Quyosh shu'lasidagi zanjir soyasi yoxud “qariyalar uyi”dagi jurnalist taqdiri

Dunyo aholisi tez keksaymoqda. So'nggi o'ttiz yil ichida sayyoramizda 60 yoshdan oshgan odamlar soni ikki baravarga oshganligi haqida xabarlar mavjud. Bu esa dunyoda qariyalar uylarining ortishiga sabab bo'layotganligi ayni haqiqat. Fransiyada 7 ming, AQShda 20 ming, Rossiyada esa 1,5 mingdan ziyod qariyalar uylari bor. Bizning mamlakatimizda ularning soni juda kam. Lekin kam bo'lsa ham ularning borligi kishi dilini ranjitadi.

Masalan, Yaponiya aholisining 25 foizidan ko'prog'i 65 yoshdan oshgan odamlardir, shuning uchun qariyalar uylari xizmatiga talab katta. Bunday muassasalarga kirish uchun odamlar navbatda turishadi. Har yili yarim milliongacha odam navbat kutadi.

Evropada, xususan, Gollandiyada keksa odam uchun qariyalar uyida yashash odatiy holdir. Ammo bu yerda pensiya yoshiga yetgan odamlar uchun pansionatlar ijtimoiy muassasalarga o'xshamaydi, aksincha, ular katta shaharlardagi qulay mehmonxonalarga mengzaladi. Fransiyada esa qa­riyalarga g'amxo'rlik qilish tizimi dunyodagi eng rivojlangan sohalardan biridir.

Amerika Qo'shma Shtatlarida keksalarning qariyalar uyida turishi bolalarning ota-onalariga nisbatan yomon munosabati sifatida qaralmaydi. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, keksa yoshdagi odamlarning 3 foizdan ko'prog'i umrining so'nggi qismini u yerda o'tkazadi. Eng baxtli keksa odamlar Avstriya, Shvetsiya, Lyuksemburg, Shveysariya va Norvegiyada yashaydilar. Ushbu mamlakatlarning keksa odamlari qariyalar uyiga tushib qolishdan aslo qo'rqmaydilar.

Ammo bizning bugungi mulohazalarimiz Amerika yoki dunyodagi eng baxtli qariyalar yashovchi mamlakat Norvegiya yoki Shveysariya qariyalar uylari haqida emas. Shundoqqina Toshkentning qovurg'asida – Qoraqamishda joylashgan   Urush va mehnat faxriylari   Respublika pansionati (xalq tilida aytsak “qariyalar uyi”)da yashab ijod qilayotgan ajoyib ijodkor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist ­Rus­tam Obid to'g'risidadir .

Bugungi aksariyat yosh jurnalistlar Rustam Obid nomini ham eshitishmagan degan farazdamiz. Chunonchi, bugun asosiy kitob javoni elektron kitoblardan tartiblangan o'quvchi uchun ko'zboylog'ich – internet olamidan Rus­tam Obid haqida na biror ma'lumot, na ilmiy maqolalariyu uning tarjimalarini topa oldik. Hatto eng ishonchli manba sifatida tayanadiganimiz ziyouz.com saytida ham Rustam Obidning birorta ilmiy maqolasi joylashtirilmagan ekan. Demak, so'zimizni Rustam Obid kim o'zi?, degan bo'shliqni to'ldirishdan bosh­laymiz.

1950 yilda Toshkentning Sebzor dahasida ko'mirchilik qilib ro'zg'or tebratadigan Tursunboy aka va Tursunxon aya oilasida tug'ilgan farzandga Rustam deb ism qo'yishdi. Ular tug'ilgan farzandi kelajakda o'zbek millati taraqqiysiga munosib hissa qo'shgani holda kun kelib, hayotining bir parchasini qariyalar uyida o'tkazishini xayoliga ham keltirmagani aniq. Ko'kterak qishlog'ida yashovchi buvi va bobo nevarani o'z bag'rida katta qilishdi. G'afur G'ulomning “Shum bola”sidagi Qoravoydan g'irt nusxa olgan Rustam Obidning bolalik hayoti g'aroyib voqealarga, tanu badanidagi chandiqlarga boy bo'ldi. Kelesu Sariog'och demay daydib yurib bolalik zavqini surgan bolakay uchun “Shaharga olib borib qo'yaman” degan hukm jazoning eng qo'rqinchlisi edi. U suvda oqib ketishdan ham, jarohat olishdan ham, daraxtdan yiqilishdan ham qo'rqmasdi, shaharga — zerikarli hayotga qaytishdan qo'rqardi, xolos. Chunki bolaligidanoq tabiat sirli hodisalariga jo'r nafas olgan Rustam Obid uchun ariq suvida zog'ora nonni oqizoq qilib yeb, qo'y boqishning, osmonga qarab yotib bulutlar orasiga singib ketishni tuyishning gashti bo'lakcha bo'lgan.

Ota-onasi o'g'lini Taxtapuldagi 22-umumta'lim maktabiga o'qishga berishdi. Bu maktabdan o'z zamonida juda ko'p ijodkorlar yetishib chiqqan. Erkin Vohidov, Sayyor, To'lqin Ilhomov, To'lqin Imomxo'jayev, Anvar Eshonov, Hamdam Sodiqov, Qutbi Nosirova, Saidkomil Umarovlar aynan shu maktabda tahsil olishgan. U maktabdayoq   14 yoshda povest yozgan o'quvchi sifatida   tengqurlari orasida yaxshigina tanildi.

Sebzor-Ko'kterak yo'lida qatnab yurgan bolakay uchun 14 yoshida “Sim-Sim” eshiklari ochildi. Bu “Lenin uchquni”(hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasi qoshida mashhur yozuvchimiz Tohir Malik tashkil etgan Adabiyot to'garagi edi. Xurshid Do'stmuhammad, Erkin Usmonov, Umida Abduazimova va Rustam Obidlar aynan mana shu to'garakdan yetishib chiqdi. 1967 yilda mashhur yozuvchi Abdulla Qahhor bilan bo'lgan uchrashuv, rasmlarga muhrlandi, ularning ijodiga ko'chdi.

Xullas, o'tgan asrda adadi jihatdan “Saodat” jurnalidan keyin ikkinchi o'rinda turgan “Fan va turmush” jurnalida Rustam Obid 1973 yildan ish boshladi. “Fan va turmush” Rustam Obidni ilmiy jurnalist, mistika va sir-sinoat, parapsixologiya ilmining tadqiqotchisi sifatida butun O'zbekistonga tanitdi. O'zbekistonda sarguzasht asarlarning va fantast yozuvchilarning keng miqyosda tanilishi ham aynan “Fan va turmush” jurnali, aynan Rustam Obid hissasiga to'g'ri keladi.

Taniqli jurnalist, tarixchi olim Umid Bekmuhammad o'zining “Sizni sog'indik, Rus­tam Obid” maqolasida shunday yozadi: “U “Aura nima?”,“Numerologiya   qanday fan?”, “Trans­kommunikatsiya nima?”, “Devor   bo'lsa ham…”, “O'limdan keyingi hayot”, “U dunyo­dan xabarlar”, “Inson vujudiga sayohat”, “Duoning kuchi”, “Juna bo'lishni xohlaysizmi?, “Tabiatning yangi jumbog'i”, “Buyuk kishilar ishqibozligi”, “Yuzni o'qish san'ati”, “Marhumlar nega   qaytayotir?”, “Bexosiyat va xosiyat   joylar”, “O'zbekis­ton   osmonida uchar likopchalar”   singari   “Fan va turmush”da, shuningdek “Saodat”, “Sirli olam”, “Qalb ko'zi” nashrlaridagi   maqolalari bilan o'z   muxlislariga ega bo'ldi. Yuqoridagi maqolalarning ayrimlari sarlavhalarini o'qib   “shunchaki oldi-qochdi” maqolalar ham   yozgan ekan-da?” deya o'ylamang. Ulardagi ilmiy fikr, dalil va   taqqoslash uslubi   maqolalarning yuksak saviyada ekanligidan, hozirda ham   ularni bugungi kunda   yozilganday o'qish mumkinligini ko'rsatib turibdi”.

Darhaqiqat, Umidbek yozganidek, Rustam Obid o'zbek jurnalistikasida tamoman oqsayotgan bir sohani — ilmiy jurnalistikaning qaddini ko'tardi, qadrini ko'rsatdi. Bu jurnalist uchun oson kechgani yo'q.

— 80-yillar nihoyasida   “Fan va turmush”   sahifalarida har yili   bir necha sonda   “Duoning kuchi” nomli   turkum maqolalar   e'lon   qilib borganim boshimga   ko'p balolar yog'dirgan, – deydi Rustam Obid. — Xoh ishoning,   xoh ishonmang, tahririyatimizga Respublika Ateizm institutining direktori shaxsan kelib,   bu ishlarni to'xtatishimni talab etgan, “Aks   holda siz bilan   tegishli joyda gaplashishimizga to'g'ri keladi!”   deya do'q-po'pisa qilgan.   Shunda men “Gaplashsak   gaplashaveramiz, chunki bu   ma'lumotlarni Markaziy matbuotdan   olganman”, deya javob   qildim. Direktor o'sha vaqtdagi “Markaz”dagi ustozlarini   eslatganim uchunmi yoki   ulardan tegishli javob   olganmi, haytovur, qaytib   qadam bosmadi.

Bu xil   tazyiq-u ta'qiblarga qaramay,   shu ishlarimni davom   ettiraverdim, chunki ko'nglimda   haqligimni sezib turganim   allaqanday qat'iyat bag'ish­lardi. Ana shu qat'iyat   bilan hali sovet   davri, jangovar ateizm   sharoitida yashayotgan bo'lsak-da,   O'rta Osiyo respub­likalari   va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasining o'sha   paytdagi rahbari, sobiq   muftiy Muhammad Sodiq   Muhammad Yusuf hazratlari   bilan “Islom — ilm   demakdir” nomli yirik   suhbatni uyushtirishga hamda   “Fan va turmush”ning   1989 yil 6-sonida e'lon   qilishga muvaffaq bo'ldim.   Buning uchun yarim   yilcha kurash olib   borishga, xilma-xil to'siqlarni   yengib o'tishga to'g'ri   kelgandi.

Jurnalistning o'tgan asrda O'zbekiston televideniesi orqali namoyish etilgan “Olamga sayohat” ko'rsatuvi tez ommalashdi.   Uzoq   Sharq, Vladivostok shahri, Yapon , Barens dengizlari, Kola yarimoroli, Shimoliy Kavkaz, Stavropol o'lkasi, Kabardin Bolqor, Qorachoy-Cherkes, Shimoliy muz okeani va boshqa   hududlardan tayyorlangan ko'rsatuvlarning har biri Rustam Obidni telejurnalist sifatida ham mashhur qildi.

— Yapon dengizida kemamiz bo'ronga uchraganda dengiz kasaliga chalingandim, deya xotirlaydi Rustam aka Obidov. — Ana shunda dengiz kasali nima ekanligini o'z tanamda sinab ko'rdim. Material tayyorlar ekanman: “Yapon dengiz sohillarida shunday ko'ngil ayniydiki, na qayt qila olasiz, na bu ko'ngil aynishi sizni   qo'yib yuboradi. Qani endi, shu tobda, yapon dengizining qoq o'rtasida, o'zbekning bir dona quruti bo'lsa, shimsangu, ko'zing moshdek ochilsa” deb yozgan ekanman. Maqolani o'qigan O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov uning aynan ana shu nuqtasiga to'xtalib “Juda yaxshi yozibsiz, qurut haqidagi fikringiz   yurakdan chiqqan gap bo'libdi” degan edi.

Rustam Obidning “Qalb ko'zi” gazetasi, “Sirli olam” jurnalida ishlagan davri, jahon fantastik yozuvchilari ijodidan qilgan tarjimalari har biri alohida bir tahliliy va tadqiqiy maqola uchun mavzudir.

— Rustam   Obid o'zbek matbuotida   birinchi bo'lib o'sha   davrning mashhur xalq   tabibi Juna Davitashvili, hozirda dunyo   mamlakatlarida serqirra faoliyati   bilan tanilgan Mirzakarim   Norbekovlar haqidagi   maqolalar   muallifi edi. Ushbu maqolalarda   faqat ularning hayoti   haqida so'z yuritibgina   qolmay, ular faoliyati bilan   bog'liq holdagi tibbiyotdagi, xalq tabobatidagi og'riqli muammolarni   ham qalamga olib   o'tgandi. Ayniqsa, “Fan va turmush”ning 1989 yil 8 sonidagi   “Qo'l tegizmay   davolash” nomli maqolasi   Mirzakarim Norbekov   uchun   ochilgan istiqbolli yo'l   bo'lib   xizmat qilgandi, – deydi jurnalist Umid Bekmuhammad.

Serqirra jurnalist Rustam Obid faoliyati davlatimiz tomonidan e'tiborga olindi, 2000 yilda “O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo'ldi. Shunday ekan, O'zbekistonda xizmat qilgan jurnalist qanday qilib Qariyalar uyiga tushib qoldi, degan savol har birimizni bezovta qilishi aniq. Nahotki jurnalistning mehnatlari taqdir tomonidan shu taxlit taqdirlangan bo'lsa?

Rustam akaning hikoya qilishicha, oilasi bilan kelisholmay ajrashganidan so'ng 20 yil ko'chada, ijara uylarda yashashiga to'g'ri kelgan. Mashhur shoir Ma'ruf Jalilning bir hafta davomida qarovsiz va kimsasiz ahvolda kasallik to'shagida qolib ketishi va ochligu kasallikdan bandalikni bajo keltirishi,   tarixchi olim Naim Norqul murdasini esa qo'shnilari sasiy boshlagach, o'limidan 9 kun o'tibgina payqab qolganlari Rus­tam akani qattiq qo'rquvga soladi. Yaqin do'sti, shoir Qadam Sayidmurodning yordami va maslahati bilan Qoraqamishdagi shu pansionatga joylashadi. Ha, u qanday nomlanishidan va ichidagi shart-sharoit qanday bo'lishidan qat'i nazar o'z oilasi, farzandlari mehridan yiroqda yashayotgan qariyalar uyidir. Ayniqsa, o'zbekning, o'zbek bo'lganda ham taniqli o'zbek jurnalistining bu yerga tushib qolishi yurakni og'ritadi. Axir Rustam akaning o'zi aytganiday “Pansionatda o'zbeklar 10 foizni tashkil etadi. Qaniydi, shu o'n foiz ham bo'lmasa edi!”

Nahotki, bu kabi serqirra jurnalistning farzandlari yo'qmi, degan fikr   har bir o'quvchining xayolidan o'tishi tabiiy:

— Allohga shukur uch nafar farzandim bor: bir o'g'il, ikki qiz. Qizim nogiron, o'g'lim yolg'iz o'zi ishlab   oila tebratadi. Unga ham oson emas. Davlatdan oladigan 2 million oylik maoshiga kasalmand onasiga, nogiron singlisiga qaraydi. Shunday ekan men undan xafa bo'la olamanmi? Ukalarim holimdan xabar olib turishadi. Ularning har biridan minnatdorman va duo qilaman, — deydi Rustam aka.

Farzandi borlar uchun pansionat pullik shartnoma asosda ish yuritadi. Pansionatga oyiga 1 million sakkiz yuz ming pul to'lanar ekan. Qahramonimizning pensiyasi 999 ming so'm ekan. Xo'sh, u yog'i-chi, degan savol qiynaydi odamni. Qarilik-nuroniylik davrini xotirjamu osoyishta emas, ertaning tashvishi, ko'chaga haydalishdan qo'rqib yashashdan og'irroq sinov bormi hayotda? Inchinun, o'tgan yili pansionat pulini to'lay olmaganligi sabab Rustam Obid qishning achchiq bir kuni va tunini katta ko'chada o'tkazibdi. Bundan xabar topgan Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi o'rinbosari, O'zbekiston Gender tengligini ta'minlash bo'yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva pansionatda yashayotgan faxriy jurnalist holidan xabar olgani kelishdi. Natijada faxriy jurnalistning bir yillik pansionat to'lovi qoplab berildi.

Mehmonlar tashrifi chog'ida pansionat direktori Rustam Obidning G'afur G'ulom nashriyotida chop etilgan kitobini “Qariyalar uyida yozilgan kitob” deya alohida faxrlanib ko'rsatganini hikoya qiladi Rustam aka.

* * *

Do'sti Qadam Sayidmurodning o'limidan so'ng u yolg'izlanib qoldi:

— Qadam Sayidmurod suyangan tog'im edi, uning o'limidan so'ng kimga suyanishni bilmay qoldim. Daftarimning qoq markaziga “Do'stim emas, men o'lgandayman” deb yozib qo'ydim. O'shandan buyon bu dardni ko'tarib yuribman. Xudoga shukur,   do'stlarim ko'p. Ustoz jurnalist Murod Xidir bilan xabarlashib turamiz, shoir, yozuvchi Abdusaid Ko'chimov, shoir Yo'ldosh Eshbek, “Ishonch” gazetasi xodimlari holimdan xabar olib turishibdi.

Biz pansionatga kirib kelganimizda Rus­tam aka telefonda suhbatdoshiga qaysidir kitobni xarid qilishni tushuntirayotgan edi.   Bu yerdagi bor hayoti bilan bog'liq haqiqatlardan ogoh bo'lgach esa uning botinidagi jasur odamga, millatparvar ziyoliga hayrat to'la ko'zlarim bilan tikildim. Ertaga ushbu maskanga to'lov qila olish-olmasligi dargumon bir holatda, ko'chaga haydalishi ochiq ko'rinib turgan odamning kitob sotib olishga, uni o'qishga ishtiyoqi chindan hayratlanarli edi. E'lon taxtachalariga yopishtirib bo'lmaydigan, ichingning o'zi titrab-titrab tuyadigan qahramonlik bor edi shu voqeada. Bizning savolomuz qarashlarimizga esa “Menga berilgan ilmni qoldirib ketishim kerak. Hamisha ma'naviyat qutqaradi, ma'naviyatgina xaloskordir” deya javob berdilar.

— Yaqinda maskanimizga Davlat rahbari tashrif buyurdi. Yashash tarzimiz bilan qiziqdi. Prezidentimizning o'zi holimizdan xabar olib turgandan keyin nima deyish mumkin?! Pandemiya sabab biz qariyalarni qog'ozga o'ralgan qanddek asrashyapti, — deydi Rustam aka. — Shu sabab juda zarur holatlardagina ko'chaga chiqaman. Biroq kitoblarimning chop etilishini yo'lga qo'yish uchun nashriyotlarga bora olmayapman. Kitob do'konlariga chiqolmayapman…

Men bilan hamrohlik qilgan taniqli yozuvchi Salomat Vafoning “Bu yerda sizga nima yetishmaydi” degan savoliga qahramonimiz “Hamma narsa yetarli. 20 yil ko'chada yurdim, 9 yildan buyon esa shu yerda odamday yashayapman. Harqalay, davlat muassasasi, qarov yaxshi. Menga shart-sharoit yaratib bergani uchun direktorimiz Farangiz Akramovadan ham behad minnatdorman” deb javob berdi. Ehtimol, u odam haqdir. Ba'zan oilada, o'z uyingda ham topib bo'lmaydigan halovatni u kishi aynan mana shu maskanda topgandir?..

O'zbekcha imijdagi, ya'ni ko'rpachalar to'shalib, xontaxtalar qo'yilgan Rustam akaning xonasidan va baland panjaralar bilan o'ralgan pansionatdan olislar ekanmiz, ichimizda butun boshli umrimni bir kun ichida qayta yashaganday hisni tuydik. Panjaralar ortiga tushayotgan quyosh nurida zanjirlar izi bordek tu­yiladi. Shunda bo'shab qolgan uyi oldiga chiqib shaharga ketgan farzandini kutayotgan qariyaning portreti aks etgan she'rni esladim. Zero, har birimizning ichimizda bo'shab qolgan uyimiz bor.

Bilaman, Rustam aka ertalabdan o'z ish komp­yuteriga o'tiradi. O'z maqolalarida yozgani kabi orqasidan unga tikilib turgan ilohiy kuchning nigohini his qilgan holda XX asrda oxiriga yetmagan shedever ilmiy maqolalarining XXI asrga mos qiyofasini yaratishni boshlaydi.   Ehtimol, miya devorlariga   “Miyaga, ruhiyatga qo'pol   ravishda buzib kirishning   har qanday ko'rinishi   inson shaxsiga nisbatan   eng og'ir haqorat   va jinoyatdir!” degan bitiklarni qayta-qayta band etar. Yanayam ehtimolimiz shuki, telepatiya, ya'ni fikriy bog'lanishlar haqida g'aroyib maqolalar tayyorlagan Rustam Obid, yaratgan tilsimotlariga va marhamatiga tayanib, pansionat pulini to'layolmay qolishdan mutlaqo qo'rqmayotgandir, unga in'om etilgan ilohiy xotirjamlik tuhfasi bordir.

Rustam akadagi hayotchanlik, ko'tarinki ruhni ko'rar ekanman, “Qariyalar uyida ham baxtli yashash mumkinmi?”   deya o'z-o'zimga savol berdim. O'zbekona tafakkur belanchagidan sak­rab tushib savolimga “ha” deb javob berishga chog'landim. Biroq bo'yni yo'g'on so'roq belgilari shu qadar ko'pki…. hatlab o'tolmay qolaman, umr bo'yi yashalgan shodliklarim hakkalab ortiga qaytadi. Nega? Bilmayman. Buning sababini Rustam Obidning hayotiga kirib bir kungina ushbu pansionatda qariya bo'lib yashab ko'rgan odam bilar, ehtimol.

Kela kelguncha O'zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining ushbu she'rini pichirlab keldim:

 

Bir qushcha derazam yonida

O'tirar parishon va g'arib.

Yig'laydi, ko'zlari yonadi,

Ko'zlari – ikkita marvarid.

 

Bir ajib navoga o'xshaydi,

Shoirga o'xshaydi bir hassos.

Miskin kuy chalmoqqa u shaydir

Dardiga bordir-ku bir asos.

 

Men unga qarayman ohista,

Men qushcha holiga yig'layman.

Va lekin bilmayman ne istar,

Bilmayman, hech qachon bilmayman.

Go'zal BEGIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 8 =