Havas eskirmaydi yoki 130 yil qaramlik va 30 yillik ozodlik masofasi

Suhbatdoshimiz haqida muxtasar so'z:

Qutlibeka Rahimboyeva — 1952 yil 9 fevralda Toshhovuz shahrida tug'ilgan. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi (1994). Farg'ona pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan (1974).

Dastlabki she'riy to'plami — “Yuragimda ko'rganlarim” (1981). Shundan so'ng shoiraning “Uzun kunduzlar” (1984), “Uyg'onish fasli” (1989), “Ozodlik” (1998), “Ko'ksimdagi Tangritog'” (2000), “Qorako'zlarim” (2012) kabi she'riy to'plamlari nashr etilgan.

Bir qator she'riy turkumlari uchun u bir necha bor “O'zbekis­ton adabiyoti va san'ati” gazetasining, “Sharq yulduzi” jurnalining hamda Moskvada chop etiladigan “Smena” oynomasining mukofotini olgan. “Shuhrat” medali (1999), “Mehnat shuhrati” ordeni (2020) sohibasi.

Ayni paytda “Saodat” jurnalida xizmat qiladi.

 

— Bugungi texnikaparast bo'lgan avlodni tarbiya etayotganimiz bir asrda yozish siz uchun qanday ma'no anglatadi, yozmaslik-chi?

— Odam bolasi o'z tafakkuri, qolaversa, o'z qo'li bilan yaratgan texnikaning bugungi taraqqiyoti aksariyat hollarda o'zining ruhiyati, salomatligiga yomon ta'sir qilayotganini hech kim inkor etolmaydi. Uch-to'rt yashar go'dak­larning onasiga “Menga telefondagi falon o'yinni qo'yib bersangizgina ovqat yeyman”, deya shart qo'yayotgani, jangari, dahshatli o'yinlar tomoshasidan so'ng kichkintoylarda ham tajovuzkorlik hissiyotlarining uyg'onayotgani, internetdagi tanishuvlar oshiqlikka aylanib, keyin ko'p yoshlarning chuv tushib qolayotgani, tuppa-tuzuk odamlardan o'ch olish maqsadida   oddiy rasmlar behayo suratlarga aylantirilib, birovlarning ustiga mag'zava ag'darilayotgani, sha'niga dog' tushayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda vaysaqilik, savodsizlik, jaholat, firibgarlikning avjga chiqqani, bularning hammasi bir bo'lib jamiyatimiz havosini bulg'ayotgani bor gap.

Juda chuqurlashsak, texnika taraqqiyotining undan boshqa ham ming bir nayranglari bor. Lekin biz (Agar bu taraqqiyot bir kuni o'z boshini o'zi yeb, hayot degani boshdan — odamzot ibtidosidan boshlanmasa) bugunimizga harchand e'tirozimiz bo'lsa-da, orqaga qaytolmaymiz. O'choqqa olov yoqib, qozonda ovqat pishirishning mazasi, qulayligini bilgan odam toshlarni bir-biriga ishqab uchqun chiqargan, xom-xatala go'shtni yemish bilib tanovul qilgan davrlariga, o'lsa ham   qaytmaydi. Yoki sham yog'dusida o'tirib suhbatlashish, g'azal o'qish qanchalik romantik holat bo'lmasin (yigitlar qizlarga muhabbat izhor qilgan lahzalarni hisobga qo'shmasak), bu romantika uchun elektr chirog'idan, piyoda yurish nechog'li salomatligimizga foydali bo'lmasin, manzilimizga olib boruvchi avtoulovdan voz kechmaymiz. Aytaylik, ko'zingizning oqu qarosi bo'lgan o'g'lingiz Xorazmga ketdi. “Bu — sun'iylik”, deya u bilan internetda bir-birovingizni ko'rib suhbatlashishdan qochmaysiz-ku. Jon-jon deb ekrandagi suratiga yuzingizni bosib sog'inchingizni yozib, xumordan chiqasiz.

— To'g'ri, bularni men ham inkor etmoqchi emasman, biroq, shunday g'ala-g'ovurda, odamlar bir-birini o'qishmas, hatto tinglamaydigan bir zamonda aynan siz uchun yozishning nechog'li ahamiyatli ekanligini bilmoqchi edim?

— Nima demoqchiman? Odamzotning, shu jumladan, bugungi avlodning ham texnikaga yopishib olganiga tabiiy jarayon deb qarash kerak. Ularning texnika bilan aqlli munosabatga kirishishlariga yordam berish uchun bu davrda biz avvalgidan ham ko'proq mas'uliyat bilan harakat qilishimiz kerak bo'ladi. Texnikaga qullikdan ham, boshqacha qulliklardan ham xalos qilishning yo'li bitta: aytish, yozish, tushuntirish va ko'rsatish… Faqat bu jarayonlarning hammasining ildizi yurakda bo'lishi kerak. Shunchaki aytgan, yozgan, tushuntirgan, ko'rsatgan bilan quvonarli natijaga erishib bo'lmaydi. Ovozlar titrashi, qorachiqlar porlashi, jon og'rishi kerak. Yoningda turgan, sen o'nglanishini istayotgan odam   sening u uchun yuraging qonayotganini, joning og'riyotganini bilib tursin. Shunday holatda ham “Mening yozishim hamma narsani gul-guliston qilib yuboradi, texnikaga qul bo'lgan avlod darrov o'zini o'nglab oladi”, degan fikrdan yiroqman. Ehtimol, bittagina qalbga ta'sir qilar, ehtimol, bir yarimtaga, baribir yozaveraman. Yozishim kerak, bu — zaruriyat, bu — ehtiyoj. Yozmaslik — xiyonat…

— Siz ikki asrning madaniy, ma'rifiy, ijtimoiy hayotida pastu balandini ko'rgan avlodsiz. Ayting-chi, bu asrning qiyofasi sizning yoshligingiz o'tgan asrdan nimasi bilan farq qiladi? Paydo bo'layotgan asarlar-chi?

— Men Oltmish atalmish bir chekka qish­loqda tug'ilib o'sganman. Uyimizning oldida katta tut bo'lardi. Bahorda — ayni ipak qurti boqiladigan pallada   shoxlarida barmoqdek-barmoqdek keladigan qora tut shig'il-shig'il pishardi. Enam rahmatli: — Qurt dahaga kirdi, derdilar. Bu tutning mevasi uch ko'chaning (uchastkamizda uchta ko'cha bo'lib, birinchi ko'cha bizning uydan boshlanar edi) bolalarini to'ydirardi.

Asr qiyofasini unda yashayotgan odamlar belgilaydi. Lekin nafsilamrini aytganda, butun boshli bir asrni (faqat o'zim yashagan davrni ham) bir qolipga solib ta'riflab bo'lmaydi. Chunki hazrati insonlar — Abdulla Qodiriy, Cho'lponlar yashagan, ular millat ravnaqi, ozodligini orzu qilgan, shu orzuda “O'tkan kunlar”ni,   “Kishan kiyma, bo'yin egma, Ki sen-da hur tug'ilg'onsen”ni yozgan davrlar ham yigirmanchi asr edi. Ularni sotganlar, otganlar ham o'sha asrda yashashgan. Saksoninchi yillarga kelib o'zbeklar yuragida she'riyati bilan hurlik sog'inchini uyg'otgan shoirlar ham, “o'zbeklar ishi “qatag'oni boshlanib, qattollarga qilich tutganlar ham bir havodan nafas olishgan. Bizning asrimizga “Texnika asri” deb nom qo'yishgan bo'lsa-da, uning bor qiyofasini texnika belgilaydi, degan fikrim yo'q. Aytmoqchi, sizning savolingiz boshqacharoq edi, uzr, chalg'ibman. Menimcha, bizning yoshligimiz, bolaligimiz o'tgan davrlarda (Garchi buni hamma baravar ang­lamagan bo'lsa-da)   oldimizda katta bir maqsad bor edi: milliy mustaqillikka erishish. Aynan shuning uchun jamiyat qiyofasi eng usta rassom chizgan asarday aniq edi. Qizil, qora, yashil ranglar bir-biridan ajralib, ko'rinib turardi, har birining o'z hududi, o'z ta'sir doirasi bor edi. Asarmi, marhamat: “Ulug'bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar”, “Nur borki, soya bor”,   “Tushda kechgan umrlar”, “Bog'don qashqiri”, “Qora kamar”, “Muvozanat…” “O'zbekiston” qasidasi, “Men nechun sevaman O'zbekistonni?” kabi she'rlar… Rauf Parfi, Omon Matjon, Shavkat Rahmon, Usmon Azim kabi shoirlar. Vatan mus­taqilligini qo'lga kiritishdek ulkan orzu, ulkan maqsaddan tug'ilgan ijodkorlar va xuddi shu o'lchamdagi asarlar… Chunki katta maqsadlar katta shaxs va katta adabiyotni yaratadi. Ehtimol, bugunga kelib o'sha orzularimiz bir qadar ushalgani uchun biroz bo'shashgandirmiz. Axir, o'tgan asrda ham juda ko'p yurtdoshlarimiz qaramlikda yashaganlik­larini anglamay o'tib ketishgan-ku. Bugun ham milliy mustaqillikning asosi har bir shaxsning ruhiy ozodligi ekanligini hamma ham tushuna olmayotgandir, balki, orzulagan zamonlarga yetib ham o'zimizdan ko'nglimiz to'lmayotganining sababi shudir. Bekorga davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans degan g'oyani o'rtaga qo'ymadi. Yana o'sha gap: katta orzu, katta maqsadlar oldidan xalq ham ulkanlashadi. Yashayotgan asrimizning qiyo­fasi haqida o'ylasam, modern rassomning qalamidan chiqqan suvrat ko'z oldimga keladi. Seni quvontirib, ichingga yorug'lik soladigan nimalardir bor, biroq ularni ranglar qorishmasida aniq ilg'ay olmaysan. Tushunging, bilging keladi… Harna bo'lgandayam, bo'ynimizni bo'g'ib turgan qullik sirtmog'ining bo'shashgani baribir bo'g'zimizga tiqilib yotgan so'zlarning ovozlanishiga, so'zga aylanib asarlarga ko'chishiga yordam beradi, noshukur bo'lmaslik kerak. “O'qi”, “Yoz”! deb turgan asrdan norozi bo'lish nonko'rning ishi. Lekin sizning savolingiz zamiridagi maqsadni tushunib ham turibman. Bu asr millatimiz uchun bosh­qacha asr bo'lishini istashdan tug'iladi bunday savollar. “Axir, ozodmiz-ku”, degingiz kelyapti qullikka monand narsalarni ko'rganda… Ko'p ham shoshmang. 130 yillik qaramlik bilan 30 yillik ozodlik muddatini qiyoslang… Hali zo'r bo'lib ketamiz, mana ko'rasiz. Zo'r bo'lishimiz kerak! Hech bo'lmasa millatimizga bir necha asrlardan buyon faxru g'urur bag'ish­lab kelayotgan ulug' ajdodlarimiz ruhlari oldida xijolat bo'lmasligimiz uchun ham yana bir martaga zo'r bo'lishimiz kerak. Axir qachongacha ularning shon-shavkati soyasida kun ko'ramiz?! O'zimiz ham odam bo'lib bir narsaga yarashimiz kerak-ku! Aslida asr qiyofasini mukammallashtirish ham, yaxshi asarlar yaratish ham o'zimizda qolgan gap, hazrat Navoiy aytmoqchi,   “Har ne istasang o'zingdin istag'il, o'z vujuding­g'a tafakkur aylag'il”.

— Rus shoirlaridan biri bilan suhbatlashganimizda u bugungi avlodlar tobora qisqalikka ixtisoslashib bormoqda. Bora-bora Lev Tolstoy, Dostoyevs­kiylarning semiz-semiz kitoblarini o'qiydigan kitobxon paydo bo'lmay qo'yishi mumkin, degandi. Nima deb o'ylaysiz, bu fikrlar qay darajada haqiqatga yaqin?

— O'sha rus shoiri o'zlarining kitobxonlari haqida gapirgan bo'lsa kerak. Ularning odam havas qiladigan (Zotan, bu havas hech qachon eskirmaydi) bir jihati ham shu: kitobxonligi… Bizda oldin ham Tols­toy, Dostoyevskiylar (Ular yozganiday katta kitoblar ham) ommaviy ravishda o'qilmagan. Kitobxonlik borasida ma'lum bosqichlardan o'tgan, bu adiblarning asarlarini o'qishga ruhan tayyor odamlargina o'qigan bu adiblarni. Endi ham millatimiz orasida shunday kishilar bor va ular yo'qolib ketmaydi. Umuman menda, butun bir xalq faqat cho'ntak kitoblarni o'qiydi, “Boburnoma “o'qilmay qolib ketadi, degan qo'rquv yo'q. O'qish — odamzotning ma'naviy ehtiyoji, demak, semizmi, oriqmi, qisqami, uzunmi — odamzotni ishontiradigan, ko'ng­lini qo'zg'atadigan asarlarning o'quvchilari hamisha bo'ladi. Biz oldin zo'r asarlar yarataveraylik. Yana bir gap: o'zining mafkurasini xalqiga, ayniqsa, yoshlariga singdirmoqchi bo'lgan tuzum hamisha matbuot kuchidan, adabiyot kuchidan to'la foydalangan. Agar o'qimay qo'ysalar, yo'lini topib o'qitishgan. Juda bo'lmasa, o'sha sinalgan yo'ldan borish kerak. Modomiki, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning o'qimishli bo'lishini, oq-qorani o'zi ajrata bilishini, ko'r-ko'rona birovlarga ergashmasligini, mustaqil fikrlab, o'z fik­rini himoya qilish kuchiga ega bo'lishini istar ekanmiz, ularni o'qitishimiz kerak.

— “O'qish – ma'naviy ehtiyoj” degan aqidaga tayansak, juda ko'p avlodlarni noehtiyoj holatlarga boy berib qo'ymaymizmi? Sizning davrda muallimlar, ustozlar boshqacha yo'llar tutishgandir bu borada?!

— Institutda Asqarali Sharopov degan domlamiz bo'lardi. Xudo rahmat qilgur, yilning boshida o'qishimiz kerak bo'lgan adabiy asarlar ro'yxatini berardi. Sessiya payti o'sha kitoblardan birortasini o'qimagan bo'lsak ham imtihon tugul, sinovga ham qo'ymasdi. O'qigan, o'qimaganimizni tekshirish uchun shunday nozik savollar berardiki, yolg'onu ros­timiz bir pasda oshkor bo'lardi. “Tarsaki tortib yubormasimdan oldin bor, o'sha kitob­larni o'qib kel”, derdi. Har bir oilada, har bir maktabda shunga o'xshash o'qitish imkonini topish kerak. Faqat biz o'qitishni chindan istashimiz kerak. O'qishsiz, o'qitishsiz   hech balo bo'lmasligimizni bilishimiz kerak.

— Mukofot va taqdimlar har doim bo'lgan. Ayting-chi, mukofotlar, lavozimlar shoir yoki yozuvchining qalami o'tmaslashishiga xizmat qiladimi? Biz mukofotni yolg'on yozish uchun “avans” deb qabul qilishga odatlanmayapmizmi, ayniqsa, shoir-yozuvchi xalqi?

— Halima opam “Shu kunlarda qalamim biroz to'xtalib qoldi. Lekin, qizaloq (bizga ko'pincha shunday murojaat qilardilar), she'riyat mening o'zimning uyim, xohlagan paytimda kalitimni solib eshigini ochaman, — degan edilar. Go'zal, bilasizmi, hamma gap shaxsning o'zida. Mukofot ham, lavozim ham buzilishga moyil odamni buzadi. Agar ichidagi ruhiy ustunlari mus­tahkam bo'lsa, inson lavozimini ham yuksaltirib yuboradi.

Mukofot masalasiga kelsak, bir umr arxivlarda eski qog'ozlar changini yutib qatag'on qurbonlari haqida yozgan Sirojiddin Ahmedovning bu yil olgan ordenini “Maqtov uchun avans”, deb baholasak eng adolatsiz emas, eng noxolis bahokash bo'lamiz. Yoki Dilorom Karimovani “Besh-oltita rol o'ynab xalq artisti bo'ldi”, deya g'iybat qilsak, bu g'iybatlarning g'iybati bo'ladi. Bu aktrisaga o'xshagan savodli san'atkorlar ko'p emas aslida. Diloromxon bittagina “Quyoshi botmaydigan yurt” yoki “O'n uchinchi rais” asarlaridagi rollari uchun ham shu mukofotga arzir edi. Yana o'sha narsa: gap mukofot yo lavozimda emas: odamda. Ba'zan   shaxslarning o'zaro munosabati, to'g'rirog'i, kimningdir kimgadir yoqishi yo yoqmay qolishi sababidan mukofot, lavozim masalalarida ham Siz nazarda tutgan holatlar bo'lib turadi. Ya'ni, qaysidir bir yozuvchi yoki shoirimiz haqida “Amalga minib, maddoh bo'lib qoldi” yoki “Mukofot olib qalamining uchi silliqlashdi”, degan gaplar aylanadi. Aytganimday, ularning ichida amal yo mukofotgacha ham shu odam yashar edi, endi imkon tug'ilishi bilan o'zini namoyon qildi. Odam bolasining tabiati o'zgarishi oson narsa emas. Agar mening bu yil “Mehnat shuhrati” ordeni olganimga sha'ma qilayotgan bo'lsangiz, zinhor xavotir olmang.

— Davlatimiz rahbari ijod ahliga to'lanishi lozim bo'lgan qalam haqi xususida bir necha bor ko'rsatmalar berishiga qaramay bu borada haliyam jimlik hukm surmoqda. Chorak asrdan beri qalam haqisiz kelayotgan   ijod ahli ham jim. Ayting-chi, bu jimlik qachongacha davom etishi mumkin?

— Xo'sh, sizningcha, nima qilishimiz kerak? “Haq olinadi, berilmaydi”, deb nashriyotlar, tahririyatlar ostonasiga o'tirib olaylikmi? Bir kamimiz “Jamoat tartibini buzishdi”, degan ur-surga qolish edi… Chorak asr chidagan bo'lsak yana chidarmiz, biz olmagan qalam haqini bolalarimiz, nabiralarimiz olar… Mana, biz ham mualliflarga har doim ham qalam haqini (O'sha oziniyam) bera olmaganimiz uchun tanish-bilishlarga, gapimiz o'tadigan jurnalistlarga maqola yozdirib yuribmiz-ku. Avvallari bizning haqimizni mustabidlar yeb yotibdi, deb yozg'irar edik. Endi kimga tosh otamiz? O'zimiznikilar bo'lsa hammasi, o'zimiznikilar o'zagimizni uzmas, bir kuni bizning ko'chada ham bayram bo'lar. Yana men bir millat orasida, qanaqa muhim masala bo'lsayam, mojaro chiqishini mutlaqo istamayman. Har qanday muammoni yeng ichida, tashqariga ovoza qilmay, obro'ni to'kmay, hal qilish tarafdoriman. Bir tarafdan, bir turk shoiri “Yaxshiyamki, shoirlar non yemaydi, yulduz cho'qiydi”, deb qo'ygan bo'lsa… Rahmatli Shavkat Rahmon “Shoirlar baxtliman, so'zini hammadan keyin aytadi”, deya bo'ynimizga majburiyat qo'yib ketgan bo'lsa… Rosti, Remarkning “Uch og'ayni”, “Hayot uchquni”, Jek Londonning “Marten Iden”i, Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”, Chingiz Aytmatovning “Asrlarni qaritgan kun” yoki Muxtor Shoxonov bilan suhbatlaridan tug'ilgan “Cho'qqidagi ovchining ko'z yoshlari” kabi asarlariday kitob yozgan bo'lsam edi, nashriyotlar xazinachilaridan o'zimga loyiq, mehnatimga munosib haqni olardim. Afsus…

—   Bugun juda ko'p nashriyotlar she'r kitoblar yaxshi sotilmaydi, degan sabab bilan she'riy kitoblar nashridan ochiq-oydin voz kechishmoqda. Buni qanday izohlaysiz? O'zingizning she'riy kitobingiz ham G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyida ikki yildan oshibdiki chiqmay yotganidan xabardormiz…

— Menimcha, noshirlar sotishni uddalay olishmayotgan bo'lsa kerak. Axir, biz xalqning orasiga kirganimizda hech bir ting­lovchi “Biz she'r eshitmaymiz, bizga romandan parcha yoki hikoya o'qib bering”, demaydi-ku, yaxshi eshitishadi. Men Halima opam, Oydin opam bilan 500, 1000 kishilik tomoshagohlarda o'tgan she'riyat kechalarida ishtirok etganman. Bir-ikki soatlab davom etardi she'rxonliklar. Shunda ham el shoiralarni qo'yib yuborgisi kelmasdi. Yoki xalq Erkin Vohidov, Abdulla Oripov­larni saxtu sumbati uchun yaxshi ko'rishmagandir. Ularning-ku she'riyatini ting­lab ham anglasa bo'ladi, ammo Halima Ahmad, Ibodat Rajabova, Zebo Mirzayeva, Xosiyat Rustamova, Jontemir kabi faqat o'qib ang­lanadigan shoirlarning ham bir olam muxlisi bor. Agar she'r o'ladigan narsa bo'lsa, bizdan necha asr naridagi Fuzuliyning “Kerakmasmu”sini o'qib bugun ham yig'lab o'tirarmidik? Axir, boshqalarni-ku qo'yavering, momolarimiz sigirlarini ham aytim aytib sog'ishgan-ku. Bejizga “Yarmi shoir, yarmi hofiz”, degan sifatimiz bo'lmasa kerak. Kitob yozish, uni nashr   qilish bir mehnat bo'lganidek, sotish ham bir mehnat-da. Noshirlar “mol”ining qadr-qimmatini bilmagani uchun, bilib boshqalarga bildira olmagani uchun “She'riy kitobni bozor ko'tarmaydi”, deb yurishgan bo'lsa kerak. Har bir odamning biror narsaga qo'ygan bahosi o'zining fikrlash tarziga teng bo'ladi. Undan baland ham, past ham bo'lmaydi. Shaxsan men “Noshirlar she'riy kitoblarni bosishni istamayapti”, deb she'r yozishni to'xtatmoqchi emasman. Bolalarimiz guruh-guruh bo'lib ijod maktablarida tahsil olishyapti-ku, ular orasidan adabiyotni bor bo'yi-eni bilan tushunadigan noshirlar ham chiqib qolar. Yaxshi niyat qilaveraylik-chi…

— Yoshlarga eng muhim maslahatlaringiz…

— E, Xudo, yoshlarga maslahat beradigan yoshga ham yetibmiz-da. Bir paytlar shoirimiz “O'lmagan kishi bir kuni 70, 80 yoshga kiradi-da, ammo sochning oqarishi hamisha ham donishmandlik belgisi emas”, degan edi. Hozir nega shu gap esimga keldi? Yoshlarga jo'yali bir gap aytish qo'limdan kelarmikan, deb ikkilandim. Ha, mayli, bir urinib ko'ray. Men bozorlarda qaysi bir qorindorning orqasidan pildirab uning yukini aravachada sudrab ketayotgan, yozlarda oyog'ida rezina shippak, qishlarda badbo'y taratuvchi arzon krassovkalarini kiygan yigitchalarni ko'rganda yig'lagim keladi. Rossiya­ning, Qozog'istonning ayozlarida, ularning qurilishlarida ishlab, kechasi yerto'lalarda “it yotish, mirza turish” qabilida yashayotgan yigitlarimiz haqida eshitganda boshimni toshlarga urgim keladi. Yoki uyidan iffati bilan chiqib ketib, bilibmi, bilmaymi,   dunyoning eng sharmandali tirikchiligi yo'liga tushib qolgan ayollar hayotidan xabar topganimda turgan joyimda yerga kirib ketsam, deyman. Birovlarni, mendaylarni yig'latmaslik, isnodga qo'ymaslik uchun bugungi imkoniyatlardan foydalanib, kasb-kor egallash kerak, o'qish kerak. Shoirning “Bu husnu latofat yana qaysi kun uchundir?”ga o'xshash fikri bor, yoshligingizning kuchi, aqlingizning qaymog'ini ertangi kun birovga jismoniy, ruhiy qul bo'lmaslik uchun sarflang.

Andishali bo'ling, lekin jur'atsiz, qo'rqoq bo'lmang.

Mehr-oqibatli xalqmiz, deya maqtanamiz. Bo'lsak bordirmiz. Lekin shu paytgacha boshimizga qanday qora kun kelgan bo'lsa, tarqoqligimiz, bir-birovimizni “yaxshim”, deb seva olmaganimiz, suyay olmaganimiz oqibatida kelgan. Temuriyzodalarning toju taxt talashish­lari buyuk bir saltanatning poydevorini qo'zg'atib yuborganini olamizmi, XVIII-XIX asrlardagi xonliklarimiz orasidagi noittifoqlikning yomon oqibatlarini eslaymizmi, xullas, go'dagining tili chiqishi bilan “Sen falon millatga mansubsan. Sening tilingda gapiradigan, sening diningga e'tiqod qiladigan, tomirida sening ajdodlaring qoni oqadigan har kishi sening aka, uka, opa-sing­ling. Sen uning baxti, sha'ni uchun javobgarsan”, deya uqdiradigan millatlarga men milliy mahdudlar, deya qaramayman. Balki, ularning jahon sahnasida erishgan muvaffaqiyatlari asosida ana shu nuqtai nazarlari turadi, deb o'ylayman. Sizlarda ham ana shunday nuqtai nazar shakllanishini istayman. To'g'ri, hammaning bir-birovga yoqishi, hammaning bir-birini sevishi qiyin. Lekin xalq bo'lmoqchi bo'lsak, butun kuchimizni shu maqsadga yo'naltirishimiz kerak. To'g'risi, shu tobda ko'nglimdan o'tib turgan gapni aytaymi? Aslida yoshlarga “Unday bo'l, bunday bo'l”, deyishdan ko'ra bizning o'zimizning qilgan ishimiz ko'proq ta'sir qiladi. Agar jamiyatimizda qonunlar ishlasa, o'zimizning tilimiz bilan dilimiz bir bo'lsa, bosh­qacha gapirib, boshqacha ish qilmasak,   qalbimiz, qiyofamiz, adolatimiz bilan yoshlarning mehrini qozona olsak, ularning ishonchiga kirsak, shuningsiz ham, biz nasihat qilmasak ham, biz xohlagandek insonlar bo'lishadi. Teskarisi bo'lsa-chi? Ertadan kechgacha oldimizda o'tqazib, ma'ruza o'qisak ham, zohirida indamasa-da, botinida “O'zingni bil”, dey­di… Ana shundan Xudo asrasin!

Go'zal BEGIM suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 11 =