Agronomlikdan… Kinochilikka
yoxud 90 yoshli kinorejissyorning gurunglari
Moskvadagi Timiryazev nomli Qishloq xo'jaligi akademiyasini tugatib agronom diplomiga ega bo'lgan Soliy Davletov, o'z sohasidan ko'ra kino olamida shuhrat qozongan inson. Ayni paytda 90 yoshni qarshilagan kinorejissyor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Soliy Davletov nomi bugun afsuski keksa va o'rta yosh avlodgagina ma'lum. Biroq Soliy aka tomonidan ishlangan “Zulfiya”, “Xudoybergan Devonov”, “Beruniy”, “O'zbek atlasi” singari 60 ga yaqin hujjatli filmlar o'z davrida dovrug' qozonib, Boltiqbo'yi davlatlari, Malayziya, Rossiyada o'tkazilgan xalqaro kinofestivallarda sovrinlarni qo'lga kiritgan edi.
Asli xorazmlik bo'lgan Soliy aka bilan suhbatimiz nafaqat kino, balki bosib o'tilgan ijod zahmatlari va 90 yillik hayot yo'liga bir nazar tashlash haqida kechdi.
— Soliy aka, kinoga qiziqishingiz qachondan boshlangan?
— 5-6 yoshlik paytlarimda, 1937-38 yillarda Hazoraspning Yuqori Muxomon qishlog'idagi hovuz bo'ylarida uy devoriga oq chitdan parda tutib, o'sha yerda ovozsiz kinolar ko'rsatilardi. Oq chitda harakatlanayotgan odamlar, ajabtovur mashinalar, velosipedlar bizga mo''jiza bo'lib tuyulardi. Ba'zi odamlar devorda ko'rinib turgan odamlarni afsungarlik ishi deb qo'rqar, ayrimlar yurib kelayotgan poezd, mashina, velosiped ekrandan chiqib ketadi deb vahimaga berilishardi. Ammo kimdir tik oyoqda, kimdir o'tirib olib hayratlanganicha ovozsiz filmlarni ko'rardi. Meni ham ana shu bolalikdagi hayrat kino olamiga kirishga undardi.
Uyda bobom, otam, oyim to'rtalamiz yorug'lik uchun, kerosin chiroqning goh piligini pasaytirib, goh kuchaytirib o'tirganimizda devorga soyamiz tushib, kichrayib, kattayar, shunda men ko'zimni yumgancha kinoda ko'rganlarimni eslab, o'zimcha kinolavhalar ijod qilardim.
— Otangiz, oilangiz qatag'on davri jabrini tortgan ekansizlar…
— Otam Bolta Davletov 1909 yilda Hazoraspning Yuqori Muxomon qishlog'ida etikchi oilasida tug'ilgan. U Xivadagi Sherg'ozixon madrasasida o'qigan. Keyin esa Hazoraspda sho'ro sarkotibi bo'lib ishlagan. 1937 yilga kelib u ham antisovet, aksilinqilobiy targ'ibot olib borganlikda ayblanib hibsga olinadi. Uning o'zi xotiralarida bu haqda shunday degan:
— O'sha qatag'on davrida Xivadagi Kaltaminor yonidagi Muhammad Aminxon madrasasi binosi qamoqxonaga aylantirilgandi. Xorazmning turli joylaridan kelgan mahbuslar bu yerda saqlanar, mahbuslar oyoq uzatib yota olmas, chunki bino odamga to'la bo'lib, yonboshlab, g'ujanak bo'lib yotardilar.Madrasaning katta naqshinkor eshigining o'rtasini teshib mahbuslarning izidan kelganlar bilan suhbatlashish uchun darcha ochishgandi.
Voqeaning davomini otasining xotiralarini 97 yoshida, vafotidan oldin videokameraga yozib olgan o'g'li, kinorejisyor Soliy Davletov shunday davom ettiradi:
— Otam qamalganda men 5 yoshda edim. O'shanda yoz oylari edi. Otamni Hazoraspdagi sho'ro idorasidan hibsga olganicha Xivaga olib ketishgan. Onam va bobom uchalamiz qishloqda bu xabarni eshitib yig'lashdan o'zimizni to'xtatolmadik. Meni “xalq dushmani”ning bolasi deya bolalar bog'chasidan quvib yuborishdi. Qishloqda oiladagilarimiz ayrim kaltafahm, laganbardor kimsalarning zug'umidan bosh ko'tarolmay qoldik. Nihoyat onam ikkimiz avgust oyida otam bilan uchrashgani Yuqori Muxomon qishlog'idan oyoqyalang, piyoda Xiva tomon tong sahardan yo'lga chiqdik, kun botar oldidan zo'rg'a Xivaga yetib keldik. To'g'ri turma bo'lib turgan madrasaga bordik. Menim eshikdagi darchaga bo'yim yetmasligidan onam dadam bilan gaplashib hol-ahvol so'rashgach, meni qo'liga ko'tarib dadamni ko'rsatdi. Dadam horg'in, ust-boshi kir, abgor ahvolda ko'rindi. Men yig'lab yuboray dedim. Soqchi kelib chiqib ketishimizni talab qildi. Zo'rg'a yig'lamsirab chiqdik. Bu paytda kun botib bo'lgandi. Qo'limizdagi ro'molda onam yopgan non bo'lib, u qotib qolgan edi. Dadam bizni yeb ketarsizlar deya, nonning yarminigina olib, qolganini qaytib bergandi. Ochko'z soqchi o'sha qolgan nonni ham olib quvib soldi. Xivada biron tanishimiz yo'q bo'lganidan, ro'molchada qolgan non ushoqlarimizni og'zimizga solgancha orqaga qayta boshladik. Xiva shahridan endi chiqqanimizda, men ham, onam ham yo'l yurib charchaganimizdan holdan toyib, yurishga majolimiz qolmagandi. Xiva atrofidagi Sayot qishlog'idagi xo'jaliklardan biri yonidagi qandaydir daraxt yoniga borib, xorib charchaganimizdan o'tirib dam oldik. Atrof zimiston qorong'i bo'lib, odamlar uxlab qolgan, itlar ovozigina eshitilardi xolos. Onamning ko'ylagiga o'ralib uxlab qolibman. Ertalab ko'zimni ochganimda onam ham endi uyqudan turgan ekan. Bilsak, biz tagida uxlagan daraxt nok ekan. Yonida ariq bo'lib, suv oqib yotardi. Suvga yuzimni yuvib, nok mevasidan olib yemoqchi bo'lib qo'limni cho'zganimni bilaman, onam tegma, egasidan so'raganimiz yo'q, dedi. Mening esa yegim kelardi. Shunda bolaligim tutib, xarxasha qila boshladim. Bizning ovozimizni eshitib, yonimizga qandaydir chol keldi. U shu uyning va nokning egasi ekan. Bizning shu yerda uxlaganimizni eshitib onamni koyigan bo'ldi. “Nega uyga kirmadingizlar, musofir bo'lsangizlar”, dedi. Onam dardimizni aytib, hazorasplik ekanligimizni, Xivaga nimaga borib kelayotganligimizni aytdi. Qarangki, bu cholning ham o'g'li Xivada qamoqda ekan. U bizni uyiga taklif etdi. Ammo onam ko'nmadi. Chol esa noiloj onamga bir katta ro'molga tugib non, uzum, olma, nok terib berdi. Men onam bilan xursand bo'lib to Hazoraspga kelguncha mevalarni, nonni yeb yetib keldik.
Bolta Davletov qamoqxonada urib so'kishlar, kaltaklar ostida qolib ketaverdi. O'shanda urishdan tashqari azob berishning boshqa bir usuli, ya'ni mahbusni umuman ikki-uch sutkalik uxlatmay, tik oyoqda qo'yib azob berishar ekan. Turmaning rus millatiga mansub boshlig'i bir kuni qarasa, mahbuslardan biri tik turganicha ko'zi ochiq holda uxlab turgan ekan. Shunda boshliq suv sepib uni uyg'otibdi. Bolta Davletov shunday azoblarga chiday olmay o'zini o'ldirish uchun moxorkani suvga ezib ichadi. Ammo moxorka zaharga aylanmay, u qusib qayt qilib tashlaydi. Nihoyat, 9 oylik azobu dahshatlardan so'ng uni “aybi isbotlanmadi” deya qamoqdan ozod qilishadi. Shundan keyin u yana Hazoraspga borib o'z ishida ishlay boshlaydi. 1938 yilda u Farg'ona moliya texnikumiga o'qishga yuboriladi. Tahsilni tugatib Hazorasp tumanida moliya bo'limi mudiri, keyin Xiva shahrida moliya bo'limi mudiri bo'lib ishlaydi. Ikkinchi jahon urushi davrida esa Xorazm partiya qo'mitasida instruktor bo'lib faoliyat ko'rsatadi. Viloyatdan urushga ketuvchilarni kuzatishga mas'ul bo'lib Orol dengizidagi Mo'ynoq kemachilik pristaniga guruh-guruh askarlarni olib kuzatib qaytardi. 1942 yilda uning ishchanligini inobatga olib Xonqa tumani partiya qo'mitasiga birinchi kotib qilib yuborishadi.
Bu vaqtda texnika yo'q, paxta dalalarida kolxozchilar bahorda qo'lda belkurak-ketmon bilan yer ag'darib, paxta ekishgan. Yerlar haddan tashqari zax olib, uni yo'qotish uchun zahkashlar qazilgan. O'shanda raykom foytunda yurib qishloqlarni aylanar, “Emadem” degan birinchi kotibga ajratilgan mashinani esa Do'schan aka degan haydovchi tuzata bilmaganidan goh yurib, goh yurmay buzilib qolardi. Agar mashina qaysidir qishloqda buzilib qolsa, kechga yaqin arang tuyaga sudratib qaytib kelishardi. Bu orada Xonqaga Kostrov degan rus kishi kelib mashinani tuzata olishini, o'zining haydovchiligini aytadi. Bolta Davletov uni ishga oladi. Kostrov Urganchga borib ehtiyot qismlar olib keladi va mashina yura boshlaydi. Endi sarkotib Davletov “Emadem”da yurib qishloqlarni aylanib ishni tashkil qiladi. Bir kuni Toshkentdan Davletovning do'sti mehmonga kelib qoladi. O'shanda raykomning tomida qamishlar osilib, chakki o'tib yotgan uyida mehmonga palov pishirmoqchi bo'lishadi. Biroq…biroq ovqat pishirish uchun uydayam, Xonqaning markazidayam paxta yog'i, kunjut yog'iyam topilmaydi. Raykomning o'g'li Soliy, Do'schan shofyor bilan foytunda qishloqma qishloq yurib zo'rg'a ozgina yog' topib kelishadi. Nihoyat, yarim kechalarda zo'rg'a o'tin bilan palov pishirib mehmondorchilik qilishadi.
Kunlarning birida Hazoraspning Yuqori Muxomon qishlog'idagi Davlat etikchi eshakda Xonqaga o'g'lini ko'rgani keladi. Odamlardan raykom binosini so'rab topib, manzilga keladiyu, bino oldidagi daraxtga eshagini bog'lamoqchi bo'ladi. Shunda instruktorlardan biri chiqib, bu bino raykomniki ekanligi, eshagini boshqa joyga bog'lashni buyuradi. Davlat etikchi “o'g'lim raykomga ishga kelibdi, shuning yoniga keldim” deydi. “Kim u o'g'lingiz?” so'raydi instruktor. “Boltaboy degan, Hazoraspdan” — deydi etikchi Davlat. Birzum o'ylagach, “bu yerda Hazoraspdan hech kim yo'q, narigi ispolkomning binosidan qidiring, eshagingizni ham shu yoqqa olib keting” deydi. Instruktor Bolta Davletov Urganchdan, Obkomdan ishga kelgani uchun, uni o'sha yerlik deb bilarkan. Davlat etikchi ispolkomga borib Bolta degan Hazoraspli o'g'lini surishtira boshlaydi. U yerdagilar “bu yerda Boltaboy degan yo'q, balki raykomda ishlar, familiyasi kim?” deya so'rashadi. “Familiya deganing novi?” tushunmay so'raydi keksa etikchi. “Familiya degani otasining yoki buvasining ismi degani” tushuntiradi ispolkomdagilar. “Menim otim Davlat, laqabim etikchi” deydi. “Unda o'g'lingiz Bolta Davletov bo'ladi-da” deyishadiyu, raykomning ismi sharifi eslariga tushib, “o'g'lingiz raykom ekan-da, anavu binoga boring” deya manzilni ko'rsatishadi.
Davlat etikchi raykomga borsa, boyagi navbatchi instruktor “topdingizmi etikchi buva bolangizni?” deya kinoya bilan kutib oladi. Shu payt “Emidem”da raykom-etikchining o'g'li kelib qoladi. Ota-bola quchoqlashib ko'rishadi va binoga kiradilar. Instruktor hayron. Nihoyat vaziyatni anglab, “Davlat ota, eshagingizni raykomning daraxtiga o'zim bog'lab qo'yaman, beda solib suv berib qarab turaman, siz bemalol raykom buva bilan otamlashavering” deya laganbardorlik qiladi.
Shu tariqa Bolta Davletov Xonqada ishlab, tumanni viloyatning dovruqli hududiga aylantiradi.
Uning mehnatlarini, tashkilotchiligini inobatga olib Moskvaga — oliy partiya maktabiga o'qishga yuborishadi.1947-50 yillarda shu tarzda Bolta, rafiqasi Halima, o'g'li Soliy Moskvada yashab ishlay, o'qiy boshlashadi. Oradan bir yilcha vaqt o'tgach, uni Moskva shahar NKVDsi chaqirishadi.” Siz oldin, qamalgan ekansiz, ustingizdan shikoyat tushdi, nimaga buni anketaga yozmagansiz, partiyani aldamoqchi bo'ldingmi?” deya tahdid qilishadi. “Men oqlanganman, shuning uchun bu haqda yozmagandim, tekshirib ko'rishingiz mumkin” deya oladi qo'rqqanidan Bolta Davletov. “Nima qilishni o'zimiz bilamiz”, borib o'qib turavering hozircha, deyishadi ular. Ular tekshirib ko'rishib, oqlanganini, partiya uchun jon kuydirib o'qib, ishlaganini bilgach, shundan keyin chaqirishmaydi. Tahsil tugab Bolta Davletov Xorazmga qaytib keladi. Uni viloyat ijroqo'miga rais qilib tayinlashadi. Oradan yillar o'tib uning qabuliga bomj qiyofadagi aftodahol rus kishisi kelib “kirza etik” olishga ariza yozib kiradi. O'sha vaqtlarda do'kondan kirza etik olish uchun ham viloyat ijroqo'midan ruxsat olish kerak ekan. Davletov rus kishisini ko'rib uni taniydi. Bu o'sha 1937 yilda qamoqxona boshlig'i bo'lib, unga azob bergan kishi edi. Familiyasi, ismi, afti-angori ham o'sha 25 yil oldingi qatag'on dahshatlarini esga solib yuboradi. Ammo Davletov o'zini unga tanitmay, arizaga “kirza etik berilsin” deya qo'l qo'yib beradi, kechirimlilik qiladi.
2005 yilda 98 yoshida vafot etgan Bolta Davletovning xotiralari o'sha qatag'on davr qanday dahshatlarga to'la moziyning qora kunlari bo'lganini esga solib turadi.
— Aytishlaricha, otangiz Bodil taxallusi bilan ijod qilgan, Hamid Sulaymon, Aziz Qayumov singari olimlar bilan do'st tutingan ekan.
— Otamdan ko'plab mumtoz adabiyot janrlarida yozilgan meros qolgan. Nasib qilsa kitob qilib chiqararman. Bodil taxallusli otam arab, fors, rus tillarini chuqur bilar, qaysiki olim Xivaga kelib, tarixga, me'moriy yozuvlar bo'yicha tushunmovchilikka duch kelsa otamga murojaat qilardi. Toshkentdagi, Urganchdagi uyimizda ko'plab olimlar, ijodkorlar to'planishib, ma'rifiy gurunglar qilishardi.
— Sobiq ittifoq kinematografiya institutiga ham o'qishga qatnagan ekansiz…
— Men Xiva, Urganch, Xonqada va uch yil Moskva shahridagi rus maktablarida o'qiganman. Akademiyada o'qish bilan birga esa VGIKka ham qatnab rejissyorlik sirlarini o'rgandim. Garchi Xorazm viloyat ijroqo'mida ish boshlagan bo'lsam-da fikru yodim kino olishda edi. 1959 yilda Xorazm viloyatining o'sha paytdagi rahbari, ma'rifatli inson Bektosh Rahimovga Amudaryo to'g'risida hujjatli kino ishlash taklifini bildirdim. U kishining har tomonlama qo'llab-quvvatlashi bilan 1960 yilda film tayyor bo'ldi va havaskor kinochilarning respublika festivalida oliy o'rinni oldi. Shundan so'ng bu film butun respublikamiz kinoteatrlarida,TVda namoyish etildi. Men esa shu film bois orzuimga erishdim — ijroqo'mdagi ishimni “O'zkinoxronika”dagi rejissyorlikka almashtirdim. Shu-shu kino olamidaman.
— 1970 yilda ishlangan “Xudoybergan Devonov” filmingizda birinchi o'zbek kinochisining noyob tasmalaridan foydalangansiz, ularni qaerdan topgansiz?
— Ma'lumki, qatag'on davrda Devonov “xalq dushmani” deya otib tashlangach, uning boy merosi ham yo'qqa chiqdi. Men nahot uning hamma ishlari yo'qqa chiqqan, biron bisoti qolgandir deya, Xivadagi uyini titib chiqdim. Devor yoriqlari, pol tagidagi teshiklardan, uyning u yeri, bu yeridan qiyqim-qiyqim tasmalar chiqdi. Men o'sha Feruzxonning saroydan chiqishi, anhordagi qazuv, Xiva bozori, Amudaryodagi yelkanli kemalar, yosh kashshoflar, umuman, eng noyob tasma sifatida saqlanib qolgan lavhalarni shu tariqa topib, filmga kiritganman. Hamon TVdagi ko'plab ko'rsatuvlarda, Xorazm bilan bog'liq ko'plab filmlarda o'sha men pol tagidan, devor yoriqlaridan topgan lavhalardan foydalaniladi.
…Soliy Davletov kino sohasidagi ana shu faoliyatlari uchun O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi unvoni bilan taqdirlangan. 1995 yilda Soliy Davletov Xorazmga qaytib “Bodil” studiyasini tashkil qiladi. Bir nechta hujjatli filmlar ishladi. Ayni paytda Toshkentda yashayotgan Soliy Davletov keksaligiga qaramay kino sohasida kechayotgan yangilanishlardan xabardor va ularga o'z munosabatini bildirib turadi.
Shu o'rinda 90 yoshni qarshilagan Soliy Davletovning ijodiy faoliyati o'zbek hujjatli filmida o'z o'rniga ega ekan, rejissyor tomonidan ishlangan filmlarni O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida qayta namoyish qilinsa, savobli ish bo'lar edi. Zero, o'tmishni, tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar hayotini o'rganmoq, xayrlidir.
Umid BEKMUHAMMAD.