Kutubxonachilarning ham o'z formasi bo'lsa…

Ushbu maqolam aslida kutubxonachilar, ya'ni bugungi atamadagi Axborot-resurs markazi mutaxassislari haqidagi mavzu bo'lsa-da, avval kutubxonalar haqida biroz to'xtalishni lozim topdim.

Kutubxonalar nurxonaga qiyoslanadi. Chunki qadim-qadim zamonlardan kutubxonalar ma'naviyat va ma'rifat o'chog'i sanalib, insonlar doim kitobga intilib yashab kelgan. Shu bois, har qanday mamlakatda kutubxonalar doim jamiyat hayotining ajralmas qismi bo'lgan va ularning mavjudligi tufayli qadimiy qo'l­yozmalar, bosma kitoblar, tarix va tarixiy shaxslar haqidagi manbalar to bizning davrimizgacha kelajak avlodlarga   yetkazilib kelinmoqda.

Aytish joizki, bugungi kunda axborot texnologiyalari va texnikaning jadal rivoji tufayli kutubxonachilik sohasida yangidan-yangi o'zgarishlar va yuksalishlarning bo'y ko'rsatayotgani kelajak avlodning yanada bilimli, ma'naviyatli, ma'rifatli, madaniyatli bo'lib yetishishlariga xizmat qilmoqda.

Quvonarlisi, so'nggi yillarda yuksalishlar sari odimlayotgan mamlakatimizda Prezidentimizning tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarning mutolaaga bo'lgan qiziqish va intilishlarini yanada kuchaytirish masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada barcha kutubxonalar tezkor internet tizimi bilan ta'minlanib, Wi-Fi hududlarining tashkil etilayotgani kitobxonlar sonining oshishiga xizmat qilmoqda. Kitobxonlar, ayniqsa, kelajak avlod nafaqat to'g'ridan-to'g'ri buyuk allomalar, olimlar va adabiyot namoyandalari asarlari bilan, balki jahon ilm-fani va adabiyoti bilan ham tanishib, ularni o'rganish imkoniyatiga ega bo'lyaptilar.

Bundan tashqari, Prezidentimizning tegishli farmoni bilan respublikamizdagi barcha axborot-kutubxona markazlarining poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli O'zbekiston Milliy kutubxonasi Axborot-resurs markazi tarkibiga kiritilishi bu sohada yanada katta o'zgarish va yangila­nishlarga imkoniyat yaratdi. Natijada, uzoq viloyat va tumanlardagi hamda ta'lim maskanlaridagi kutubxonalarga yangi chop etilgan turli siyosiy va ijtimoiy, badiiy adabiyotlar yetib borishiga, ularni zamonaviy ziyo maskanlariga aylantirilib, elektron tizim orqali nazorat etilishiga erishildi.

Ammo biz doim kutubxonalar, ularning zaxirasi, kitobxonlik va   sohada erishilayotgan yutuqlar haqida gapiramizu, negadir ana shu ko'psonli kitobxonlarga beminnat xizmat qilib kelayotgan nurxona sohibalarini ko'pam tilga olavermaymiz yoki ularning mehnatini unutib qo'yamiz. “Suv keltirgan xoru ko'za sindirgan aziz” deya bejizga aytishmagan ekan-da. Kutubxonachi va kitobxonlar o'rtasidagi masala esa kitobxonning kutubxonadagi kitoblar va ma'lumotlar orasidan o'ziga kerakli kitob yoki axborotni izlab topishi bilan bog'liq.

— Kutubxonachining ishi mas'uliyatli, murakkab hamda sharaflidir, – deydi poytaxtdagi 96-sonli umumta'lim maktabi kutubxonachisi Shahnoza Ro'ziyeva. – Kutubxonachi nafaqat kitobxonlarni, o'quvchilarni kichik tirajli tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan manbalar, ibratli asarlar, hikoyalar va ertaklar olami bilan ham tanishtira olishi, shuningdek, elektron kutubxona va baza bilan ishlay olishi, elektron kitob va kerakli saytlarni topishda ko'maklasha olishi ham lozim. Chunki bugungi kunda zamonaviy kutubxonachi nafaqat internet tizimining mohir foydalanuvchisi, balki u kutubxona qidiruv tizimlarini ham yaxshi tushuna bilishi kerak. Ammo meni doim bir savol qiynaydi!? Nega kutubxona xodimlarining alohida maxsus ish libosi yo'q? Axir deyarli barcha kasb xodimlari o'z maxsus liboslariga ega-ku. Jumladan, shifokorlar, o'qituvchilar, soliq xodimlari, transport, hatto obodonlashtirish xodimlarining ham o'z maxsus kiyimlari bor. Ularni ko'rishingiz bilan qaysi kasb egasi ekanligini darrov fahmlab olasiz. Kutubxonachilik sohasida esa negadir kutubxonachilarning te­gishli libosda bo'lishlari e'tiborga olinmagan!?

To'g'ri, ta'lim maskanlarida ko'pi bilan ikki nafar kutubxonachi faoliyat ko'rsatishi mumkin. Lekin Respublika miqyosida hamkasblarimiz katta salmoqli sonni tashkil etadi-ku!? Agar biz ham o'z tadbirlarimizda, seminarlar, uchrashuvlar va tanlovlarda o'z rasmiy formamizda bo'lsak, albatta maqsadga muvoffiq bo'lar edi.

Ha, o'ylab ko'rilsa, bo'ladigan taklif, shunday emasmi? Shahnoza aytganidek, kutubxonachilarning ham o'z formasi bo'lishi kasb sohibalarining umumiylikka singib ketmasdan, alohida kasb sifatida ko'zga tashlanishlariga, o'z kasblariga nisbatan faxr-iftixor tuyg'ulari ila yanada mas'uliyatli bo'lishlariga undashi bor gap.

— Kutubxonachilarning albatta, o'z rasmiy formasi bo'lishining men ham tarafdoriman, – dey­di Jizzax viloyat Bolalar kutubxonasi rahbari Anvar Yo'ldoshev. – Xalq ta'limi a'lochisi sifatida tizimda faoliyat ko'rsatayotganimga 20 yildan oshdi. Rahbarligim ostida faoliyat ko'rsatayotgan 50 nafar xodimning kiyinish madaniyati kitobxonlar bilan munosabatida alohida o'rin tutadi. Qolaversa, ushbu sohada yana ba'zi muammolar ham borki, uni aytib o'tmasa bo'lmas.

Ta'kidlash joizki, respublikamizda tumanlar va shaharlardagi Axborot-resurs markazlari (ARM) tugatilgach mavjud 10 ming 9 ta umumta'lim maktablaridagi kutubxonalar uslubiy yordamsiz qoldi. Natijada hududiy bolalar kutubxonalari bilan maktab kutubxonalarini bog'lab turuvchi rishta uzildi. Sababi, tugatilgan ARMlar tumanlardagi maktab kutubxonalariga uslubiy yordam ko'rsatib kelardi. Shu sohaning mutaxassisi sifatida bugungi kunda ularning uzviy hamkorligini ta'minlash uchun kutubxonalarni bitta tizimga birlashtirish lozim. Yana, ma'lumoti va mutaxassisligidan qati nazar xodimlarning maoshi ham bir miqdorda ekanligi ham noroziliklarga sabab bo'lmoqda.

Maryam AHMEDOVA

 

Ushbu maqola O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratilgan davlat granti “Inson manfaati — taraqqiyot poydevori” loyihasi asosida chop etilmoqda. (S/13)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − two =