ZULFIYaxonimning yoshulli og'asi

Tarixning o'qilmagan sahifalari

 

O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim xalqimizning faxri. Shu bois, uning nomi hamisha e'zozu ardoqda. Biroq kamsonli tarixchi va adabiyotshunoslargina shoiraning akasi Normat Isroilovning qatag'on davri qurboni bo'lganini bilishadi. E'tiboringizga havola etilayotgan ushbu maqolada 1934-37 yillarda Xorazm okrugiga rahbarlik qilgan va “Katta terror” davrida “xalq dushmani” deya nohaqdan ayblangan ana shu insonning hayoti haqida so'z yuritiladi.

1934-37 yillarda Xorazm okrugi partiya komitetining birinchi kotibi bo'lgan Normat Isroilov tarixning eng qiyin davrlarida okrugga fidokorona rahbarlik qilganiga qaramay, o'sha zamonda avj olgan qatag'on siyosati davrida “xalq dushmani” deya ayb­langan.

Qadimiy Toshkentning Deg­rez, O'qchi mahallalarida yashagan Isroil deg­rez va turmush o'rtog'i Xadicha ayaning Ismoil, Qodir, Normat, Ahmad ismli o'g'illari va ikkita qizi bo'lgan. Akademik Naim Karimovning “Zulfiya” nomli monografiyasida yozilishicha, “Ismoil Isroilov 1920 yillarda tuzilgan yoshlar tashkilotida faoliyat ko'rsatgan, keyinroq esa Moskvada ta'lim olgan. O'zbekistonga qaytgach, mas'ul vazifalarda xizmat qilgan. Shoiraning ikkinchi akasi Qodir Is­moilov Kattaqo'rg'on shahridagi yoshlar tashkilotining rahbari bo'lgan. Nafaqaga chiqquniga qadar Toshkentdagi zavodlarning birida, quyuvchilik sexida xizmat qilgan. Uchinchi akasining ismi sharifi Normat Isroilov Xorazm viloya­tida rahbarlik vazifasida ishlagan. To'rtinchi akasi Ahmad Isroilov. U ham Normatning izidan ketib Moskvada o'qigan va partiya idoralarida xizmat qilgan. (G'afur G'ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2015 yil, 15-16-betlar).

1934-37-yillarda Xorazm viloyat partiya komitetining birinchi kotibi vazifasida ishlagan Normat Isroilov 1904 yilda Toshkentda tug'ilgandi. Mos­kvadagi sharq mehnatkashlari kommunistik universitetini tugatgan va o'z davrining jo'shqin yoshlaridan sanalgan Normat Isroilov mehnat faoliyati davomida turli rahbarlik vazifalarida ishlagan.

1931 yilda esa Jalalquduq rayon partiya komitetining birinchi kotibligidan O'zkompartiya markazqo'mi targ'ibot va tashviqot bo'limi mudiri bo'lib ishga o'tadi. Normat Isroilov Akmal Ikromov bilan yoshlikdan tanish bo'lib, ular bir mahallada istiqomat qilishgan.

To'rt aka-ukalar ichida Normat Isroilov tabiatan ijod va ilmga havasmand kishi bo'lib, Zulfiyaning o'zi akalari haqida adabiyotshunos Adham Akbarovga bergan suhbatida: “men hayo­timda ro'y bergan ko'p voqealar uchun akalarim oldida qarzdorman. Ular mening katta yoshdagi o'rtoqlarim, dilkash do'stlarim bo'lib, dilimdagi eng ezgu o'ylarni ularga aytardim. Normat akamning dastlabki she'rlarimni bosh­qalarga qanday quvonch bilan ko'rsatgani aslo yodimdan chiqmaydi”, deya faxrlanib aytgan ekan.

Hamisha ishchanlik bilan g'ayratu shijoat ila faoliyat ko'rsatadigan Normat Isroilov oradan vaqt o'tib shoira singlisining to'ng'ich farzandi (1937 yil 19 yanvarda) tug'ilganida ham Xorazmda bo'lsa-da, oyisi Xadicha ayani, Zulfiyani telegramma yozib qutlagan, Toshkentga yig'ilishga kelganidayam bir-zum Hulkarni ko'rib sevinganicha unga sovg'alar bergan ekan.

Zulfiya aya jurnalist Islom Usmonov bilan qilgan suhbatida “akamni biz juda kam ko'rardik. Uning bemalol yurgani, birov bilan bamaylixotir choy ichib, suhbatlashganini aslo eslay olmayman. Goh Moskva, goh Andijon deysizmi, xullas, uni partiya qaerga yo'llagan bo'lsa, shu yerda bo'lardi. Xorazmda ishlagan kezlari kechagidek yodimda. U har gal tinim nimaligini bilmasdi. Butun vujudi bilan ishga kirishgandi. Charchashni butunlay unutgandi. Shunday behalovat bir sharoitda yagona farzandidan ham ayrildi. U esa butun dard-ala­mini mehnatdan oldi. Har qadamda o'zini yurtdoshlariga kerak, deb o'ylardi…”, deya   xotirlagan ekan.

Shu boisdan shoira keyinchalik yozgan she'rlarida:

…Aka, ko'zingizda otash bor edi,

Aka, joningizda quyosh bor edi,

Sultonlikka loyiq kelbat, layoqat,

Sardorniki yanglig' bardosh bor edi… deb yozgan edi.

Ma'lumki, Normat Isroilovning singlisi Zulfiyaxonim o'z davrining mashhur shoirasi bo'lishdan tashqari, turmush o'rtog'i Hamid Olimjon ham taniqli ijodkorlardan bo'lgan. Shu bois   Xorazm o'lkasi rahbari sifatida Normat Isroilov vohaga kelgan ijodkorlarni o'zining yaqin birodarlariday kutib oladi.

Ana shunday tashrif va adabiyot bayramlaridan biri 1935 yilning aprel oyida o'sha davrning eng mashhur shoirlaridan Usmon Nosir va Abdulhamid Majidiy, Hasan Po'latlar vohaga kelishi bilan bog'liq. Ular bilan   birgalikda Toshkentdan kelgan teatr aktyorlaridan Tamaraxonim, Zuhur Qobulov, Oxunjon qiziq va Po'latjon   Rahimovlardan iborat san'at   ahli ham bor   edi. Adabiyot va san'at bayrami o'tkaziladigan Xorazm ahli esa Normat Isroilov va Nazirqul Hasanovlar bosh­chiligida ularni sevinch bilan   kutib oldi. Chunki, san'atkorlar ichida Tamaraxonim, ijodkorlar orasida esa Usmon   Nosir o'z davrining eng   mashhur insonlaridan edi. Bu paytda endigina 31 yoshga   to'lgan Usmon Nosir o'zining muhabbat mavzusidagi lirik   she'r­lari bilan xalq, ayniqsa, yoshlar orasida keng   shuhrat qozongandi.

Shu tariqa adabiyot   va san'at ahlidan   iborat ijodiy guruh   19 aprelgacha Xorazm teatrida, “Inqilob   quyoshi” tahririyatida, pedagogika ins­titutida va boshqa   madaniy muassasalarda bo'lib   uchrashuvlar o'tkazishadi. 19 aprel   kuni bo'lsa guruh   Xivaga — Ichan qa'la muzey   qo'riqxonasida bo'lishadi.

20 aprelda esa shahar   klubida xivalik shoir   Said Nazarning ijodiy   kechasi o'tkaziladi. Kechada Hasan   Po'lat va Usmon   Nosirlar yosh shoirning   ijodidagi muvaffaqiyat va kamchiliklar to'g'risidagi fikrlarini bildirishadi. Kechaning ikkinchi   qismida Abdulhamid Majidiy, Usmon Nosir, Hasan Po'lat, Matyoqub Abdullayev, Lochinxon, Said   Nazarlar she'r­xonlikni davom ettirishadi. Tadbir so'ng­gida   bo'lsa toshkentlik va   okrug teatri aktyorlari   ishtirokidagi konsert qo'yib   beriladi.

Ertasi kuni Xivadagi “Qizil askar”   kolxozida adabiyot va   san'at bayrami davom   ettiriladi. Usmon Nosirdek jo'shqin   va ehtirosli shoir   ana shu kechaning o'zida “Xorazm   qiziga” deya nomlangan   she'rini yozib, qishloq   ahliga o'qib beradi.

Ijodiy guruh   shunday holda uchrashuvlar   o'tkazayotgan kunlarda Toshkentdan   Qurbon Beregin boshchiligidagi “Qizil O'zbekiston” va   “Pravda vostoka” gazetalari   xodimlari ham kelishib, adabiyot va san'at kechalari   deyarli har bir   tumanda davom etadi. Okrug gazetasining may sonida   Usmon Nosir “Yana   bir katta vazifa” nomli maqola yozib ijodkorlarni davr ruhi asosida   ijod qilishga da'vat   etgan.

O'sha davrda 5 may   Matbuot kuni sifatida   nishonlanib, bu sana va “Inqilob   quyoshi” ning 15 yilligi   Urganchda katta bayram   sifatida nishonlanadi. Ushbu bayramdan   va Xorazm taassurotlaridan ruhlangan holda Usmon   Nosir voha hayotidan   “Oyimjon” nomli doston   yozadi. Dos­tonning birinchi bo'limi   “Inqilob quyoshi”ning may   sonlarida chop etila   boshlandi.

Shu tariqa   bir   oy davom etgan   turli uchrashuvlar Usmon   Nosir hayoti va   ijodida katta yangilik   bo'ldi.

O'tkazilgan bunday uchrashuvlar Normat Isroilovning tashkilotchiligida o'tkaziladi.

Bunday tadbir va tashkilotchilik ishlari vohada aynan shu davrda ko'p­lab tashkil qilingan.

— Normat Isroilov novcha va qotma bo'lib, okrug rahbarligi paytida soldatcha bosh kiyim kiyib yurardi, — deya eslagandi keksa jurnalist Matkarim Xudoyberganov, — u kishi hamisha “Inqilob quyoshi”ni va rayonlarda tashkil etilgan gazetalarni o'qib, unda ko'tarilgan muammolarni okrug byurosida ko'rib chiqishni, tanqid qilingan rahbarni, shu sohani doimiy nazoratiga olib, muammolarning yechimini izlardi.

O'zbek arxeologiyasining zabardast vakillaridan Yahyo G'ulomov arxeologiya­­da ma'lum bir taj­riba, ko'nikma orttirgach, jonkuyar do's­ti Turdi Mirg'iyosov hamda kasbdoshi Rashid Nabiyevlar bilan 1936 yilda Xorazmda o'zining mus­taqil tadqiqotlarini boshlab yuboradi. 1937   yildan boshlab, ular safiga arxeolog A.Terenojkin hamda arxitektor B.Zasipkinlar qo'shildi. Aynan Yahyo G'ulomov va ularning arxeolog safdosh­lari vohaga kelishganida okrug rahbarlari sifatida Normat Isroilov va Nazirqul Hasanovlar ularni kutib olib, tadqiqotlar o'tkazishi, faoliyat ko'rsatishlari uchun zarur shart-sharoit­lar yaratib berishadi.

Tarixdan ma'lumki, 1937 yilda Mos­kvada o'zbek san'ati va adabiyoti kunlari dekadasi o'tkazilishi munosabati bilan unga tayyorgarlik erta boshlanib ketadi. 1937 yilning bahorida Mos­kvada o'tkazilgan dekadada Xorazmdan   Mad­rahim Sheroziy, Rahim Ollaberganov(Rahim masxaraboz), Matyoqub Otajonov, Xudak ota(bulomonchi Xudoybergan ota) kabi san'atkorlar o'z mahoratlarini namoyish etib qaytishadi. Tabiiki, ular erishgan muvaffaqiyatlarda okrug rahbarlari sifatida Normat Isroilov va Nazirqul   Hasanovlarning o'rni katta   edi.

Zulfiya aya shogirdi Muhtarama Ulug'ova bilan qilgan suhbatlarida akasini xotirlab, — Xorazmda ishlagan kezlari kechagidek yodimda. U har gal tinim nimaligini bilmasdi. U kishi Toshkentga yig'ilish­larga kelganida birrovgina uyga kelardiyu yana Xorazmga ravona bo'lardi. Hamon afsusdaman, akam bizning Hamid Olimjon bilan bo'lajak nikoh to'yimizda qatnasha olmaganlar, — deydi.

Ammo ana shunday o'z davrining shijoatkor rahbari Normat Isroi­lov Xorazm okrugida ishlarni shu tariqa muvaffaqiyatli olib borayotgan 1937 yilda qatag'on siyosati bosh­lanib ketdi.

— U kishi O'zkompartiyaning 1937 yildagi plenumidan keyin ta'tilga chiqib dam olish uchun Toshkentdan   Qrimga yuborilgan va o'sha yerda hibsga olingan. Qrimdan esa Toshkentga keltirilib tergov ishlari boshlab yuborilgan. Biz uning hibsga olinganidan xabarsiz Qrimda dam olayotibdi deb yurardik. Faqat keyinroq qamalganini eshitib surishtirdik. Shunday kezlarda akamdan maktub oldik. “Men shu yerdaman, ahvolim bir navi. O'zlaring yaxshimisizlar. Singlimning oilasi omonmi? Menga issiq kiyim kiritib yuboringlar”, deyilgandi xatda.

Shundan so'ng Zulfiya akasining iltimosiga ko'ra bozorga tushib, kiyim­lar xarid qiladi-da, uni bejirim joylab, onasi orqali qamoqxonaga yo'llaydi. Akasidan olgan javob uning dilini xufton qiladi. “Hali ham meni dam olishda deb o'ylaysizlarmi? Bu yerda ahvol og'ir. Men sizlardan etik va issiq kiyim bosh so'ragan edim”.

Shundan so'ng ham bir necha vaqt Normat Isroilov bilan aloqa qilib turildi. Ammo bir yil o'tgach, olib borgan narsani qabul qilishmay ona qo'liga allaqanday qog'oz tutqazishdi. Ya'ni, IIXK o'zlarining qilmishlarini niqoblash maqsadida, Normat Isroilov xat yozish huquqi man etilgan holda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan va IIXKning uzoq lagerlaridan biriga jo'natilgan emish… Aslida esa 1938 yil 8 oktyabrdagi oliy harbiy sud hay'ati qaroriga ko'ra otishga hukm qilingandi…

“Xotira siniqlari”da Ona obrazi ham bo'lib, unda Xadicha ayaning o'g'li Normat Isroilov taqdiridan kuyunib dardu hasrat to'kkani ham bitilgandi…

Akademik Naim Karimov shunday yozadi: “bu satrlarda mustabid sho'ro davlatining o'z xalqi boshiga tushirgan balo-qazolari bir oila misolida shunday haqqoniy va ta'sirchan ochilganki, go'yo shoira davr­ning ana shu mud­hish manzarasini so'z bilan emas, balki kinokamera yordamida ko'rsatayotgandek bo'ladi. So'z dostonning qatag'on davri tas­virlariga bag'ishlangan lav­halarida yorqin vizual obrazlarga aylangandek bo'ladi”.

1957 yilning 28 fevralida sobiq ittifoq oliy sudi harbiy hay'­ati o'zining 1938 yil 8 oktyabrda chiqargan hukmini bekor qilib, Normat Isroilovni o'limidan so'ng oqlaydi.

Umid BEKMUHAMMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − eleven =