Ko'ngildan to'kilgan satrlar
Men hayotda, jamiyatda o'z o'rnimni topa oldim, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyatim davomida atoqli adiblar bilan birga ishlash baxtiga muyassar bo'ldim. Ulardan so'z sehrini o'rgandim. So'ng “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida 30 yildan ko'proq ishladim. Jurnalist sifatida faoliyatim davrida ko'p voqealar ishtirokchisiga aylandim. Kimlarningdir mushkulini oson, og'irini yengil qilish uchun qo'limdan kelganicha yordamimni ayamadim. O'sha davr xotiralarini kichik-kichik maqolalarda aks ettirishga harakat qilayapman. Shundan bir shingilini sizlarga ulashgim keldi.
Hayot, umr… Purma'no so'zlar. Har ikkisi bebaho, benazr asl ne'mat. Lekin hayotning ham, umrning ham o'ziga xos va o'ziga mos zalvori bor. Bu birovga yengil, birovga esa og'ir. Gohida zavqli, gohida qayg'uli, gohida jo'shqin, gohida sokin. Aslida esa hayot shirin. Tiriklik, ya'ni odam bo'lib dunyoga kelmoq bu katta baxt, omad desa bo'ladi.
Lekin odamning hayot deb atalmish ne'matdan bahra olishi, ulg'ayishi, unib-o'sishi, o'z o'rnini topishi — bu ikkinchi olam. Buning uchun inson izlanishi, intilishi, mehnat qilishi zarur. Bolalikda ota-ona bag'rida ulg'ayib, ularning o'git, maslahatlariga quloq tutib, ko'pchilik yoshlar hayot yo'lining xaritasini chizib oladi. Bunga, ayniqsa, hozirgi kunda Prezidentimiz yigit-qizlarga ko'rsatayotgan g'amxo'rligi, yaratilayotgan sharoit tufayli juda katta imkoniyat paydo bo'lmoqda. O'qiyman, izlanaman, mehnat qilaman degan odamga barcha sharoitlar yaratilgan.
Bolaligim, yoshligim, juda go'zal manzaralar bag'rida o'tdi. Taxtapulda kanal qazilishi, sharshara qurilishi, bog' ichidagi atirgullar, suv bo'yidagi majnuntollaru jiydazorlar, eh-he, qay birini aytasiz. Bog' ichidagi turli xil rangdagi atirgullarning ifori dilni yayratardi, tilni sayratar edi. Bolaligimdan san'atga oshufta bo'lganim uchun bog' ichi yo'limiz bo'lganidan doimo qo'shiq xirgoyi qilib yurardim. Tong mahali eshigimiz oldiga yoki kanal bo'yidagi yo'lni supurib suv sepganimda Izzat Sulton, Mirtemir, Oybek, Hamid G'ulom, Said Ahmad kabi allomalarning sayr qilib yurishganida ro'baro' kelib qolardim. Yana o'sha paytlar mahallamizning ko'rki bo'lgan Safo qori, Shukur qori, Fayzulla qori kabi otamning do'stlari bomdod namozidan qaytishardi, yo'ldan o'ta turib suv sepilgan joyda oyoqlarini qoqishardi. Bu voqealarni kechagidek eslayman.
Ha, o'sha paytlar bunchalik go'zal va ko'rkam manzarali joy boshqa hech qaerda yo'q edi. Shu go'zallikka mahliyo bo'lib yoshligim o'tganini ham sezmay qoldim chog'i, poytaxtdagi 22-o'rta maktabni oltin medal bilan tugatdim. O'sha paytda men va Abdusalom degan bolani Moskvaning MTUsiga yuboradigan bo'lishdi, ota-onam avvaliga rozi bo'lishdi. Imtihonlar shu yerda Politexnika institutining qurilish fakultetida o'tardi. Uchta imtihonni topshirib bo'lganimda uydagilarning fikri o'zgardi. Bormaysan deyishdi. Keyin bilsam bu ham Allohning amri ekan. Ko'p o'tmasdan otam vafot etdilar. O'shanda katta G'afurjon akamning 39 yoshida yurak xurujidan o'lganiga endigina 8 oy bo'lgandi.
O'qishga bormaydigan bo'lganimdan so'ng uyda o'n-o'n besh kun qoldim. Keyin adabiyot o'qituvchimiz Mirahmad aka maslahatiga ko'ra, Yozuvchilar uyushmasiga ish so'rab bordim. Omadim bor ekan. Dastlab sinov muddati bilan Ramz Bobojon qabul qildilar. Sinov muddati tugamasdan bir kunlik paxta terishga bordik. O'shanda tushlikka qadar 75 kg. paxta terganimni e'lon qilishganda Zulfiya opaning “Ramz Nosirovich, mehnatkash qiz ekan, shu dala shiyponida ishga qabul qilish haqida buyruq chiqaring”, dedilar. Shu bo'ldiyu uyushmada mehnat faoliyatimni boshladim. Nazarimda mendan baxtli odam yo'q edi. O'quvchilik davrimda ozmi-ko'pmi she'rlar mashq qilardim. Hatto bolalar gazetasida bir necha marta chop etilgandi.
Menga akademik Baxtiyor Nazarov ta'biri bilan aytganda, ijodiy muhit masalasida hammaga nasib etavermaydigan omad kulib boqqani rost. Yoshligimdan nainki tengqurlarim, hatto tanilib qolgan yozuvchi va shoirlar ham o'sha paytlarda orzu qilib yurgan yurtimizning G'afur G'ulom, Oybek, Shayxzoda, Asqad Muxtor, Mirtemir, Komil Yashin, S.Borodin kabi zabardast adiblari bilan deyarli har kuni muloqotda bo'lish nasib etdi. Atoqli adib Hamid G'ulomga kotibalik qilgan vaqtim kichkina xona qilib berishgani esimda. Maslahatchilar xonasida Aziz Abdurazzoq, Nosir Fozilov, Shotursun G'ulomov, Mirtemir aka kabi o'nga yaqin kishi o'tirishardi. Shu bois Saida Zunnunova uyga telefon qilib Nodiradan xabar olish uchun ko'pincha yonimga kelib sim qoqardilar. Opaning hurmatini joyiga qo'yishga harchand urinmay, baribir ba'zan xuddi tengdosh do'st-dugonalardek munosabatda bo'lardik. Chunki uyushmada ishlaydigan xotin-qizlar sanoqli edi. Shu bois, opa men bilan ko'p muloqot qilardilar. Gohida onamdek maslahat qilsalar, goh ustoz sifatida o'git berardilar. Ba'zan dugonamonand sirlarini ham baham ko'rardilar.
Hayot, oila, turmush uchun kishiga nimaiki zarur bo'lsa, ularning aksariyatini dastlab onamdan, qolganini Saida opadan o'rganganman. Ba'zan tushlik paytlari Muzayyana opa, kelib suhbatimizga qo'shilardilar. “Barcha ayollar sadoqat va matonatni sizlardan o'rgansin”, derdilar olima onaxonimiz Saida va Zulfiya opaga. Endi yoshim ulg'ayganda tez-tez o'sha lahzalarni yodga olaman. O'sha paytlar dengiz tubidan dur terib qalbim tubiga joylaganimga iqror bo'laman. Hali-hanuz Shuhratning “Shinelli yillar”, Hamid G'ulomning “Toshbolta oshiq”, Odil Yoqubovning “Muqaddas” kabi ko'plab asarlarini qo'lyozmadan ko'chirganimni eslayman. O'sha paytlar uyushmada o'tkaziladigan yosh ijodkorlar seminari yodimga tushadi.
Seminar ikki haftada bir marotaba bo'lardi, Mirtemir aka rais edilar. Kamina kotiba. O'sha paytlar 1-May ko'chasi, 20-uyda joylashgan uyushma binosining ikkinchi qavatida katta zal va oynavandli ayvon bo'lardi. Seminar ishtirokchilarining asosiy, kelishi shart bo'lganlarning ro'yxat daftarini, yurgizish zimmamda edi. Ular Erkin Vohidov, O'tkir Hoshimov, Sayyor, To'lqin Imomxo'jayev, To'lqin Ilhomov, Anvar Isroilov kabi nomi tilga tushganlar edi.
Seminarga taqdim etilgan hikoya yo she'rlarni biroz avvalroq ustozlar qo'liga tutqazardim. Bundan tashqari, ushbu tadbirga A.Qahhor, G'.G'ulom, Oybek, Mirmuhsin, Asqad Muxtor, Shuhrat kabi adabiyotimizning eng taniqli allomalarini taklif qilishdan charchamasdim. Ustoz adib va shoirlar fikrlarini samimiy, xoh tanqidiy bo'lsin, xoh maqtov bildirar edilar. Ko'p hollarda qizg'in munozara besh, olti soatga cho'zilardi. Shunda ham ustoz yozuvchilar Mirtemir aka ko'pincha yosh ijodkorlarga g'amxo'rlik ko'rsatardi. O'shanda O'lmas Umarbekov, O'tkir Hoshimov hikoyalari haqida Abdulla Qahhor aytgan fikrlar, yoki G'.G'ulom, Asqad Muxtor, Shuhratning Erkin Vohidov, Anvar Isroilov she'rlari haqidagi fikr-mulohazalari ularni parvozga shaylagan bo'lsa ne ajab.
Ishga oltmishinchi yilning oktyabr oyida kirgan bo'lsam, dekabr oyida universitetda filologiya fakulteti qoshida kechki jurnalistika bo'limi ochilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Bu ham omadim edi. Kunduzi ishlab, kechqurun o'qishga borardim. Kunduzi mehnat g'ururi, kechqurun talabalik sururi. Yana yuqorida qayd qilganimdek adabiyot sarbonlari bilan bir joyda ishlash… Saida opa bilan deyarli har kuni tushlikda bo'ladigan maroqli suhbatlar. Ayniqsa, o'n besh kunda bir marta seminar qatnashchilarini maxsus daftarga ta'kidlab qo'yish, tadbirni qiziqarli, sermazmun o'tishini, yosh ijodkorlar, o'sha paytda muntazam qatnashadigan talabalarning olam-olam taassurot olishlariga erishish – bularning bari mehnat faoliyatim daftariga oltin harflar bilan yozilib borganini hamon his qilyapman.
Nafaqat yoshlikning balki yoshing ulg'ayganida ham umr tezoqar daryo ekanini ko'proq his qilasan, kishi. Shunday paytlarda ortga bir qarab, o'sha bir paytlar chizgan xaritaga ko'z yugurtirasan. Qanchalik bajara oldim deya o'zingga savol berasan. Kimdir qoniqadi, kimdir qoniqmaydi. Kimdir baxtli, shodon. Kimdir… Nima bo'lganda ham qilingan harakat, maqsad sari intilish zoe ketmaydi. Shukr qilasan. Umr daftarimni varaqlar ekanman o'sha uyushmadagi faoliyatim, seminar qatnashchilarining ro'yxat daftari va ustozlardan olgan saboqlarim, ko'chirgan qator asarlarning Mirtemir aka tili bilan aytganda “qaymog'ini” totiganim oltin sahifalarga bitilganini o'qiyman. Yana va yana shukronalar aytib, keyingi oltin sahifalarni izlashga tushaman. Ular hali albatta topilgusi. Inshoolloh.
Muqaddas ABDUSAMATOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,
mehnat faxriysi
Tahririyatdan: faxriy jurnalist Muqaddas Abdusamatovaning qilgan mehnatlari zoe ketmadi, u O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi unvoni hamda I-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75-yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan “Vatan uchun yashaylik” 9-Respublika ijodiy ko'rik-tanlovida “Uyg'oq tuyg'ular” kitobi rag'batlantiruvchi mukofotga sazovor bo'ldi.
M.Abdusamatova shu kunlarda farzandlari, nabiralari bag'rida keksalik gashtini surish barobarida Respublika buvijonlar maktabi kengashi a'zosi sifatida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, nazm, nasr va publitsistikani qamrab olgan “Umr lahzalari”, “Ona mehri”, “Fazilatim fozilaligim”, “Umr ipga terilgan marjon”, “Ortda qolgan izlar” va “Saylanma” kitoblari chop etilgan.
Suratda: chapdan: G'afur G'ulom, Uyg'un, Komil Yashin, Oybek, Zulfiya, Asqad Muxtor, Mirmuhsin, Hamid G'ulom, Mamarasul Boboyev.