Turtki bo'lmasa…

Nainki o'zbek, balki barcha turkiyzabon xalqlar adabiyotida o'zining otashin g'azallari, qo'shiqqa aylangan dilbar ash'orlari bilan keng shuhrat qozongan mumtoz adabiyotimizning ulkan namoyandalaridan biri Boborahim Mulla Vali o'g'li Mashrabga nisbatan munosib makon qayda, deya savol qo'yishning o'zi o'ng'aysiz. Ammo…

“Devonai Mashrab”, “Eshoni Mashrab”, “Hazrati shoh Mashrab” nomlari bilan mashhur bo'lgan bobomizning bugungi manzil-makoni qaerda? Obida, muzey, kutubxona yoki uning nomiga atalgan alohida maj­mua bormi?

To'g'ri, Namangan viloyat markazida “Mashrab ko'chasi” bor. Ammo shoir u yerdan yurganmi, yo'qmi, bunisi noma'lum. Shu ko'chada, juda yashnatib yuborilmagan bo'lsa-da, kinoteatr ham bor.

Biroq “Devoni Mashrab” hamda shu payt­gacha o'rganilmay kelingan pand-nasihat tarzda bitilgan “Mabdai-nur” (“Nurning ibtidosi”), “Kimyo” asarlarida axloqiy-ta'limiy, ma'rifiy-didaktik va umuminsoniy fikrlarni ifoda etib, sharq ijtimoiy falsafiy ilmi rivojiga katta hissa qo'shgan allomai zamonga yaxlit bir majmuaning yo'qligini qanday izohlashni ham bilmadik…

Aslida, chamasi bundan o'n yillar avval Namanganda Boborahim Mashrab nomida bog' barpo etilgandi. Bog'da muzey ham bor edi. Biror tup daraxt soya tashlamagan bo'lsa-da majmuada Mashrabxonlik tadbirlari o'tkazilib turilardi. Ammo ke­yinchalik bu joy tadbirkorlik sub'yektiga, anig'i “Afsonalar vodiysi” ixtiyoriga berildi. Chunki avvallari odamlarning Boborahim Mashrab xiyoboniga borishining iloji yo'q edi. Bog' chuqurlikda qolib ketgan bo'lib, na biron daraxt ko'kartirildi, na qadamjoga aylantira olindi…

Shu o'rinda bir rivoyat: o'tgan zamonlarda keksa bir chol o'g'lini kal­taklab, ko'chalardan olib o'tibdi. Buni ko'rgan odamlar sababini so'rashganda: “Bu faqat mening aytgan ishimni qiladi, xolos”, deb javob qaytaribdi. Odamlar esa “Ey, miya­­si yo'q chol, aytganingni qilarkan-u, nega savalaysan”, deyishibdi. Alqissa, otaxon o'g'lini bir necha qishloqlardan savalab olib o'tibdi, bir xil savol va javoblarni eshitibdi.

Shu tariqa yana bir qishloqqa borishsa bir qiz avvalgilar bergan savolni takrorlabdi. Javobini eshitgach: “Yaxshilab savalang, ota. Nega faqat aytganingizni qiladi, o'zining fikri, farosati yo'qmi, nahotki o'zidan bilib bir ish qilolmasa?!” — debdi. Chol bu javobdan xursand bo'libdi hamda ana shu zukko qizni nikohlab o'g'liga bergan ekan…

Alqissa, bu rivoyat tagida ayni haqiqat bor. Xalqimizda o'z mustaqil fikriga ega bo'lmagan odamlarni sodda qilib “etalatma” deyishadi. Topib aytilgan gap, shunday emasmi?

Bizning Namanganda ham shundayga o'xshaydi, ya'ni mustaqil tashabbus qilish yo'q-da. Yuqori idoralardan buyruq kutishadi. Yetovga o'rgangan…

Atrofga qarang, qachonki, davlatimiz rahbari majlislarda tilga olib, rasmiy buyruq bersagina e'tibor qaratadigan toifaga tushib qolgandaymiz. Kimdir turtsagina sezadigan, turtilmaguncha uyg'onmaydigan fe'limiz qachon o'zgaradi?!

Prezidentimiz avvalgi yillarda Namanganga tashriflari chog'ida Ishoqxon Ibratning faoliyatini namuna qilish, faxrlanish kerakligini aytib, maxsus topshiriq berganlaridan keyin faol harakatlar boshlangandi. Ibrat nomidagi ixtisos­lashgan maktab, havas qilarli darajada majmua barpo qilinib, kitoblari chop etildi.

Lekin afsuski, bugungi kunda deyarli foydalanilmayotgan, kattagina old maydoni bo'lgan Mashrab nomidagi kino­teatri anchagina xarob ahvolga kelib qolgan. Qaniydi shu joyda Shoh Mashrabning maj­muasi, kutubxona, muze­yini, nashriyot uyini jamlay olsak. Dovrug'ini doston qilsa bo'ladigan “Mashrabxonlik kunlari”ni munosib mas­kanda o'tkazish taraddudiga tushsak, Shoh Mashrab ruhini ham shod etgan bo'larmidik…

Saida ISMOILOVA,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi

Namangan viloyat bo'limi mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × four =