Ayol — mehr-muhabbat, baxt-iqbol timsoli
Ayol – munavvar osmonning yorug' yulduzi. Samoda oyni qo'lidan tutib olamni charog'on qiladigan, quyoshni uyg'otib borliqqa hayot bag'ishlaydigan falak Zuhrosi. Yaratmishdan ayol bir gulshanaro yaratilganki, shu boisdan barcha ayolni gulga qiyos qiladi. Shu sabab, bahor faslining ilk kunlarida bodom g'uncha tugmasdan nozik vujud gulgun g'unchayu barq urib ochilgan lolalar misol atrofga ifor taratadi.
Avvalo, shuni aytish joizki, dinimizda ham ayol mo''tabar zot, oila qo'rg'oni, oila esa — muqaddas ekanligi aytiladi. Aslida ham ayol — mehr-muhabbat bulog'i, baxt-saodat qasri, vafo-sadoqat timsolidir. Chunki oilada farzand voyaga yetar ekan, insoniyat tirikligi, hayot shukuhi va davomchisi, borliq ne'mati, oila mustahkamligini asrovchi ilohiy rishtasi ona tarbiyasida voyaga yetadi. Insonning jamiyatdagi qadr-qimmatini ham qobil farzand belgilaydi. Shunday ekan, ayolni asramak — millatni asramakdir.
8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kunining shukuhi, albatta, yillarga tatiydi. Eng muhimi, bayram bahona onalarimizni, opa-singillarimizni yana bir bor qutlash, onalarimiz oq suti bilan qalbimizga singgan mehrimizni izhor qilish, tabriklash imkoniga ega bo'lamiz, ko'nglimiz suygan, didimizga yoqqan sovg'ani tortiq qilamiz. Farzandlarimizni jam qilib bayram dasturxonida tabarruk onajonlarimizni, aziz opa-singillarimizni, jufti halolimizni, munis va mo''tabar qizlarimizni tabriklaymiz. Bu quvonchli onlar oila jamligi, mustahkamligini ham asrashga xizmat qiladi.
6 mart kuni Tashkent cityda barpo etilgan “Kongress” markazi majmuasida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo'lib o'tgan tantanada davlatimiz rahbari: “Bugun mana shunday dilbar, qutlug' bahor ayyomida siz, munis onalarimiz, hurmatli opa-singillarimiz, suluv qizlarimizni o'zlaringiz kabi go'zal bayramingiz – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman”, dedi tabrik nutqida.
Tabarruk ayyom arafasida bayram tantanalari nishonlanadigan muhtasham koshonaga tashrif buyurgan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, qolaversa, jamiyat hayotining barcha jabhasida mehnat qilayotgan tashabbuskor ayollarni, Zulfiyaxonim qizlari hamda mehmonlarni shijoatli, ko'zlarida olov porlab turgan yigitlar gullar bilan zalga taklif etdi. Bayram ishtirokchilari orasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham bor edi. Aynan shu kuni majmuada tashkil etilgan matbuot markazi orqali shodlik shukuhi ko'plab xorijiy davlatlarga ham namoyish etildi.
Ayol, avvalo, oila tayanchi, jamiyatning ikki zabardast ustunining biri, kelajak avlodning barkamol ruhda voyaga yetishida salohiyatli murabbiy, yurtimizdan ajdodlarimiz singari buyuk shaxslar yetishib chiqishida odob-axloq, tarbiya qal'asi, Yangi O'zbekistonning yangi islohotlari devorini to'g'ri, baquvvat tiklashda yelkadosh insonlar.
Prezidentimizning onalarimiz, opa-singillarimizga qaratilgan tabrigi esa yurtimiz ayollariga, barcha xotin-qizlarga olam-olam quvonch bag'ishladi. Ayniqsa, ayol nafaqat oila bekasi, balki bugungi kunda jamiyatimizning barcha sohalarida o'zining mehnati, shijoati, ziyrakligi bilan taraqqiyot zanjirining uzilmas halqasiga aylangani, alohida qayd etildi.
Albatta, dunyo hamjamiyatida munosib o'rnimiz bo'lishida mamlakatimizda ayollar mavqeiga bo'lgan e'tibor ham alohida o'rin tutadi. O'zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni xalqaro andazalar darajasiga yetkazildi. Endilikda tashabbuskor va tashkilotchi ayollar qator tuman va shahar hokimliklarini boshqarayapti. Albatta, ayollarning jamiyatimiz hayotidan munosib o'rin egallayotgani bugungi davr talabi. Ular nainki siyosiy doirada, balki ilmiy-amaliy ta'lim muassasalarida ham munosib faoliyat yuritayapti. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarida ilm yo'lida yuqori cho'qqilarga erishayotganlar orasida yurtimiz vakilalari borligi e'zozga loyiq.
Bayram arafasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi va Prezident administratsiyasi hamkorligida o'zbeklar orasida birinchi bor Kolumbiya universitetining “tenure track” tizimida umrbod professorlikka yetaklovchi lavozimga qabul qilingan Aziza Shanazarova ham poytaxtimizga yetib keldi. Tantanali marosimda Prezidentimiz tomonidan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Ha, yurt ravnaqi yo'lida qilinayotgan har qanday mehnat beiz ketmaydi.
O'zbek xotin-qizlarining fan cho'qqilarini zabt eta boshlagani bejiz emas, albatta. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan o'qib-o'zlashtirish, ta'lim olib ilmiy izlanish qilish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar Uchinchi Renessans davri poydevorini mustahkam qo'yishda ayollarning ham rolini oshirayapti.
Prezidentimiz o'z tabrigida: “Agar siz farzandingizga dang'illama uy qurib bersangiz – vaqti-soati kelib, u eskirishi mumkin. Agar eng zo'r mashina olib bersangiz – uyam tez orada eskirishi mumkin. Agar unga moddiy boylik, pul qoldirsangiz – uyam bir kun sarf bo'lib tugashi mumkin. Ammo dunyoda hech qachon eskirmaydigan, yo'qolmaydigan bebaho bir boylik borki, u ham bo'lsa, farzandingizga bergan bilim va hunardir. Lekin bilim va ma'rifatni qaerdan, nimadan olish mumkin? Avvalo, kitob degan xazinadan”, deya ta'kidladi.
Ana shunday kitobga oshno tutingan qalblar bugungi kunda yurtimizdagi oliy-ilmiy ta'lim yo'nalishlarida mehnat qilayotibdi. Ular orasida 660 nafar fan doktori, 8 nafar akademik unvoniga ega bo'lgan ayollar bor. Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot institutlarida 3000 nafarga yaqin xotin-qizlar ilmiy ish bilan mashg'ul. Ular kimyo, biotexnologiya, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda asliyat tadqiqotlari, innovatsion ishlanmalari bilan yurtimiz rivojiga o'z hissalarini qo'shayapti.
Shuningdek, yuksak e'tirofga loyiq ayollar izdoshlari – iqtidori baland, iste'dodi yuqori bo'lgan qizlar ham voyaga yetmoqdaki, Prezidentimiz tabrik nutqida turli sohalarda yuksak yutuqlarga erishayotgan o'zbek qizlariga qarata shunday dedi: “Chindan ham, qizlarimiz — bizning kelajagimiz, millatimiz genofondini asraydigan, munosib davom ettiradigan insonlardir”.
Tashkent city majmuasida barpo etilgan “Kongress markazi”da o'tkazilgan tantanalarda yurtimiz xotin-qizlariga yuksak darajada ehtirom ko'rsatildi. Bayram shodiyonasida Senat, Oliy Majlis, hokimliklar, ilm, ishlab-chiqarish sohalarida erishgan yutuqlari bilan xalq nazariga tushgan ayollar davlatimizning nufuzli unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ayniqsa, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining sobiq raisi marhum Sa'dulla Hakim jufti haloli — Hakimova Santalat ayaga ko'rsatilgan ehtirom barchada iliq taassurot qoldirdi. Santalat aya Prezidentimiz qo'llaridan “Do'stlik” ordenini qabul qilar ekan, olqishlar yangradi.
Tantanada ilm-fanda, sanoatda, madaniyat va sportda alohida yutuqlarga erishgan qizlarimizga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti topshirilishi hayajonli kechdi. Ular orasida mo''jaz hikoyalari, ilk ilmiy-tadqiqot badialari “Hurriyat” gazetasida chop etilgan, hozirgi kunda Jizzax pedagogika universitetining ikkinchi bosqichida ta'lim olayotgan Muqaddas Mamarasulovaning borligi tahririyatimiz jamoasini ham mamnun etdi.
“Ayol borki, olam munavvar”, bu jumlani oddiygina aytib bo'lmaydi, balki uning tag ma'nosini anglagan, sinoatini yecha olgan holda aytmoq joiz. Inson yaralibdiki, ayolga alohida ehtirom ko'rsatiladi. Ayol har bir kasb vakili tomonidan betakror jumlalarda madh etiladi. Eng muhimi, qaysi soha vakili bo'lmasin, ayol erkakning ajralmas qanoti, butligi, dunyoning tugalligi, hayotning davomiyligi, borliqning nafosati ekanligini, albatta, tilga oladi. Shu sabab, san'at asarlariga qarasangiz ham, ayol o'zgacha did, o'zgacha hissiyot, o'zgacha quvvai hofiza bilan tarannum etilganiga guvoh bo'lasiz.
Shu kuni ayollarni e'zozlab, ularning izlanish va yutuqlariga imkon yaratayotgan, ro'zg'or yukini yelkasida tutayotgan, farzandining jamiyatning munosib vakili bo'lishida mehnatini ayamayotgan biz — erkaklar haqida ham so'z yuritar ekan, Prezidentimiz: “Biz — O'zbekistonning mard o'g'lonlari, er yigitlari siz, azizlarga bo'lgan hurmatimiz, mehr va muhabbatimizni oilalarimiz, el-yurtimiz hayotini yanada obod va farovon qilishga qaratilgan amaliy ishlarimiz bilan izhor etishga intilmoqdamiz”, deya e'tirof etdi.
Yusuf JO'RAYEV