Olmalar yuzidagi shabnamlar
Ravshan tog'a (mahallada hamma u kishini tog'a deydi) usta bog'bon. Hovlisini mevali daraxtlar bilan to'ldirib tashlagan. Bu ham yetmagandek, darvozasining ikki tarafiga ham boshqalarga o'xshab gul, archa emas, mevali daraxtlar ekkan.
Ravshan tog'a nevaralarini olib, tashqariga chiqdi. Mahallaning bolalari ko'chada o'ynashayotgan ekan. Nabiralar ularga qo'shildi. Do'kondan ro'zg'orga kerakli mahsulotlar xarid qilib qaytayotgan Sobir aka tengqurini ko'rib, uning yoniga keldi. Ravshan tog'aning ishkomi tagidagi o'rindiqqa o'tirib, gurunglasha boshlashdi. Shu payt ro'paradagi qo'shnining darvozasi ochilib biri baland, biri past bo'lib uchta bolakay chiqib keldi. Ular avval bolalar tomon yugurib kelishdi. Keyin bir-birlarini qo'lidan mahkam ushlab, chetda tomosha qilib turishdi.
— Kamoliddinning nabiralari kelishibdi-da, — dedi Ravshan tog'a. Keyin o'rnidan turdi. — Qani azamatlar, bir so'rashib olaylik-chi, — u bolalarning novcharog'iga qo'lini uzatdi. Bolalar avvaliga cho'chib orqaga tislanishdi. Keyin notanish amakining yuzidagi samimiylikni ko'rib, jajji qo'lchalarini cho'zishdi.
— Siz Jamoliddinning o'g'limisiz, toy bola, — so'radi u kenjatoy bolakayning boshini silab. Bolalar baravariga bosh silkishdi. — Sobirvoy, vaqtni o'tganini qarang, bir pasda Jamoliddinning bolalari ham ko'zga ko'rinib qolibdi. Bobolari bularni ko'rganda qanday suyinardi, juda bolajon, edi o'rtog'im rahmatlik, — dedi Ravshan tog'a. — Olma yeysizlarmi, terib beraymi?
— Ovora bo'lma, og'ayni. Bular birovning qo'lidan narsa olmaydi. Shaharlik bo'lib ketishgan, — dedi Sobir aka.
— Shaharda yashayotgan bo'lsa ham o'zimizning tomir-ku. Ma bolam, — Ravshan tog'a o'ziga yaqin shoxdagi olmalardan uzib, bolalarning kattasiga uzatdi.
— Yo'q, kerakmas qornimiz to'q, — dedi bola qo'li bilan rad ishorasini qilib. O'rtanchasi ham darrov qo'llarini orqasiga berkitdi.
— Olaver bolam, biz begona emasmiz. Otang ham shu olmalarni yeb katta bo'lgan, ishonmasang buvingdan so'ra, — deya Ravshan tog'a qo'yarda-qo'ymay, bolalarning qo'liga olma tutqazdi. Shu choq Kamoliddin amakining darvozasi qiya ochilib, mehmon kelinning boshi ko'rindi.
— Sherzod, Shahzod, Dilshod, ko'chada nima qilyapsanlar? Tez uyga kiringlar! Otangiz kelayapti, uyga ketamiz, — dedi. Ammo qo'shni amakilarga e'tibor ham bermadi. Bolakaylar olmalarni bag'riga bosgancha orqasiga qaramay yugurishdi.
Ko'p o'tmay ichkaridan kelinning shang'illagan ovozi eshitildi.
— Senlarga necha marta aytganman, begonalar narsa bersa olmanglar, deb. Har kuni olib keladi-ku otanglar shu savilni, bor qaerdan olgan bo'lsang, o'sha joyga tashlab kel…
— Senga aytdim-ku, Ravshan, bilaman-da, bu kelinni qandayligini, — dedi Sobir aka, so'ng: “Ataganingni bizga chiqarib yubor. Duo qilib yeyaveramiz”, deb qo'ydi hovlisidagi yerini ag'darib horigandek, og'irlashib qolgan Ravshan tog'aga qarab…
Ertalab ko'chamizni supurayotib, Ravshan tog'aning darvozasi tagidagi o'rindiqqa ko'zim tushdi. Unda kechagi uchta olma bir-biriga tiralib, mung'ayibgina turardi. Shu payt tunda yoqutrang olmalar yuziga qo'ngan shabnamlar yengil nur taratdi. Nazarimda, ular shabnam emas, toptalgan qadriyat bag'ridan silqib chiqqan ko'zyoshlar edi…
Muhabbat HAMIDOVA