So'z sehri
Yaratganga shukrki, hayotda, jamiyatda o'z o'rnimni topa oldim, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyatim davomida atoqli adiblar bilan birga ishlash baxtiga muyassar bo'ldim. Ulardan so'z sehrini o'rgandim. So'ng “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida 30 yildan ko'proq ishladim. Jurnalist sifatida faoliyatim davrida ko'p voqealar ishtirokchisiga aylandim. Kimlarningdir mushkulini oson, og'irini yengil qilish uchun qo'limdan kelganicha yordamimni ayamadim. O'sha davr xotiralarini kichik-kichik maqolalarda aks ettirishga harakat qilayapman. Quyida shulardan bir shingilini sizlarga ulashgim keldi.
1965 yil. Bahor oylari. Bir kuni ishxonamda o'tirsam Shotursun G'ulomov kirib:
— Bu do'stim, Abdulaziz Vahobov bo'ladi. Yozdiradigan (u paytlar matnlar mashinkada ko'chirilardi) ishi bor ekan, — dedilar.
— Keyinroq bo'ladimi yo hozir ko'chirib beraymi? — dedim men.
— Hozir bo'lsa yaxshi bo'lardi, — dedi mehmon.
— Unda bizning xonada o'tirib turamiz, siz bemalol ko'chiravering, — dedi Shotursun aka va chiqib ketishdi. O'zi bir qog'oz to'lar-to'lmas qo'lyozma ekan, bir zumda ko'chirib berdim.
Birozdan so'ng:
— Xatosiz ko'chiribsiz, yashang, baraka toping, — deb alqadi Abdulaziz aka.
Shu zayl A. Vahobov to'rt-besh marta bir-ikki qog'ozlik maqolalarni ko'chirtirgani olib keldi. Mening ishim shu bo'lgani uchun sira og'rinmay bajarardim.
Kunlarning birida Shotursun aka:
— Singlim, gazetaga ishga o'tasizmi? – deb so'rab qoldilar.
Universitetning oxirgi kursida o'qiyotgandim. Rektorat kasbimiz bo'yicha ishlashimizni talab qilayotgandi. Bu taklifni ich-ichimdan jon deb qabul qilgan bo'lsam-da, avvaliga yuzaga chiqarmadim.
— Do'stim “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida muharrir bo'lib ishlaydi. Yozganlaringizni o'qib, ozgina bo'lsa-da, savodingizni tekshirib ko'rdi. Ma'qul keldingiz chog'i, Adabiyot va san'at bo'limiga ishga taklif qilyapti, — dedi A.Vahobov.
Bo'limda Barot Boyqobilov mudir edi. Men adabiy xodim bo'lib ishga o'tdim. Bo'lim ishlari bilan tanishtirar ekan:
— Bizga juda ko'p xatlar keladi. Har birining ortida gazetxon, muxlis turganini unutmang, — deb tayinladi.
Ishim juda qiziqarli bo'lgani uchun men tezda sho'ng'ib ketdim. Lekin mas'uliyat ham kam emasligini his qilardim.
Bir kuni “Askar maktubi”ga ko'zim tushdi. Unda ikkita qatra bor edi. Har qalay tanlangan mavzu yaxshi. Do'stlik, go'zallik haqida edi. Ulardan birini biroz tahrir qildim. Gazetaga chiqdi. So'ng uning muallifi Ahmadjon Meliboyevdan “rahmat” xati keldi. Shu zayl askar bizga qatralardan tashqari, harbiy xizmati to'g'risida xabarlar jo'natib turdi.
Ahmadjon harbiy xizmatdan qaytish chog'ida qo'lida chemodon va ustida harbiycha shineli bilan to'g'ri tahririyatga kirib kelgani hamon esimda. O'shanda katta xonada sakkiz kishi o'tirardik. Yigitning barcha bilan iliq so'rashgani, chiroyli muomalasi barchamizga birdek yoqdi. Turli savollar bilan Barot aka, Muxtor Ahmedov, Mahkam Rahmonov, Karim Rahimov kabi ustozlar uni biroz suhbatga tortishdi. U asli O'sh shahridan ekanini aytdi.
Men jurnalistikaning o'ziga xos jihatlari, hikoya janri haqida biroz bo'lsa-da, tushuncha berdim. Keyin qog'ozga bir necha mavzularni ro'yxat qilib yozdim, xabarlar yozib turishini tayinlab, xayrlashdim.
O'ylaganimdek, u bergan topshiriqni bajarib, tez-tez xabarlar jo'natib turdi. Faol muxbir bo'ldi. Yozda esa oliy o'quv yurtiga o'qishga kirish uchun Toshkentga keldi, qo'lida yozgan narsalari e'lon qilingan gazetalar to'plami bor edi. Biz yana tahririyat nomidan yo'llanma ham bergandik.
Shu orada “Yosh gvardiya” nashriyoti ochiladigan bo'ldi, muharririmiz Abdulaziz aka unga direktor etib tayinlandi. Barot aka o'sha yerga ishga o'tdi. Gazetada bo'lim boshlig'i vazifasi kaminaga topshirildi. Bu orada Ahmadjon o'qishga kirdi. O'qish jarayonida gazeta bilan aloqasi yanada mustahkamlandi. O'qishdan bo'sh paytlarida bo'limning qariyb o'ttiz foiz ishini bajarardi. Muhimi, xatlar bilan ishlashni puxta o'rganib oldi. Unga ikki-uch yuztalab she'riy mashqlarni berardik. O'rganib sharh yozib kelardi. Hikoyalarga yozgan sharhlari ham juda puxta, ishonarli chiqardi. Ahmadjondagi kasbga bo'lgan qiziqish, intilishni ba'zan haftalik hisobot yig'ilishlarida boshqalarga namuna tarzida aytiladigan bo'ldi. Talaba — Ahmadjon Meliboyev xatlardan tashqari vaqt topib, boshqa bo'limlarga ham xabar, lavhalar yozardi.
Har qanday rag'bat insonni oldinga yetaklaydi. Qolaversa, u paytlarda qalam haqi ham sezilarli miqdorda bo'lar edi. Bu ham bir jihatdan rag'bat, yana bir jihatdan talaba uchun moddiy yordam. Shu zayl Ahmadjon jamoamizning eng faol muxbiriga aylandi.
1973 yilda kamina tug'uruq, ya'ni uzoq muddatli ta'tilga chiqadigan bo'ldim. Bosh muharririmiz R. Shog'ulomov chaqirib:
— Bo'limni nima qilamiz? — deya so'rab qoldi.
— Yo'q demasangiz bitta taklifim bor. Mirzakarim Pirmatov (adabiy xodim)ni o'rnimga mudir qilib, o'rniga Ahmadjonni ishga olsangiz, yaxshi bo'lardi, — dedim.
— U hali o'qishni bitirmagan, talaba-ku.
— To'g'ri, uchinchi kursda. Lekin o'qishdan bo'sh paytida ham har qanday topshiriqni bajarish qo'lidan keladi. Bunga ishonchim komil.
U haqiqatda ishonchni oqladi. Nomi kunda bo'lmasa ham tez-tez boshqa gazetalarda ham paydo bo'la boshladi. Bo'limning ishlari yurishdi. Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga a'zo bo'ldi. Kamina ishga qaytgach, u siyosiy targ'ibot bo'limiga o'tkazildi. Endi unda bu bo'limni boshqara olish qobiliyati paydo bo'lgandi.
Ahmadjonning ibratli fazilatlaridan biri — u ko'p o'qirdi, ko'p o'rganardi. O'zi ustida tinmay ishlardi. Shu bois kundan-kunga, maqoladan maqolaga yetilib, pishib bordi. Nafaqat maqola, balki lavha, reportaj, ocherk kabi janrlarda ham qobiliyatini namoyon etdi. Shu tariqa, oilali bo'lganida unga uy ajratildi. Bu ham katta rag'bat edi. Yaxshi kadr, yaxshi odam har joyda kerak-da. Bugungi kunda Ahmadjon Meliboyev taniqli jurnalist, mohir publitsist bo'lib elga tanildi. “Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri sifatida faoliyat yuritayapti. Albatta, uning bu darajaga yetishida turmush o'rtog'i Matlubaxonning ham o'rni beqiyos. Ahil oilaning o'g'il-qizlari ham munosib tarbiya ko'rgan, hayotda o'z o'rinlarini topishdi. Uning bugun yutuqlaridan, erishayotgan zafarlaridan, yozayotgan kitoblaridan ko'nglim faxr-iftixor tuyg'usiga yo'g'riladi. Ko'z oldimga esa hanuzgacha o'sha — bundan 55 yillar avvalgi vaqtdagi askar maktubi kelaveradi…
Muqaddas ABDUSAMATOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi,
mehnat faxriysi