“Men o'zimni erkin inson deb bilaman”
O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan suhbat
Suhbatdoshimiz haqida:
O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol — 1938 yil 26 aprelda Buxoro viloyatida tug'ilgan. Shoirning ilk she'riy to'plami “Olam kirar yuragimga” 1968 yilda nashr etilgan. “Cho'qqilarga yog'ildi yog'du” (1970), “Tosh tug'yoni” (1972), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Qadah” (1978), “Dostonlar” (1980), “Suvaydo” (1982), “Umidli dunyo” (1988) kabi she'riy kitoblari chop etilgan.
Jamol Kamol Bualoning “She'riy san'at” asarini, Baxtiyor Vahobzodaning “Shabihijron” dostonini, Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviyi ma'naviy”, Shayx Fariduddin Attor, Abdurahmon Jomiy, Shayx Mahmud Shabustariyning asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan. Vilyam Shekspirning o'ndan ortiq asarlarini bevosita ingliz tilidan, Aleksandr Pushkinning “Motsart va Salyeri”, Yan Raynisning “Oltin tulpor”, Bartold Brextning “Sichuandan chiqqan mehribon” asarlarini rus tilidan o'zbek tiliga o'girgan. Shoirning she'rlari rus, ingliz, fransuz, polyak, ukrain, turk, ozarbayjon, tojik va boshqa ko'plab tillarga tarjima qilingan.
Adabiyot inson qalbiga tutilgan g'aroyib ko'zgudir. Bu ko'zguda jamiyatning fazilati ham, nuqsoni ham birdek bo'rtib ko'zga tashlanadi. Bugun shoir-yozuvchi xalqi jamiyat muammolariga, xalqimiz dardu tashvishlariga o'z asarlari bilan qay darajada aralasha olyapti? Ijodkorning oldidagi asosiy masala yaxshi yozishdir degan ichki taomilga qanday amal qilinmoqda? Adabiyotda ham, hayotda ham ko'pni ko'rgan, ijodning o'nqir-cho'nqirlarini bosib o'tgan ijodkorlarimizning bugungi kun adabiyoti, uning kelajagi haqidagi to'xtamlari nimalardan iborat? Shu ma'noda biz oqsoqol ijodkorlarimizdan Ustoz — Jamol Kamol bilan suhbatlashdik.
— Millatning, jamiyatning rivojida ijodkor ahli borki, doim oldingi saflarda turishgan. Nemis shoiri Gyote aytganidek, dunyo darz ketsa, uning chizig'i shoirning yuragidan o'tadi. Shu ma'noda shoir yoki yozuvchining jamiyat muammolariga ba'zan sezdirib, ba'zan sezdirmay aralashuvini qanday izohlaysiz?
— O'ylab qarasam, shu haqda bir sakkizlik yozgan ekanman:
Shoir betob yotar, borib, ko'ringlar,
Holini so'ringlar, chekmasin qayg'u.
Bir nafas boshida suhbat quringlar,
Bir nafas jahondan forig' bo'lsin u.
Jahonning joni deb atalgan haqqa
G'animlar o'q uzar ko'rsatmay o'zni,
Jahonning joniga otilgan o'qqa
Shoir tutib berdi ko'ksini…
Ijodkorga Allohning buyurgani shu: haqgo'ylik, haqiqatgo'ylik…birovlarga yoqadimi, yoqmaydimi, u tabiatiga sodiq qoladi, o'z missiyasini bajaradi. Biz qalam ahlidirmizki, haqgo'ylik, millat sevgisi qonimizda, jonimizda.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida “millatning qo'rg'oni”, “millatning sharafi”, “millatning husni” degan maqolalar yozganman. Yaqinda ularga ko'z yugurtirib, ko'nglim yorishdi. Ularda jamiyat rivoji, millat ravnaqi qalamga olingan. Bir necha xulosalar bor. Bitta xulosa shuki, shoir — ko'ngil odami, u voqea-hodisalarni, avvalo, ko'ngli bilan qabul qiladi, keyin aqli bilan.
— Ma'lumki, bir paytlar shoir yoki jurnalistning aytgan so'zi mamlakatning barcha go'shalarida jaranglab, aks-sado bergan. Bugun esa uncha-muncha gaplarga parvo qilmaslik an'anaga aylanib borayotgandek. Nima deb o'ylaysiz, so'zning o'zi kuchsizlanganmi yoki qalam ahlining so'zi kuchsizmi?
— Aytilayotgan gaplarga e'tiborsizlik ba'zan — pastdan tepagacha, tepadan pastgacha… Masalan, kitob nashri va savdosi haqida bir necha bor yozib, biror natija topmadim. Prezidentga yozgan xatimni Qibray tuman hokimiyatiga jo'natishdi, ya'ni “futbol” qilishdi.
— Bugun matbuotimizning muammolari ham kam emas. Masalan, “Majburiy obuna”ni yo'q qilish bahonasida millatimiz yaxshi, o'qishlik gazeta-jurnallardan ham mosuvo bo'lmoqda. Bu kabi ahvolning, munosabatning ertasi naqadar ayanchli bo'lmasin, ko'pchilik tomoshabinga aylanib turgandek. Shu haqda fikringiz…
— Men ham majburiy obunaning tarafdori emasman. O'tgan asrning 80-yillarida “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasining adadi 1 millionga yetgan edi. Majburiy obuna tufayli emas, gazeta sahifalarida yangragan xalq ovozi tufayli. Matbuotga erk berilgan edi. Eng og'riqli masalalar dadil, oshkora yoritilar edi. Hozir ana shu yo'ldan borish kerak, boshqa yo'l yo'q.
— Sizning yoshligingizdagi o'zbek adabiyoti va bugungi o'zbek adabiyotining mushtarak va nomushtarak jihatlari haqida gapirsangiz.
— Mushtarak jihati shuki, hamon so'z-ifoda qurolimiz o'sha-o'sha, sevimli, jonajon o'zbek tili. Nomushtarak jihati, farqi yer bilan osmoncha. Yoshligimiz adabiyoti — badiiyati baland, yuksak saviyali Oybek, G'afur G'ulom, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir ijodi demak. Keyin Asqad Muxtor, Odil Yoqubovlar avlodi keldi, keyin Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar bilan birga bizning avlod… Hozirgi adabiyotni ular bilan qiyos qilib bo'lmaydi. Ayniqsa, she'riyatda saviya tushib ketdi. Mumtoz she'riyatdan bebahra avlod paydo bo'ldi. Shoir bilan qofiyaboz, aruz vazni bilan barmoq vazni, harfiy tarjima bilan adabiy tarjima farqini bilishmaydi. Arzimagan gapni qofiyaga solib, she'r qilib aytishga urinish odat tusini oldi. Bir so'z bilan aytganda, maydakashlik…
— Yozuvchi, ijodkor hurfikrli, ozod inson. Bundan besh-o'n yillar muqaddam sal erkinroq gapirgan, yozgan ijod ahlini qora va turli boshqa xil ro'yxatlarga tirkash “qonun”ga kirib qolgan edi. Bu yetishib chiqayotgan yoshlarni ham hurkak avlod bo'lib shakllanishiga hissa qo'shmaydimi?
— Qo'shganda qandoq!.. Agar ko'zingiz tushgan bo'lsa, o'sha qora ro'yxatni kimdir internetda e'lon qilgan edi. Chamasi bir yuz ellik kishi. Unda mening ham nomim qayd etilgandi. Aslida mazkur ro'yxat katta-kichik amaldorlar qatag'on etilgach, endigi galda ziyolilarimizga qo'l uzatmoqchi bo'lgan Gdlyan, Ivanovlar guruhi tomonidan tuzilgan, GKChP qulagach, niyat amalga oshmagan, boyagi ro'yxat bizga meros bo'lib qolgan, degan taxminlar bor. Ba'zi birovlar hamon o'sha “ro'yxat”ga amal qilayotganga o'xshaydi yoki o'zlari qora ro'yxat tuzib olishgan. Buni men o'z tanamda his etdim. Mening tarjimamda Shekspirning “Koriolan”, “Afinalik Timon”, Bertold Brextning “Sichuanlik mehribon” asarlari televizorda film-spektakl sifatida vaqti-vaqti bilan namoyish etiladi. Ammo tarjimonning nomi ko'rsatilmaydi, o'chirilgan. Har yili 23 aprel — Shekspirning tug'ilgan va vafot etgan kuni. Shu munosabat bilan 4 yilcha avval “UzReport” telekanali muxbiri men — Shekspir asarlari tarjimoni bilan bir yarim soatcha suhbat qildi. Suhbat televidenie rahbarlariga ma'qul bo'ldi. Biroq namoyish etilmadi. Ma'lum bo'lishicha, kimningdir topshirig'i bilan bunga izn berilmagan. Ayting, bu — jaholat emasmi? Shekspir haqidagi suhbatning kimga ziyoni tegadi? Bilmadim. Ammo bilamanki, bu gaplar yoshlarga ta'sir etmay qolmaydi. Ularning qalbidagi jur'at, jasoratni so'ndiradi.
— Aslida Navoiy, Ogahiylar (Agar ularni saroyda xizmat qilganini nazarda tutsak) ham saroy shoirlari bo'lishgan esa-da, u davrlarda shoirlar hech ham tabaqalanmagan.
— Navoiy va Ogahiyni saroy shoirlari deb atash — xato. To'g'ri, ular zamona zayli bilan shohlar saroyida xizmat qilishgan, ammo hamisha xalq manfaatlarini ko'zlab ish yuritishgan. E'tibor qiling, Navoiy bosh vazir vazifasida ishlarkan, podshodan maosh olmagan, maoshdan voz kechgan. Hirot shahri va uning atroflarida o'z mablag'i evaziga o'nlab hammom, masjidu xonaqoh, ko'prik, karvonsaroylar bunyod etgan, kanallar qazdirib, suvsiz yerlarga suv chiqargan, qanchadan-qancha ilmu fan, adabiyot va san'at ahliga homiylik qilgan, oddiy mehnatkash, faqir-fuqaroga yordam qo'lini cho'zgan. Navoiy xonadonida har kuni katta doshqozonlarda beva-bechoralar uchun taom pishirilgan. O'sha zamon tarixchilarining guvohlik berishicha, bu narsa Navoiy vafotidan keyin yana yuz yil davom etgan.
Ogahiy Xorazmda bosh mirob bo'lib, dehqonlar orasida adolatli suv taqsimotini joriy etgan. Ular podshoni maqtab, faqat o'z rohat-farog'atlarini ko'zlab yashaganlarida, aytganingizdek, saroy shoirlari deyish joiz bo'lar edi.
— Jamol aka, xalqimiz, adabiyot muhiblari sizni, avvalo, ajoyib shoir, qolaversa, o'zbek adabiyotini jahon adabiyotining noyob asarlari tarjimasi bilan boyitgan mohir tarjimon sifatida bilishadi. Ayniqsa, Mavlono Rumiyning buyuk asari bo'lmish “Masnaviyi ma'naviy” tarjimasi adabiyotimizda katta voqea bo'ldi. Shu tarjima jarayoni uning mashaqqatlari va ayni shu asarning keyingi tarjimalari xususida fikringiz…
— Olti kitobdan iborat “Masnaviyi ma'naviy”ni to'rt yilda tarjima qildim. Hali kuch-g'ayratim yetarli edi, o'zni unutib, zavq-shavqqa to'lib ishladim. Keyin nashr etish uchun ikki yil eshikma-eshik yurib, sarson bo'ldim. Falon million pul topib kelsangiz, nashr etamiz deyishdi. Hayriyatki, Eron Islom Respublikasining elchixonasi tarjimadan xabar topib, grant ajratib, mushkulimni oson qildi. Ketma-ket olti kitob bosilib chiqdi. Keyin rahmatli adib va noshir birodarimiz Asror Samad ikki marta nashr qildi. To'rtinchi nashr Turkiyaning Ko'niyo shahrida amalga oshirildi. U yerda “Masnaviy” Hazrati Mavlono ziyoratgohida turkiyzabon ziyoratchilarga o'zbek tilida taqdim etilayotgani meni quvontirdi. Yana shunisi qiziqki, Eronga borgan adabiyotshunos olimlarimiz shu kitobni Tehron kitob do'konlaridan xarid qilib qaytishdi. “Masnaviy”ning qayta tarjima etilishiga kelsak, bu gapning qulog'imga chalinganiga adashmasam 16 yilcha bo'ldi. Ammo asarning birorta kitobi nashr etilganini ham hanuz eshitmadim. Orzuga ayb yo'q, mayli, tarjima etishsin. Ammo bir sharti bor. Tarjimon o'z tarjimasini mening tarjimam darajasiga yetkazishi, hattoki undan oshirishi darkor. Aks holda, qilgan mehnatiga kuyib qolishi hech gapmas. Kitobxon yaxshi tarjima turganda, har nechuk, o'rtamiyona tarjimani o'qimaydi.
— Erkinlik, hurlik — oliy ne'mat, shunday emasmi?
— Avstraliyada jahon bo'yicha qulchilikni o'rganish ilmiy-tadqiqot instituti bor. Shu ilmiy markaz bundan o'n yilcha oldin qulchilik hukm surayotgan davlatlar ro'yxatini chet el ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilgani esimda. Ro'yxatda afsuski, O'zbekiston ham bor edi. Eshitib, menga rosa alam qilgan. Allohga shukrki, bu gaplar orqada qoldi. Bugun biz erki hurriyatga erishgan xalqmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonni har taraflama yuksaltirish yo'lida kunu tun mehnat qilmoqda. Ayniqsa, uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga qaratilgan taklif va tashabbuslar tahsinga loyiq. Ko'z tegmasin, umri uzoq bo'lsin!..
Men o'zimni erkin inson deb bilaman. Yuqorida aytganim, ayrim kimsalar tomonidan amalga oshirilayotgan baxillik, qitmirliklarni hisobga olmaganda, yo'limda hech qanday to'siq yo'q. Shu kunga yetkazganiga shukr deyman.
— O'zingizga-o'zingiz hisob berganingizda, o'tmishda qilgan qaysi ishlaringizdan ko'nglingiz to'ladi, qaysi birlaridan aksincha?
— Mening omadim shundaki, mansab-martabaga intilmadim. Bir muddat O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisligidan so'ng butun vaqtimni ijodga bag'ishladim. Natija yomon bo'lmadi. Bugun tarjimalarni qo'shib hisoblaganda, ijodiy bisotim 40 jildga yetadi. Keksayib qolganimga qaramay, hozir ham jadal ishlayapman. Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si, Mirzo Abdulqodir Bedilning ikki kitobdan iborat “Irfon” asarini tarjima qildim. Nizomiy “Xamsa”si Bokuda o'zbek tilida chop etildi. Endi uni o'zimiz nashr etishimiz kerak. Homiy izlayapmiz. Bedilning “Irfon” asari uchun ham homiy kerak. 80 yoshga to'lishim munosabati bilan olti jildlik saylanmam nashr etilgani men uchun quvonchli voqea bo'ldi. Yaqinda buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoga bag'ishlab “Shayx ur-rais” degan doston yozdim. Xullas, ijodiy ishlarimdan ko'ngilda qanoatim bor.
— Bugungi adabiyotimiz rosmana qad rostlashi uchun nima yetishmayapti, deb o'ylaysiz?
— Aksariy qalam ahliga bilim, saviya, mahorat yetishmayapti. Ba'zilar Xudo bergan iste'dodni yengil shuhrat, mansab-martaba ortidan quvib, xor qilishyapti. Ustozlar ijodidan yetarlicha saboq olishmayapti. Navoiyni, Rumiyni, Attorni o'qishmaydi, bilishmaydi.
— Yozuvchining, shoirning vijdonini, uning suratini qanday chizish mumkin?
— Bu ijodkor uchun hayot-mamot masalasi… ijodkor yolg'onga yuz tutib, vijdonga chap berdimi, tamom, naryog'i ma'lum. U muqaddas ijod zavqi, yurak olovidan mahrum bo'ladi. Men “Jinoyat va jazo” she'rimda shu haqda aytganman:
Yolg'onlar to'qirkan yana jonhalak,
Bag'rida tug'yonlar topdilar qazo.
Shu zamon qag'rini ko'rsatdi falak,
Unga qoyim bo'ldi muqarrar jazo:
Avval podsho edi, gado bo'ldi ul,
Avval shoir edi, maddoh bo'ldi ul…
— Yoshlarga eng muhim maslahatlaringiz…
— Yoshlikdanoq sog'liqning qadriga yeting. Sog'u sog'lom, orasta bo'lib yuring.
Axloqingizni hamisha pokiza tuting. Oila muqaddas, bola-chaqa o'stirish sharafli burch. Farzandlarni halol non bilan boqing. Haromdan hazar qiling.
Ustozlar mahoratini o'rganishdan charchamang. Mumtoz adabiyotimiz xazinasidan bahramand bo'ling.
Boshqalarning yutug'iga tan berish — mardning ishi. Guruhbozlik, ayirmachilik, maydakashlik qilmang.
Haqiqat — adabiyotning suyanchi, tayanchi. Haqiqatga suyanmagan adabiyot quruq safsata. Unutmang, haqiqatdan yuz o'girsangiz, adabiyot sizga qayrilib boqmaydi.
— Jamol aka, keling jamiyat ishlariga aralashish masalasiga yana qaytamiz. Jamiyatimizda hal qilinishi kerak bo'lgan muammolar oz emas. Shulardan qaysi biri bugun muhimdan muhim bo'lib ko'rinadi sizga?
— Suv masalasi. 80-yillarning oxiri 90-yillarning boshlarida Orol dengizini tiklaymiz, qayta suvga to'ldiramiz, degan ovozlar tez-tez yangrab, quloqqa chalinib turar edi. Yillar o'tishi bilan bu ovozlar tindi, eshitilmay qoldi. Bugun Orolning suvdan bo'shagan sahnini butazorga aylantiramiz, degan ovozlar baland yangramoqda. Bu yomon emas, albatta. Ammo mening fikrimcha Orolni qayta tiklash masalasini yana kun tartibiga qo'yish kerak. Buning imkoniyati bor. Taniqli irrigator, professor Dilshod Bozorov va Xalqaro Ekologiya akademiyasi a'zosi Anvarmirzo Husainov bir zamonlar Ahmad Donish chizib bergan loyihaga suyanib, Amudaryoni yangi o'zandan oqizib, Katta Turkman kanali orqali Qoraqum barhanlariga yarim asrdan beri behuda singib ketayotgan bebaho “obi hayot”ni Orolga yo'naltirishni taklif etishdi. Ular Katta Qoraqum kanali loyihasi amalga oshirilishi bilan Orolga o'lim hukmi o'qilgani, sakkiz yuz kilometrga cho'zilgan, osti va yon tomonlari betonlashtirilmagan kanalning ikki tarafi bugun botqoqqa aylangani, kanalga tushgan suvning atigi to'rtdan bir qismi manzilga yetib borayotgani, bu isrofgarchilikka chek qo'yish lozimligini aytib, bong urishdi. Ammo afsuski, mutasaddi tashkilotlardan sado chiqmayapti. Va eng achinarlisi, bu haqdagi murojaatlar nazarimda Prezidentimizga yetib bormayapti.
Noumid — shayton, deydilar. Men bu masala bugunmi yo ertaga hukumat darajasida kun tartibiga qo'yiladi, deb ishonaman.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Hamisha sog'-salomat bo'ling. Ijodiy zafarlar yor bo'lsin!
Go'zal Begim suhbatlashdi.