Go'zallik chiroqlari

Ijodkorning umr mazmuni yillar bilan o'lchanmaydi. Uning mazmuni, mezoni yaratilgan va o'z qadrqimmatini yo'qotmagan asarlari bilan belgilanadi.

Muqaddas opa qo'liga qalam tutib, matbuot sahifalarida ko'rina boshlaganiga 60 yildan oshdi. Har bir davrning o'z qo'shig'i, o'z ohangi bo'lishi tabiiy, lekin har qanday ijtimoiy “ob-havo”da ham inson va insoniy yashamoqlik   saodati yaxshilikdan boshlanadi, yaxshilik shohsupasida qad rostlaydi. Yaxshilik esa avvalo, oilada dunyoga keladi va hamisha oiladan kuch-quvvat oladi.

Muqaddas Abdusamatovaning publitsistik nigohi umurtqasini ayol, oila, farzand baxt-iqboli tashkil etadi. Milliy qadriyatimizning o'zak-o'zagini tashkil etgan oila muqaddasligini his etish, uning tabiiy va tasodifiy nag'malariga shay turish o'z-o'zidan ro'yobga chiqmaydi. Ushbu haqiqatni eng, avvalo, oila bekasi tushunmog'i zarur, deb hisoblaydi Muqaddas opa. Shu bois ayol va ona sifatida bo'lg'usi kelinchaklarga, oila so'qmog'ida qoqilish xavfi ostida qolgan yosh uy bekalariga murojaat etadi. Sirlashadi. Joiz bo'lsa, quloqqa shivirlab, dardlashadi. “Irodalimisiz?” deb savol qotadi, “Irodangizni oilangiz poydevorini mustahkamlash yo'lida safarbar eta olasizmi?” deya so'raydi. Pokizalik, poklik naqadar sehrli kuchga egaligidan suhbat quradi. Andisha, nazokat, tamanno, lobarlik-chaqqonlik, zebolik-zukkolik, odamoxunlik, sabru qanoat… ha, xuddi shunday, baxtli oila tilsimi shu singari bir-biridan go'zal tuyg'ular gulzori ichra pinhon hisoblanadi. Oila qurgan va qurayotgan malikalarimizni ushbu gulzor sayri bahona, o'sha sinoatlarni qunt ila o'rganishga da'vat etadi.

Piri badavlatlik martabasiga erishgan bobojon-momojonlarimiz borki, sanab o'tilgan va sanoqqa kirmagan tuyg'ular, fazilatlarni ardoqlash evaziga baxtli — baxtiyor oila qurishga erishganlar. Go'zal milliy-insoniy fazilatlarimiz aslo qadrini yo'qotmaganidek, go'zal — fayzli oilalar ibrati ham zinhor eskirmaydi, qadrsizlanmaydi.

Hayot yengillikni ko'tarmaydi, zero, baxtli yashamoqlik uchun ham kurashmoqlik, ziyraklik darkor. Qizig'i shundaki, hech bir inson boshqasiga aynan o'xshamaganidek hech bir oila boshqasini takrorlamaydi: opaning “Uch xonadon, uch manzara” maqola-hikoyasidan shunday xulosa kelib chiqadi. Tajribali qalam sohibasi bir nigoh ila uch oila tutimidagi turfa manzarani ko'z oldingizda gavdalantiradi hamda bir qarashda arzimasdek ko'ringan lavhalarda uch oila-xonadon botiniga– ma'naviy olamiga kirib boradi. Taniqli adabiyotshunos olim, akademik Baxtiyor Nazarov to'g'ri ta'kidlaganidek, “Muqaddas Abdusamatova hodisani emas, hodisa ta'siridagi tuyg'ularni kuylashga harakat qiladi”. Shu boisdan ham opaning maqolalari hikoyadek o'qiladi, hikoyalarida esa real hayot nafasi sezilib turadi.

Muqaddas opaning o'z she'riy dunyosi bor. Bu dunyoning o'ziga xos tashbehlari, timsollari bis­yor. Marhamat, misol tariqasida o'qing, bahra oling:

Alla aytsam ayvoningda uxlaydi quyosh,

Mustaqillik sevinchidan quvnar ko'zda yosh.

Yoki:

Chumoli yo maymundan emas,

Qo'g'irchoqdan yaralgan odam.

Shoiraning she'rda charxlangan hayajonlari uning hikoyalarida davom etadi. Xususan, voqeiy hikoyalarda gavdalangan obrazlar o'quvchining yodida qoladi — tengma-teng o'ylashga, mushohada yuritishga chorlaydi.

Muqaddas Abdusamatovaning bir turkum maqolalari inson, urush va tinchlik mavzusiga bag'ish­langan. Bu mavzuda yangi gap aytish oson emas. Shu ma'noda “Uyg'oq tuyg'ular” kitobidan joy olgan maqola-esselar hayotiyligi, ta'sirchanligi va ayniqsa, o'ylab topilmagan sarguzashtlari bilan o'quvchiga manzur bo'ladi.

… Chehrasidan nur yog'ilib turgan, pahlavonkelbat mehmon Toshkentga shunchaki sayru sayohat niyatida tashrif buyurmagan, u Vladikavkazda nom qozongan qo'li gul tadbirkorlardan. Ismi —Alan Tatarov. Yigirma yildan oshdi, Osetiyadagi ikki qishloq aholisi muz ko'chkisi ostida qoldi. Alan qidiruv-qutqaruv ishlarida qatnashdi. Beminnat mehnat qildi. O'sha voqea sabab Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan joyida dafn etib ketilavergan jangchilarning shaxsini aniqlash, ularning yaqinlarini topish, jasad qoldiqlarini ko'chirish ishlariga bosh-qosh. Hozirgacha u boshchilik qilayotgan guruh a'zolari turli millatga mansub 3 mingga yaqin jangchi jasadi qoldiqlarini tug'ishganlari manzil-maskaniga yetkazib berishga muvaffaq bo'ldi. Shundan 180 nafari o'zbekistonlik jangchilar!

“Bundan sizga nima naf?” degan savolga, “Bizga keladigan naf, bu – savob” deb javob qaytaradi Alan Tatarov.

Tasavvurlarni boyituvchi, ma'naviyat ummoni injularidan bahra ulashuvchi ijod ham savob. Hayot adoqsiz ma'no-mazmunlarini hadya etar ekan, ularni saralab, sayqal berib, odamlarga yetkazish ham koni savob. Savobning esa o'lchami yo'q — ko'ngillarning bir zumlik charog'onligi ham savob.

Muqaddas opa Abdusamatovadek hayot va ijod maydonida chiniqqan adiba va publitsist ijodi namunalari o'z o'quvchilari, muxlislari qalbiga go'zallik chiroqlarini yoqaveradi.

Xurshid Do'stmuhammad,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − three =