Tashabbuslar tarovati

Oqqan daryo oqmasdan qolmas, deganlaridek, g'ijduvonliklarning ilm-fanga bo'lgan qiziqishi-yu uning yuksak cho'qqilari sari intilishi keyingi asrlarda ham izchil davom etib keldi. Ulug' yozuvchi, akademik, filologiya fanlari doktori, professor Sadriddin Ayniyga o'xshagan G'ijduvonning qator-qator asl farzandlaridan biri — O'zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Komil Muqimov fikrimizning yorqin dalili.

To'rt aka-uka ziyolining kenjasi Komiljon — qishloq farzandi. Uning bolaligi urushdan keyingi och-nochorlik yillariga to'g'ri keldi. Qorni to'yib non yeya olmadi. Kiygani yamoq ko'ylak bilan yirtiq kalish bo'ldi.

Maktabga ham shu ahvolda qatnadi. O'qishdan keyin ro'zg'orning bir tomonini ko'tarib turgan sigirni o'tlatgani olib chiqib, kitob mutolaa qildi. Kechasi lipillab yonib turgan lampa yorug'ida dars qilish imkoni bo'lmadi. Kunduzi onasining yumushlariga qarashishdan ortmasa-da, yo'l-yo'lakay uy vazifalarini bajarishni ham unutmadi.

Yozda hovlidagi shaftolini terib, bozorda sotib, puliga daftar-kitob olib, qolganini onasiga keltirib berdi. Akalar esa o'zlaridan ortmasdilar. Yo'l-yo'riq ko'rsatib, maslahat berib tursalar-da, moddiy yordam berishga imkonlari bo'lmasdi. Komiljon sharoitning og'irligini ko'rib-bilib turgani uchun akalaridan iltifot kutmadi. Bu uning xayoliga ham kelmadi. Aksincha, ulardagi tirishqoqlik, qiyinchilikdan qo'rqmaslik, maqsad sari intilish singari ko'plab xislatlarni o'zida ko'rishga harakat qildi. Bularning xamirturushi faqat va faqat mehnat va o'qish ekanligini, bundan o'zga yo'l yo'qligini teran ang­ladi. Shu bois qo'lidan kitob tushmadi. Qo'lidan kitob tushmagani uchun ham a'lo baholarga o'qidi. Ayniqsa, fizika fani behisob siru sinoatlarga boyligi asnosida uni o'ziga ohanrabodek tortdi. Komiljon kundan-kunga, oydan-oyga, yildan-yilga mazkur fan ko'p narsaga qodirligini, ufqlari cheksizligini yanada chuqurroq tushuna borib, fizikaga doir darslikdan tashqari kitoblarni izlab, topganlarini qunt bilan o'qib, o'rgandi. O'qituvchisini har dars savolga tutib, tushunmaganlarini so'rab, maslahatlar oldi. Yuqori sinfda o'qiyotganida ushbu fandan quyi sinf o'quvchilariga saboq berdi. Bularning bari Komiljonning orzusini maqsadga aylantirdi. O'qituvchilari iqtidorli bu o'quvchini qo'llab-quvvatlabgina qolmay, oldinga, faqat oldinga intilishga ham ilhomlantirib, ham rag'batlantirib turdilar. Bolaligidan sabr-­qanoatli, kamtar, xushfe'lu samimiy bo'lgan Komiljon ustozlarining g'amxo'rligiga “Eng namunali o'quvchi” nomi bilan javob berdi. Bu xis­lat uning universitet va undan keyingi hayotida ham saqlanib qoldi. Ilm-fanning yangi-yangi hayratli-yu mashaqqatli cho'qqilarini egallashida ruhlantirib, shijoatu qanot baxsh etdi.

* * *

“Sen menga do'stingning kimligini aytsang, men sening kimligingni aytaman”, degan ekan donishmandlardan biri suhbatdoshiga. Bu savolga Komil Muqimovich: “Mening suyangan tog'im ham, ishongan bog'im ham, otamiz o'rnida otalik qilgan (Xudoyim oxiratlarini obod qilsin) mehribon akam — Yo'ldosh Muqimov”, deb javob berdilar. Yo'ldosh Muqimov… Bu kishini respublikamizning katta avlod vakillari, shuningdek, ijod ahli juda yaxshi biladi.

Umri qalam tebratish bilan o'tgan Yo'ldosh Muqimov O'rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini bitirib, biroz vaqt o'qituvchilik qildi. Keyin butunlay ijodga berilib, uzoq yillar respublika gazeta va jurnallarining turli lavozimlari “qozonida qaynab”, tajribali matbuot xodimi, taniqli publitsist-yozuvchi bo'lib yetishdi. Ana shunday bir paytda o'sha davrdagi birinchi raqamli gazeta — “Pravda”ning O'zbekistondagi maxsus muxbiri lavozimiga taklif etildi. Endi u res­publika rahbari Sharof Rashidovdan tez-tez topshiriq olar, xizmat safarida hamrohlik qilar, markazdagi gazetalarda chop etilgan maqola, reportaj va ocherklarida xalqimizning matal, maqol, hikoyatu rivoyatlarini mahorat bilan ishlatar, har bir materialida milliy ruh barq urib turardi. Ayniqsa, adibning “Navro'z naqli” va “Otalar so'zi yoxud ming marjondan bir marjon” kitoblari rivoyatlar, naqllaru afsonalarga boyligi bilan adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa bo'lib qo'shilganligini e'tirof etmay bo'lmaydi.

Maktabni oltin medal bilan bitirgan Komiljon o'zi chin dildan sevgan fizika fani olamini yanada kengroq tadqiq etish maqsadida O'rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti)ning fizika-matematika fakultetiga hujjat topshiradi. U paytda maktabni oltin medal bilan bitirganlar oliy o'quv yurtiga suhbat bilan qabul qilinar edi. Komiljon fizika va matematika fanlaridan suhbatdan o'tib, talaba degan nomga munosib ko'riladi. A'lo o'qiganligi va ilmga chanqoqligi inobatga olinib, 1961 yili Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining fizika fakultetida o'qishni davom ettirishga yuboriladi. O'qishni bitirgandan so'ng, aspiranturada tahsil oladi va Toshkentga qaytib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, katta o'qituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug'ullanadi. Ayni paytda doktorlik ishini ham nazardan chetda qoldirmaydi va uni 1988 yili Xarkov shahrida muvaffaqiyatli himoya qiladi. Uning ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik salohiyatidan boxabar bo'lgan universitet rahbariyati katta ishonch bilan fakultet dekani lavozimiga taklif etadi. U ta'lim-tarbiya jarayonining pastu balandini, shuningdek, og'riqli nuqtalarini yaxshi bilganligi uchun belni mahkam bog'lab, qat'iyat bilan ishga kirishib, tez orada fakultetni peshqadamlar qatoriga olib chiqadi.

1992 yil professor Komil Muqimov hayotida tub burilish davrini boshlab berdi. U O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan yangi tashkil etilgan Buxoro davlat universitetining birinchi rektori etib tayinlandi. Bu Toshkent va Moskva universitetlarida chiniqib, yetarlicha ilmiy-pedagogik tajriba orttirgan Komil Muqimovga bildirilgan yuksak ishonch edi. To'g'ri, soha begona bo'lmasa-da, ammo oson ham emas. Ayniqsa, o'quv jarayoni: tartib-intizom, darsning sifati, o'zlashtirish, davomat… Xullas, yana ko'p­lab tashkiliy ishlar ham bor. Birini birisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Bittasi oqsasa bas, bu ta'lim sifatiga ta'sir etmay qolmaydi. Bularning yuqori saviyada bo'lishi kadrlar salohiyatiga borib taqaladi. Kimning nimaga qodirligini bilish bir kunlik yoki o'n kunlik ish emas. Bu, avvalo, ishning natijasiga qarab baho berishni, so'rab-surishtirishni, adashmaslikni, to'g'ri qaror qabul qilishni taqozo etadi. Masalaning yana bir nozik tomoni — yangi joy va yangi odamlar. Komil Muqimovni jiddiy o'ylantirgan narsa shu bo'ldi. Chunki, yangi joyning shart-sharoiti-yu muhitini, jamoaning ta'lim-tarbiya borasida olib borayotgan ilmiy-pedagogik yutuqlari bilan birga kamchiliklari-yu muammolarini bilmay turib, katta bir universitetda ko'zlangan ezgu niyatlarga erishish oson kechmasdi. Shu bois yetti o'lchab bir kesishga o'rgangan Muqimov yana akasiga quloq tutdi. Bir necha yil Buxoroda ishlagan Yo'ldosh aka qoshlarini chimirgancha bir zum o'ylanib turib, dedi: “Joy odamni emas, odam joyni obod qiladi. Buning uchun ter to'kib, ishlash kerak. Bu halol, qat'iyatli, adolatli, tashabbuskor, ibratli bo'lish demakdir. Ana shundagina odamlar rahbarga ishonadi, unga ergashadi. Men buni Sharof Rashidov ish faoliyatida juda ko'p kuzatganman. Bu ulug' insonning rahbarlik san'atiga, odamlar bilan ishlash mahoratiga, bilim va tajribasiga, havas qilgulik ma'naviyati-yu topqirligiga qoyil qolmaslik mumkin emas edi. U kishi bilan qilgan suhbatlarim, olgan maslahatlarim nafaqat ijodimda, balki taqdirimda ham o'chmas iz qoldirganini hamisha mamnuniyat va faxr bilan eslayman”.

1995 yilda Muqimov tashabbusi bilan res­publikada birinchilardan bo'lib universitet professor-o'qituvchilariga differensiyallashgan reyting tizimi asosida haq to'lash joriy qilingan bo'lsa, keyingi yili bir necha oliy o'quv yurti qatorida tajriba sifatida bu universitet talabalar bilimini baholash reyting tizimiga o'tkazildi. Ana shunday bir paytda olimning yangi monografiyasi va oliy o'quv yurtlari uchun “Osnovы termodinamiki” nomli o'quv qo'llanmasi chop etilganligi uning ilmiy salohiyati baland ekanligini ko'rsatibgina qolmay, jamoasidagi kasbdoshlariga ibrat ham bo'ldi.

2000 yilda u Buxoro davlat universitetining bozor iqtisodiyoti sharoitidagi dinamik rivojlanishida yangi loyihalarni qo'llagani va yuqori natijalarga erishgani uchun Parij shahrida oltin medal bilan taqdirlandi. Ta'lim va ilmdagi bunday yutuqlar 300 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, to'rt fan doktori va yigirma ikki fan nomzodi dissertatsiyasining ilmiy rahbari, akademik Muqimovning kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shib, yangi tadqiqotlaru kashfiyotlarga ilhomlantirib yubordi.

XX asrning ikkinchi yarmida paydo bo'lgan va ilmiy iste'molga kirgan “nanotexnologiya” atamasi yangi asrda yanada kengroq quloch yoza boshladi. Bu soha o'zbek olimi Komil Muqimovni ham anchadan beri qiziqtirib kelar, uni allaqachon amaliy ishga tortgan edi. U nanotexnologiya tarixi, uning ilm-fan va xalq xo'jaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirishda tutgan o'rni masalalari bilan jiddiy shug'ullanib, yetarlicha ma'lumot va tajriba to'pladi. Tug'ilgan yangi fikr va g'oyalarni ilmiy tahlildan o'tkazib, izlanish va o'rganishni jahon tajribalari-yu yutuqlari asosida davom ettiraverdi. Maqsad nanotexnologiyani mamlakatimiz ilm-fani muomalasiga tezroq olib kirish, kadrlar tayyorlash va amaliyotda qo'llashni jadallashtirish edi. Olim 2012-2013 va 2016-2017 yillarda “Ma'rifat” gazetasida “Nanotexnologiyalar nima?” rukni ostida o'n beshdan ortiq ilmiy-ommabop maqola e'lon qilib, mazkur nashrning “Faxrli muallifi” tanlovi g'olibi bo'ldi. Xo'sh, o'zbek olimini benihoya qiziqtirib qo'ygan nanotexnologiyaning o'zi nima? U jahon olimlari tomonidan qay darajada o'rganilgan? Undan qaysi sohalarda foydalanish mumkin? Taraqqiyotimizda qanday ahamiyat kasb etadi? Unga sarflanadigan mablag' zoe ketmaydimi? Komil Muqimovich mening ana shular haqida kengroq tushunchaga ega bo'lish niyatim borligini eshitib, qo'limga o'zlari yozgan “Mitti bunyodkorlar yoxud nanotexnologiyalar nima?” deb nomlangan kitobchani uzatdilar. Minnatdorchilik bildirib, risolani o'qishga kirishdim. Uning ilk sahifasi Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sidan keltirilgan mana bu misralar bilan boshlanadi:

 

Ilmdan bir shu'la dilga tushgan on,

Shunda bilursankim, ilm bepoyon…

 

Rostini aytganda, sodda, ravon, biroz ilmiy, biroz badiiy, ammo kattayu kichik tushunadigan qilib yozilgan va noyob ma'lumotlarga boy bo'lgan bu kitobchani bir o'tirishda o'qib chiqib, o'zim ham nanotexnologiyaga qiziqib qoldim. Unda matematik formulalarni uchratmaysiz. Nanotexnologiyalar tarixi, ularning vositalari, nanobiotexnologiyalar, nanotibbiyot, nanoelektronika, kvant kompyuterlari… Bular kimni qiziqtirmaydi, kimni hayratga solmaydi? Ilmiy-ommabop bu kitobchaning “Maktab kutubxonasi” rukni ostida 44200 nusxada chop etilib, respublikamiz maktablariga tarqatilganligi juda to'g'ri bo'lgan. Uni o'qib bo'lganimda, menda ham shunday fikr tug'ildi. Chunki, nanotexnologiya nima ekanligini hali ko'pchilik eshitmagan va bilmagan bir paytda uni o'rganishni maktabdan boshlash maqsadga muvofiq. Shubhasizki, bu kelajakda minglab yoshlarimizning turli sohalarda nanotexnologiyalarni qo'llab, buyuk kashfiyotlarga intilishlarida, ilm-fanda yangi sahifalar ochish­larida juda-juda qo'l kelishi shubhasiz.

Nanotexnologiyalar haqidagi fikrimizning avvaliga qaytib, shuni aytishimiz mumkinki, bizga endi-endi tanish bo'layotgan bu ibora ilk bora 1974 yili yaponiyalik fizik Nario Taniguchi tomonidan ilmiy iste'molga kiritilgan, “nano” qadimiy yunoncha “nonnos” so'zidan olingan bo'lib, o'zbek tilida “pakana”, “mitti” degan ma'noni bildirar, “nano” biror narsaning milliarddan bir qismi deb qabul qilingan ekan.

Agar risolada bayon etilganidek, nanotexnologiyalar yordamida ko'payib borayotgan ayrim kasalliklarga qarshi kurash muammolarini yechish mumkinligini inobatga oladigan bo'lsak, muallifning nanotexnologiyani yanada rivojlantirish uchun astoydil jon kuydirgani bejiz emasligi yaqqol ko'rinadi. Ezgu maqsad uchun ortga qaytmaydigan akademik Komil Muqimovning bu boradagi sa'y-harakatlari Davlatimiz rahbari e'tiboridan chetda qolmadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti huzurida “Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi” tashkil etilib, unga qahramonimiz rahbar etib tayinlandi. Bugun bu markazda qator olimlar bilan birga, ko'plab yoshlar ham ustoz Muqimovning boy bilim va tajribasidan bahramand bo'lib, qo'yilgan vazifalarni zamon talablari darajasida amalga oshirish uchun ilmiy izlanishlarni izchil olib bormoqdalar. Bu borada ular Jaloliddin Rumiy bobomizning “Ilm hamma narsadan ustundir” degan purma'no hikmatini hayotining mazmuni deb bilgan ustoz Komil Muqimov rahbarligida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi O'zbekiston” poydevorining ilmiy asosini yaratishda XXI asr texnologiyalari lokomotivi deb tan olingan nanotexnologiyalarning roli beqiyosligini amalda namoyon etishni bosh maqsad qilib olganlar.

— Milliy ilm-fanimiz ravnaqida katta ahamiyat kasb etadigan nanotizimlar, nanomateriallar va nanoqurilmalarni yaratish davlatimiz iqtisodiyotini har tomonlama ravnaq toptirishning garovidir, – deydi olim bu sohaning istiqbolini aniq-tiniq tasavvur etib turganday.

Men esa chehrasidan nur yog'ilib turgan Komil Muqimovdan so'rayman:

— Davlatimiz rahbarining bundan yetti yil muqaddam O'zbekiston Fanlar akademiya­sida o'tkazgan tarixiy uchrashuvi haqida gap ketganda, nimalar yodingizga tushadi?

— Chindan ham mamlakatimiz Prezidentining olimlar va soha rahbarlari bilan o'tkazgan bu uchrashuvi akademiyamiz hayotida yangi tarixiy sahifa ochib, faoliyatida tub burilish yasadi, – deydi suhbatdoshim qulfi-dili ochilib. — Rostini aytganda, akademiyamiz sukunat maydoniga aylanib qolgan, tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlarini oliy o'quv yurtlariga o'tkazish boshlangan edi. Bundan hammamiz tashvishga tushgan, chunki bu mamlakatimiz ilm-fani rivojiga ta'sir etmay qolmasdi.

Davlatimiz rahbarining Fanlar akade­miyasi muammolarini o'z vaqtida ilg'ab, tegishli qaror qabul qilib, ko'rgan tezkor chora-tadbirlari akademiyamiz qaddini ham, qadrini ham baland qildi. Akademiklarga beriladigan gonorar ham ikki barobarga oshirildi. Bizning fundamental tadqiqotlar bilan shug'ullanishimiz uchun juda katta imkoniyatlar yuzaga keldi. Endi faqat ilmiy ishlanmalarimizning sifat va samaradorligini oshirish, hayotga tatbiq etish, shuningdek, safimizni iqtidorli yoshlar bilan to'ldirish va mustahkamlash uchun berilgan imkoniyatlardan to'g'ri va unumli foydalangan holda ishlashimiz kerak!

Albatta, Komil akaning Sharof Rashidov, G'afur G'ulom kabi ko'plab mashhur kishilar bilan uchrashuvlari, xalqaro anjumanlardagi taassurotlari, ta'lim-tarbiya bobidagi fikr-­mulohazalari, kasbdoshlari-yu shogirdlariga g'amxo'rligidan to yaqindagina “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlanganiga qadar ko'p va xo'p gapirish mumkin. Men esa Komil Muqimovning ilm-fan ahli va yoshlarimizga ibrat bo'ladigan ishlari, xislat va fazilatlarining ayrim qirralaridan bir shingil-bir shingil uzdim, xolos.

Nuriddin OChILOV,

O'zbekiston Milliy universitetining

jurnalistika fakulteti

o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 5 =