yo'lga qo'yilsa, ishonamanki, tovuqlarimiz kasal bo'lmay, tuxumni ko'proq beradi, olma-behilarimiz qurt tushishi va bujmayishdan omonda bo'ladi, sigirimiz sersut bo'ladi, novvoslar bir tonnaga yaqin vazn oladi, hovli chetiga qo'yilgan to'rt quti ari kamida qirq kilo asal beradi, tabiiy, toza, qo'lbola yemish ko'payib, hozirgi butun Respublikada olinayotgan meva-cheva, ko'kat-rezavor, sut-qatiq, go'sht, tuxum va boshqa hosillar ikki baravar ko'payadi.
Bunday brigadalar ko'p haq talab qilsa-chi, degan xavotir esa o'rinsiz. Bozor iqtisodiyoti zamoni, ortiqcha haq so'ragan kosib o'ziga ziyon qiladi — ishsiz-daromadsiz qoladi. Keyin, yana bir narsani eslaylik: har birimiz ro'zg'or uchun qo'larra, elektrarra, uch-to'rt xil tokqaychiyu gulqaychi, son-sanoqsiz ketmonu belkurak, Xitoyning darrov ishdan chiqadigan doripurkagichlarini sotib olganmiz — yig'sak, bir uy to'la ashqol-dashqol. Ammo hosilning quti yo'q. Ana o'shalarga sarf qiladigan pulingizni ustasiga berasiz — asbob-anjomi, texnikasi bilan kelib, hamma ishingizni agrotexnika muddatlarida chiroyli bajarib ketadi. Eng muhimi, ulardan asta-sekin bu yumushlarni ado etishni ham o'rganib olishingiz osonroq kechadi.
Va ana o'shanda yil-o'n ikki oy uyingizdan rizq-ro'z arimaydi, bolalaringiz kodlangan olmayu apelsin iste'mol qilmaydi, konservantlar qo'shilgan sharbat ichmaydi, ona zaminimizda yetishgan, shirasi til yorar noz-ne'matlarni yeb, iligi to'q, sog'lom, baquvvat bo'lib o'sib, voyaga yetadi. Va mana shunisi siz olayotgan eng katta daromad hisoblanadi.
Pirovardida yana bir gap: yurtimizda nomi ichakday uzun, lekin qilar ishining nafini hamma ham bilavermaydigan bir tashkilot bor. Mayli, nomi uzun ichakday bo'lsa ham aytayin: O'zbekiston Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi deb ataladi. Bilasizmi, bu tashkilotning nafaqat respublika balki, viloyat va tumanlarda ham bo'limlari bo'lib, ularda qanchadan–qancha odamlar ishlaydi, katta–katta maosh olishadi. Xo'sh, ular ne yumushlar bilan band? Fikrimcha, buni ham deyarli ko'pchilik bilmaydi. Achinib ketasan-da, axir, shularga sarflanayotgan resurs — yuqoridagi ishlarga yo'naltirilsa, bo'lmaydimi?
Bo'ladi, albatta.
Zuhriddin ISOMIDDINOV