Viqor

9 aprel — Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun

 

Garchi Yer joyida turgan bo'lsa-da, tuzumlar-tutumlar necha bor o'zgardi va Shaxsga munosabat ham ming bora turlandi. Gapning sirasini aytganda, tarix g'aladonida Sohibqiron Amir Temurdek turli nuqtalardan turlicha baho berilgan zot kam bo'lsa kerak.

 

Bu holning qator sabablari bor. Avvalo, turlicha qarashlarning bildirilishi qonuniy hol, taraqqiyot (tirik­likni ta'minlab turgan harakat)ning tabiati shuni talab qiladi. Ya'ni, rivojlanish qarama-qarshi qutblarning o'zaro kurashi – ikkiga bo'linib olib, bir-biriga qarshi “jang”i oqibatida yuzaga kelar ekan, bir masalaga hammaning bir xil qarashi mumkin emas (bunday mutlaq munosabat buyuk Yaratuvchigagina xosdir). Buyuk bobomiz Amir Temurga munosabatda esa inson tabiatiga xos juda ko'p omillar mujassamlashgan. Avvalo, shaxs ziddiyatining boisi — faoliyat ziddiyatlarga to'la makonda kechganidan. O'shanda ham vatan zulm iskanjasida edi: qariyb bir yarim asrlik istilo hamma narsaning odatdagi o'zanini buzib yuborgan va qaror topgan azaliy qad­riyatlar bir qancha qoliplar tazyiqi ichida yashardi, millat o'zligini, qiyofasini yo'qotgandi.

Ikkinchi bir omil esa bevosita Hazratning maslagi bilan bog'liq. Sohibqiron o'z asari “Temur tuzuklari”da shunday qayd etgan: “Dilimning mashriqidan ko'tarilgan birinchi tuzugim har yerda va har qachon islom diniga va Muhammad (s.a.v.)ning shariatlariga rivoj berish bo'ldi”. Demak, e'tiqod bayrog'iga qadami yetgan joyda musulmonchilikni joriy etaman, degan shior yozilgan fidoyining ham harakatlari bir xil kutib olinmasligi, qarshilikka uchrashi va bu holning oqovalari uzoq davom etishi oddiy haqiqat.

Yana bir sabab shu bo'lishi mumkinki, buyuk bobomiz ot surgan, o'z qalamraviga olgan hududlar masofa jihatidangina emas, tarixi, ma'naviyati, aholisi, udumlar – umuman, butun borlig'i bilan bir qolipga sig'masdi va bunday bepoyonlikda hammani bir dunyoqarashda, yagona fikrlash tarzida ushlab turish ham imkondan tashqarida edi. Shu tufayli Amir Temur deganda yetti asrdan beri bir-birini inkor etadigan fikrlar izhor qilinmoqda va bu hol davom etaveradi. Bunday munosabatga guvoh bo'lib, bir tomondan, o'z vatandoshingga nisbatan butun dunyo ahli beparvo emasligidan, shu zot tufayli hatto ko'z ilg'amas qishloqlarimiz ham insoniyat tarix kitobi zarvaraqlaridan joy olganidan mamnun bo'lasan (negaki, bunday zotlar yer yuzidagi minglab qavmlarning hammasi peshonasiga bitavermagan), ikkinchidan esa hozirgi ma'rifat asrida, xabarlar xayol tezligida tarqalayotgan davrda qo'l yetgudek joydagi odamlarning besh barmoqni xatosiz sanashdek oddiy haqiqatni tan olmayotgani o'ylantirib qo'yadi: bu hol, rostdan ham bexabarlikmi yoki inson qavmiga xos oddiy yuragi qoralik – hasadmi? Mayli, hammaga insof bersin, ammo rostni rost sifatida tan olish uchun ham odam ancha yuksak ma'rifatli bo'lishi lozim ekan.

Avvalo, Temurbekka ko'plab hukmdorlarda bo'lganidek, saltanat mulk sifatida otadan meros bo'lib o'tmadi. Balki Yaratganning inoyati tufayli o'zining jiddu-jahdi, g'ayrati bilan hammasiga erishdi. U bir tug' ostida shunchalik katta hududni qovushtira oldiki (tarixchilar Amir Temur imperiya­­si o'sha paytdagi 27 davlatni birlashtirganini qayd etadilar. Bugungi holatga razm solinsa, bu davlatlar soni 40ga yaqinlashib qoladi), o'sha yillari ko'hna va hamisha nav­qiron Samarqand deyarli yer yuzining bosh kentiga aylandi. Va bu ulug' saltanat insoniyat tarixidagi eng so'nggi buyuk imperiya bo'lib qoldi.

E'tibor bering, ana shunday bepoyon hudud bir odamning qoshu qabog'iga qarardi, uning irodasi turli din va e'tiqoddagi odamlar uchun qonun edi. Yana e'tirof etiladigan tomoni – bu ittifoq kuchga, zulmga asoslanmagan edi (mamlakat yaxlitligini ta'minlash uchun uyushtirilgan harbiy harakatlar istisno albatta), balki xalqlarning Sohibqiron panohida, uning qanoti va marhamati ostida taraqqiy etib, to'q, farovon yashash xohishidan yuzaga kelgan yaxlit davlat edi. Amir Temur va Temuriylar davrida iqtisodiyot rivojlangani, ilm-fan, san'at-madaniyat gullab-yashnaganini bugungi sinchilar ham tasdiqlaydilar va bu davr chinakamiga insoniyat tamaddunidagi ikkinchi Renessans deb baholangan. O'shanda san'at va adabiyotda, xususan, me'morchilikda yetti yuz yildan keyin ham yetib bo'lmaydigan yutuqlar qo'lga kiritilgandi, natija shunchalik betimsolki, sirini ochmagan, ya'ni hozirgi taraqqiyot bosqichida kashf qilina olmayotgan mo''jizalar (olaylik, bo'yoqlarning tarkibi) hamon mavjud.

Ha, bu silsila bir shaxs faoliyatidan yuksalib, jahonshumul ko'lam kasb etdi. Bir ota – Sohibqiron Amir Temurdan qancha ulug' avlodlarning sha'n-shavkatini ko'z oldingizga keltiring! Yer yuzining istalgan nuqtasida, istalgan millatiga shunday tole' nasib etsa, umidli dunyoda yashayotgan har qanday inson zoti o'z qavmidan – ya'ni insonligidan faxrlanadi. Shubhasiz, bu yutuqlarga zulm bilan, kuch bilan erishib bo'lmasdi. Ulug' inson asoslagan o'sha tutum – “Kuch – adolatda!” shiori bir zum amaldan qolmadi, ko'zdan faromush bo'lmadi. Bu saltanat aytaylik, janubi-sharqiy Osiyoda Boburiylar timsolida qanday buyuk mo''jizalar yaratdi! Bu yuksaklikning poydevorini, shubhasiz, Amir Temur qo'ygandi.

Har bir xususiy amalda, kishti-korda umr bo'yi Sohibqironning dasti bilinib turdi, uning ibrati farzandlarga kuch-quvvat, qolaversa, ilhom berdi. Axir shonli hayot sahifalari inson nimalarga qodirligini maksimal tarzda namoyon qilib qo'ygan edi-da! Ba'zi xususiy o'rinlarni eslaylik.

Hazrat o'zbek urug'idan bo'lgan To'xtamishxonni farzand maqomida ko'rdi. U to'ng'ich o'g'il Muhammad Jahongir bilan qariyb tengdosh, uning tal'atidagi joziba Sohibqironni birinchi ko'rishdayoq jalb etgandi. Muhammadning vafoti esa bu mehrni alangalatdi, farzand dog'ini To'xtamishni qanotiga olib, yuvmoqchi bo'ldi, uni chin o'g'il deb qabul qildi va kamoli uchun hamma himmatini ko'rsatdi. Lekin “etim bola asrasang, og'zi-burning qon qilar” degan gap to'g'ri ekan. Vijdonsiz odamlarning qutqusiga uchgan va o'zini Chingizxon vorisi deyishgacha borgan To'xtamish hazrat safarda paytida Movarounnahrga bostirib keldi va taladi. Bu birinchisi emas edi. Temurbek haddan tashqari g'azablandi. Garchi qahraton qish bo'lsa ham, chopqinlardan charchagan bo'lsa ham, cherik to'plashga amr etdi. Bir ishora bilan Toshkent atrofida ikki yuz ming qo'shin jam bo'ldi. 1391 yil 19 yanvar kuni saltanat hududlarini bezovta qilgan nobakor, bosqinchi bilan hisob-kitob qilish uchun yo'lga tushildi.

Bu gaplarni biroz nafasni rostlab o'qish kerak, negaki, ular yetarlicha tak­rorlangan. Faqat vaziyatga e'tibor bering: qish, sovuq, itni ursa, ko'chaga chiqmaydi. Ammo Vatan taqdiri, tahlikali iqboli issiq o'rinni sovutishga majbur qilayapti, fursat qo'ldan boy berilsa, boshqa dushmanlar o'zaro ittifoq tuzib, endi oyoqqa turib olgan Samarqand davlatini xavf ostiga solishi mumkin. Qish ayozida boshlangan safar izillagan qorbo'ron, bepoyon cho'llar, suvsizlik va ozuqa tanqisligida olti oy davom etadi. Yana mulohaza uchun dalil: ikki yuz ming kishining tirikchiligi, yeb-ichishi, yotish-turishi… Holbuki, joniga to'ygan bir guruh tunda bosqin yasab, o'zlarini bezovta qilgan odamni bir yoqlik qilishi mumkin. Ammo unday bo'lmaydi. Otning bo'ynini qayiradigan kuchga ega yigitlar Sohibqironni otasidek yaxshi ko'rardi! Uning izmidan chiqmaydi. Lashkarboshi shu darajada mehr qozongan. (Tarixchi Ibn Arab­shoh bunday hollarni izohlab, shunday yozgandi: “Temurning obro'si ulusda juda baland edi. Agar uni Xudo desalar, hamma ishonardi”). Endi, bu safarning boshqa tafsilotlari sahifaga sig'maydi.

Gap Sohibqironning odamlar qalbidan joy ola bilish, ularning boshini qovushtira olish mahorati haqida ketar ekan, bunda bitta omil: Amir Temur himmati tufayli biron zaif zo'ravondan jabr ko'rmaganini, hech kimga hech qachon adolatsizlik qilinmaganini ta'kidlash lozim. Nohaqlikka uchragan odam kasallikka chalingan bemordan ko'proq aziyat chekadi: na turishida, na yurishida halovat bo'ladi. Nohaqlikka chalinish tish og'rig'idan ming bora yomon. Endi shu og'riqdan xalos qilgan jo'mardni ko'z oldingizga keltiring. Hammaning Temurbekni yaxshi ko'rishining sirlaridan biri shu emasmi?

Ana shunday minglab-millionlab oddiy odamlar qalbidagi mehr buyuk islohotlarga kuch berdi. Ulkan qurilishlar ana shunday mehr tufayli amalga oshirildi. Axir purviqor tog'larning, jannat bog'larining ham rashkini qo'zg'aydigan imoratlar o'z-o'zidan barpo bo'lib qolmaydi. Agar odamlarning ixtiyoriy va mehrli harakati bo'lmasa, poydevorni tiklash ham oson kechmaydi. Holbuki, Shahrisabzdagi Oqsaroyni tiklash ishlari yigirma besh yil davom etgan va unga ellik minggacha odamlar safarbar qilingan. Yaqinda qozog'istonlik qardosh­larimiz bir dalilni ma'lum qilishdi. Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasining g'ishtlari uchun qirq chaqirimlar naridagi Sobron degan tepalikning tuprog'i ma'qul ko'riladi: tuproq xalqona tilda aytganda “moyli”, loyi shirali, undan eng pishiq g'isht chiqadi. Shu joyda tayyorlangan g'ishtlar qo'lma-qo'l qurilish maydoniga yetkazilgan.

Bugungi mutaxassislarning hisob-kitobiga qaraganda, bu yumushni amalga oshirish uchun o'ttiz besh ming odamni qatorlashtirib qo'yish talab qilinar ekan. Agar g'isht uzatuvchilarni dam olib ishlashi hisobga olinsa, ikki baravar, ya'ni yetmish ming odam jalb qilinishi lozim ekan. Amalda ham shunday bo'lgan. E'tibor bering mahobatga, qurilishning ko'lamiga: faqat g'isht tashishga yetmish ming odam bir yo'la safarbar etilayapti. Demak, ularning tirikchiligi ham ta'minlanayapti. Agar “Bir tovuqqa ham suv kerak, ham don” naqlini eslasak, butun bir izdihomni bir qo'lga bo'ysundirish, yana yagona maqsadga yo'naltirish ozgina kuch talab qilmasligini tushunish qiyin emas. Bu jo'n dalillar o'sha kunlar salobatini, shukuhini ba'zi dunyoqrashi kirlangan kishilarga butun bo'y-basti bilan tasavvur qilishda asqatib qolar, ehtimol.

Aslida, ma'lum haqiqatlarni takrorlab o'tirish mahmadanalik tuyulishi mumkin. Lekin tarix faqat tarix uchun emas va ma'rifatli odamzot ilgarilanma harakatida o'tmish saboqlaridan o'rganadi. Bu hol xatolarning oldini oladi va taraqqiyotni tezlashtiradi. Shu ma'noda yangilanayotgan, Uchinchi Renessansga intilayotgan O'zbekiston uchun yorqin namunalar tayyor turibdi. Faqat o'sha xazinalardan bahramand bo'lish masalasi ko'ndalang bo'lmoqda. Ammo ming afsuski, hamon gap nimadaligini bilmay yoki ataylab, haqiqatdan chekinish, unga qora chaplash hollari uchrayapti. Ko'ngli buzuq odamning oydan ham dog' topishi qiyin bo'lmaganidek, o'sha shukuhli kunlardan ham qora nuqtalar topishayapti. Bu hali o'rganilmagan jihatlar, munozarali masalalar yuzasidan bo'lsa, to'g'ri tushunish mumkindir, ammo “Amir Temur o'ziga hujum qilganlarni yengib, noto'g'ri ish qilgan”, qabilidagi beburd gaplar aytilsa, unga chidab bo'lmaydi. Tarixda o'z raqibini yengan kishini qoralash, “bosqinchi”likda ayblash bo'lganmi? Ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi g'alamislar shu darajagacha borishayapti. Nima emish, agar shunday bo'lmaganda, biri Oltin O'rdani tiklagan bo'larkan, boshqasi o'z davlatini yuksaltirarkan.

Bu gaplarga “It hurar…” qabilida parvo qilmaslik ham mumkin, lekin o'rtada yoshlarning dunyoqarashi, tarbiyasi masalasi turibdi. Noto'g'ri tasavvurga borganlarga milliy iftixor, o'z o'tmishidan faxrlanish, shu orqali vatanparvarlik tuyg'usini singdirish oson kechadimi? Bunday hollar qo'shimcha muammolar tug'dirmaydimi? Gap shu haqda ketar ekan, bu borada beparvolikka berilish joiz emas. Dunyo tan olgan, biz yashab turgan hududlarda ot surgan buyuk zotning tarixini butun borlig'icha navqiron avlodga yetkazish kattalar zimmasidagi ota qarzdir.

Prezidentimiz ma'naviyat masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida “O'n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uyg'onish, ya'ni Ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi” deb ta'kidladi. Bugun o'tmish taj­ribasini o'rganish har qachongidan ham dolzarblik kasb etgan ekan, nurafshon kunlarning ma'rifati dasturilamal bo'lib xizmat qiladi. Tarixiy mavzudagi kitoblarni o'qish, umuman, kitobxonlik omma­viy tus oladi, albatta.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 5 =