Mehnat safari

O'shanda “Yosh leninchi”(hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi tahririyatida ish boshlaganimga endi bir yil bo'lgandi. Bo'lim mudirimiz Respublika Yoshlar idorasi (o'sha paytda Komsomol komiteti)ga chaqirishayotganini aytdi. Bordim. O'sha payt­­da Ra'no Xabibovna nomini eshitsa, nazarimda daraxtlar ham bir silkinib tushardi. Tortinib, iymanib xonasiga kirdim. Katta xonaning to'rida o'tirgan rahbar opa voqeani tushuntirib, qo'limga shikoyat xatini tutqazdi.

— Yaxshilab o'rganib, muammoni hal qilib kelgin, – dedi R. Abdullayeva.

Xonadan chiqdim. Lekin vujudimdagi tit­roq, hayajon hali to'xtamagandi. Pastki qavatga tushib, divanda biroz o'tirdim. So'ng ishxonaga kelib, kerakli hujjatlarni to'g'riladim.

— Qiz bola boshing bilan bunaqa ishlarni bajara olasanmi, qiynalmaysanmi? – onajonim (Alloh rahmat qilsin) avvaliga bezov­talandilar. Keyin:

— Ha endi, ishing bo'lgandan keyin qilasan-da. Faqat ehtiyot bo'l. Irodali va kuchli bo'l. Haqiqatni top, o'rgan, – deya oq fotiha bergandilar.

Bu mening birinchi mehnat safarim edi. Farg'onaga bordim. Viloyatdan Marg'ilon shahar komsomol tashkiloti birinchi kotibi Turg'unoy Egamberdiyeva menga hamrohlik qildi. Arizadagi voqea biroz qaltisroq edi, chindan ham ehtiyotkorlik talab qilinardi.

Ya'ni, 19 yoshli Tatyanani otasi tanish-bilish qilib, kombinatga ishga joylagan ekan. Sex boshlig'i qing'ir ishlariga uni sherik qilmoqchi bo'libdi. Tatyana ko'nmagan. Shundan so'ng, uni asossiz bahonalar bilan ishdan bo'shatgan. Biz Tatyananing otasiga uchradik. Kombinat rahbarlarini voqeadan voqif etdik. Xullas, qiz ishga tiklandi. O'shanda shoyi kombinatiga ishga kirish ilinjida yurgan yana boshqa bir nechta yigit-qizlarni ham ishga joylashishiga ko'maklashganmiz. Ishimiz bitgach, shaharni tomosha qildik. Sira yodimdan chiqmaydi. Bir xaroba yodgorlikni ziyorat qilgani bordik. Kabutarlarning ko'pligidan qabr ko'rinmasdi.

— Kabutarxona, – dedi hamrohim.

— Kimning qabri, bu yerda kim yotibdi, – so'radim.

— Muhammad sallollohu alayhi vasallamning sahobasi, birinchi xalifa Abu Bakr Siddiqning avlodlaridan birining qabri, – javob qildi hamrohim.

— Ey, bu kabutarlar bejiz bu yerga to'planishmagan ekan-da…

— Ha, bu ehtirom, ulug'larga ehtiromni hozircha kabutarlar bajarishyapti. Odamlar esa bularni boqishyapti. Xabaringiz bor, obod qilaylik, desak ruxsat berishmayapti…

Kabutarlar ko'pligidan yerga sochilgan don-dunlarni bazo'r ko'rdim. Bu ziyoratgoh Toshkentga qaytganimdan keyin ham ko'z oldimdan ketmadi. Avvaliga hisobot tarzida Tatyananing ishga joylashtirilgani haqida yozdim. Keyin esa “Muqaddas kabutarlar” ocherkim ko'pchilikka manzur bo'lgan edi.

Oradan yillar o'tdi. Bir kuni qo'shnim olima Halima opanikida Turg'unoy bilan uchrashib qoldik. O'sha voqealarni esladik. Keyin u hozir o'sha maqbara butunlay yangi tus olganini aytdi. U qo'ligul ustalar tomonidan to'liq ta'mirlanibdi. Bunga sabab Hindistondagi Agra universitetining tarixshunoslari kelib, kabutarxonani o'rganishgan ekan.

Ikkinchi shikoyat izidan

Birinchi mehnat safarim zavqini tuyub ulgurmagan edim. Yoz tugab, kuz boshlangandi. Tahririyatda esa ish qizg'in. Ayniqsa, “Adabiyot va san'at” bo'limida. O'lmas Umarbekov, Erkin Vohidov kabi qator yosh qalam ahliga laureatlik unvoni berilgan. Ular haqida bir sahifadan material tayyorlash kerak. Kutilmaganda yana Yoshlar idorasiga chaqirishdi. Bordim. Yana shikoyat. Bu safargisi Xorazmdan ekan. To'rt nafar qiz yozishgan ekan. Maktabni tugatib, Oliy o'quv yurtiga o'qishga kiramiz desa, ota-onalari turmushga uzatmoqchi ekan.

— Agar yordam bermasangiz, o'zimizni yoqamiz, – deb yozishibdi.

Xatni olib yo'lga tushdim.

Xorazmga borib, avval qizlarni qidirib topdim. U paytda qo'l telefonlari yo'q. Ular paxta dalasida, to'rttalasining ham etak­lari to'la paxta. Terimdan chalg'itmasdan suhbatlashdim. Tarozibon yigitning hamrohi bizni qizlarning uylariga boshlab bordi. Ikki nafarining ishi oson ko'chdi. Hartugul, ota-onasi fikrimni tez tushunishdi. Lekin qolgan ikki nafarining akalari qarshi turib olishdi. Har qancha tortishmay, ko'ndirish qiyin bo'ldi. Hatto fotiha qilib qo'­yishibdi. Ertasi kuni Yoshlar idorasining viloyat bo'limi rahbari Roza Avezjonova bilan birga yana uyiga bordik.

Ha aytganday, birinchi kuni o'sha “aka”lar ortimdan itlarini qo'yib yuborishgandi. Aytish yodimdan ko'tarilibdi. Qalin jiydazor o'rtasidagi yolg'izoyoq yo'lda itlarga yem bo'lishimga ozgina qolgan. Yaxshi hamki o'tirgan odamni it tishlamaydi, deb eshitganim bor edi. Darrov o'tirib oldim. Tishlamadi. Itlar joyida tik turib qolishdi.

Ertasi kuni borsak, o'sha yigitlar qilgan ishlaridan uyaldimi, ko'zimizga ko'rinmadi. Lekin bu ikki qizning ota-onasi ham tushuntirishlarimizdan so'ng, qizlarining o'qishiga rozi bo'lishdi. Bu yog'i yaxshi bo'luvdi. Lekin oliygohlarda allaqachon o'qish boshlanib ketgan edi…

Niyat xolis bo'lsa, ish o'ngidan keladi, degani rost. Roza Avezjonova bilan Xivadagi Tibbiyot texnikumiga bordik. O'shanda shahar rahbarining yordami bilan to'rttala qiz ham texnikum talabasi bo'lishdi. Quvonchlari cheksiz.

Albatta, mehnat faoliyatim davomida bunday voqealar juda ko'p bo'lgan. Ko'plab arz-shikoyatlarni o'rganishga, turfa taqdirlar haqida yozishga to'g'ri kelgan. Yuqorida bor yo'g'i ulardan ikkitasi haqida eslandi.

Ha, yaxshilik, ezgulikka nima yetsin. Axir inson bu dunyoga faqat yaxshilik qilish, yaratish, yashnatish, obod etish, ko'ngillarga malham bo'lish uchun keladi, aslida. Shuning uchun ham Xorazm safari umrim daftaridan munosib joy olgan.

Muqaddas ABDUSAMATOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi, mehnat faxriysi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 12 =